Darsning borishi.
I.Tashkiliy qism:
Salomlashish;
Davomatni aniqlash;
Darsga tayyorgarlik ko’rish;
Darsning maqsadini aytish.
II. O’tgan mavzuni mustahkamlash.
O’tgan mavzu yuzasidan o’quvchilar bilimini baholayman.
3- 4 o’quvchiga matnni hikoya qildiraman.
"Zanjir" o'yini. O'yin sharti. Hayvon va parrandalar nomini aytish.
III. Yangi mavzu bayoni.
OLTI YUZ SO'M
Nosir Fozilov
I
Maktab ostonasidan har kuni xushchaqchaq kiradigan bolalarning bugun negadir qovoqlari soliq ko'rindi. Ular koridorga kirishlari bilan g'alati voqeaning ustidan chiqib qolishdi: har kuni bo'sh turadigan burchakda ustiga qizil mato yopilgan stol turibdi. Stolda turli-tuman yangi kitoblar, daftarlar, bloknotlar, qalamlar... Har qaysisining ustiga narxi yozib qo'yilgan.
Bolalar konkilarini, ust kiyimlarini kiyim javoniga topshirib kelgunlaricha haligi stol oldi gavjum bo'lib qolibdi. Ular hayron bo'lishib, navbatchidan so'rashgan edi:
— Bugundan boshlab maktabimizda sotuvchisiz do'kon tashkil qilindi, — deb javob berdi u.
- Unday bo'lsa pulni kimga to'laymiz? — deb so'radi Isom yana haligi navbatchidan.
_ Avvalo tanlagan kitoblaringni olasanlar-da, necha pul tursa, shuncha pulni sanab mana bu yashikka tashlaysanlar, — dedi navbatchi bolalarga stol ustidagi saylov qutichasiga o'xshagan yashikni ko'rsatib. — Tushunarlimi?
— Tushunarli! — deyishdi bolalar chuvillashib. Ular xursand bo'lib kitoblarga yopirila boshlashdi: Isom ham, A'zam ham.
Biroq Botir nima qilishini bilmay qoldi. Ko'nglida allaqanday g'ashlik paydo bo'ldi, negadir o'kinch, alam bilan asta yurib sinfga kirdi. Sinf bo'm-bo'sh edi, o'z partasiga kelib og'ir cho'kdi...
Qo'ng'iroqning chorlovchi tovushi yangrab, bolalar sinfga kira boshlashdi. Ularning qo'llarida bitta-ikkitadan kitob. Botir boshini ko'tarib ularni ko'rganda allaqayeridir jiz etib ketdi. Nima qilsin, olay desa puli bo'lmasa, konki sotib olib qo'ygan. Olmay desa, yaxshi kitoblar tugab qoladiganday nazarida. Yo o'rtoqlaridan qarz so'rasinmi? Berisharmikin? Berishmas, chunki haligina ularni xafa qilib qo'ydi. «Tag'in Isom, boyagi qarz olgan yuz so'mni topib ber, kitob olaman, deb qolsa-ya!»
Buni qarangki, sinfdoshlari sotib olgan kitoblarini ko'z-ko'z qilayotganday yopirilib tomosha qilishar, ba'zi bir maqtanchoqlari bo'lsa kitobning, yozuvchining nomlarini ovozining boricha baqirib o'qirdi.
U o'rnidan asta turib koridorga chiqdi. Stolga qaragan edi, boyagi o'zi ko'rgan kitoblar hali turgan edi. Xayriyat! U yoq-bu yoqqa qaragan edi, koridorda sinfdoshlari ko'rinmadi, hovliga chiqib to'p o'ynashayotgan shekilli, qiyqiriqlari eshitilib turibdi. Stol oldida boshqa sinfdan uch-to'rttacha bola turibdi, xolos. Negadir, navbatchi ham yo'q. Botir har xayolga bordi. «Yo sekin bildirmay... yo'q-yo'q, yana bilib qolishsa...»
— «Nima qilib turibsan, tentak, olavermaysanmi?» — deb shivirlaganday bo'ldi uning qulog'iga birov. Botir yon-veriga qaragan edi, hech kirn ko'rinmadi. Gangib qoldi, xayolida go'yo ikki Botir paydo bo'ldi.
Birinchi Botir:
— Bu fikringdan qayt, — desa, ikkinchi Botir:
— Sen Botirmisan? Botir bo'lsang, nega qo'rqasan? Voy tentag-ey, ol, olaver! — dedi.
Nihoyat u shosha-pisha bitta kitob oldi-da, orqa-oldiga qaray-qaray bazo'r sinfga kirdi. Kirdi-yu, xuddi orqasidan birov quvlab kelayotganday kitobni tez papkasiga tiqdi. U shoshganidan qanday kitob olganini ham bilmay qoldi.
IV. Mustahkamlash.
Savol- javob o’tkazaman:
1. Sinfdoshlari xursand bo'lib kitob sotib olishganida Botir nima sababli o'ylanib qoldi?
2. U nima uchun ikkilanadi?
So’ngra tanlab o’qish o’tkazaman.
V.Uyga vazifa: matnni o’qib so’zlash
VI. Darsni yakunlash. O’quvchilar bilimini baholash.
Do'stlaringiz bilan baham: |