Agarchi so‘zlarsan, bilib so‘zla so‘z, So‘zing ko‘rga ko‘zdir, ko‘rsin qora ko‘z.
O‘qish uchun material
Nutq odobi
Ritorika – notiqlik san’ati bo‘lib, kishidan chuqur bilim, yuksak madaniyat va maxsus ijrochilik salohiyatini talab qilgan. Miloddan avvalgi V-IV asrlarda Yunonistonda yuzaga kelib, miloddan avvalgi III- II asrlarda tizimli fan shaklini olgan. Ritorika inson muloqotining barcha axloqiy, hissiy, mantiqiy sohalarini qamrab oladi. Shuning uchun ritorika nafaqat tadbirkorlik maqsadlarining shakllanishida, balki odamlarning qarashlari, fikrlari, jamoalarning va jamiyat qarashlarining qaror topishida ishtirok etadi. Odamlar bilan muomala qilish san’ati ham har bir kishidan katta mahoratni talab qiladi. Har qanday lavozimga nomzod deb qaralayotgan odamda bunday fazilat bo‘lishi va bu fazilat har qanday sharoitda namoyon bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Siz mehmonxonada, restoranda, kutubxonada yoki laboratoriyada ishlashingizdan qat’iy nazar, eng muhimi –o‘z fikringizni aniq va ravshan ifoda eta olishingizdir. Bu esa sizning muvaffaqiyatingizga zamin yaratadi.
Telefonda so‘zlasish odobiga rioya qilasizmi?
Siz telefon orqali kishilar bilan muomala qilish odobini bilasizmi? Agar buni yaxshi bilmasangiz, suhbatdoshingizni ranjitgan bo‘lasiz. Telefon orqali muomalani o‘rganmoqchi bo‘lsangiz, quyidagilarni esda tuting:
Gapni salom-alikdan boshlang. So‘ngra kerakli joyga tushdingizmi yoki yo‘qmi, aniqlab oling.
Telefonda qisqa, lo‘nda gaplashishga harakat qiling.
Suhbatdoshingizdan hol-ahvol so‘rab, maqsadga o‘ting.
Asosiy gapingiz tugagandan so‘ng tanishingizning gapiga quloq soling, uni diqqat bilan tinglang.
Sizni telefonda chaqirishsa, “Labbay” yoki “Eshitaman” deb javob bering.
Telefonda so‘zlashayotganda baqirmang.
Muloqot chog‘ida nutq odobi qoidalariga rioya qiling.
Agar boshqa raqamga adashib tushib qolgan bo‘lsangiz, darrov uzr so‘rang.
Sizga behosdan adashib tushgan bo‘lib, kechirim so‘rashsa, “marhamat, hechqisi yo‘q” deb javob bering.
Xayrlashishni unutmang. Yaxshi tilak bildirib xayrlashing.
Yodingizda tuting!
So‘z – qurol, maqsad esa ko‘ngil, ko‘ngil o‘rtanmasa, ehtiroslarga to‘lmasa, so‘zda ta’sir bo‘lmaydi. Bitta so‘z olamni vayron qiladi, bitta so‘z qo‘rqoqni polvon qiladi. (Jaloliddin Rumiy)
Nutq odobi deb yuritilgan qoida va ko‘rsatmalarda sodda va o‘rinli gapirish, qisqa va mazmundor so‘zlash, ezmalik, huda-behuda gaplarni qoralash, keksalar va ustozlar oldida nutq odobini saqlash, to‘g‘ri, rost va dadil gapirishning yuksak ifodasini talqin etish va boshqalar haqida gap boradi. Shu o‘rinda, Kaykovusning shunday fikri bor: “Hamma qobiliyatlarning eng yaxshisi nutq qobiliyatidir. Nutqni juda yaxshi va san’atkorona o‘rganib ol, doimo gapga chechan bo‘lishga harakat qil. Nutqi shirin kishinnig mehribon kishilari ham ko‘p bo‘ladi”.
Suhbat matni
Odob ziynati
Odobni sershox daraxtga o‘xshatish mumkin. Har bir yoshning, har bir kasb-korning o‘z odobi bor. Inson bolasi go‘dakligidan boshlab ota-onasi, ustozlari, atrofini o‘rab turgan barcha birodarlaridan qanday yashashni, odob-axloq qoidalarini o‘rganib boradi. Xalqimizda “Odobli bola elga manzur”, “Inson odobi bilan go‘zal”, ‘Odobning avvali salom” kabi maqollar mavjud. Darhaqiqat, odob “Assalomu alaykum”dan boshlanadi. Hatto o‘zbek xalq ertaklarida ham yovuzlik ramzi hisoblangan ba’zi obrazlar tilida “Gar saloming bo‘lmasa, bitta yamlab yutardim” degan jumlalarni uchratamiz. Bu so‘zni hamma vaqt, har qanday joyda bir xilda, to‘liq, sof talaffuzda qo‘llamoq kerak. Talaffuzning sofligi, to‘g‘riligi, jumlalarning o‘rinli tanlanishi, va, eng muhimi, sermazmun bo‘lishi nutqimizning ta’sirchanligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Kaykovus o‘zining “Qobusnoma” asarida O‘g‘li Gilonshohga aytgan pand-nasihatlari bilan tanishaylik. “Men dunyoda nima hosil qilgan bo‘lsam, sening oldingga qo‘ydim, toki o‘zingga bino qo‘ymagaysan, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat-ikrom ko‘rgizgaysan va insonga nomunosib hayvoniy-hirsiy ishlarni qilmagaysan, padaringga la’nat keltirmagaysan”.
Tarjima mashqi
Jamiyat a’zolari o‘zaro munosabatlarda so‘zlashish odobiga qat’iy rioya qilishlari zarurligi ta’kidlanadi. Kishi aytadigan har bir so‘zi (gapi)ni avval o‘ylab olishi, so‘ngra so‘zlashi lozim. O‘ylamay aytilgan so‘z kishini ko‘pchilik oldida uyalib qolishiga, juda yomon
ahvolga tushishiga sabab bo‘lishi mumkin. «So‘zni ko‘ngilda pishqarmaguncha, tilga kelturma va har nekim ko‘ngilda bor tilga surma» (Navoiy). Variantlari: «O‘ylamaguncha so‘ylama», «Ko‘p o‘yla, oz so‘yla», «O‘n qatim o‘yla, bir qatim so‘yla», «Dilda pishir, tilda gapir», «O‘ynab gapirsang ham o‘ylab gapir» va hokazo.
Grammatik ma’lumot. Me’yor tushunchasi.
Me’yor - jamiyat a’zolari tomonidan qabul qilingan, ma’qullangan va ularga tushunarli bo‘lgan til birliklarining nutq jarayonida qo‘llanish holati va imkoniyatidir. Me’yor – tilning yashash shaklidir. Nutq madaniyati to‘g‘risida gap borar ekan, tabiiyki, nutqda so‘zlarning o‘rinli va o‘rinsiz ishlatilishi to‘g‘risida ham bahs boradi. Qo‘llangan til birligini to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deyilganda, albatta, ma’um bir o‘lchovga asoslanamiz. Mana shu o‘lchov tilshunoslikda adabiy til me’yori deb yuritiladi.
Har bir lahjaning, so‘zlashuv tilining, adabiy tilning o‘z me’yorlari bo‘lganidek, nutqning alohida ko‘rinishlari bo‘lgan argolar, jargonlar ham o‘z me’yoriga ega. Xususiy me’yorlar quyidagicha ko‘rsatiladi:
Dialektal me’yor.
So‘zlashuv nutqi me’yori.
Argolar, jargonlar me’yori.
Adabiy til me’yori.
Demak, me’yor milliylik va tarixiylik mazmunini kasb etadi, necha yuz, ming yillar davomida shakllangan an’anaviylikka ega bo‘ladi. Tildan foydalanishdagi an’anaviy me’yorlarning davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib, yangilanib turishi ham tarixiy jarayondir. Har qanday til me’yorlarini ikki guruhga – umumiy va xususiy me’yorlarga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Me’yorga nisbatan qo‘llaniladigan umumiylik va xususiylik til me’yorlarining faoliyat doirasi, qamrovi va ularning biri ikkinchisiga nisbatan olinganda anglashiladigan tushunchalardir. Shu ma’noda o‘zbek umumxalq tilidagi barcha me’yorlar yig‘indisini umumiy me’yor, adabiy, lahjaviy, turli ijtimoiy qatlamlar tiliga oid me’yorlarni xususiy me’yorlar sifatida qabul qilish mumkin.
Topshiriq. Ish jarayonidagi muomala madaniyati haqida kasbiy o‘yin ssenariysini tuzing va uni inssenirovka qiling. Bunda muomala madaniyatiga xos bo‘lgan so‘zlardan foydalaning.
Masalan: marhamat, rahmat, salomat bo‘ling,……
Topshiriq. Nuqtalar o‘rniga x yoki h harflaridan mosini qo‘yib, so‘zlarni ko‘chiring.
Ishta...a, ji...oz, jo....il, za...ar, za...matkash, ze...n, ba...odir,
bio...imiya, mat...amat, masla...at, e...son, e...tiyotkorlik, sa...iy,
so...il, giyo..., sayrgo..., ...rij, ...azil, ...arakat, guru..., ...attot.
“Hamma qobiliyatlarning eng yaxshisi nutq qobiliyatidir…..”.
Ushbu fikr kim tomonidan aytilgan?
a) Kaykovus b) Yusuf Xos Hojib
s) Alisher Navoiy d) Mahmud Qoshg‘ariy
Adabiy til me’yorlari qaysi javobda to‘g‘ri berilgan?
grammatik, publitsistik, sintaktik, fonetik, imlo
ilmiy, uslubiy, so‘z tanlash va qo‘llash
s) badiiy, talaffuz, grammatik, uslubiy, imlo
d) grammatik, uslubiy, so‘z tanlash va qo‘llash, imlo, talaffuz
Tilshunoslikda qo‘llanilgan til birligining ma’lum bir o‘lchovga asoslanishi nima deyiladi?
a) nutq uslubi b) badiiy tasvir
s) adabiy til me’yori d) nutqiy qolip
Berilgan gap nutq uslublarining qaysi biriga xos?
Yomg‘irdan keyin osmonda paydo bo‘ladigan kamalak jahondagi jamiki ranglarni yettita ipga tortib turganga o‘xshaydi.
a) badiiy b) ilmiy s) publitsistik d) rasmiy
Qaysi qatorda adabiy tilga to‘g‘ri ta’rif berilganini aniqlang
qadimgi turkiy til adabiy til deb ataladi
ilmiy asar tili adabiy til hisoblanadi
s) badiiy asar tilini adabiy til deb ataymiz
d) umumxalq tilining sayqallangan, ma’lum me’yorga solingan shaklidir.
Mavzuni mustahkamlash uchun savollar:
1.Adabiy tilning qanday shakllari mavjud? 2.Adabiy til me’yorlari deganda nimani tushunasiz?
3.So‘zlashuv uslubida me’yorning buzilishiga sabab nima? 4.Xususiy me’yorlarga nimalar kiradi?
5.Jargon va argolarga ta’rif bering.
Uyga vazifa: “Mutaxassisning nutq madaniyati” mavzusida matn yarating.
Do'stlaringiz bilan baham: |