Darvoza venasi (v. portae) qorin bo‘shlig‘idagi toq hazm a’zolaridan (me’da, ingichka va yo‘g‘on ichak, to‘g‘ri ichakning yuqori qismi, taloq, me’da osti bezi) qon yig‘uvchi yirik vena. Uning uzunligi 5-6 sm, ko‘ndalang o‘lchami 11-18 mm. Darvoza venasi jigar o‘n ikki barmoq ichak boylami ichida xususiy jigar arteriyasi va umumiy o‘t yo‘lining orqasida joylashadi. Jigar darvozasiga kirgach, darvoza venasi o‘ng (r. dexter) va chap (r.sinister) shoxlarga bo‘linadi. Ular o‘z navbatida sektor va segmentlarga shoxlanadi. Bunday bo‘linish davom etib oxiri bo‘lakchalararo venalarga aylanadilar. Bo‘lakcha ichida bu venalar keng kapillyarlarga (sinusoid tomirlar) bo‘linadi. Bo‘lakchalardan chiquvchi venalar o‘zaro qo‘shilib 3-4 jigar venalarini hosil qiladi. Darvoza vena tizimi venalarida ikkita kapillyar tog‘ri mavjud. Ularning birinchisi hazm a’zolari devorida, ikkinchisi esa jigar bo‘lakchalari ichida joylashgan. Shuning uchun hazm a’zolari devoridan yig‘ilgan vena qoni jigardan o‘tish vaqtida zararli va yot moddalardan tozalanib, so‘ngra pastki kovak venaga quyiladi.
Darvoza venasi me’da osti bezi boshining orqasida ichak tutqichning yuqorigi va taloq venasining o‘zaro qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. Bundan tashqari darvoza venasining hosil bo‘lishida ichak tutqichning pastki venasi (116-rasm) va chap me’da venasi ham ishtirok etadi.
Darvoza venasiga jigar o‘n ikki barmoq ichak boylami ichida o‘t pufagi venasi (v. cystica), me’daning kichik egriligidan qon yig‘uvchi o‘ng va chap me’da venalari (vv. gastrica dextra et sinistra), o‘n ikki barmoqli ichak me’da osti bezi ustki orqa venalari (vv. pancreaticoduodenalis posterior superior) quyiladi. O‘ng va chap me’da venalari me’da kichik egriligida anastomoz hosil qilib, ravoq shaklida yotadi.
116-rasm. Darvoza venasining hosil bo‘lishi.
1.v. portae; 2.v.lienalis; 3.v.mesenterica superior; 4.v.mesenterica inferior.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqda darvoza venasining uzunligi 16-44 mm, kengligi 2-3 mm. Uning kengligi bolalikning birinchi davrida 3 marta, bolalikning ikkinchi davrida 4 marta (10-12 mm), o‘smirlik davrida 5 marta o‘sadi. Devorining qalinligi 16 yoshda 1,5-2 marta kattalashadi.
1.Yuqorigi ichaktutqich venasi (v. mesenterica superior) me’daning katta egriligi va katta charvining o‘ng tomoni, o‘n ikki barmoq ichak, me’da osti bezining bosh qismi, och va yonbosh ichak, ularning ichak tutqichi, ko‘r ichak va chuvalchangsimon o‘simta, ko‘tariluvchi va ko‘ndalang chambar ichakdan qon yig‘adi. Unga me’daning katta egriligi va katta charvidan qon yig‘uvchi me’da-katta charvi venasi (v. gastroomentalis dextra), me’da osti bezi va o‘n ikki barmoq ichakning oldingi yuqorigi venasi (v. pancreaticoduodenalis anterior superior), och va yonbosh ichak venalari (vv. jejunales et ileales), yonbosh-ko‘r ichak venasi (v. iliocolica), va chuvalchangsimon o‘simta venasi (v. appendicularis), ko‘tariluvchi va ko‘ndalang chambar ichak venalari quyiladi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqda yuqorigi ichaktutqich venasing uzunligi 4-6 sm, kengligi 3,6 mm bo‘ladi. Uning o‘lchamlari erta bolalik, bolalikning birinchi davri va balog‘at davrlarida tez o‘sadi.
2.Taloq venasi (v. lienalis) me’da osti bezining yuqori qirrasi bo‘ylab shu nomdagi arteriya ostida chapdan o‘nga yo‘naladi va qorin aortasini oldidan o‘tib, me’da osti bezi boshining orqasida yuqorigi ichak tutqich venasi bilan qo‘shiladi. Taloq venasi taloqdan, me’da katta egriligi va katta charvini chap tomonidan, me’da osti bezidan qon yig‘adi. Unga me’daning katta egriligi va katta charvidan qon yig‘uvchi chap me’da charvi venasi (v. gastoomentalis sinistra), qisqa me’da venalari (v.gastrica brevis 3-7 ta) va me’da osti bezi venalari (vv. pancreaticae) quyiladi. O‘ng va chap me’da charvi venalari o‘zaro anastomoz hosil qiladi va me’daning katta egriligi bo‘ylab ravoq shaklida yotadi.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqda taloq venasining uzunligi o‘rtacha 2,6 sm, kengligi boshlanish qismida o‘rtacha 2,4 mm, quyilish qismida 2,8 mm. Uning uzunligi emizikli, bolalikning birinchi va o‘smirlik davrlarida tez o‘sib balog‘at davrida o‘rtacha 10 sm bo‘ladi. Kengligi boshlanish qismida emizikli, bolalikning birinchi va balog‘at davrlarida sezilarli o‘sib, o‘smirlik davrida 8,1 mm bo‘ladi. Taloq venasining quyilish yerida kengligi yangi tug‘ilgan chaqaloqda, emizikli va balog‘at davrlarida tez o‘sib, o‘smirlik davrida 9,2 mm ga yetadi.
3. Pastki ichaktutqich venasi (v. mesenterica inferior) chambar uchakning chap arteriyasi yonida joylashib, yuqoriga ko‘tariladi. Bu vena me’da osti bezi ostidan o‘tib ko‘pincha taloq venasiga, kamroq hollarda yuqori ichak tutqich venasiga, goho yuqori ichak tutqich venasi bilan taloq venasining qo‘shilish burchagiga quyiladi. Pastki ichak tutqich venasi yo‘g‘on ichakning chap qismidan, ya’ni chap chambar ichakning burilish burchagidan boshlab tushuvchi chambar ichak, sigmasimon ichak va to‘g‘ri ichakning yuqori qismidan qon yig‘adi. Unga chap chambar ichak venasi (v. colica sinistra), sigmasimon ichak venasi (vv. sigmoidea 2-5 ta) va yuqorigi to‘g‘ri ichak venasi (v. rectalis superior) quyiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |