Kishilik tufayli kishi topar kom, Kishilik tufayli olar ehtirom.
O‘qish uchun material
Sharafli kasb
Dunyoda insonlar turli-tuman kasblarda faoliyat olib boradilar. Ammo, mana shu kasblar ichida shunday bir kasb borki, u ham sharafli, ham mas’uliyatliligi, o‘ta fidoiylikni talab qilishi bilan ajralib turadi. Bu ustozlik va murabbiylik kasbidir.
Barcha sohalarning ustalari, mutaxassislari bir kasb egalari mehnati bilan shakllanadi. Har birimizga kimdir harf o‘rgatib, savodimizni chiqargan. Bugun kim, qayerda, qanday vazifada ishlamasin, qachondir maktabda o‘qigan, ustozlar tarbiyasini olgan. Ilk bor maktabga borgan kunni, qo‘liga qalam berib, yozishni, o‘qishni o‘rgatgan o‘qituvchisini eslamaydigan odam topilmasa kerak. Ustoz o‘z kasbiga qalb qo‘ri bilan kirishmasa, fidoiy bo‘lmasa murabbiylik yo‘lida hech qanday yutuqlarga erisha olmaydi.
Ilm maskanimizda o‘z kasbining ustalari talabalarga ta’lim-tarbiya beradilar. Hozirda talabalarning odob-axloq, bilim saviyasini yanada yuqoriga ko‘tarish, har bir talabaning ehtiyoji, qiziqishi, iqtidori va imkoniyatiga yarasha qo‘shimcha mashg‘ulotlar olib borish borasida ustozlar tinmay izlanmoqdalar.
Birinchi o‘qituvchim
Maktabga borgan birinchi kunimni juda yaxshi eslayman.O‘sha kuni birinchi o‘qituvchimiz qo‘limizdan yetaklab sinfga olib kirdilar. Maktabga qadam qo‘yganimizdan boshlab bizning murg‘ak qalbimizda Vatanimizga nisbatan muhabbat, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo‘lish kabi tuyg‘ularni uyg‘otdilar. Birinchi o‘qituvchim menga ilk bor qalam tutishni, yozishni, o‘qishni, maktabni sevishni, darslarga puxta tayyorlanishni, maqsadga erishish yo‘lida harakat qilishni o‘rgatdilar.
Ota-onalar farzandlarini boshlang‘ich ta’lim olish uchun tajribali muallimlarga berishga harakat qiladilar. Men ham tajribali ustoz qo‘lida ta’lim oldim va hozirgi kunda hamma havas bilan boquvchi O‘zbekiston Milliy universitetining 1-kurs talabasiman.
Birinchi o‘qituvchim, ilk ustozimni, hech ikkilanmay ikkinchi onam desam arziydi. Men ulardan minnatdorman.
Lug‘at
tajribali – опытный, умудрённый опытом ilk bor – впервые
muallim – учитель, педагог, преподаватель ziyo – сияние, свет
ta’lim – обучение, учёба, образование tarbiya – воспитание
murabbiy – наставник, педагог, воспитатель
Yodingizda tuting!
Donolar bisotidan Haq yo‘lida kim sanga bir harf o‘qitmish ranj ila, Aylamak bo‘lmas ado, oning haqqin yuz ganj ila.
Alisher Navoiy Hayot yo‘lida birinchi masala – maktab masalasidir.
Fitrat
Jahonda bo‘lmasa muallim agar, Hayot ham bo‘lmasdi go‘zal bu qadar.
Abdurahmon Jomiy Bilim qaytarish va takrorlash mevasidir.
Abu Rayhon Beruniy Uquv qayda bo‘lsa, ulug‘lik bo‘lur,
Bilim qayda bo‘lsa, buyuklik bo‘lur.
Yusuf Xos Hojib
She’rni yod oling
Muallim
Siz yozgan raqamdan ochilgan dunyo, Siz o‘qitgan harfdan taralgan ziyo.
Ilm-u fanda buyuk kashfiyot bo‘lgan, Siz daftarga qo‘ygan ilk a’lo baho.
Muallim!
O‘quvchining qalbi – oq daftar, tiniq, Nimani yozsangiz, bir umr o‘chmas. Qoyaga o‘yilgan suratdek aniq,
Shamol, qor va yomg‘ir, bo‘ronda ko‘chmas, Muallim!
Siz o‘rgatgan kuydan yangragay navo, Siz bo‘yatgan rangdan ko‘ringay havo.
Olim odam bo‘lgay tarbiyangizdan, Olamning dardiga topilgay davo.
Muallim!
Chigal muammolar tug‘dirar hayot, Ta’lim-tarbiyada yagona najot.
Qalam, qog‘oz, kitob – ish qurolingiz, Nurli kelajakni qilasiz ijod.
Muallim! (Rustam Musurmon)
Berilgan so‘z va iboralarning ma’nosini bilib oling
ustoz-shogird, ilm maskani, talabalarning odob-axloqi, bilim saviyasi, iqtidor, boshlang‘ich ta’lim, iqtidor, imkoniyat, tinmay izlanmoq
Suhbat matni
Ustozlar murg‘akligimizdanoq qalbimizga ezgulik urug‘larini sochadi, qo‘limizdan tutib, ma’rifat saboqlarini beradi, mehr-muhabbat ulashadi. Biz erishayotgan ulkan yutuqlarimiz, qo‘lga kiritayotgan g‘alabalarmizda ularning hissasi katta. Shu sabab, ularni mudom sharaflagimiz, ardoqlagimiz keladi. Makedonskiy) Rumiydan “Nechun Arastuni (Aristotel) otangizdan ortiq izzat qilasiz?” deb so‘radilar. Iskandar Rumiy javob berdi: “Otam go‘yoki meni osmondan yerga tushirdi. Ammo ustozim Arastu meni yerdan osmonga ko‘tardi. Ya’ni, otam meni dunyoga kelmog‘imga sabab bo‘ldi. Ustozim ilm va odob o‘rgatib, martaba va izzatimning ortmog‘iga sabab bo‘ldi”. Ko‘rinib turibdiki, dunyoni o‘z ilmu ma’rifati bilan lol qilgan insonlar ham doim ustozini yuksak qadrlagan, izzat-hurmatini joyiga qo‘ygan.
Grammatik ma’lumot. Monologik matn. Monologik matnda mazmun izchilligi va ohang.
Monologik matn haqida gapirilganda, monolog va monologik matnni farqlay bilish lozim.
Monolog (yunon. monos – yakka, logos – so‘z) – yakka shaxsning ayni paytda javob berilishini talab qilmaydigan, o‘zgalar replikalari bilan bo‘linmagan nutqi. Monolog og‘zaki shaklda (turli yig‘inlardagi nutq, ma’ruza, hisobotlar) ham, yozma shaklda (publisistika, memuarlar va h.) ham keng qo‘llanadi. Badiiy adabiyotda monologlardan turli maqsadlarda foydalaniladi. Ayniqsa, dramatik asarlarda monologlarning badiiy - estetik vazifalar doirasi ancha keng. Monolog – dramatik personajning ruhiy holati, uning ongi-yu
qalbida kechayotgan jarayonlarni tasvirlashning asosiy shakli. Ayni chog‘da, shartli ravishda tasvirlanuvchi bunday ruhiy jarayonlar voqealarga g‘oyaviy - hissiy munosabatni ifodalash, ayrim muhim tafsilotlarni berish, syujet rivojini asoslash kabi qator muhim funksiyalarni ham bajaradi. Monolog lirikaning ustuvor nutq shakli, lirik qahramon kechinmalari, asosan, uning monologi orqali ifodalanadi. Bu narsa ijroviy lirika namunalarida, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi, shuning uchun amaliyotda bunday she’rlar monolog deb ham yuritiladi ( A.Oripov “ Hamza”, X.Davron “Abulhay so‘zi”). Sifat jihatidan monologning turli ko‘rinishlari mavjud (badiiy nutq, ichki monolog).
Tavsifiy (monologik ) matn so‘zlovchi yoki yozuvchi tomonidan bayon etilgan voqea - hodisa, narsa yoki shaxs tasviri , tavsifi yohud xabar, ma’lumot bayonidir. Maqola, insho ham tavsifiy matnning bir turi hisoblanadi. Ma’lum voqea - hodisalarga, narsa va shaxsga oid fikr - mulohazaga bildirish, ularni badiiy vositalar yoki dalillar bilan ta’riflash, izohlash, isbotlash tavsifiy matnga xos xususiyatlaridandir. Shuning uchun bunday matnda belgi-xususiyatni ifodolovchi so‘zlar, modal so‘zlar, fe’lining funksional shakllari, ravishlar faol qo‘llaniladi. Tavsifiy matn yaratishda uyushiq bo‘laklar, ajratilgan gap bo‘laklari, atov gaplar, qo‘shma gap ko‘rinishlaridan keng foydalaniladi.
Tavsifiy matn ilmiy, publisistik, rasmiy-idoraviy, shuningdek, badiiy uslubga xosdir. Qo‘shma gaplar sinonimiyasidan badiiy tasvirda portret, tabiat manzarasini chizishda, shuningdek, inson ruhiy holati va his-tuyg‘ularini ifodalashda ko‘proq foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |