Dostonning o`ziga xos xususiyatlari (masal, qush, tasavvuf g`oyalari)
4.
Dostonning mavzu, obrazlari, badiiyati.
Alisher Navoiyning mashhur falsafiy dostoni «Lison ut-tayr»
(Qush tili) bo`lib, bu asar 904h. – 1498-1499m. yilda, ya’ni shoirning
hijriy hisobda oltmish yoshga qadam qo`ygan yili (tug`. 844 h. yil)
yozilgan. Bu haqda shoirning o`zi dostonning ikki bobida alohida
to`xtalgan:
Oltmishqa umr qo`yg`onda qadam,
Qush tilin sharh etgali yo`ndum qalam.
(189-bob)
Yil to`qiz yuz o`tmish erdi dog`i to`rt,
Kim ulusning ko`ngliga soldi bu o`rt.
Ham bu tarix ichrakim qildim shuro`’
Ixtimomiga dog`i bo`ldi vuqo`’.
(193-bob: MAT, 20 tomlik, 12-tom, 295, 302-
betlar)
Alisher Navoiy oltmish yoshga qadam qo`yganida mazkur
dostonni yozgani sabablari asarning «Bu kitob nazmida o`z
munosabatining taqribi» deb atalgan 189-bobida ma’lum darajada bayon
etilgan. Uning mohiyati shundan iboratki, Fariduddin Attorning «Mantiq
ut-tayr» asari Alisherning hali maktabda o`qub yurgan chog`ida uning
diqqatini o`ziga tortibgina qolmay, balki o`ziga shunday maftun etgan
ediki, yosh Alisher uni boshdan oxirigacha yodlab olib, takror-batakror
o`qib yurardi. Bu holdan xabar topgan ota-onasi uni o`qishni man’ etib,
asarni yashirib qo`yadilar.
Alisher Navoiy shunday yozadi:
Lek chun yodimda erdi ul kalom,
Yoshurun takror etar erdim mudom.
Ondin o`zga so`zga maylim oz edi,
Qush tili birla ko`ngul hamroz edi.
(MAT, 20 tomlik, 12-tom, 295-bet).
Demak, Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» i Alisher Navoiyni
yoshligidan o`ziga maftun etib, umri davomida uning bilan hamroh
bo`ldi, unga javob yozish niyati ham shoirning ko`nglidan joy olgan edi.
Ana shu niyat Alisher Navoiyning oltmishga qadam qo`yganida amalga
oshdi. Bu bejiz emasdi. Chunki shu davrda Alisher Navoiy o`zining
«Munojot», «Siroj ul-muslimin» asarlarini ham yozgan edi. Bularda,
xususan «Munojot» da go`yoki umri bo`yicha qilgan ishlarini sarhisob
qilib, yana bajarilishi lozim bo`lgan ishlar, ya’ni hali ko`p «qarzi»
borligiga ham ishora qilganday bo`ladi. Ana shunday bajarilishi lozim
bo`lgan ishlardan biri «Mantiq ut-tayr» ga javoban turkiy tilda bir asar
yaratish muddaosi ediki, Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» dostonini
yozish bilan bu ishni amalga oshirdi.
Farididdin Attor XII asrning mashhur shoir va adiblaridan bo`lib,
o`zining «Ilohiynoma», «Tazkirat ul-avliyo» va, xususan «Mantiq ut-
tayr» asarlari bilan o`zidan keyingi adabiy va ma’naviy hayotda katta
mavqega ega edi. Hatto Jaloliddin Rumiy Farididdin Attorning orifona
kashfiyotlariga yuqori baho berib, shunday yozgan edi:
Haft shahri ishqro Attor gasht,
Mo hano`z andar xami yak ko`chayem.
Mazmuni: Attor ishqning yettita shahrini kezib chiqdi, biz bo`lsak hali
ham ishqning bir ko`chasi boshidamiz.
Darhaqiqat, Attor ishqni tasavvufona talqin qilgani tufayli Alisher
Navoiyning ham diqqatini o`ziga qaratgan edi. Shuning uchun yozadi:
Haq munung nutqin chu go`yo ayladi
«Mantiq ut-tayr» oshkoro ayladi.
Bu til izohin kamohiy aylabon,
Sharhi asrori ilohiy aylabon…
(MAT, 20 tomlik, 12-tom, 277-bet)
O`zining dostoni haqida esa shunday deydi:
Ulcha asroring manga erdi ayon,
Ayladim qushlar tili birla bayon.
(MAT, 20 tomlik, 12-tom, 275-bet)
Bunda Alisher Navoiy «Lison ut-tayr» ining mavzusi va uni
ochishdagi o`ziga xoslik bayon etilgan, ya’ni doston tasavvufiy mavzuda
(«Sharhi asrori ilohiy») bo`lib, bu mavzu qushlar tili vositasida majoziy
tarzda ifoda etilgan.
«Lison-ut-tayr» dostoni o`zbek tilida yozilgan bo`lsa-da, unda
«Navoiy» taxallusi emas, balki Alisherning ikkinchi taxallusi bo`lgan
Foniy qo`llanilgan. Dostonda bu taxallusning qo`llanilgani sabablarini
bayon etish uchun shoir «Bu kitobda taxallus tag`yirining uzri»
sarlavhali alohida bob (191-bob) ajratgan. Unda turkiy tildagi asarlarida
Navoiy va forsiy tildagi asarlarida esa Foniy taxalluslarini
qo`llaganligini aytib, «Lison ut-tayr» ham turkiy-o`zbek tilida
bo`lganidan unda Navoiy taxallusini qo`llash joiz edi, ammo men unda
Foniy taxallusini qo`llash maqsadga muvofiq deb bildim, deb shunday
yozadi:
Chun «Lison ut-tayr» og`oz ayladim,
Turfa qushlar birla parvoz ayladim.
Munda ansab erdikim tuzg`och navo,
Bo`lsa nazmimg`a Navoiydin ado.
Kim navo qushlar tili alhonidur,
Dilkash afg`oni hazin dostonidur.
Turkiy uslub erdi ham bu doston,
Topqudek erdi Navoiydin nishon.
Bu raqamda Foniy aylarga laqab,
Mustame’ bo`lg`ong`a ayturmen sabab,
Kim bu daftar nazmidin kulli murod,
Chunki marje’ mayli erdiyu maod,
Munda Foniy bo`lmay ish o`lmas tamom,
Foniy andin topti nazmim ixtimom.
(MAT, 2O tomlik, 12-tom, 299-3OO-betlar)
Shunday qilib, Alisher Navoiy dostonning mavzui unda Foniy
taxallusini qo`llashni talab qilganini yozadi va, bu bilan, badiiy asarga
muvofiq taxallus qo`llashning ham katta ahamiyatga ega ekanligini
ta’kidlaydi.
Mustaqillik davri o’zbek fol’klorshunosligi.
Do'stlaringiz bilan baham: |