Qurʼon sura va oyatlarining nozil boʻlish tartibi voqealarning rivojiga qarab davom etgan. Ilk islom davrida nozil boʻlgan suralar, asosan, Allohning yagonaligi, borliqning mutlaq ilohi, dunyodagi barcha narsalar uning borligidan darak beruvchi dalil ekani, islom taʼlimotida belgilangan aqidaviy tushunchalar — farishtalar, paygʻambarlar, muqaddas kitoblar, oxirat, jannat va doʻzaxning haqligi toʻgʻrisida edi. Paygʻambar va musulmonlarga ogʻir kelgan Makka davrida sabr-bardoshga chaqiruvchi, din yoʻlida chekilgan mashaqqatlar uchun ulugʻ ajru mukofotlar borligi haqidagi oyatlar nozil etilgan boʻlsa, musulmonlar jamoasi shakllangan Madina davriga diniy marosim va ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga bagʻishlangan oyatlar toʻgʻri keladi. Paygʻambarga diniy masalalar boʻyicha berilgan savollarga u vahiy orqali nozil qilingan oyatlar bilan javob berar edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |