Undov belgisining ishlatilishi. Undov belgisi quyidagi holda ishlatiladi: 1) his-hayajon ifodalagan gapdan keyin: Yoshligimizda naqadar baxtiyor edik! 2) buyurish, tilak, orzu ma’nosini ifodalagan gapdan keyin: Hoziroq bularni ko`zimdan yo`qot! Qani endi qush kabi osmonda parvoz qilsa! 3) gap boshida kelib, kuchli his-hayajon ifodalagan undalma, undov hamda ha va yo`q so`zidan keyin: Yo`q! Rustam bunday qabihlikka bormaydi hech qachon! Azizlar! Sizni mustaqillik bayrami bilan tabriklayman! Bunda undovdan oldingi so`z mustaqil gap sifatida qaraladi.
Ko`p nuqtaning ishlatilishi. Ko`p nuqta quyidagi o`rinda qo`yiladi: 1) fikr tugallanmaganda: Agar hozir gapingizni to`xtatmasangiz... 2) so`zlovchining o`ylashi, mulohaza qilishini ko`rsatadi: Bugun... bugun oldingizga o`tsam bo`ladimi? 3) ba’zan kimningdir savoliga javob bermay, indamay turganini ko`rsatish uchun: – Mendan rozimassiz, bilaman, kechirmaysiz... 4) biror so`z yoki gapning tushirilganini ko`rsatish uchun: Bugun yettinchi bo`limga kelib, ... fig`oni oshdi.
Ko`p nuqta, undov va so`roq belgisining birga kelishi. Gap mazmuni mazkur tinish belgisining birga qo`llanishini taqozo qiladi. Bunda: 1) so`roq mazmunidan his-hayajon kuchliroq bo`lgan gapdan keyin avval undov, keyin so`roq belgisi birikkan holda (!?) qo`yiladi: Go`zallik olamni qutqarishiga kim ishonmaydi!? 2) kuchli his-hayajon bilan berilgan savolni ifodalaydigan so`roq gapdan so`ng avval so`roq, keyin undov belgisi birikkan holda qo`yiladi: – A?! – Xonkeldiyeva turgan yerida surat bo`lib qoldi. – Direktorimiz-a?! 3) kuchli his-hayajon ifodalagan va mazmunan tugallanmagan gapdan keyin avval undov, keyin ko`p nuqta birikkan holda (!...) qo`llanadi: – Nafisa!.. Nafisaoy!... 4) mazmunan tugallanmagan so`roq gapdan so`ng avval so`roq, keyin ko`p nuqta birikkan holda (?...) ishlatiladi: – Nima dedingiz? Bularning hammasi men uchun?...
Vergulning ishlatilishi. Vergul quyidagi o`rinda qo`yiladi: 1)uyushiq bo`lak orasida: 2) bog`lovchisiz birikkan uyushiq bo`lak orasida: 1. Andijon, Namangan, Qo`qon, Marg`ilon – O`zbekning chamani, bog`-u bo`stoni. 3) takrorlanuvchi bog`lovchi bilan birikkan uyushiq bo`lak orasida: U goh kulimsiraydi, goh chuqur o`yga toladi. 4) zidlovchi bog`lovchi yordamida birikkan uyushiq bo`lak orasiga: Zamiraning baland, ammo mayin ovozi bor edi. 5) undalmani gapdan ajratish uchun: Ertaga, azizim, toqqa jo`naymiz; 6) kirish so`zni va tuzilishiga ko`ra murakkab bo`lmagan kirish gapni ajratish uchun: a). Xullas, ertaga shu yerda yotiladigan bo`ldi. b) Men sizga aytsam, odamning yomoni bo`lmaydi; 7) ha va yo`q so`zini gap bo`lagidan ajratish uchun: Ha, bu gapingiz to`rg`i. Yo`q, ertaga kela olmayman; 8) gapning ajratilgan bo`lagini ajratib ko`rsatish uchun: “Biz, 22-guruhda o`quvchi qizlar, Xayriniso ham biz bilan yonma-yon turib o`qishini istaymiz”; 9) bog`lovchisiz bog`langan qo`shma gapda: Eshik ochildi, ichkariga muzday havo yopirilib kirdi; 10) va, ham, hamda, yoki (yolg`iz kelgan holida) dan boshqa bog`lovchi bilan bog`langan qo`shma gapda: hamma gapirdi, lekin u bir chekkada xomush o`tirar edi; 11) ergash va bosh gapni ajratish uchun: Hamma yig`ilsa, majlis boshlanadi; 12) muallif gapini ko`chirma gapdan ajratish uchun: – Bugungi qilgan ezgu ishlarimiz, – dedi ota, – kelajak uchun mustahkam poydevor vazifasini bajaradi;
Do'stlaringiz bilan baham: |