Rentgenanatomiyasi.
Y
104-rasm Yurak rentgenogrammasi
urakning asosiy massasini mushak to‘qima-miokard hosil qiladi. Yurak bo‘shlig‘i va uning yirik qon tomirlari uni o‘ragan o‘pka
to‘qimasi soyasida aniq gomogen soya beradi. Yurak oldingi ko‘ks oralig‘ida joylashib, uning soyasi o‘ng va chap o‘pka maydoni o‘rtasini egallaydi (104-rasm). Yurak noto‘g‘ri oval shaklga ega bo‘lib, unda uchi va kengaygan asosi tafovut qilinadi. Yurak asosining o‘rtasidan uchiga qarab bo‘ylamasiga mos keluvchi yurak o‘qi o‘tadi. Odatda yurak o‘qi qiyshiq yo‘nalib, yuqoridan
pastga, o‘ngdan chapga joylashadi. Buning natijasida yurakning katta qismi ko‘krak qafasining chap tomonida yotadi. O‘rtadagi gomogen soya yurakning o‘zini va yirik qon tomirlari (aorta, yuqori kavak vena va o‘pka arteriyasi soyasi) yig‘indisidan iborat. Yurakning xususiy soyasi biroz qiya joylashgan noto‘g‘ri ellips shaklidagi pastki keng qismidan iborat. Uning 2/3 qismi o‘pka maydoni fonida yotadi. Yurakning o‘zini soyasi bilan uning yirik qon tomirlari soyasi o‘rtasidagi chegara yurak-tomir siuletining eng toraygan qismiga to‘g‘ri kelib, yurak beli deyiladi. Yurakning shakli va ko‘krak qafasida joylashishi yoshga, jinsga, tana konstitutsiyasiga va diafragmaning joylashishiga bog‘liq. Yurak joylashishini uchta asosiy: qiya, ko‘ndalang va vertikal shakllari tafovut qilinadi. Yurakning qiya joylashishi normosteniklarda uchraydi. Bunda yurak o‘qi gorizontal chiziqqa 45o burchak ostida joylashadi. Yurakning ko‘ndalang joylashishi keng ko‘krak qafasli gipersteniklarda uchraydi. Bunda yurak o‘qi gorizontal chiziqqa 25-30o burchak hosil qilib joylashadi. Yurak beli aniq bilingan. Bu holatda yurakning chap chegarasi o‘rta o‘mrov chizig‘ida yotadi. Mo‘tadil holatda esa bu chegara o‘rta o‘mrov chizig’idan 1,5 sm ichkarida yotadi.
Vertikal holatda joylashgan yurak uzun va tor ko‘krak qafasli asteniklarda uchraydi. Bu holatda yurak qon tomirlarga osilganga o‘xshab, osilgan tomchini eslatadi va «osilgan» yoki «tomchi» yurak deyiladi. U gorizontal chiziqqa 50-60o burchak hosil qilib joylashadi. Bunday yurakning beli tekis bo‘ladi. Chap chegarasi o‘rta o‘mrov chizig‘idan o‘ng tomonda joylashadi.
Bolalar yuragi kattalarnikiga nisbatan katta bo‘lib, ko‘krak qafasida katta sohani egallaydi. Yosh bola yuragi soyasi sharsimon bo‘lsa, o‘smirlik davrida yurak beli biroz tekislanadi. Keksalarda yurak ichki a’zolarning pastga tushishi munosabati bilan «yotgan» holatni oladi. Qon tomirlar dastasining soyasi uzayadi. Tomirlar dastasining yuqori-chap chekkasida aorta ravog‘iga taalluqli yumaloq soya paydo bo‘ladi.
To‘g‘ri proektsiyada yurak soyasi o‘ziga xos konfiguratsiyaga ega bo‘lib, bunda yurak va uning yirik qon tomirlari chegarasi alohida ravoqlar shaklida ko‘rinadi. Uning o‘ng va chap chegaralarini hosil qiluvchi ravoqlar tafovut qilinadi. O‘ng tomonda ikki ravoq: pastki ravoq-o‘ng bo‘lmacha soyasi ravog‘i, yuqori ravoq-yuqori kovak vena yoki aorta ravog‘i soyasi bo‘ladi. Chap tomonda to‘rtta ravoq: 1) pastki eng katta ravoq-chap qorincha soyasi eng katta bo‘lib, qavariqligi yuqoriga va chapga qaragan. 2) chap bo‘lmachaning quloqcha soyasi chap qorinchadan yuqoriroq joylashib, qavariqligi pastga qaragan bo‘lib, bu ravoqlar oralig‘ida yurak beli hosil bo‘ladi. 3) yurak beli ustida vertikal joylashgan o‘pka arteriyasining soyasi. 4) o‘pka arteriyasi yuqorisida aorta soyasi joylashgan. O‘pka arteriyasi bilan aorta soyasi bir-birining ustida joylashadi va yoshlarda ular ko‘pincha birlashib ketgani uchun rentgenogrammalarda ajratish qiyin bo‘ladi. Keksalarda aorta soyasi aniq bilingan bo‘lib, qon tomirlar dastasining chap yuqori uchida yumaloq shaklda ko‘rinadi. To‘g‘ri proektsiyada yurakning pastki chegarasi diafragma soyasiga qo‘shilib ketadi.
Yon rentgenogrammada yurak soyasi old tomondan to‘sh suyagi, orqa tomondan umurtqa pog‘onasi o‘rtasida joylashadi. To‘sh suyagi soyasi bilan yurak o‘rtasida retrosternal, yurak soyasi bilan umurtqa pog‘onasi o‘rtasida esa retrokardial bo‘shliq hosil bo‘ladi. Bu ikki bo‘shliq yurak xastaliklarida o‘zgaradi va ularning o‘lchamlariga qarab yurak qismlarining holati haqida fikr yuritiladi.
Perikard
Perikard (pericardium) yurakni tashqi tomondan o‘ragan seroz qopcha. U tuzilishi har xil ikki: tashqi fibroz va ichki seroz qavatdan iborat. Tashqi qavat fibroz perikard (pericardium fibrosum) yurak asosida yirik qon tomirlarning tashqi pardasiga o‘tib ketadi. Ichki seroz perikard (pericardium serosum) ikki qatlamdan parietal (lamina parietalis) fibroz perikardni ichki tomondan qoplaydi. Visseral qatlam (lamina viseralis) yurakning tashqi pardasi epikardni hosil qiladi. Seroz perikardning parietal va vistseral qatlamlari yurak asosida biridan biriga o‘tadi va ular o‘rtasida perikard bo‘shlig‘i (cavitas pericardialis) hosil bo‘ladi. Bu bo‘shliqda oz miqdorda seroz suyuqlik bo‘ladi. Perikard noto‘g‘ri konus shaklida bo‘lib uch qismi tafovut qilinadi:
1.Oldingi to‘sh-qovurg‘a qismi (pars sternocostalis) o‘ng va chap mediastinal plevra o‘rtasida, oldingi ko‘krak devorining orqa yuzasiga to‘sh-perikard boylamlari (lig. stenopericardiaca) vositasida birikib turadi.
2. Pastki diafragma qismi (pars diaphragmatica) diafragmaning pay markaziga birikib turadi.
3. Mediastinal qismi (pars mediastinalis) lateral va qisman oldingi tomondan mediastinal plevraga yopishib turadi. Bu qismning o‘ng va chap tomonlaridan diafragma nervi va qon tomirlar o‘tsa, orqa tomonidan qizilo‘ngach, ko‘krak aortasi, toq va yarimtoq venalarga tegib turadi.
Perikard bo‘shligida yurak va yirik qon tomirlar o‘rtasida bo‘shliqlar bo‘lib, perikardning ko‘ndalang bo‘shlig‘i (sinus transverses pericardii) yurak asosida joylashgan. U oldindan va yuqoridan ko‘tariluvchi aortaning boshlang‘ich qismi va o‘pka poyasi, orqadan esa o‘ng bo‘lmachaning oldingi yuzasi va yuqori kavak vena bilan chegaralangan.
Perikard yangi tug‘ilgan chaqaloqda yumaloq shaklda bo‘lib, yurakni zich o‘rab turadi. Uning vertikal o‘lchami 35 mm, ko‘ndalangi 41,5 mm dir. U nisbatan qalin, ammo cho‘ziluvchan bo‘ladi. Uning yuqori chegarasi juda yuqori, to‘sh-o‘mrov bo‘g‘imlarini qo‘shib turuvchi chiziqqa yetadi. Pastki chegarasi esa yurakning pastki chegarasiga teng. Bolalarda perikard harakatchan bo‘ladi.
Arteriyalar taraqqiyoti
Homila hayotining 3- haftasida arteriya poyasi ikkita ventral aortaga bo‘linadi. Bu arteriyalar jabra ravoqlariga qarab o‘sadi va olti juft aorta ravoqlari yoki jabra arteriyalarini hosil qilib, ular vositasida o‘ng va chap dorsal aortaning boshlang‘ich qismi bilan qo‘shiladi. Dorsal aortadan uch guruh: segmentlararo dorsal, lateral va ventral segment arteriyalari chiqadi. Yurak, qon tomirlar taraqqiyoti bilan birgalikda miya, ichki a’zolar, qo‘l va oyoqlarning o‘sishi, qon tomirlar tuzilishini o‘zgartirib yuboradi. I,II,V aorta ravoqlari yo‘qolib ketadi. Har bir ventral aortaning I-III aorta ravoqlari o‘rtasidagi qismi tashqi uyqu arteriyasiga, III aorta ravog‘i va dorsal aortaning oldingi bosh miya bilan qo‘shilgan qismi ichki uyqu arteriyasiga aylanadi. Dorsal aortaning II-IV aorta ravoqlari o‘rtasidagi qismi yopilib ventral aortaning shu qismi umumiy uyqu arteriyasiga aylanadi. Chap IV aorta ravog‘ining diametri kattalashib aorta ravog‘iga aylanadi. U ko‘tariluvchi aortani chap dorsal aorta bilan qo‘shadi. Chap dorsal aorta pastga tushuvchi aortaga aylanganidan so‘ng, o‘ng dorsal aortaning IV ravoqdan orqa qismi yopiladi. IV o‘ng aorta ravog‘i o‘mrov osti arteriyasiga aylanadi. Chap o‘mrov osti arteriya segmentlararo dorsal arteriya tarmoqlaridan vujudga keladi. O‘ng ventral aortaning III-IV ravoqlari o‘rtasidagi qismi yelka-bosh poyasiga aylanadi. VI aorta ravog‘i‘pkaga ingichka o‘pka arteriyasini berganidan so‘ng o‘ng tomondagisi yopiladi. Chap VI aorta ravog‘i chap dorsal arteriya bilan bog‘lanib (batal) nayiga aylanadi va homilada u orqali qon o‘pka poyasidan aortaga o‘tadi.
Segmentlararo dorsal arteriyalar o‘z navbatida dorsal va ventral tarmoqlarga bo‘linadi. Bo‘yin va bosh sohalarida ularning dorsal tarmoqlaridan umurtqa arteriyasi va uning tarmoqlari hosil bo‘ladi. Tana sohasida ular qovurg‘alararo va bel arteriyalariga aylanadi. Ventral tarmoqlardan chap o‘mrov osti arteriyasi va o‘ng o‘mrov osti arteriyasining distal qismi hosil bo‘ladi. O‘mrov osti arteriyasi taraqqiyot davrida qo‘lga o‘sib kiradi.
Lateral segmentar arteriyalardan juft: diafragma, buyrak, buyrak usti bezi va moyak arteriyalari hosil bo‘ladi. Ventral segmentar arteriyalardan esa tuxum sarig‘i arteriyasi hosil bo‘lib, ulardan qorin bo‘shlig‘i a’zolarini qon bilan ta’minlovchi toq arteriyalar rivojlanadi.
Kaudal joylashgan ventral segmentar arteriyalar o‘ng va chap kindik arteriyasiga aylanadi va uning boshlang‘ich qismidan chiqqan tarmog‘i oyoq kurtagiga o‘sib kiradi. Chanoq bo‘shlig‘i a’zolari va oyoqning o‘sishi munosbati bilan yonbosh (umumiy, tashqi va ichki) arteriyalari juda tez o‘sadi va kindik arteriyasi ichki yonbosh arteriya tarmog‘iga aylanadi.
Arteriyalarning tuzilishi
Arteriyalar devori uch qavat pardadan tuzilgan. Ichki qavat qon tomirning bo‘shlig‘i tomonida bir qator endoteliy hujayralaridan iborat bo‘lib, uning ostida subendoteliy va ichki elastik membrana joylashgan. O‘rta qavat silliq mushak tolalari va ular o‘rtasida joylashgan elastik tolalardan iborat. Tashqi qavat biriktiruvchi to‘qimadan tashkil topgan. O‘rta qavatdagi elastik va mushak tolalarning miqdoriga qarab arteriyalar uch turga bo‘linadi.
1.Elastik turdagi arteriyalarga devorida elastik tolalar ko‘p bo‘lgan arteriyalar (aorta, o‘pka poyasi) kiradi.
2.Mushak turdagi arteriyalarga o‘rta va kichik kalibrdagi arteriyalar kiradi. Ularning devorida mushak elimentlari ko‘p bo‘lib, qisqarganda qon oqishini tezlatadi.
3.Mushak-elastik turdagi arteriyalar devorida mushak va elastik tolalar miqdori teng bo‘ladi. Bu turga yirik arteriyalar (umumiy yonbosh, o‘mrov osti, umumiy uyqu) kiradi.
A’zolarga nisbatan joylashishiga qarab arteriyalar a’zo sirti arteriyalari va a’zo ichi arteriyalariga bo‘linadilar. Agar arteriyalarning tarmoqlari boshqa arteriya tarmoqlari bilan qo‘shilsa anastomoz deyiladi. Agar arteriyalar to bo‘lingunicha boshqa tomirlar bilan qo‘shilmasa bularni oxirgi arteriyalar deyiladi.
Arteriya tizimi yangi tug‘ilgan chaqaloqda anatomik shakllangan bo‘ladi. Unda bola tug‘ilganidan keyin bo‘ladigan o‘zgarishlar yo‘ldosh qon aylanishini to‘xtashi va o‘pka qon aylanishining boshlanishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bola tug‘ilganidan keyin yoshga qarab arteriyalarining kengligi, uzunligi, aylanasi, devorining qalinligi o‘zgarib boradi. O‘smirlik davrida (12-16 yoshlar) arteriyalarning uzunligi va diametri 3-5 marta kattalashadi. Ularning o‘sishi tana qismlari va a’zolarning o‘sishiga mos ravishda bo‘ladi. A’zolar joylashishining o‘zgarishi bilan ularning yo’nalishi, uzunligi, boshlanish sohalari ham o‘zgaradi. Masalan: moyak yorg‘oqqa tushishi bilan moyak arteriyalari uzayadi. Ayrisimon bez yoshga qarab kichraygan davrida uning bir qism arteriyalari yo‘qolib ketadi. Bola organizmida mushaklarning egat va kanallari yaxshi bilinmagani uchun, ularda bo‘yin, qo‘l va oyoqdagi yirik arteriyalar yuza joylashgan bo‘ladi .
A’zo ichki qon tomirlari tizimi bolalarda kattalarnikidan farq qiladi. Bola a’zolarining qon tomirlari zichligi maydon birligiga nisbatan yuqori bo‘ladi. A’zo ichki qon tomirlari bola hayotini birinchi yilida tez takomillashadi.
Ayrim yosh davrlarida arteriya tizimining har xil qismlarida tomirlar devorining tarkibiy qismi bir xil o‘zgarmaydi. Aorta devorida ko‘proq tolali to‘qimalar bo‘ladi. O‘rta va mayda arteriyalarda silliq mushak hujayralari kattalashadi va yangidan paydo bo‘ladi. Erta bolalik davrida elastik tolalarning ko‘p bo‘lishi o‘sayotgan a’zo tomirlarining cho‘ziluvchanligini ta’minlaydi. Tomirlarning mikroskopik tuzilishini o‘zgarishi ko‘proq erta va ikkinchi bolalik davrida bo‘lib, o‘simirlik davrida ular devorini tuzilishi tarkibi ancha tekislanadi.
Katta qon aylanish doirasi qon tomirlari
Katta qon aylanish doirasi tomirlariga yurakning chap qorinchasidan boshlanuvchi aorta, undan chiqqan bosh, bo‘yin, tana, qo‘l va oyoq arteriyalari, ularning tarmoqlari, a’zolarning mikrotsirkulyator tomirlari, mayda va yirik venalar, o‘ng bo‘lmachaga quyiluvchi yuqori va pastki kovak venalar kiradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |