140- dars
Mavzu: sinfdan tashqari o’qish
Mavzu: Sinfdan tashqari o’qish. „O'KTAM“ ertagi
Darsning maqsadi:
1. O'quvchilarni ertak mazmuni bilan tanishtirish.
2. Mehnatsevarlikka, tirishqoq bo’lishga, ilmga intilishga o’rgatish..
3. O'quvchilarning mustaqil fikrlash qobiliyatlarini o'stirish, xotirasini mustahkamlash.
4. O'qish ko'nikmalarini takomillashtirish, o'quvchilar lug'atini yangi so'zlar bilan boyitish.
Dars turi: yangi bilim beruvchi, ertak o'qish darsi.
Dars metodi: izohli o'qish, mustaqil ish metodi, guruhlarda ishlash.
Darsning jihozi: ertak mazmuniga mos rasm
Tashkiliy qism.
Darsga hozirlik ko’rish;
Darsning maqsadini aytish.
II.O’tgan mavzuni so’rash va mustahkamlash.
1. «Tinchlik» so'zini siz qanday tushunasiz?
2. Odamlar nima uchun urushni yomon ko'radilar?
3.Jahonda tinchlik o'rnatish uchun kurashgan kishilardan kimlarni bilasiz?
4. Tinchlikni saqlash uchun respublikamizda olib borilayotgan ishlar haqida nimalarni bilasiz?
III. Yangi mavzu bayoni:
O’ktam (Qozoq xalq ertagi)
Bir bor ekan, bir yo'q ekan, qadim zamonda O'k-tam degan bola yashagan ekan. O'ktam ota- onasidan erta ajrab qolgan, ochlik, qiyinchilikda kun kechirar ekan. Bola bechora bir boyga:
— Xizmatkorlikka oling, — deb yalinibdi. Boy esa:
— Hali kichkinasan, nima ish qila olarding,— deb zo'rg'a ko'nibdi.
O'ktam boy eshigida halol mehnat qila boshlabdi. Buni ko'rgan boyning bolaga mehri tushibdi va:
— Kel, seni savodli qilay, — deb, unga harf tani- tibdi. To'rt yil ichida bola beshta harf: O', K, T, A, M ni o'rganib olibdi va o'z ismini yozadigan bo'libdi. Bola bechora bu iltifotga suyunib, erta-yu kech o'z vazifasini a'lo darajada bajaraveribdi.
Kunlardan bir kun O'ktam katta ho'kizni qo'shga qo'shib, yer haydayotgan ekan, birdan:
Meni yashir, meni qutqar, — deb bir quyon unga surkalibdi. O'ktam ziyrak bola bo'lgani uchun o'ylab o'tirmay, darrov yaktagini yechib, quyonning ustiga tashlabdi. Shu choq boy yetib kelibdi va:
— O'ktam, shu yerdan quyon o'tdimi? — deb so'rabdi.
— Ha, o'tdi, ana u tomonga ketdi,— debdi. Boy O'ktam ko'rsatgan tomonga ketibdi. Quyon yaktak tagidan chiqib:
— Rahmat senga, yaxshi bola ekansan. Mening uyimga borgin, gapim bor, — debdi.
— Uying qayerda? —deb so'rabdi bola.
— Huv anavi tog'da, katta xarsangtosh oldida,— debdi quyon va bir zumda ko'zdan g'oyib bo'libdi. O'ktam esa bu voqeadan ta'sirlanib:
— Mayli, borsam bora qolay, nima gapi bor ekan? — deb yo'lga tushibdi. Yurib-yurib oxiri quyon aytgan xarsangtoshni ko'rib, quyon shu yerda bo'lsa kerak, deb o'ylab tursa, oyoqlari ostida quyon paydo bo'libdi.
— Keldingmi, yaxshi bola? Shu toshni ko'tarsang, uning ostidan ko'p boylikni olasan,— debdi.
O'ktam kuchligina bola ekan, bir ko'tarishda toshni nari suribdi. Qarasa, ikkita ko'zacha turgan emish.
— Ol, O'ktam, bular seniki, ko'zalarda oltinlar bor, — debdi quyon.
O'ktam sevinganidan yig'lab yuboribdi.
- Yig'lama, yaxshi bola, oyning o'n beshi qorong'i bo'lsa, o'n beshi yorug' bo'ladi. Endi sening hayoting boshqacha bo'ladi,— debdi. O'ktam ko'zalarga qo'l uzatmay turib:
— Quyonvoy, menga bitta ko'zani bersang bas, bittasini sen ol! — debdi. Quyon esa:
— O'ktamjon, ikkisi ham seniki,— debdi. O'ktam ikki ko'zani ko'tarib, uyi tomon ketibdi.
Shunday qilib, yetim bola O'ktam tez kunda boyib ketibdi. Oltinlardan kambag'allarga ham bo'lib beribdi.
IV. Mustahkamlash:
Ertakdagi eng qiziq voqeani topib o'qing.
Maqollar
• Sabrning tagi —sariq oltin.
• Maqtanma g'oz — hunaring oz.
• Kamtarga — kamol,
Manmanga — zavol.
Maqollarni izohlang.
V.Uyga vazifa: ertakni o’qish, maqollarni yodlash.
VI.Darsni yakunlash. O’quvchilar bilimini baholash.
Do'stlaringiz bilan baham: |