O‘qituvchining darsga tayyorlanishi.
Dars samaradorligi
o‘qituvchining unga tayyorgarlik ko‘rishiga bog‘liq. Puxta
tayyorgarlik asosida o‘tkaziladigan dars qiziqarli o‘tadi va ko‘zlangan
maqsadga erishadi. O‘qituvchi darsga tayyorlanar ekan, avvalo
darsning maqsadini puxta o‘ylab ko‘rmog‘i lozim. Mashg‘ulotning
ta’limiy, tarbiyaviy va rivojlantiruvchi maqsadlari aniq, ularni o‘zaro
uyg‘un holda qanday qilib amalga oshirish yo‘llari belgilanmasa,
samaradorlikka erishib bo‘lmaydi.
353
Darsning metodini to‘g‘ri tanlash o‘qituvchidan puxta nazariy
bilim va pedagogik mahorat talab etadi. Yangi bilim berish darslarida
ko‘proq muammoli o‘qitish metodiga asoslanilsa, egallangan
bilimlarni ko‘nikma va malakaga aylantirish maqsadlarida qisman
qayta xotiralash xarakteridagi topshiriqlardan ham, ijodiy xarakterdagi
topshiriqlardan ham foydalaniladi. Dars metodini tanlashda o‘qituvchi
o‘quvchilarning real o‘quv imkoniyatini, o‘rganiladigan mavzuning
talabi kabilarni ham hisobga oladi.
Darsga tayyorgarlik jarayonida o‘qituvchi o‘rganiladigan
mavzuga bog‘liq ilmiy va metodik adabiyotlar bilan ham puxta
tanishib chiqishi lozim. O‘zbek tilshunosligi fanining so‘nggi yillarda
qo‘lga kiritgan yutuqlaridan xabardor o‘qituvchigina darslikdagi
topshiriqlar talabini tushunadi va har bir topshiriqdan ko‘zlangan
maqsadni ilg‘aydi.
Ijodkor o‘qituvchi darsni darslik qolipi asosida qurmaydi, balki
uni yaratadi. Darsga tayyorgarlik ko‘rishda o‘qituvchi darslikdagi
qaysi mashqlardan foydalanishini, mashq shartlariga qanday
qo‘shimchalar yoki o‘zgartirishlar kiritishi mumkinligini, mahalliy
o‘lka materiallari bilan dars materialini bog‘lash imkoniyatlarini
o‘ylab ko‘rishi va rejalashtirishi lozim.
O‘qituvchi o‘quvchilarga beriladigan savollarni puxta o‘ylab
ko‘rishi, javobga chiqariladigan o‘quvchilarni oldindan belgilashi,
uyga beriladigan vazifani belgilashi lozim.
O‘qituvchi yangi yo‘nalishdagi «Ona tili»dasturi va darsliklari
bilan ishlashga ham o‘zini tayyorlashi kerak. Darsliklardagi har bir
mashq, topshiriq, matn, rivoyat va latifa ma’lum bir maqsadni
ko‘zlaydi va bu ko‘p hollarda yashiringan bo‘ladi.
К
o‘nincha
ko‘zlangan maqsad 2
–
3 mashqni bajargandan keyin ravshan bo‘ladi.
Chunki maqsadni birinchi qadamdayoq ma’lum qilish o‘quvchining
fikrlashiga, ijodiy mushohada yuritishiga to‘sqinlik qilishini nazarda
tutib, mualliflar ularni bosqichma-bosqich berishgan. O‘qituvchi har
bir mashqdan ko‘zlangan yuzaki (zohiriy), ilk bosqich maqsadni va
asosiy (botiniy) tugal maqsadni to‘liq bilmasa, puxta bilim berishga
erisha olmaydi. Yuzaki maqsad yordamchi vosita bo‘lib, tub
354
maqsadga erishish uchun bir bosqichdir. Ayrim hollarda tub maqsadni
topish o‘quvchining o‘ziga havola etiladi.
O‘qituvchi darslikdagi ayrim matnlarning serqirraligi, ular asosida
turli-tuman hukmlar chiqarish mumkinligini ham unutmasligi kerak.
Darsliklarda talaygina rivoyatlar berilgan bo‘lib, ular o‘quvchidan
ijodiy fikrlashni va o‘z nuqtayi nazarini bayon qilishni talab etadi.
O‘qituvchi oldindan bu rivoyatlarni o‘qib, buning asosida qanday
xulosaga kelish mumkinligini o‘ylab ko‘rishi lozim.
«Ona tili» darsliklarida mashqlar bosqichli ketma-ketlik prinsipi
asosida berilgan bo‘lib, ular bir necha topshiriqlidir. Shuning uchun
o‘qituvchi mashq va undagi har bir topshiriqning maqsadini tushunishi
lozim. Bu o‘rinda yana shuni ham alohida qayd qilish lozimki, ko‘p
topshiriqli mashqlarda bir topshiriqni bajarib, ikkinchisini chetlab
o‘tish o‘quvchini asl maqsadidan uzoqlashtiradi. Demak, o‘qituvchi
darsga tayyorlanar ekan, har bir topshiriqning maqsadi, uni bajarish
usuli, sarflanadigan vaqtni aniq hisobga olishi lozim.
Dars reja-konspektini tuzish ham o‘qituvchidan juda katta
mas’uliyat talab etadi. Chunki reja-konspekt darsni ilmiy-metodik
jihatdan to‘g‘ri tashkil etishga ko‘maklashadi; 45 daqiqalik vaqtdan
unumli foydalanish imkoniyatini yaratadi.
Dars reja-konspektida darsning mavzusi, maqsadi, metodi,
jihozlanishi, uy topshirig‘ining tekshirilish usuli, o‘quv
topshiriqlaridan foydalanish tartibi, o‘quvchilarni umumlashmalar
hosil qilishga undash yo‘llari, mustahkamlash uchun beriladigan
topshiriqlar, hosil qilingan bilim, malaka va ko‘nikmalarni tekshirish
maqsadida o‘rtaga tashlanadigan savollar, uyga beriladigan vazifa
kabilar o‘z ifodasini topadi.
Bugungi kunda har bir umumta’lim maktabida ta’lim-tarbiya
samaradorligini oshirish jiddiy vazifa bo‘lib turibdi. Buning uchun har
bir o‘qituvchi o‘z fanini o‘qitishning eng samarali zamonaviy
pedagogik texnologiyalarini puxta bilishi va bu sohadagi yangiliklarni
uzluksiz o‘rganib borish orqali o‘z kasbiy mahoratini muntazam
oshirib borishi talab qilinadi.
355
Hozirgi ta’lim sohasida keng rivojlanib borayotgan yo‘nalish-
lardan biri zamonaviy pedagogik texnologiyalardan unumli
foydalanish va ularni o‘z mashg‘ulotlarida qo‘llashdan iborat.
«Pedagogik texnologiya» keng tushuncha bo‘lib, u ona tili
ta’limining mazmunini ham, bilim va ko‘nikmalari tizimini ham,
o‘quvchi va o‘qituvchi orasidagi munosabatlarni ham, ijodiy tafakkur
sohibini tarbiyalashni ham o‘z ichiga qamrab oladi.
Ona tilidan ta’lim mazmuni shunday qurilmog‘i lozimki, o‘quvchi
dars jarayonida o‘ylashga, fikrlashga, til hodisalari orasidagi
o‘xshashlik va farqlarni aniqlashga, guruhlash va umumlashtirishga
ehtiyoj sezsin. Buning uchun, avvalo, o‘quv topshiriqlarining
xarakteriga e’tibor kuchaytirilmog‘i lozim. Ayniqsa, qisman ijodiy va
ijodiy xarakterdagi topshiriqlar umumiy topshiriqlarning 70–80% ni
tashkil etgan taqdirdagina ta’limda ko‘zlangan maqsadga erishish
imkoniyatlari reallashadi.
Pedagogik texnologiyaning yana bir muhim talabi o‘rganilishi
ko‘zda tutilgan mavzu yuzasidan o‘quvchilarda amaliy ko‘nikma va
malakalar hosil qilishdir. Buning uchun amaliylik ona tili ta’limining
asosiy va yetakchi tamoyiliga aylanishi kerak. Ona tili ta’limi
jarayonida o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini rivojlantirish o‘qituvchi
va o‘quvchi munosabatlarini ham yaqin pedagogik hamkorlik asosida
qurilishini talab etadi. Buning uchun o‘quvchi ta’lim jarayonining faol
ishlovchisiga, o‘qituvchi esa shu jarayonning tashkilotchisiga,
boshqaruvchisiga aylanishi shart: yaxshi o‘qituvchi o‘zi kam gapiradi,
bolani ko‘proq so‘zlatadi. Shuni alohida qayd qilish joizki, o‘quvchi
ona tili darslarida til hodisalarini mustaqil ravishda o‘zi kuzatsa,
qiyoslasa, muayyan belgilariga qarab ularni guruhlasa, birlashtirsa,
umumlashmalar hosil qilsa o‘quvchi tafakkurini rivojlantirish
imkoniyatlari kengayadi.
Ona tili darslarida o‘quvchilarning ijodiy tafakkurini kengaytirish
darsni tashkil etish usuliga ham bog‘liq. Doimiy bir xilda
takrorlanadigan va qayta-qayta bir xil yo‘nalishdagi o‘quv
topshiriqlaridan foydalaniladigan darslar o‘quvchini zeriktiradi, uni
bezdirib qo‘yadi.
356
Ona tili ta’limining pedagogik texnologiyasi maqsadini
belgilashdan to shu maqsadga erishganlik natijasi darajasini
baholashgacha bo‘lgan murakkab jarayonni o‘z ichiga olar ekan,
bunda maqsadlar etalon darajasidagi andozaga erishish vositasidir.
Joriy nazorat baholashi esa o‘quv jarayonini shakllantiruvchi, maqsad
bilan uning natijasi o‘rtasida aloqa vazifasini o‘tovchi omil sanaladi.
Pedagogik texnologiyaga oid adabiyotlarda ko‘rsatilishicha ayrim
xorijiy davlatlarda o‘quvchi va o‘qituvchi uchun maqsadlarni alohida-
alohida belgilash odat tusiga kirgan. Bunda maqsadlar o‘qituvchining
faoliyati orqali qo‘yiladi (o‘rgatish, tushuntirish, ko‘rsatish, aytib
berish va h.k.), o‘quvchining harakatlarida ifodalanadigan natijalar esa
ta’lim vazifalari deyiladi. Bu vazifalarni o‘lchash, aniqlash, o‘qitishni
qayta takrorlash imkoniga ega bolishi uchun har bir maqsadga erishish
mezonini bilish kerak, ya’ni ta’lim maqsadi shunday qo‘yilishi
kerakki, unga erishilganlik haqida aniq xulosa chiqarish mumkin
bo‘lsin.
Pedagogik texnologiyalarning asosiy qoidasi ham o‘qitishni
o‘quvchilar harakati orqali amalga oshirilishi ekan, ona tili ta’limi
maqsadi ham o‘quvchini dars subyekti darajasiga ko‘taradi.
Ona tili ta’lim texnologiyasi o‘quvchining ta’lim jarayoni faol
ishtirokchisi ekanligini uning har bir dars qurilmasida quyidagi
faoliyat turlariga jalb etilishi orqali izohlash mumkin: 1)til hodisalarini
kuzatish; 2)izlanish, hodisalar sirasini davom ettirish; 3)ayri-ayri
hodisalarni sharhlash; 4)hodisalarni qiyoslash; 5)hodisalar o‘rtasidagi
o‘xshashliklarni aniqlash; 6)hodisalar orasidagi farqlarni aniqlash;
7)o‘xshashlik, farqlar asosida hodisalarni tasniflash; 8)hodisalar sirasi
haqida umumlashma hosil qilish; 9)hodisalarning yondosh hodisalar
bilan aloqadorligini aniqlash; 10)hodisalarni amaliy qo‘llash.
Mana shu o‘n xildagi mustaqil faoliyat turlarining bajarilishi ona
tili ta’limi maqsadining odatdagi bir dars jarayonida voqealanishi
bilan izohlanadi. Ayni kunda esa ona tili ta’limi yangi pedagogik
texnologiyasida o‘ziga xos tomonlari va xususiyatlari bilan o‘z aksini
topayotgan maqsadlarning ifodalanish tahlili shuni ko‘rsatadiki, ona
tili ta’limida maqsadning qo‘yilishidan boshlab har bir dars
357
qurilmasining etaloni sifatida unga erishuv jarayoni o‘quvchini
mustaqil bilim olishga, izlanishga majbur qiladi.
Ona tili ta’limi texnologiyasida bu eng muhim omil bo‘lganligi
sababli pedagogik texnologiyalar tarixida muhim muammo bo‘lgan
har bir mavzu kesimida aniq maqsadlarning qo‘yilishi masalasiga ham
nisbatan oydinlik kiritadi. Adabiyotlarda ta’kidlanishicha, aniq
maqsadlarni ishlab chiqish juda murakkab masala bo‘lib, bir kishining
qo‘lidan kelmaydi. Shuning uchun bir guruh o‘qituvchilar va
uslubchilarning o‘zaro hamkorlikdagi faoliyati talab etiladi. Mana shu
e’tirofdan kelib chiqqan holda aytish mumkinki, o‘quvchining har bir
dars qurilmasidagi o‘n bosqichlik faoliyati ona tili ta’limi umumiy
maqsadining mavzular, sinflar kesimida yanada aniqlashuvi va
oydinlashuvida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Hozirgi kun ta’limining asosiy maqsadlaridan biri dars jarayonida
o‘quvchilarni faollashtirish orqali ularga bilim olish yo‘llarini
o‘rgatishdan iboratdir. Ta’lim jarayonida ilg‘or pedagogik texnologiya
elementlari singib bormoqda. O‘qitishning interfaol usullaridan
foydalanish bo‘yicha muayyan tajriba to‘plandi.
Ona tili darslarida ta’limning interfaol usullaridan foydalanish
o‘quvchilarda mantiqiy fikrlash ko‘nikmalarini tarkib toptiradi,
guruhlarda ishlashga o‘rgatadi, ko‘pchilik oldida o‘z fikrini bayon
etish, o‘z nuqtayi nazarini asoslash malakalarini hosil qiladi.
Ta’lim-tarbiya jarayonini to‘g‘ri tashkil etish, mavjud
imkoniyatlarni safarbar etish o‘qituvchilarning asosiy vazifalaridan
biridir. Har bir pedagog shuni esda tutishi kerakki, dars o‘quv-tarbiya
jarayonining asosiy shaklidir. O‘qituvchi o‘quvchilarni mustaqil
fikrlash, mustaqil ijod qilishga o‘rgatishi lozim. Darsda beshta maqsad
ko‘zda tutiladi: ta’lim, tarbiya, rivojlantirish, kasbga yo’llash va
milliylik. Bu beshta maqsadni dars davomida amalga oshirish uchun
interfaol usullardan foydalanib dars o‘tish yaqindan ko‘mak beradi.
O‘zlashtirilayotgan tajribani to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘quvchilarga o‘zaro
ta’sir harakati orqali yo‘naltirish, interfaol metodlarni qo‘llab dars
o‘tishning asosi bo‘lib, bunday yondashuvda o‘qituvchi tayyor
bilimlarni bermaydi, balki o‘quvchilarni mustaqil izlanishga
358
chorlaydi. Hozirgi zamon darsiga qo‘yiladigan eng muhim talablardan
biri har bir darsda o‘rganiladigan mavzuning ilmiy asoslangan
bo‘lishidir, ya’ni darsda ko‘zlangan maqsad va o‘quvchilar
imkoniyatini hisobga olgan holda mavzu hajmini belgilash, uning
murakkabligini aniqlash, avvalgi o‘rganilgan mavzu bilan bog‘lash,
o‘quvchilarga beriladigan topshiriq va mustaqil ishlarning ketma-
ketligini aniqlash, darsda kerak bo‘ladigan jihozlarni belgilash va
qo‘shimcha ko‘rsatmali qollanma bilan boyitish, interfaol metodlardan
foydalangan holda darsda muammoli vaziyat yaratishdir. Darsga
qo‘yiladigan asosiy talablardan biri ta’lim metodlari va usullarini bir-
biri bilan mustahkam bog‘lab olib borish samaradorligini oshirishdir.
Darsga qo‘yiladigan asosiy talablardan yana biri barcha didaktik
vazifalar darsning o‘zida hal etilishi, uyga beriladigan vazifalar
o‘quvchilarning darsda olgan bilimlarining mantiqiy davomi bo‘lishi
kerak, dars davomida o‘qituvchi o‘quvchilarning jismoniy holatini,
ijodkorligini, tez fikrlashlarini hisobga olishi kerak, o‘tilgan har bir
darsning o‘quvchilar bilan birga tahlil qilib borilishi ham yaxshi natija
beradi.
Interfaol usullardan foydalanishda o‘qituvchi quyidagilarni bilishi
lozim:
Do'stlaringiz bilan baham: |