3. Belgilansinki: Institutda oʻquv jarayoni 2023/2024 oʻquv yilidan boshlanadi;
Institutga talabalarni qabul qilish Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilarining sport natijalari (qoida tariqasida aʼlo va yaxshi baholarga ega boʻlgan iqtidorli oʻquvchi-sportchilar orasidan) asosida amalga oshiriladi;
Institutga talabalarni qabul qilish shaffof va ochiq tanlov asosida oʻtkaziladi;
Institutga talabalarni qabul qilish parametrlari Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha davlat komissiyasi tomonidan belgilanadi;
Institutga talabalarni qabul qilish parametrlari davlat buyurtmasi sifatida har bir sport turining xususiyatidan (vazn toifasi, sportchilar soni, shu jumladan, sportchi-ayollar soni, jamoaviy sport turlari boʻyicha tegishli sport turida ishtirok etadigan sportchilar soni va boshqalar) kelib chiqib, hududlarda iqtidorli yoshlarni aniqlash, tanlash va saralash (seleksiya) maxsus sport tizimini boshqarish platformasida shakllangan Olimpiya va Paralimpiya kollejlari bitiruvchilarining sport natijalari asosida shakllantiriladi;
Institut bitiruvchilariga tanlangan sport turi boʻyicha “trener”, “hakam”, “seleksioner” va boshqa mutaxassisliklar beriladi;
Institut bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan davlat namunasidagi diplom beriladi;
Institut talabalari sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga muvofiq oʻtkaziladigan respublika musobaqalarida toʻgʻridan-toʻgʻri ishtirok etadi;
Institut talabalarini yashash uchun jihozlar, sutkalik oziq-ovqat normasi bilan taʼminlashda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarining normativlari tatbiq etiladi;
Institut Sportni rivojlantirish vazirligi tizimiga kiradi.
4. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirishning manbalari etib belgilansin:
Davlat byudjeti mablagʻlari;
xoʻjalik faoliyati boʻyicha va shartnoma asosida koʻrsatilgan xizmatlardan tushumlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
5. Institutga quyidagi huquqlar berilsin:
taʼlim jarayonining oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda oʻquv rejalari va oʻquv dasturlarini mustaqil ishlab chiqish va tasdiqlash;
oʻquv rejalaridagi nazariy taʼlim ulushini qisqartirish hisobiga amaliy mashgʻulotlar hajmini oshirish;
professor-oʻqituvchilar oʻquv yuklamasini mustaqil meʼyorlashtirish, shuningdek, trenerlar va pedagog xodimlar tomonidan oʻquv-metodik, ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilishini, “ustoz-shogird” anʼanalari joriy qilinishini ragʻbatlantirib borish.
6. Oliy sport mahorati instituti faoliyatini tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar dasturi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
7. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) 2023/2024 oʻquv yiliga qadar:
Institut ustavini belgilangan tartibda tasdiqlasin va uni davlat roʻyxatidan oʻtkazish choralarini koʻrsin;
Institut tuzilmasini oliy taʼlim muassasalari uchun belgilangan normativlarga muvofiq tasdiqlasin;
Institutning boʻlimlari, fakultetlari va kafedralari shakllantirilishini, uning taʼlim tizimi hamda jismoniy tarbiya va sport sohasida zamonaviy bilimlarga, shuningdek, amaliy ish tajribasiga ega yuqori malakali mutaxassislar, jumladan, xorijiy mutaxassislar bilan toʻldirilishini, oʻqituvchilar, trenerlar va mutaxassislarning professional koʻnikmalari va bilim darajalarini uzluksiz oshirish uchun shart-sharoitlar yaratilishini taʼminlasin;
zarur oʻquv rejalari va oʻquv dasturlari, oʻquv-metodik materiallar va qoʻllanmalar ishlab chiqilishini taʼminlasin;
Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda Olimpiya va Paralimpiya kollejlarida tayyorlanadigan kasblar (mutaxassisliklar)ning malaka talabi va oʻquv rejalarini professional standartlar asosida takomillashtirsin.
8. Sportni rivojlantirish vazirligi Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi va Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi bilan birgalikda:
Institut talabalarining sport tayyorgarlik mashgʻulotlarini yuqori darajada tashkil etish maqsadida sport turlari boʻyicha milliy terma jamoalar bosh trenerlarini Institutning oʻquv-mashq jarayonlariga jalb qilish;
Institut talabalarini sport va ommaviy jismoniy tarbiya tadbirlarining kalendar rejalariga muvofiq yil davomida uzluksiz oʻquv-mashgʻulot yigʻinlariga jalb etish hamda xalqaro musobaqalarda ishtirokini taʼminlash choralarini koʻrsin.
9. Institut tuzilmasida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan:
Axborot-resurs markazi;
Tibbiyot boʻlimi tashkil qilinsin.
Sportni rivojlantirish vazirligi:
a) 2023/2024 oʻquv yiliga qadar Axborot-resurs markazining mahalliy hamda xorijiy oʻquv, ilmiy va badiiy adabiyotlar, darsliklar hamda oʻquv qoʻllanmalari bilan toʻldirilishini taʼminlasin;
b) Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan birgalikda:
2023/2024 oʻquv yiliga qadar Institutning tibbiyot boʻlimini malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin;
Institutning musobaqalarga tayyorgarlik va musobaqalar davrida katta jismoniy yuklama ostida harakat qiladigan sportchi-talabalarini tezkorlik bilan tiklab olish uchun farmakologik koʻmak berish maqsadida 2023-yildan boshlab har yili dekabr oyiga qadar zarur dori vositalari bilan taʼminlash boʻyicha Moliya vazirligiga asoslantirilgan hisob-kitoblarni taqdim etsin.
10. Sportni rivojlantirish vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining Institutni Samarqand shahri, Ibn Sino koʻchasi, 17a-uy manzili boʻyicha joylashtirish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.
11. Moliya vazirligi (T.Ishmetov) Institut faoliyatini saqlash bilan bogʻliq zarur mablagʻlarning 2023-yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini taʼminlasin.
12. Sportni rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib sportni rivojlantirish vaziri A.I. Ikramov, sportni rivojlantirish vazirining maslahatchisi A.K. Karimov va Samarqand viloyati hokimi E.O. Turdimov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV Toshkent shahri, 2022-yil 6-iyun