Arab tili grammatikasi va adabiyotining rivojlanishida Qurʼonning oʻrni beqiyos. Qurʼon uslubi (qofiyalashtirilgan sheʼriy proza — sajʼda yozilgan) keyingi arab adabiyotiga, umuman sharq adabiyotiga katta taʼsir koʻrsatdi. Qurʼon ilmlari rivojlanishi jarayonida aniq grammatik qoidalarga nisbatan paydo boʻlgan ehtiyoj bu sohaning taraqqiy etishiga turtki boʻldi. Qurʼon faqat arab tilida emas, balki islom tarqalgan mamlakatlar xalqlarining tillarida yaratilgan asarlarda ham oʻz aksini topdi. Xususan, Jaloliddin Rumiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi adabiyot namoyandalari asarlarida Qurʼondan olingan iqtibos, ibora, hikoyat, zarbulmasallarni uchratish mumkin. Qurʼon musulmon xalqlar hayoti, tarixi, ilmi, adabiyoti, turmush tarzi, qonun-qoidalari, urf-odatlari va dunyo qarashlarida oʻzining salmoqli taʼsiriga ega.
Do'stlaringiz bilan baham: |