3-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi: Ta’lim mazmunini o’zlashtirishga ustuvorlik berilgan ta’lim metodlari to’g’risida talabalarga tushuncha berish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1. Ta’lim yoki tarbiya mazmuni haqida fikrlashadi.
2. O’qituvchi bilan o’quvchilar munosabati, hamkorlikda ishlash, birgalikdagi faoliyat tushunchasini izohlaydi.
3. Ta’lim mazmunini o’zlashtirishga ustuvorlik berilgan ta’lim metodlari haqida tushuncha beradi.
3-asosiy savolning bayoni:
O’qitish metodlari ta’lim yoki tarbiya mazmunining qay usulda o’zlashtirilishi asosida guruhlashtiriladigan bo’lsa, quyidagi tasnif yuzaga keladi:
Ko’rgazmali bayon metodi.
Dasturlash metodi.
Evristik metod.
Muammoli ta’lim metodi.
Modelli ta’lim metodi.
E’tibor qilingan bo’lsa, tasnif qilinayotganda o’quvchi (ob’ekt)ga, o’qituvchi (sub’ekt)ga yoki bilim (ta’lim mazmuni)ga birlamchi diqqat qaratilishiga mutanosib ravishda ta’lim metodlari o’zgarib turadi.
O’tgan asrning 80-yillariga qadar ta’lim jarayonini tashkil etadigan unsurlar qat’iy ravishda o’z o’rni va faoliyat turiga ega edilar. Chunonchi, o’qituvchi ta’lim kechimining ijrochisi (sub’ekt) o’qitadi, o’quvchi ta’lim kechimining qatnashchisi (ob’ekt) o’qiydi, bu jarayonda ta’lim mazmuni (bilim – ob’ekt) o’zlashtiriladi deb qaralardi. Ya’ni ta’lim jarayonida ikki ob’ekt – o’quvchilar va ta’lim mazmuni hamda bir sub’ekt – o’qituvchi qatnashardi. Keyingi vaqtda bu tushunchalar bir qadar tahrirga yuz tutdi. Chunki pedagogika ilmi va amaliyotiga hamkorlik pedagogikasi degan tushuncha kirib keldi va yuqorida tilga olgan tushunchalarning mohiyatini jiddiy ravishda o’zgartirdi.
Endilikda o’qitish kechimida ikki sub’ekt – o’qituvchi va o’quvchilar hamda ikki ob’ekt – o’quvchilar va ta’lim mazmuni ishtirok etadigan bo’ldi. Negaki, keyingi yillarga kelib, o’qituvchi o’quvchilarni o’qitolmasligi, balki uni o’qiydigan holatga solishi, yo’naltirishi mumkinligi anglab etildi. Zero, agar o’qituvchi o’quvchilarni chindan ham o’qitganda, bir sinfdagi barcha o’quvchilarning bir xil o’zlashtirishiga erishgan bo’lar edi. Chunki muallim sinfdagi bolalarning hammasini birdaniga va bir xil o’qitadi. Vaholanki, shu jarayon natijasida sinfdagi har bir o’quvchi o’ziga xos darajadagina “o’qiydi”. Buning sababi shundaki, o’qituvchi o’quvchilarni o’qitolmaydi, balki ularni o’qishga ma’lum darajada yo’naltiradi, xolos. Demak, har bir o’quvchi o’z imkoniyati darajasida o’zi o’qiydi. Ya’ni ta’lim mazmunini o’zicha o’zlashtiradi. Binobarin, ta’lim berishning yo’llari, ya’ni metodlar ham shunga mos ravishda o’zgarib boradi.
Shuning uchun ham bugungi kunda o’qituvchi bilan o’quvchilar munosabati sub’ekt-ob’ektlik emas, sub’ekt-sub’ekt, ya’ni o’quvchilar-o’qituvchi intiladi ob’ekt-ob’ekt, ya’ni o’quvchilar-ta’lim mazmuni ko’rinishini oldi. Bu holat o’quvchilarni ta’lim jarayonining shunchaki ishtirokchisi emas, balki ijrochisi maqomiga chiqarilishini talab etmoqda. Buning ustiga, keyingi vaqtlarda o’qitish jarayoni ta’lim mazmunisiz kechmasligi, o’qituvchi bilan o’quvchining birgalikdagi faoliyati to’lig’icha muayyan ta’lim mazmunini o’zlashtirishga qaratilishi hisobga olina boshlandi. Natijada, ta’lim jarayonining ob’ekti o’zgardi, o’qitishning ob’ekti o’quvchi emas, balki o’qituvchi bilan o’quvchilar birgalikda faoliyat ko’rsatib, o’zlashtirishga intiladigan ta’lim mazmuni ekani ma’lum bo’ldi.
Hozirgi kunda har qanday ta’lim metodining samaradorligini aniqlash uchun o’qitish jarayonida erishiladigan so’nggi natija aniq belgilab olinishi kerak bo’ladi. Buning uchun esa, oldin o’quvchining o’qitish boshlanishdan oldingi qanday bilim, ko’nikma va malakalarga egaligi, ya’ni asos daraja aniqlanishi lozimdir. Agar ta’lim jarayonining eng kichik birligi sifatida bir soatlik dars olinadigan bo’lsa, o’quvchining boshlang’ich holati u dars boshlanguncha bo’lgan davrda ega bo’lgan bilim, ko’nikma, malaka hamda qadriyatlardan iborat bo’ladi.
Ta’lim kechimining natijasi o’quvchida mavjud bo’lgan o’sha bilim, ko’nikma, malaka hamda qadriyatlar tizimiga qilingan qo’shimchadan iborat bo’ladi. Mana shu jarayonda o’qituvchi bilan o’quvchilarning faoliyat yo’sinlari ta’lim metodi tushunchasini anglatadi. Ya’ni muayyan ta’lim mazmunini o’zlashtirish uchun o’qituvchi bilan o’quvchilar qanday usulda faoliyat ko’rsatishlari ta’lim metodini bildiradi. Faqat bu kechimda o’quvchilar faoliyatiga birlamchi e’tibor qaratilishi, ularni harakatlantirish yo’llarini topishga ko’proq urinilishi ko’zda tutiladi. Shundan kelib chiqiladigan bo’lsa, bugungi kunda ta’limning ko’rgazmali bayon metodi, dasturlash metodi, evristik metod, muammoli ta’lim metodi, modelli ta’lim metodi singari bir qancha metodlari borligi ma’lum bo’ladi.
Agar o’quvchilar o’qituvchi rahbarligida muayyan ta’limiy natijani egallash uchun o’zlashtirgan bilimlarni eslab qolish va kerak vaqtda, ya’ni o’xshash vaziyat yuzaga kelganda ishga solish yo’nalishida faoliyat ko’rsatishi ko’zda tutilsa, ko’rgazmali bayon metodi asosida ish olib borilayotgan bo’ladi.
O’quvchilarning ta’lim jarayonidagi faoliyati natijasida o’qitishning turli bosqichlarida egallashlari lozim bo’lgan didaktik marralar oldindan berilib, unga etishish yo’llari ko’rsatilsa, ta’limning dasturlash metodi qo’llanilayotgan bo’ladi.
Agar o’qituvchi tomonidan ta’lim jarayonining bosqichlarida erishiladigan natijalar oldindan aniq belgilab berilib, bu natijalarga etishish yo’llarini oldin o’zlashtirgan bilimlariga tayanib, o’quvchilarning o’zlari topishlari kerak bo’lsa, o’qitish evristik metod yordamida amalga oshirilayotgan bo’ladi.
Agar ta’lim jarayonining bosqichlarida erishiladigan natijalar ham, ularga etishish yo’llari ham belgilab berilmagan bo’lsa, ta’lim mazmunini o’zlashtirish jarayonida o’quvchilar hal qilinishi kerak bo’lgan jiddiy muammoga duch keladilar va uni o’zlari mustaqil hal etishlari lozim bo’ladi. Ularning ta’limiy izlanishlari jiddiy xarakter kasb etadi. Ular yo’lni ham, echimni ham o’zlari topishlari lozim bo’ladi. Demak, bunda o’qituvchi o’quvchilarni muammoli ta’lim metodi asosida ishlashga yo’naltirgan bo’ladi.
Ushbu mavzuning boshlanishida alohida qayd etilganidek, ko’rib chiqilgan metodlarning hammasi ham o’quvchilarning avval egallagan bilim, ko’nikma, malaka va qadriyatlariga tayanadi. O’quvchilarning shu vaqtga qadar nimalarni qay darajada egallaganliklari esa uyga vazifalarni tekshirish, umumiy takrorlash, yalpi so’rash, tanlab so’rash va boshqa yo’llar bilan aniqlanib, yangi o’zlashtiriladigan bilim, ko’nikma va malakalar uchun omil bo’lib xizmat qiladi, ta’lim jarayonida nimalarga alohida urg’u berilishi kerakligini ta’kidlab turadi.
Keyingi vaqtlarda ochun pedagogikasida ta’lim mazmunini o’zlashtirishning shunday bir yo’sini tabora keng yoyilmoqdaki, bunga ko’ra, o’qish jarayonida nimalarga tayanish va nimalarga urg’u berish kerakligini oldilariga qo’yilayotgan vazifalarni anglash darajalariga qarab o’quvchilarning o’zlari belgilaydilar. Ta’lim mazmunini o’zlashtirish yo’lida o’quvchilarning o’zlari tomonidan belgilanayotgan dastlabki omillarga tayanib, ular ma’lum natijalarga erishadilar, erishganlarini rejalashtirilgan natijalar bilan solishtiradilar. Erishilgan natijalar rejalashtirilgan natijalarga mos kelmagan taqdirda ishni qaytadan boshlaydilar. Ta’lim mazmunini o’zlashtirish yo’llariga muayyan o’zgarishlar kiritib, butun yo’lni qaytadan bosib o’tadilar. Shu tariqa, bolalar ta’lim mazmunini o’zlashtirish jarayonining o’zlari anglagan modelini yaratadilar. Shuning natijasida, ta’limning bu metodi modelli ta’lim metodi nomini oladi. O’tgan asrning 80-yillaridan boshlab, butun ochundagi maktablarning ko’pchiligida o’qitishda sud darsi, auksion dars, matbuot anjumani darsi, to’y darsi, tergov darsi kabi ish o’yinlaridan foydalanish kuchaydi va bu o’yin mashg’ulotlari, aslida, modelli metodning ko’rinishlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |