Yurakning limfa tomirlari. Yurak endokardi va miokardida joylashgan limfakapillyarlardan limfa epikardda joylashgan yuza limfa tomirlar to‘riga oqadi. Bu limfa tomirlar qo‘shilib yurakning o‘ng va chap limfa tomirini hosil qiladi. Yurakning chap limfa tomiri o‘ng va chap qorinchalarining oldingi yuzasi, chap qorinchaning chap va orqa yuzasidagi limfa tomirlarning qo‘shilishidan hosil bo‘lib, pastki traxeobronxial limfa tugunlarining biriga quyiladi. Yurakning o‘ng limfa tomiri o‘ng qorinchaning oldingi va orqa yuzasidagi limfa tomirlaridan hosil bo‘lib, oldingi ko‘ks oralig‘i tugunlarining biriga quyiladi. Bo‘lmachadan boshlangan mayda limfa tomirlar oldingi ko‘ks oralig‘i limfa tugunlariga quyiladi.
Yurak nervlari. Yurak faoliyatini sezuvchi, simpatik va parasimpatik nervlar boshqaradi. Sezuvchi nervlar yurak va uning qon tomirlari devoridagi retseptorlardan bosh va orqa miyadagi markazlarga boradi. Simpatik tolalar yurak qisqarishini tezlatuvchi va tojsimon arteriyalarni kengaytiruvchi impulslarni o‘tkazsa, parasimpatik tolalar yurak qisqarishini sekinlatib, tojsimon arteriyalarni toraytiruvchi impulslarni o‘tkazadi.
Yurakka boruvchi simpatik nerv tolalari simpatik poyaning bo‘yin qismidagi uchta simpatik tugunidan boshlanadigan yuqorigi, o‘rta va pastki yurakka boruvchi bo‘yin nervlari va ko‘krak qismining II-V tugunidan chiquvchi yurakka boruvchi ko‘krak nervlaridan iborat.
Parasimpatik tolalar esa adashgan nervdan chiquvchi tolalardan iborat. Bu nervlarning tolalari yurakda yuza va chuqur joylashgan chigallarni hosil qiladi. Yurakning yuza chigali (plexus cardiacus superficialis) o‘pka poyasining oldingi yuzasi va aorta ravog‘ining pastki tomonida, chuqur chigali (plexus cardiacus profundus) esa aorta ravog‘i bilan kekirdakning ikkiga bo‘lingan qismi orasida joylashadi. Yurakning yuza va chuqur nerv chigallarining bir qismi miokard bilan epikard orasiga tarqalsa, ikkinchi qismi yurak arteriyalari devori bo‘ylab (plexus coronaries dexter et sinister) davom etadi. Yurakning a’zo sirti chigallari tolasi a’zo ichki chigaliga o‘tib, yurak devori qavatlari ichida yotadi. Bu chigallar tarkibida nerv xujayralari to‘planib, yurak tugunchalarini (ganglia cardiaca) hosil qiladi.
Yurak topografiyasi
Yurak va uni o‘ragan yurak xaltasi ko‘krak qafasida oldingi ko‘ks oralig‘ida o‘rta chiziqdan chaproqda yurakning uchdan ikki qismi, o‘ngroqda uchdan bir qismi joylashgan. Yon va qisman old tomondan yurak plevra bilan qoplangan o‘pka, oldingi ozgina qismi esa to‘sh suyagi va qovurg‘a tog‘aylariga tegib turadi.
Yurakning yuqori chegarasi o‘ng va chap uchinchi qovurg‘a tog‘aylari yuqori chekkasini birlashtiruvchi chiziqda joylashgan. O‘ng chegarasi o‘ng uchinchi qovurg‘a togayi yuqori chekkasidan boshlanib, to‘sh suyagi chekkasidan 1-2 sm o‘ngda vertikal yo‘nalib beshinchi qovurg‘a tog‘ayigacha tushadi. Pastki chegarasi o‘ng beshinchi qovurg‘a tog‘ayidan yurak uchigacha o‘tgan chiziqda. Yurak uchi esa chap beshinchi qovurg‘a oralig‘ida o‘rta o‘mrov chizig‘idan 1-1,5 sm ichkarida yotadi. Chap chegarasi chap uchinchi qovurg‘a tog‘ayining yuqori chekkasidan to‘sh suyagining chap chekkasi bilan chap o‘rta o‘mrov chizig‘i o‘rtasidagi sohadan boshlanib yurak uchigacha boradi.
Yurak klapanlarini eshitish sohalari quyidagicha: chap atrioventrikulyar klapan chap uchinchi qovurg‘a tog‘ayi sohasida. O‘ng atrioventrikulyar klapan to‘rtinchi o‘ng qovurg‘a tog‘ayining to‘sh suyagiga birikkan joyda. Aorta klapani to‘sh suyagini chap qirrasida, uchinchi qovurg‘a oralig‘ida. O‘pka poyasi klapani chap uchinchi qovurg‘a tog‘ayining to‘sh suyagiga birikkan joyda.
Yurakning yoshga qarab o‘zgarishi
Yangi tug‘ilgan chaqaloqda yuragining bo‘lmachalari katta va qorinchalari yaxshi rivojlanmaganligi uchun (103-rasm) yumaloq shaklda bo‘ladi. Uning ko‘ndalang o‘lchami 2,7-3,9 sm, uzunligi 3,0-3,5 sm. O‘ng bo‘lmacha chapidan sezilarli katta. O’ng bo‘lmachaning hajmi 7-10 sm3, chapniki 4-5 sm3. Qorinchalar hajmi 8-10 sm3. Taroqsimon va so‘rg‘ichsimon mushaklar yaxshi bilinmaydi. Paysimon ipchalar nisbatan yo‘g‘on va qisqa. O‘ng va chap qorinchalar miokardining qalinligi bir xil. Epikard yupqa, elastik va kollogen tolalari kam. Epikard osti yog‘ to‘qimasi yaxshi bilinmaydi. Bola hayotining birinchi yilida yurak bo‘yiga tez o‘sadi. Birinchi yilning oxirida yurakning hajmi 42 sm3 bo‘ladi. Yurakning turli qismlari ayrim yosh davrlarida bir xil o‘smaydi. Bola hayotining birinchi
Do'stlaringiz bilan baham: |