*Boqijon To‘xliyev akademik litseylarning 1-3 kurslar uchun darslik-majmua yaratishga boshchilik qildi hamda "Adabiyot o‘qitish metodikasi" qo‘llanmasini yozdi.
O.Madayev Qozoqboy Yo‘ldoshev va boshqalar bilan birgalikda «Adabiyot o‘qitish metodikasi» fanidan dasturiy qo‘llanma yaratib, Adabiyot o‘qitish nazariyasi va metodikasi faniga o‘zining tegishli hissasini qo‘shgan. Bu kitobning hozirgacha ham talabalar va o‘qituvchilar uchun muhim qo‘llanma bo‘lib kelayotganligini ta’kidlash joiz. Olimning metodika sohasidagi uzluksiz va barakali ijodining bu fan ravnaqiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib kelayotganligini alohida ta’kidlash kerak.
Safo Matchonov Adabiyot o‘qitish nazariyasi va metodikasi fanining ravnaqi uchun jonkuyarlik qilib kelayotgan olimlarimizdan biridir. U o‘quvchilarning kitobxonlik madaniyatini oshirish, bunda adabiy ta’limning o‘rni, ahamiyatini ko‘rsatib berishga katta kuch va mehnat sarflab kelmoqda. Bolalar kitobxonligi, o‘quvchilar nutqini o‘stirish usullari, o‘quvchilarni badiiyat olamga olib kirishning eng maqbul usul va shakllari borasida olim tinimsiz izlanib kelmoqda. Olim «o‘qigan odam» hamda «o‘qimishli odam» tushunchalarining keskin farq qilishi haqida to‘xtarkan, «kitobxonlik tor ma’noda kitob o‘qishni bildirsa, keng ma’noda tanlab o‘qish, his etish, anglash va fikr bildirish tushunchalarini o‘z ichiga qamrab oladi. U badiiy adabiyotdan oziqlanadi, adabiy tanqid va pedagogika ko‘magida yuksala boradi»51, - deb yozadi.
Olim o‘quvchilarning mustaqil ishlarini tashkil etish sohasida benazir tadqiqotlarni amalga oshirgan. «Uzluksiz ta’lim tizimida adabiyotdan mustaqil ishlar» monografiyasi bu sohadagi eng yirik tadqiqotdir. Uning «Maktabda adabiyotdan mustaqil ishlar» nomli o‘qituvchilar uchun metodik qo‘llanmasi ham nazariy, ham amaliy ahamiyatga molik. U yerda qayd etilishicha, «o‘qishda malakasizlik har qanday fanni tinkani quritadigan og‘ir mehnat va majburiyatga aylantiradi»52. Kitob o‘quvchilarning mustaqil ishlarining tashkil etilishi, turlari, mazmuni, amalga oshirish sharoitlari haqida bahs yuritsa-da, unda asarga yondoshish usullari, o‘quvchilarning ijodiy ishlari, matn ustida ishlash, matnni tahlil qilish, bundagi metod va usullar haqida ham qiziqarli, muhimi, nazariy jihatdan to‘g‘ri va amaliy jihatdan foydali bo‘lgan ko‘plab fikr-mulohazalar bildirilgan.
O‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasiga oid ilmiy-tadqiqot ishlarini bir guruh yosh metodist olimlar davom ettirishmoqda. Ular qatorida M.Mirqosimova, R. Niyozmetova, Q. Husanboyeva, V. Qodirov singari taniqli olim va olimalarimiz bor. Ular tadqiqotlarida metodika ilmining ham nazariy, ham amaliy muammolarini atroflicha hal qilishga o‘z xissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |