Temuriylar hukmronligi (1405-1506-yy.) davrida ilm-fan va madaniy
hayot
Garchi XV asr boshidan ichki nizolar, o`zaro kurashlar mamlakat
ichki hayotiga salbiy ta’sir o`tkazgan bo`lsa-da, lekin temuriy
hukmdorlardan Shohruh (1405-1447), Mirzo Ulug‘bek (1409-1449),
Sulton Husayn (Boyqaro) (1469-1506), qisman Sulton Abu Said (1451-
234
1469) davrlarida ichki osoyishtalik, ma’rifat va madaniyatga e’tibor
tufayli ilmu-fan va madaniyat yuksalib, Movarounnahr va Xuroson yana
Sharqning ma’rifat va madaniyat markazi nomini qaytarib oladi.
Bu vaqtda nafaqat poytaxt Hirot va Samarqand, balki
Movarounnahr va Xurosondagi boshqa shaharlarda ham olimu-fuzalo,
shoiru-me’morlar, bastakoru-naqqoshlar guruhlari to`plana boshlaydi.
Buxoro, Xorazm, Balx, Mashhad, Sheroz ham o`ziga xos madaniy
markazlar rolini o`ynay boshlaydi. Tarixda ma’rifatparvar va oqilligi bilan
nom chiqargan Shohruh (1405-1447) davrida asriy ilm-fan, madaniyat,
an’analari qayta jonlana boshlagan edi. Shahar qayta qurila boshlandi.
Hirotdagi eng gavjum joylardan biri Shohruhning o`g‘li Boysunqur
tashkil etgan kitobxona nomini olgan joy bo`lib qoldi. Bu yerda o`z
davrining eng sara kitoblari qayta ko`chirilar, sotib olinar va sotilar edi.
Bu paytda hukmdor va amaldorlarning homiyligi natijasida tasviriy san’at,
amaliy san’at, hattotlik san’ati, ayniqsa, o`z rivojini maromiga yetkazdi.
Mirak naqqosh boshchiligidagi sharq miniatyura san’ati ham o`z
faoliyatini shu yerdan boshlagan edi.
Hirotlik va xurosonlik ko`plab badavlat zodagonlar, savdogarlar
ham ilm-fan, madaniyatga homiylik qila boshlaydilar. Masalan, Shohruh
davrida yashagan taniqli zodagon Hoji Arslon tarxon o`zining
ma’rifatparvarligi bilan nom chiqargan edi. Lekin, har holda hukmdorlar
ichida ilm-fan, ma’rifat va madaniyatga yetarli homiylik qilgan shaxs - bu
o`zi ham buyuk olim bo`lgan Mirzo Ulug‘bek hisoblanadi.
Mirzo Ulug‘bek uning zamondoshlari, muarrixlarning xabar
berishlaricha sharq mutafakkirlari, ular orqali yunon mumtoz ilmiy
asarlaridan xabardor bo`lgan. Ulug‘bek zamondoshi G‘iyosiddin
Koshiyning yozishiga ko`ra, Mirzo Ulug‘bek o`ta zukko va juda ilmli
shaxs bo`lib, Qur’oni karimni yod bilgan, arab va fors tillarini yaxshi
bilib, tafsir va hadis ilmi bobida bilimdon inson bo`lgan. Ulug‘bek islom
olamida ilk bora hukmdorlik va olimlikni birgalikda olib bordi. U
Movaraunnahrni musulmon olamining ilmiy markaziga aylantirishga
harakat qildi. Xususan Samarqand, Buxoro, Kesh (Shahrisabz) ilm-fan
markazlariga aylandi. U 1417-yil Buxoro, 1420-yili Samarqandda, 1433-
yillarda G‘ijduvonda madrasalar barpo etdi. Samarqandning obodonchilik
ishlariga bosh-qosh bo`lib, Go`ri Amir, Shohizinda me’moriy
majmualarini oxiriga yetkazadi. Marvda ham bir qator diniy muassasalar
qurdiradi. Hadisi sharifdagi ”Ilm olmakka intilmoq har bir muslim va
muslima uchun ham farz, ham qarz” degan iborasi Buxoro madrasasi
peshtoqiga shior sifatida o`yib yozdirib qo`yiladi. Xususan, u
235
Samarqandga o`z zamonasining yirik, taniqli olimlarini chorlashga
harakat qilgan.
Uning sa’yi-harakatlari tufayli zamonasining 100 dan oshiq olimlari
Samarqandga yig‘ildilar. Ular orasida Taftazoniy, Mavlono Ahmad, o`z
zamonasining “Aflotuni” deb nom olgan Qozizoda Rumiy, G‘iyosiddin
Koshiy, Muhammad Hafoviylar va boshqa taniqli zotlar ham bor edi.
1420-yil Samarqand madrasasi ochilganda, unda 100 dan ziyod talaba
o`qigan, madrasada 50 tadan ko`proq talabalar uchun maxsus hujralar
mavjud bo`lgan. Zayniddin Vosifiyning yozishicha, 1420-yil Samarqand
madrasasi ochilganida unda 90 tadan oshiq olim qatnashgan. Ilk
ma’ruzani Mavlono Hafoviy o`qigan vaqtida, uni faqat ikki kishi -Mirzo
Ulug‘bek va Qozizoda Rumiy tushungan xolos. Keyinchalik o`z
zamonining taniqli kishilari Abdurahmon Jomiy, Xo`ja Axror va
boshqalar ham Samarqand madrasalarida tahsil olganlar.
Shuningdek, Samarqandda bu davrda bir necha boshqa madrasalar
ham bo`lib (Xonim, Feruzshoh, Shohmalik, Qutbiddin va boshqalar) u
yerlarda ham salohiyatli olimlar dars berishar edi. 1424-1429 yillarda
Samarqand yaqinidagi Obirahmat anhori bo`yida Mirzo Ulug‘bek
rasadxona qurdiradi. Rasadxona o`sha davrning noyob inshootlaridan
bo`lib, u doira shaklida barpo etilgan, imoratning aylanasi 47 m,
balandligi 31 m.dan iborat 3 qavatli bino bo`lgan. Binoning ichi bir necha
xona, aylana zal, maxsus tekshirish xonalaridan iborat bo`lib, u yerlarda
maxsus asbob-uskunalar joylashtirilgan.
Rasadxona ichi koinot, yer kurrasi tasvirlari bilan bezalgan bo`lib,
xalq ichida shuning uchun “Naqshi jahon” degan nom bilan shuhrat
topgan edi. Samoni kuzatish va o`rganish borasida G‘iyosiddin Jamshid
yordamida astronomik o`lchov asbobi-ulkan sekstant o`rnatildi. Bu
sekstant, o`z navbatida, Sharqdagi eng katta astronomik asbob o`lchovi
hisoblangan. Shuningdek, mahalliy ustalar (Iso Usturlobiy, Abu Mahmud
Xo`jandiy, usta Ibrohim) qo`li bilan ko`plab zaruriy astronomik o`lchov
asboblari ham yasaldi va o`rnatildi. Rasadxona qoshida, shuningdek,
15.000 jilddan iborat boy kutubxona ham bo`lgan. Uning atrofida olimlar
yashaydigan yer-chorbog‘lar Bog‘imaydon va Chinnixona nomi bilan
shuhrat topdi. Ulug‘bek Samarqandda o`ziga xos astronomiya maktabini
yaratdi. Rasadxonada Ulug‘bek bilan bir qatorda o`z zamonasining
mashhur matematigi va astronomlari Qozizoda Rumiy (Salohiddin Muso
ibn Muhammad), G‘iyosiddin Jamshid Koshiy, Ulug‘bekning shogirdi o`z
davrining “Ptolemey”i nomi bilan shuhrat qozongan Ali Qushchi
236
(Alouddin ibn Muhammad) va boshqalar yelkama-yelka turib ilmiy
tadqiqot ishlarini olib bordilar.
Rasadxonadagi tadqiqotlar natijasida 1018 ta yulduzning o`rni va
holati (koordinatlari) aniqlanib, astronomik jadvali tuzildi. O`rta Osiyo,
Yaqin va O`rta Sharq o`lkalari bo`ylab joylashgan 683 geografik
punktlarning Samarqand kenglik koordinatlari bilan belgilab chiqildi.
Matematika fani sohasida Ulug‘bek maktabi yaratgan-uning darajali
algebrali tenglama yechilib, bir darajali yoyning sinusi aniqlangan.
Shu jihatdan buyuk olimning “Ziji jadidi Ko`ragoniy”
(Ko`ragoniyning yangi astronomik jadvali) nomli asari diqqatga
sazovordir. Bu asar 1437-yil yozib tugatilgan bo`lsa-da, olim umrining
oxiriga qadar unga yangi natijalarni kiritib borgan. Bu asar ikki qismdan
iborat bo`lib, unda keng muqaddima va 1018 ta yulduzlarning o`rni
berilgan. Undan tashqari Ulug‘bekning “Tarixi arba’ ulus” (To`rt ulus
tarixi) nomli tarixiy asari va musiqaga bag‘ishlangan beshta risolasi ham
mavjuddir. Ulug‘bekning o`ta salohiyatli olim bo`lganligini uning
zamondoshlari G‘iyosiddin Jamshid, Abdurazzoq Samarqandiy,
Davlatshoh Samarqandiy va boshqalar ham e’tirof etganlar. Jumladan,
o`zbek adabiyotining asoschisi buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy
(1441-1501) bu xususda:
Temurxon naslidin Sulton Ulug‘bek
Ki olam ko`rmadi sulton aningdek,
deb unga o`z ta’rifini bergan edi.
Ulug‘bek davrida, shuningdek, Samarqand Sharqning madaniy
markaziga aylanganligi uchun mashhur faylasuf Ali ibn Muhammad
Jurjoniy, taniqli tabib Mavlono Nafis, shoir Xayoliy Buxoriy, “Yusuf va
Zulayho” dostonining muallifi Durbek, qasida janrining taniqli
namoyondasi o`zbek shoiri Sakkokiy, mashhur xattot Abdurahim
Xorazmiy va boshqalar Ulug‘bek homiyligi ostida Samarqandda yashab
ijod qildilar. Shuningdek, Sharqning ko`plab taniqli olim va shoirlari,
fuzaloi-ulamolari Samarqandga tez-tez kelib turdilar. Ulug‘bek davrida
o`ziga xos tarixnavislik maktabi ham paydo bo`ldi. XV asrdagi taniqli
tarixchilar, “Zubdat at tavorix” (Tarixlarning yuqori qismi) asarining
muallifi Hofizi Abro`, “Matla as-sadayin va majmuai al-bahrayn” (Ikki
dengizning qo`shilishi va ikki saodatli yulduzning balqishi) asarining
muallifi Abdurazzoq Samarqandiy, “Ravzat as safo” (Jannat bog‘lari)
asarining muallifi Mirxond, “Habib us siyar” (Do`stga maktub) va boshqa
qator asarlarning muallifi Xondamir Ulug‘bek yaratgan madaniy sharoitda
o`sib ulg‘aydilar. Ulug‘bek davridagi madaniy markaz, keyinchalik
237
”Ulug‘bek akademiyasi” nomini olib, dastavval mashhur fransuz
yozuvchisi va olimi Volter (1694-1778) tomonidan e’tirof etilgan edi.
Ajdodlarimiz tarixida 1010-yilda tuzilgan Ma’mun akademiyasidan so`ng,
Ulug‘bek akademiyasi O`rta Osiyo tarixida ikkinchi akademiya sifatida
yuzaga keldi.
Mustaqillik tufayli buyuk ajdodimiz Mirzo Ulug‘bekning bizga
qoldirib ketgan merosi haqiqiy jihatdan o`rganila boshlandi. 1994 yili
Prezidentimiz tashabbusi bilan Mirzo Ulug‘bekning 600 yillik tavallud
to`yi respublikamizda va jahonda keng nishonlandi. Qator ko`cha, tuman,
shahar va inshootlarga Ulug‘bekning faxriy nomi berildi. Jumladan,
Prezidentimiz farmoni bilan 1995 yili sobiq ToshDU, hozirgi O`zbekiston
Milliy Universitetiga Mirzo Ulug‘bek nomi berildi.
Ulug‘bekning vafotidan so`ng madaniy markaz Xurosonga,
jumladan, uning poytaxti Hirotga ko`chdi. Hirot madaniy va ilmiy
markazining shakllanishida Xuroson hukmdori Sulton Husayn (Boyqaro)
(1469-1506) va ayniqsa, buyuk shoir va mutafakkir, g‘azal mulkining
sultoni Mir Alisher Navoiyning (1441-1501) roli nihoyatda beqiyos
bo`ldi. Ma’rifatli hukmdor bo`lmish Sulton Husayn (Boyqaro) butun
Xurosonda ilm-fan, adabiyot, madaniyat homiysiga aylanadi. Uning o`zi
“Husayniy” taxallusi ostida g‘azallar yozgan. Bizning kunlargacha uning
she’riy “Devon”i va nasriy “Risola” asarlari yetib kelgan.
Alisher Navoiy 1441 yili Hirotda taniqli barlos bahodiri xonadonida
dunyoga kelgan. U yoshligidanoq nihoyatda zakovatli va zehnli bola
bo`lgan. Uning besh yoshida yozgan g‘azaliga taniqli o`zbek shoiri Lutfiy
o`z vaqtida katta baho bergan edi. Yoshligidanoq u temuriy shahzoda
Sulton Husayn bilan do`st bo`lib, keyinchalik ular Xuroson hokimi
Abulqosim Bobur (1451-1457) xizmatida birga bo`lganlar. Husaynning
xizmat davrida Alisher Navoiy Mashhad va Hirot madrasalarida tahsil
ko`radi. Keyinchalik Movarounnahr hokimi Sulton Abu Said tazyiqi bilan
Samarqandga ketishga majbur bo`ladi va u yerda ikki yilcha turib, o`z
bilimini yanada takomillashtiradi. 1469-yili Xuroson taxti Sulton
Husaynga tekkandan so`ng, uning taklifi bilan Alisher Navoiy Hirotga
kelib, avval muhrdorlik, so`ngra vazirlik lavozimida faoliyat ko`rsatadi.
Jumladan, Alisher Navoiy o`zining vazirlik lavozimini egallagan vaqtida
(1472-1476) mamlakatda iloji boricha osoyishtalik va adolat o`rnatishga
harakat qiladi. Uning hatti-harakatlari natijasida shaharlar yuksaldi. Suv
chiqarilib, ko`pgina yerlar obod qilindi, hunarmandchilik va savdo-sotiq
ishlari yanada rivojlandi. Navoiy ilm-fan, ma’rifat va madaniyat ahliga
shaxsan o`zi homiylik ko`rsatdi. Garchi toju-taxt uchun kurashlarda va
238
fitna-nizolar natijasida Navoiyning Sulton Husayn bilan oralari bir oz
sovugan bo`lsa-da, lekin Navoiy umrining oxiriga qadar davlatning
tayanch shaxslaridan biri bo`lib qoladi. Jumladan, u vazirlik lavozimidan
ketar ekan, sulton Navoiyga shohona to`n kiygizib, uning hech bir iltimosi
hech qachon yerda qolmasligini aytadi. Alisher Navoiyning birgina o`zi
300 tadan ziyod turli qurilish, obodonchilik ishlariga bosh-qosh bo`ladi.
Hirotdagi Injil daryosi bo`yida uning qurilish ishlari uchun maxsus er ham
ajratib beriladi. U barpo etgan Hirotdagi “Ixlosiya”, “Shifoiya”
majmualari, Tus viloyatidagi Turuqband suv ombori va kanali, Hirot va
Mashhaddagi sug‘orish inshootlari, Astroboddagi saroy va masjid,
Marvdagi madrasa shular jumlasidandir. El-yurt farovonligini o`ylagan
Navoiy o`z daromadlarining aksariyat qismini hayriya ishlariga sarflaydi.
Odamiy dersang demagil odamiy,
Onikim yo`q xalq g‘amidin g‘ami,
deb, o`z ta’rifini bergan edi shoir. Shaxsan uning mablag‘lari hisobidan
52 ta rabot, 19 ta hovuz, 16 ta ko`prik, 9 ta hammom va boshqalar qurildi.
Shuningdek, Navoiy butun Xurosonda 12 tadan oshiq ahamiyatli bo`lgan
va ta’mirlanishga muhtoj masjid, minora, rabot va boshqalarni ta’mir etib
o`z holiga qaytaradi. Jumladan, Navoiy ta’mir etgan Hirotdagi Jome’
masjidi hozirgi kunga qadar Hirot shahrining go`zal inshootlaridan biri
hisoblanadi. Alisher Navoiy homiyligi ostida Sharq miniatyurasi
maktabining yetuk namoyondasi “Sharq Rafaýli” nomini olgan
Kamoliddin Behzod, taniqli tabiblar Abdulhay Muniy, Darvish Ali,
hattotlardan - Sulton Ali Mashhadiy, musiqachilardan-Husayn Uddiy,
shoir va tarixchilardan-Sohib Doro, Muhammad Nizomiy, Kamoliddin
Binoiy, Davlatshoh Samarqandiy, Husayn Voiz Koshifiy, Mirxond,,
Zayniddin Vosifiy, Muiniddin Muhammad Isfizoriy va boshqalar yetishib
chiqdilar. Alisher Navoiy ilk bora o`zga shoirlardan farqli ravishda turkiy
tilda 1483-1485-yillarda beshta dostondan iborat “Xamsa” asarini yozdi.
Navoiy o`z ona tili ko`rkamligi va jozibadorligini asarlarida namoyon
etdi:
Tortib turk nazmida alam,
Ayladim ul mamlakatni yak qalam,
degan edi shoirning o`zi.
Buyuk shoirning 20 tadan ziyod yirik asarlar
mavjuddir. Ular “Xazoyinul maoniy”, “Lison ut tayr”, “Mahbub ul
qulub”, “Majolisun nafois”, “Munshaot”, “Muhokamatul lug‘atayn”,
“Mezonul avzon” va boshqalardir. Bular o`z ichiga tarixiy, falsafiy,
ahloqiy mezonlarni olib, ularda insoniyatga xos bo`lgan barcha ijobiy
239
hislatlar ulug‘lanadi. Navoiy o`z asarlarida Vatanga, tug‘ilib o`sgan yeriga
nisbatan buyuk muhabbatni kuylaydi.
Navoiyning o`zi esa barkamol, komil inson qiyofasi uchun buyuk
ramzdir. Ulug‘ shoirning o`lmas merosini o`rganish mustaqillik yillarida
o`zining haqiqiy darajasiga chiqdi. Adibning barcha asarlari qayta chop
etildi. Hukumatimiz qaroriga binoan, xalqimizning buyuk mukofoti
ramzida Navoiy nomidagi davlat mukofoti ta’sis etildi. O`lkamizda
Navoiyning ulug‘ nomini bilmagan zot yo`qdir. Prezidentimiz
tashabbusiga ko`ra, 1991 yili Alisher Navoiyning 560 yilligi juda katta
tantanalar bilan nishonlanib, shoirning mahobatli haykali xalqimizning
muqaddas ramzi sifatida poytaxtimizning markazida qad ko`tardi.
XV asrning zabardast o`zbek shoirlari ichida, shuningdek Lutfiy,
Durbek, Sakkokiy, Gadoiy, Atoiy va boshqalarning ham nomlari ma’lum
va mashhur bo`lgan. Jumladan, Navoiydan avval eng mashhur turkigo`y
shoir Lutfiy (1366-1465) bo`lgan. Uning o`z vaqtida 20 dan ziyod ajoyib
asarlari mavjud bo`lib, bizgacha faqat mashhur “Gul va Navro`z” va
g‘azallar devoni yetib kelgan xolos.
Bu davrlarda shuningdek, Sharafiddin Ali Yazdiyning (1454 yili
vafot etgan) Temur tarixiga bag‘ishlangan, Nizomiddin Shomiydan so`ng
yozilgan bir xil nomdagi “Zafarnoma” asari yaratildi. Fors-tojik
adabiyotida, ayniqsa, mashhur shoir va olim, Navoiyning zamondoshi
hamda do`sti Nuriddin Abdurahmon Jomiyning (1414-1492) roli buyuk
bo`ldi. Jomiy va Navoiyning do`stligi esa, tarixda xalqlarimiz
ittifoqligining buyuk ramzi bo`lib qoldi.
1499-yildan boshlab O`rta Osiyoga o`z yurishlarini boshlagan
Muhammad Shayboniyxon (1451-1510) temuriylar ichidagi ichki nizo va
noittifoqlikdan
foydalanib,
Movaraunnahrga
nisbatan
istilochilik
harakatlarini boshladi. Temuriy shahzodalardan, shu vaqtdagi yagona
movarounnahrlik iqtidorli va harbiy sarkardalik mahoratiga ega bo`lgan,
keyinchalik buyuk shoir va davlat arbobi darajasiga chiqqan Zahiriddin
Muhammad Boburning (1483-1530) sa’yi-harakatlari ham o`zining
tegishli natijasini bermadi. 1505-1506 yillarga kelib Shayboniyxon
Xorazm va Movaraunnahrni to`liq egallaydi. Shayboniyxonga qarshi
kurashish uchun yo`lga chiqqan Xuroson hukmdori Sulton Husayn (1469-
1506) 1506-yilning bahorida vafot etadi. Sulton Husaynning vorislari
o`rtasida toju-taxt uchun kurash avj olib, natijada hokimiyat ikkita
shahzodaga-Badiuzzamon Mirzo bilan Muzaffar Mirzolarga o`tadi. Qulay
vaziyatdan foydalangan Shayboniyxon 1507-yili shahzodalarni tor-mor
240
etib, qattiq janglardan so`ng poytaxt Hirot va butun Xurosonni o`z qo`li
ostiga oladi.
Shunday qilib, deyarli bir yarim asr davom etgan shon-shavkatli
Temuriylar saltanati o`z nihoyasiga yetadi. Temuriylarning oxirgi
zabardast vakili Zahiriddin Muhammad Bobur 1525-yilgi Panipat
jangidan so`ng shimoliy Hindistonni egallashga muvaffaq bo`ladi.
Boburiylar sulolasi Hindistonda deyarli uch asr mobaynida hukmronlik
qilib, ko`p holda temuriylarning shon-shuhratini bu yerda tiklashga
muvaffaq bo`ladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |