Mavzuning dolzarbligi: Ma’lumki, bugungi kunda yurtimiz hududida barcha elat-millatlarning urf-odatlari, ularning rivojiga keng sharoitlar berilmoqda, diniy bag’rikenglik prinsipi asosida diniy tolerantlikka keng yo’l ochilmoqda. Bu esa, yurtimiz hududida nafaqat islom, balki boshqa dinlarning, ushbu dinlar manbai bo’lgan – qadim kitoblarning olimlar tomonidan keng o’rganilishiga turtki bo’lmoqda. Bundan tashqari, buddaviylik - turkiy xalqalrning eng qadimgi e’tiqodlaridan biri bo’lgani uchun ham ushbu manbani o’rganish qadim turkiy xalqlarning til imkoniyatlarini o’rganishga imkon beradi. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilgan bo’lsa-da, asarning poetik, lisoniy jihati o’zbek olimlari tomonidan keng yoritilmaganligi ishimizning dolzarbligini belgilaydi. Maqsad va vazifalari: “Oltin yorug’” asar nutqi poetik, lisoniy xususiyatlarini o’zbek badiiy-adabiy tili materiallari, lisoniy dalillar asosida tahlil qilishdir. Janr xususiyatlarini yoritish. Asarning janr xususiyatlarini tadqiq etish. “Oltun yorug‘” asarining qadimgi turkiydagi to‘liq nomi — “Altun onglug, yaruq, yaltiriqligh, qopta kötülmsh nom ïlïkï atligh nom bïtïg – Oltin rangli, yorug‘, yaltiroq, hamma (narsa)dan ustun turadigan no‘m podshohi nomli no‘m bitigi” ” deya nomlangan, hozirgacha “Oltun yorug‘” deb atalib kelinadi. Asarning sanskritcha nomi “Suvarnaprabxasa”dir. “Oltun yorug‘” “oltin singari nur” demakdir. Qadimgi turkchadagi matni 710 sahifani tashkil etadi. Xitoy tilidan Sengi Seli Tudung o‘girgan. Asar qo‘lyozmasini 1913 yili rus olimi S.Malov Xitoyning Gansu viloyati Vinshgu qishlog‘idagi bir ibodatxonadan topgan. “Oltun yorug‘” sudurlardan tashkil topgan. “Sudur” sanskritcha so‘z bo‘lib, “pand-nasihat, o‘git” ma’nolarini bildiradi. Bu asarni qadimgi turkiydan hozirgi o‘zbek tiliga professor Nasimxon Rahmon bir necha yil davomida tabdil qilib, dastlab “O‘zbek tili va adabiyoti”da, so‘ngra jurnal variantini qayta ishlab, ikki kitob holida chop ettirdi. Har ikki kitobga taniqli tilshunos olim, professor Hamidulla Dadaboyev mas’ul muharrirlik qilgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, “Oltun yorug‘” — umumturkologik yodgorlik, ammo jahon turkiyshunosligida mukammal tarzda, izohlar va kattagina so‘z boshi bilan ilk bor O‘zbekistonda chop etildi. Bu adabiyotimiz, umuman, madaniyatimiz tarixiga qo‘shilgan katta hissadir.
Do'stlaringiz bilan baham: |