Muhokama uchun savollar:
1. XXI asr kishisi uchun badiiy adabiyot qanday mohiyat kasb etadi?
2. Metodika tushunchasiga turli xil ta’riflar berilgan. Bu qarashlarga sizning fikringiz qanday?
3. Adabiyot o’qitish metodikasi fanining ahamiyati nimada?
Adabiyot o’qitish metodikasi bo’lajak filologlarni kelajakdagi ishlariga zamon talablari darajasida tayyorlashni maqsad qilib qo’ygan fandir. Davr o’zgarishi bilan badiiy adabiyotning mohiyati ham, adabiyotni o’quv fani sifatida o’qitish jarayonini uyushtirish yo’sinlari ham jiddiy o’zgarishlarga uchraydi. Sizningcha, shularga tayyor bo’lmagan mutaxassis maktab, litsey va kollejlarda samarali faoliyat ko’rsata oladi, deb o’ylaysizmi?
3-asosiy savol bo’yicha darsning maqsadi: Adabiyot o’qitilishi jarayonini tadqiq etishning jamiyat uchun ahamiyati haqida ma’lumot berish.
Identiv o’quv maqsadlari:
1. Talim boskichlarida adabiyotni o’quv fani sifatida o’rganish xususiyatlari haqida so’zlaydi.
2. Adabiyot metodikasi fanining o’ziga xos metodlariga egaligi to’g’risida ma’lumot beradi.
3. Ta’limning gumanitarlashishi, o’quv-tarbiya ishlarining gumanizatsiyalashuvi, ta’limning differensiallashuvi, predmetlarning integratsiyalashuvi haqida so’z yuritadi.
3-asosiy savolning bayoni:
Adabiyot o’qitilishi jarayonini tadqiq etishning jamiyat uchun ahamiyati bormi? Ma’lumki, adabiyot – bu so’z san’ati. Binobarin, san’atni qoliplarga moslashtirish uning taraqqiyotiga to’siq bo’lishi mumkin. Bu hodisaning har qanday holatga ham tatbiq qilish mumkin universal jihati unchalar ko’p bo’lmaydi. Agar shunday jihat bo’lsa, adabiyot o’z mohiyatini yo’qotardi. Lekin adabiyot o’qitish jarayoni adabiyotning o’zi bilan bir narsa emas. To’g’ri, adabiyot - san’at. Ammo adabiyotni o’qitish jarayoni adabiyotning o’zidan farq qiladi. Bu jarayonning qonuniyatlarini kashf etish, universal jihatlarini topish mumkin.
Adabiyot o’qitishdagi eng ilg’or tajribalarni, deyarli barcha darslarda qo’llaniladigan universal qonuniyatlarni kashf etmay turib, yoshlarga adabiy tarbiya berish haqida gapirish ham ortiqcha. Adabiyot o’qitish metodikasi fani adabiy ta’lim kechimidagi ana shu eng umumiy jihatlarni o’rganadi, adabiyot o’qitishda qo’llaniladigan metod va usullarni ishlab chiqadi. Ammo “universal qoidalar” tushunchasini har qanday holatda ham hech bir o’zgarishsiz qo’llayverish mumkin bo’lgan doimiy usullar tarzida qabul etmaslik kerak. Negaki, pedagogika ilmi va amaliyoti jabhasiga, hozircha, yoppa universalizmni tatbiq etish yo’lga qo’yilgani yo’q. Metodikadagi universalizm deyilganda, adabiy ta’lim jarayonida nisbatan ko’proq ishlatish mumkin bo’lgan didaktik usul va echimlar nazarda tutiladi. Har bir o’qituvchining u yoxud bu pedagogik muammoni o’z tajribasi va bilimi darajasidan kelib chiqib, o’zicha hal etishini ko’zda tutgan holda muayyan umumiy qonuniyatlarni topish va ulardan foydalanib, adabiy ta’limni yaxshiroq yo’lga qo’yish mumkin.
Adabiyot o’qitish samaradorligini oshirish yuzasidan beriladigan tavsiyalar retsept yo’nalishida, bir marta o’rganib olib umr bo’yi qo’llayveradigan axborot sifatida emas, balki konseptual tabiatga ega bo’lib, har qanday masala echimining turli variantlari bo’lishi mumkinligi ko’zda tutiladi.
Adabiyot metodikasi fani adabiy ta’lim jarayonini o’rganish, umumlashtirish va ilmiy xulosalar chiqarish hamda bu yo’nalishda ilmiy tadqiqotlar olib borishning o’ziga xos metodlariga ega. Kuzatish, so’rov, tabiiy sinov, laboratoriya eksperimenti, maktab hujjatlarini o’rganish, o’quvchilarning yozma ishlarini tadqiq etish, og’zaki javoblarni tekshirish singari qator ilmiy-tadqiqot metodlari borki, ular ko’magida adabiyot metodikasi bo’yicha ilmiy tadqiqotlar olib boriladi.
Adabiyot o’qitish metodikasi pedagogika ilmining xususiy bir sohasi sifatida, birinchi navbatda, pedagogika bilan bog’liq. Shuningdek, adabiyot o’qitish metodikasining chiqargan xulosalari va bergan tavsiyalari o’quvchilarning fiziologik va ruhiy xususiyatlariga maksimal darajada mos kelishi kerak. Shuning uchun ham u psixologiya fani yutuqlariga tayangandagina samarali ish ko’ra oladi.
Badiiy adabiyot o’z holicha inson hayotiga bevosita kerak emasday bo’lib tuyulsada, amalda insonning odamlik martabasiga yuksalishi uchun xizmat qiladigan ma’naviy sifatlarning shakllantirishida muhim o’rin tutadi. Chunki badiiy adabiyotda inson ruhiyati aks etadi. Binobarin, o’z ahlida ezgu ruhiy sifatlarni qaror topdirmoqchi bo’lgan millat ta’lim muassasalarida adabiyot o’qitishni imkon qadar samarador yo’sinda tashkil qilishga e’tibor qaratadi. Negaki, adabiyot yordamida bilvosita shakllantirilgan ma’naviy sifatlar inson ruhiyatining ezgu bo’lishiga olib keladi. Ezgu ma’naviy fazilatlar esa, shaxs takomilining, binobarin, jamiyat taraqqiyotining omilidir.
Ta’limning gumanitarlashishi, o’quv-tarbiya ishlarining gumanizatsiyalashuvi, ta’limning differensiallashuvi, predmetlarning integratsiyalashuvi, o’qitish saviyasining ham adabiyotshunoslik va pedagogika ilmining hozirgi darajasiga ko’tariluvi adabiy ta’limga tamomila o’zgacha yondashish zaruriyatini tug’diradi.
Aytish kerakki, XX asrning 60-yillaridan e’tiboran pedagogika ilmida paydo bo’lgan pedagogik texnologiya nazariyasi bugunga kelib, adabiyot o’qitish metodikasining tabiatiga ham jiddiy ta’sir ko’rsatib, uning mohiyatini o’zgartirib yubormoqda. Ko’pincha, pedagogik texnologiyaga ta’lim jarayonini osonlashtirishga, uni ma’lum darajada isloh qilishga qaratilgan harakat tarzida qaraladi. Holbuki, bu tushunchani “pedagogik texnologiya” emas, balki “texnologik pedagogika” tarzida qo’llash hamda o’qitish va tarbiya sohasida tub inqilobiy o’zgarishlar yo’li ekanligini tushunish kerak bo’ladi (Q.Yo’ldoshev).
Do'stlaringiz bilan baham: |