Ona tili ta`limi jarayonida o`quvchilarni ish qog`ozlaridan foydalanishga o`rgatish. O`quvchilarni ish qog`ozlaridan to`g`ri foydalana olishlariga o`rgatish-hayotiy zaruriyatdir. Zero, “O`zbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi qonunning “O`zbekistonda muassasa, korxona, tashkilot birlashmalarda ish respublika davlat tilida yuritiladi”, -deb qayd qilinadi.
Ish qog`ozlaridan foydalanishga o`rgatish til sathlarini o`qitish bilan chambarchas aloqadorlikda amalga oshiriladi. Ona tilining deyarli barcha bo`limlarini o`qitishda o`quvchilar hujjatlarning u yoki bu turi bilan tanishadilar, uni yozishni o`rganadilar. Chunonchi, “Fonetika” bo`limini o`rganishda manzilgohni yozish, telegramma matni ustida ishlash, ariza yozish kabilar ko`zda tutilgan bo`lsa, “So`zshunoslik”da e`lon taklifnoma, dalolatnoma, tavsiyanoma yozish, “Morfologiya”da tarjimai hol, majlis bayoni, bildirishnoma, tilxat, ishonchnoma, ma`lumotnoma kabilar ustida ishlash ko`zda tutiladi. “Sintaksis”ni o`rganishda buyruq, farmoyish, yo`riqnoma, shartnoma, hisobot kabilar bilan tanishadilar.
Ona tili mashg`ulotlarida ish qog`ozlaridan foydalanishni samarali tashkil etish uchun avvalo shu hujjatning murakkablik darajasi hisobga olinadi. 5-6-sinflarda asosan, sodda hujjatlar (bir muammoni o`z ichiga olgan hujjatlar) ustida ish olib borilsa, keyinchalik murakkab hujjatlar (ikki va undan ortiq masalani o`z ichiga olgan hujjatlar) ustida ish olib boriladi.
Ayrim ish qog`ozlari hatto ikki bosqichda o`rganiladi. Birinchi bosqichda (5-6-sinflarda) ayni bir hujjatning sodda shakllari o`rganilsa, keyingi bosqichda (7-9-sinflarda) uning murakkab shakllari o`rganiladi. Masalan, ariza, ma`lumotnoma kabi ish qog`ozlarining ham sodda, ham murakkab ko`rinishlari mavjud. O`quvchilar uning sodda ko`rinishi bilan quyi sinflarda tanishsalar, murakkab ko`rinishlari yuqori sinqlarda o`rganiladi.
Hujjatda fikrni bayon qilish shakli o`ziga xosdir. Ularning ko`pi (mas., ma`lumotnoma, dalolatnoma kabi) muayyan bir qolpga ega bo`lib, erkin fikr yuritishni talab etmaydi. Lekin shunday hujjatlar ham borki, (mas, tarjimai hol, qaror, shartnoma kabi) ularda ma`lum darajada erkin fikr yuritiladi. Ish qog`ozlari matniga bir qator talablar qo`yiladi. Avvalo, hujjatlar matni boshqa ijodiy yozma ish matnlari singari imloviy, ishoraviy va uslubiy jihatdan to`g`ri bo`lishi kerak.
Hujjatlar matniga qo`yiladigan muhim talablardan biri xolislikdir. Unda bayon qilinayotgan mazmunga o`quvchi (muallif) hech qanday munosabat bildirmaydi, balki axborotni xolis aks ettiradi. Shuning uchun hujjatlar tilida so`z va so`z shakllarini qo`llashda muayyan chegaralanishlar mavjud. Rasmiy ish usulida kichraytirish, erkalash qo`shimchalarini olgan so`zlar, ko`tarinki – tantanavor so`zlar, iste`mol doirasi chegarlangan so`zlar, o`xshatish, jonlantirish, mubolag`a singari badiiy tasvir vositalaridan foydalanilmaydi.
Shubhasiz, hujjat matni mazmunan aniq, ixcham, lo`nda va to`liq bo`lishi shart.
O`quvchilar hujjatlar matnida asosan, turg`unlashgan, rasmiy qabul qilingan so`z va so`z birikmalari (mas., berildi, bajarilsin, tayinlansin, eshittirildi, qaror qilindi, ko`rib chiqildi, ko`rsatib o`tildi kabilar)dan foydalanish lozimligini bilishlari kerak.
Ish qog`ozlari asosan uch qismdan iborat bo`ladi:
a) kirish;
b) asosiy qism;
v) yakun.
O`quvchilarni ish qog`izini yozishga o`rgatish shu ish qog`ozining mufassal rejasi bilan tanishtirishdan boshlanadi. Masalan: “Tarjimai hol”ning mufassal rejasi quyidagicha:
1-kirish:
a) tarjimai hol muallifining ismi familyasi, tug`ilgan yili, oy va kuni, joyi va millati, oilasi;
b) ota va onasi haqida;
v) aka-ukalari, opa-singillari haqida.
2-asosiy qism:
a) muallifning maktab yoshigacha bo`lgan hayoti haqida:
b) maktab hayoti haqida:
v) hozirgi kundagi faoliyati haqida.
3-yakuniy
a) ushbu tarjimai holning nima sababdan yozilganligi:
b) imzo, kun, oy, yil.
“Ariza” matnining mufassal rejasi esa quyidagilardan iborat:
1-kirish
a) kimga-ariza yo`naltirilgan shaxsning egallab turgan mansabi (lavozim), daraja va unvonlari, ismi sharifi, familiyasi:
b) kimdan-ariza beruvchining mansabi (lavozimi), daraja va unvonlari, ismi sharifi, familyasi, istiqomat joyi.
2-asosiy qism
a) arizani yozishga sabab bo`lgan holatning qisqacha bayoni.
b) ariza yozishdan maqsad:
v) arizaga ilova qilinadigan hujjatlar.
3-yakun
a) ariza beruuvchining shaxsiy imzosi, ismi va familyasi:
b) ariza yozilgan (berilgan) kun, oy, yil.
Shunday qilib ona tili darslarida ijodiy yozma matn ustida ishlash ikki yo`nilishda amalga oshiriladi:
Til sathlarini o`qitish orqali.
VII sinfda “ijodiy yozma matn ustida ish” (12 soat) va VIII sinfda “Insho va uning turlari” (16 soat) bo`limlarini o`rgatish orqali.
Birinchi yo`nalish O`zbek tili fonetikasi, leksikasi va grammatikasidan har bir mavzuni o`rganish orqali amalaga oshirilsa, ikkinchi VII sinfda “Ijodiy yozma ish” tushunchasini sharhlash: rasm asosida hikoya, manzara tasviri yaratish; o`quvchi va borliq; yozma ishda o`quvchi (muallif) o`zligining namoyon bo`lishi xususida ma`lumot berish, mavzu tanlash, mavzuni yoritish uchun zarur material to`plash, yozma ishga reja tuzish (tor reja, keng reja) yozma ishga epigraf tanlash, “Xat boshi” tushunchasini, yozma ish matnini qayta ishlash, matn uslubi ustida ishlash, ishni oqqa ko`chirish, tekshirilgan yozma ishning xatolari ustida ishlash va VIII sinfda “Insho haqida ma`lumot” berish, insho turlari (ilmiy insholar, erkin insholar) yuzasidan bir qator ijodiy-amaliy ishlarni bajarish orqali amalga oshiriladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |