9-mavzu. Mo‘g‘ullar istilosi va zulmiga qarshi kurash
Jaloliddin Manguberdi
Mo‘g‘ul davlatining tashkil topishi. Chingizxon va Xorazmshoh
munosabatlari
Mo‘g‘ullar haqida juda ko‘plab ma’lumotlar mavjud bo‘lib, ular
menu (menva) nomi ostida Xitoyning Tan sulolasi (618-908) solnomasida
ilk bora tilga olinadi. Mo‘g‘ul atamasi haligacha o‘zining ilmiy isbotiga
ega emas. Ular Oltoy va Janubiy Sibirdagi turkiy qabilalarga yaqin va
qondosh bo‘lganliklari ehtimoldan xoli emas. Bu xususda olimlar turli
fikrlarni bildiradilar. Mo‘g‘ul etnogenezi ham murakkab masala bo‘lib,
har holda elat sifatida ular XIII asrda yuzaga kelgan bo‘lishlari kerak. X-
XI asrlarda esa asli Amur daryosi bo‘ylarida yashagan 16 ta urug‘-
aymoqlarga bo‘lingan tatan (tatar)larning tarkibiy qismi sifatida ularning
bir urug‘idan alohida, moxe (mo‘g‘ul) qabilasi vujudga kelgan deyiladi.
Bu qabila tezda kuchayib, 1135-39 yillari Xitoyga qator yurishlarni
amalga oshirishadi. Hatto Xitoy imperatorlari 1147 yili mo‘g‘ullar bilan
ittifoq tuzishga ham majbur bo‘lishadi.
XII asr o‘rtalariga kelib Baykal ko‘li atrofi, hozirgi Mo‘g‘uliston
hududlarida yashovchi turkiy va tungus-manjur qabilalarining ko‘pchiligi
mo‘g‘ullar rahnomasi Yesugay bahodir ta’siriga o‘ta boshlaydilar. Lekin
unga qarshi turgan tatar, markit qabilalarni bo‘ysundirish osonlik bilan
kechmaydi.
Yesugayni
tatarlar
ziyofat
paytida
xiyonatkorona
o‘ldirishgandan so‘ng, uning o‘g‘li bo‘lmish Temuchinning ta’siri
mo‘g‘ullar ichida ko‘tarila boshlaydi. Temuchin (1155-1227)
(mo‘g‘ulcha, temir ustasi)-kuchli va tadbirkor, ayyor sarkarda bo‘lib,
parokanda qabilalarni turli yo‘llar bilan o‘z qo‘li ostida mustahkam
birlashtirgan shaxs edi. 1186 yilda u boshqa bir mo‘g‘ul sarkardasi
Jamuxa yordamida o‘zining eski raqibi markitlarni bo‘ysundiradi. Ba’zi
ma’lumotlarga ko‘ra bu g‘alabadan so‘ng mo‘g‘ul no‘yon (harbiy
boshliqlar)lari va navkarlari uni olqishlab, mo‘g‘ul hukmdori-xon deb
e’lon qilishgan. XIII asr boshida esa yana bir boshqa kuchli qabila tatarlar
ustidan ham g‘alaba qozoniladi. Temuchin 1203 yili kerayitlarning xoni
O‘ngxonni mag‘lub etib, qo‘ng‘irot va naymanlar ustidan o‘z
hukmronligini o‘rnatdi.
181
Mo‘g‘ullarni birlashtirish chog‘ida Temuchin kuchli harbiy tuzilmani
tashkil etdi. Unga ko‘ra mo‘g‘ul qabilalari mingliklarga bo‘lingan bo‘lib,
u butun bir boshli harbiy okrug vazifasiga to‘g‘ri kelar edi. Okruglar
tepasiga sadoqatli kishilar qo‘yilar edi. Temuchin juda intizomli, sadoqatli
va o‘ta jangovar harbiy tuzilmalarni yaratishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni
boshqarishni esa avvalo, o‘z o‘g‘illari-Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘gedey, Tuli,
xotini Burte-fujen, safdoshlari Subutoy, Jebelarga topshirdi. O‘z
hokimiyatini to‘liq mustahkamlab olgach Temuchin 1206 yili
mo‘g‘ullarning umum qurultoyi (qurultoy halq xohishi degan ma’noni
anglatgan)ni chaqiradi. Qurultoyda u oliy mo‘g‘ul hukmdori-xon deb
tantanali e’lon qilinib, unga bosh shaman Teb-Tangriy “Chingizxon”
degan faxriy nom beradi. Chingiz so‘zi tarixchi Rashididdinning
yozishicha, kuchli, buyuk degan ma’noni anglatadi.
Qurultoyda odat bo‘yicha Chingizxon o‘z tug‘i-bayrog‘ini ko‘tardi,
10 ta lavozim joriy etib uni o‘z yaqinlariga taqdim etadi. Sahrodagi
Qoraqurum shahrini markaziy poytaxt deb belgiladi. O‘z qo‘li ostidagi
mansablarni esa 3 toifaga bo‘lib, ularga aniq vazifalarni bo‘lib berdi.
Ularga Boorgu, Muxali, Nayaa ma’sul bo‘ldilar. U o‘z qo‘shinlarini ham
isloh etdi. Butun Mo‘g‘uliston 95 ta harbiy-ma’muriy birlikka bo‘lindi.
Yangi mo‘g‘ul davlati - Eke Mo‘ng‘ul ulus (buyuk mo‘g‘ul davlati) deb
atala boshlandi. Qurultoydan avvalroq 1203-yildayoq hali bir tizimga ega
bo‘lmagan qonunlar to‘plami vujudga kelib, u o‘z ichiga yorliqlar
(buyruqlar), yasoq (qonunlar), bilik (nasihat)larni olgan edi. “Yasoq“
bizgacha to‘liq yetib kelmagan bo‘lib, u turli ko‘rinishlarda, manbalarda
qayd etiladi. “Yasoq” o‘z ichiga quyidagilarni kiritgan: xalqaro, shaxsiy,
savdo va sud huquqlari. Chingizxon tayin etgan davlat bosh hakami Shiki-
Xutuxuga “Yasoq”qa qarab ish tutishni qat’iy belgilab bergan edi.
“Yasoq” qonunlari mo‘g‘ullarning qadimiy urf-odatlari, an’analari,
mavjud siyosiy tuzum mohiyatidan kelib chiqqan holda keskin va juda
qattiq ohangda, patriarxal harbiy tuzumni o‘zida aks ettirgan ravishda
tuzilgan edi. “Yasoq” qonunlarining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan
bo‘lgan:
1. Hukmdor (xon) “Yasoq”qa qat’iy rioya etishi xususida qasamyod
qilishi va unga amal qilish, amal qilmagudek bo‘lsa, xonni umrbod
qamash mumkin bo‘ladi;
2. Chingizxon mo‘g‘ullar orasida diniy adovat kelib chiqmasligi uchun
barchaga to‘la diniy erkinlik beradi. Ruhoniylar soliqdan ozod etiladi;
3. Ayollar naslni davom ettiruvchi bo‘lganliklari uchun ham, urush
vaqtida ularning gunohlari kechirilishi lozim;
182
4. Jazolash darajasi sifatida o‘lim jazosini eng ko‘p miqdorda qo‘llash;
5. Bosib olinayotgan mamlakatlar xalqlariga butkul rahm-shafqat
qilmaslik.
Chingizxon shaxsiy gvardiyasi sonini (keshiktan) 9000 kishigacha
yetkazdi. Ular har 3 kunda navbatchilik qilar, ularning ishini shaxsan xon
nazorat qilar edi. 1204-yili uyg‘ur alifbosi mo‘g‘ul yozuvi uchun qabul
qilindi. Shuningdek, mustaqil davlat belgisi bo‘lgan muhr (tamg‘a) hamda
taqvim qabul qilindi. Chingizxon 1209 yilda tang‘utlarni, 1211-yilda
uyg‘urlarni, 1215-yilda esa shimoliy Xitoyni poytaxt Chjundu (Pekin)
bilan birgalikda o‘ziga tobe qilib oldi. Xitoydagi Sin sulolasi tugatilib,
juda katta o‘lja olindi. Xitoy yurishi vaqtida yuksak harbiy mahorat va
urushning yangi usullari qo‘llanildi. Madaniy jihatdan ancha qoloq
mo‘g‘ullar ko‘p jihatdan uyg‘ur va musulmon ahli tajribasidan keng
foydalanishdi. Sharqiy uyg‘urlarning boshlig‘i Ediqut (Saodatbek)
Chingizxonning do‘sti va maslahatchisi, sobiq naymanlar xoni
Tayanxonning muhrdori uyg‘ur Tatatunga esa mo‘g‘ullarni savodga
o‘rgatar edi. Musulmon savdogarlarini zehni, tadbirkorligiga Chingizxon
doimo yuqori baho bergan edi. Shu bilan birga ulardan ko‘pincha
ayg‘oqchilar sifatida ham foydalanar edi.
Xitoyni zabt etgan Chingizxon shu bilan kifoya etib qolmasligi aniq
edi. Badavlat Movarounnahr savdo ahli, o‘lkamiz behisob boyliklari,
yuqori madaniyatli ajdodlarimiz yaratgan ajoyib me’moriy binolar,
qolaversa qadimiy yurtimizning fayz-u tarovati mo‘g‘ullarni anchadan
beri o‘ziga jalb qilayotganligi ma’lum edi. Musulmon mamlakatlarining
behisob boyliklari to‘g‘risidagi afsona-rivoyatlarni eshitib, tekin o‘lja va
boyish istagida bo‘lgan mo‘g‘ul harbiy zodagonlari Chingizxon
boshchiligida zimdan harbiy yurish qilish istagida turar edilar. Chingizxon
davlati g‘arbda Qipchoq cho‘llari, qoraxitoylarning ko‘chmanchi G‘arbiy
Lyao (Si Lyao) va xorazmshoh-anushteginiylar davlati bilan chegaradosh
edi. Shubhasiz uning g‘arbdagi eng yirik va kuchli qo‘shnisi hamda raqibi
buyuk Xorazmshoh-anushteginiylar davlati (1097-1231) edi.
Sulton Qutbiddin Muhammad Oloviddin Xorazmshoh (Muhammad
Xorazmshoh) (1200-1220) davriga kelib mamlakatning hududlari behad
kengaya boshladi. Sulton o‘z onasi bo‘lmish «Xudovandayi-jahon, dunyo
va din saxovatpeshvosi Ulug‘ Turkon- - ikki dunyo ayollari malikasi
(Ismat ad-dunyo va ad-din Ulug‘ Turkon)» unvonini unga pesh qilib olgan
qipchoq xoni Jonkishining qizi Turkonxotun harbiy ko‘magi hamda
qo‘llab-quvvatlashi natijasida o‘z hokimiyatini mustahkamlab olishga,
zafarli yurishlar qilishga muvaffaq bo‘ldi. U 1203-yili G‘ur davlatini,
183
1204-yili Hirotni, 1207-yili Buxoroni qo‘lga kiritadi. Sulton Otsiz (1127-
1156) davridan boshlab xorazmshohlar qoraxitoylarga o‘lpon to‘lab turar,
aks holda ko‘chmanchilar mamlakatga bostirib kirib, uni xonavayron
qilishlari turgan gap edi. Muhammad Xorazmshohning qoraxitoylar bilan
birinchi janggi 1207 yili muvaffaqiyatsiz yakun topgan edi. Sulton 1209
yili navbatdagi o‘lpon yig‘ish uchun kelgan qoraxitoylar elchisi Tushi olib
kelgan yorliqni namoyishkorona yirtib tashlab, uni o‘limga mahkum etadi.
1210 yili sentabr oyida Sirdaryo bo‘yidagi Ilamish dashtida qoraxitoylar
bilan bo‘lgan hal qiluvchi jangda esa qoraxitoylar to‘liq mag‘lubiyatga
uchrab, ularning lashkarboshchisi Tayangu o‘ldiriladi. Movaraunnahr
butkul Xorazmshoh qo‘liga o‘tib, hamma joylarda sadoqatli kishilar
hokim etib tayinlandilar. Qoraxoniylar xoni Usmonxon xorazmshohlar
vassaliga aylanib, Sultonning qizi Xon-Sultonga uylanadi. Xorazmshoh –
Anushteginiylar davlati Sharqning eng buyuk davlatiga aylanib, o‘z ichiga
Movarounnahr, Xuroson, Mozandaron, Kirmon, Iroqi Ajam, Ozarbayjon,
Seiston, G‘azna, Balx, Qandahor o‘lkalarini olgan edi.
Qoraxitoylar
ustidan qozonilgan g‘alaba musulmonlarning
«g‘ayridinlar» ustidan «buyuk g‘alabasi» deb ta’riflanib, sulton farmoniga
ko‘ra musulmon olamining hamma o‘lkalariga bu xususda maxsus
xitobnomalar tarqatildi. Mazkur g‘alabadan o‘ta ruhlangan Sulton
Muhammad Xorazmshoh o‘ziga «Iskandari Soniy (ikkinchi Iskandar)» va
saljuqiylarning buyuk sultoniga taqlid qilib «Sulton Sanjar» unvonlarini
oladi. Davlat muhriga esa «zil Allohi fil ard» (Ollohning yerdagi soyasi)
deb «kamtarona» yozdirishni buyuradi.
1212 yili xorazmlik noib Do‘stobaning zo‘ravonligiga qarshi
Samarqandda qoraxoniylar xoni Usmonxon boshchiligida isyon
ko‘tardilar. Isyonni qattiqqo‘llik bilan bostirgan xorazmshoh Muhammad
Usmonxon va 10000 dan ziyod kishini qatl ettirib, O‘zgangacha bo‘lgan
hududda yashayotgan barcha qoraxoniylarni qirg‘in-barot qildiradi.
1215 yili Dashti qipchoq yurishida Xorazmshoh mo‘g‘ullarning
Jo‘chi boshchiligidagi harbiy qo‘shiniga duch keladi. Mo‘g‘ullar bu
yerlarda Chingizxonning buyrug‘iga ko‘ra markit qabilalariga zarba
berish uchun yurish qilgan edilar. O‘zaro to‘qnashuvdan so‘ng mo‘g‘ullar
Chingizxondan Xorazmshohlar davlatiga nisbatan yurish qilish xususida
hech qanday ko‘rsatma olmaganliklari uchun orqaga chekindilar.
Jurjoniyning yozishicha, sultonni har vaqt undan Sharqda joylashgan
davlatlar qiziqtirar va uning Xitoy tomoniga harbiy yurish qilish niyati
ham bo‘lganligi aniq edi. Lekin Xitoy Chingizxon tomonidan o‘sha yili
olinganligini eshitgan sulton bu holni tasdiqlatish va qolaversa
184
Chingizxon davlati xususida aniq ma’lumot olib kelish maqsadida
sayidlar avlodidan bo‘lmish taniqli zot Bahovuddin Roziyni o‘z elchisi
sifatida xon huzuriga jo‘natadi.
Bahovuddin Roziy boshchiligidagi elchilik guruhini Chingizxon
Pekinda qabul qilib, ularga ijobiy munosabatda bo‘ladi. Xorazm davlati
elchilariga Chingizxon o‘zaro ikki davlat o‘rtasida tinchlik va do‘stlik
hukmdorlik qilishi lozimligini uqtirib, o‘zini “Sharq hukmdori”,
Xorazmshoh Muhammadni “G‘arb yerlarning egasi” deb ta’kidlaydi.
Xitoy yerlariga endilikda yurish qilish nojoiz ekanligini anglagan
Xorazmshoh o‘z diqqat-e’tiborini yana janub hamda g‘arb yerlariga
qaratadi.
1217-yili Bag‘dod xalifasi an-Nosir (1180-1225) sultonning
Bag‘dodni unga topshirishi va uning nomini xutbaga qo‘shib o‘qishini
qat’iy rad etgach, Muhammad Xorazmshoh 100 000 kishilik qo‘shin bilan
abbosiylar xalifaligiga yurishni boshlab yuboradi. Xorazmshohlar
tangalari va xutbalardan xalifa nomi chiqarib tashlanadi. Sulton farmoniga
ko‘ra, termizlik shayx Olamulk at-Termiziy xalifa etib tayinlanadi.
Sultonning yuqoridagi hatti-harakatlari ko‘pchilik ulamolar, din
peshvolari tomonidan ma’qullanmaydi. Ular sultonga barcha musulmonlar
diniy rahnamo xalifa ustiga yurish qilish, islom dunyosida xorazmshohga
nisbatan salbiy munosabat keltirib chiqarishini tushuntirmoqchi bo‘ladilar.
Ulamolar noroziligini hisobga olmagan Sulton ularning ko‘pchiligini
jazoga tortadi, hatto taniqli shayx Majididdin Bag‘dodiyni qatl ettiradi. Bu
hol diniy ulamolar, ruhoniylar, darveshlik guruhlari oldida sulton obro‘
e’tiborining pasayishiga va unga qarshi muxolif kuchlar safining
kengayishiga olib keladi. Bag‘dod yurishi tabiiy ofatlar tufayli
muvaffaqiyatsiz yakun topadi.
Abbosiylar xalifaligiga muvaffaqiyatsiz yurishdan so‘ng, 1218 yili
Muhammad Xorazmshoh o‘zining yangi poytaxti deb e’lon qilgan
Samarqand shahriga kirib keldi va xutba, tangalardan esa xalifa nomini
chiqarib tashlash xususida farmon berdi. O‘sha yili Muhammad
Xorazmshoh Chingizxon huzuriga yana o‘z elchilarini yuboradi. Bunga
javoban Chingizxon kechiktirmasdan qimmatbaho sovg‘alar va mollar
ortilgan katta karvon bilan o‘z elchilarini xorazmshohlar sultoni huzuriga
yuboradi. Sultonga mo‘ljallangan qimmatbaho sovg‘alar ichida
Chingizxon o‘lja olgan tuya o‘rkachidek keluvchi oltin bo‘lagi ham bor
edi. Elchilarga xorazmlik taniqli savdogar Mahmud Yalavoch (Mahmud
al-Aromiy) rahbar etib tayinlanib, yana 2 ta odam, buxorolik savdogar
Alixo‘ja va o‘trorlik Yusuf qanqalar elchilik rutbasiga ega edilar.
185
Sulton Muhammad bu elchilarni 1218-yil bahorida Buxoro shahrida
qabul qiladi. Elchilar Chingizxon sultonning zafarli yurishlaridan
xabardor ekanliklari, uni qudratli podshoh sifatida tan olib “o‘zining eng
ardoqli o‘g‘illari qatorida” ko‘rishini bayon etishadi. Chingizxon o‘z
nomasida kuch-qudrati zafarini ko‘rsatish ma’nosida Xitoy va qo‘shni
mamlakatlarni qanday kuch bilan egallaganligini ham aytib o‘tadi.
Elchilar nomasi shubhasiz sultonga ma’qul bo‘lmaydi. Ayniqsa, mo‘g‘ul
davlatining xonini, uni o‘zining “o‘g‘li” qatorida ko‘rish, bu sharq
ustamonligida qaram qilish yoki o‘z homiyligini olish degan ma’noni
anglatishni sulton yaxshi tushunadi. Elchilarga sulton javobi ma’lum
emas, lekin o‘sha tunda u o‘z yoniga Mahmud Yalavochni chorlab bor
haqiqatni bayon etishni, uning xizmatiga o‘tib, maxfiy josus bo‘lib xizmat
qilishni buyuradi. O‘z hayotidan xavfsiragan Mahmud Yalavoch, muarrix
an-Nasaviyning yozishicha, “sulton eshitishni xohlagan” ma’lumotni
aytib, sulton taklifiga ko‘nadi. Xorazmshoh unga qimmatbaho javohir
sovg‘a qilib, Chingizxon bilan shartnoma tuzishga rozi ekanligini
bildiradi.
Chingizxon Mahmud Yalavoch guruhi xizmatidan, to‘plangan
ma’lumotlardan mamnun bo‘ladi. Zero Yalavoch soxta “josus” rolini
o‘ynab, bor haqiqatni Chingizxonga yetkazgan edi. O‘sha yiliyoq, ya’ni
1218-yili, Chingizxon sulton Muhammadga o‘z minnatdorchiligini izhor
etish va o‘zaro shartnoma tuzish maqsadida katta savdo va elchilar
karvonini jo‘natadi. Ulkan savdo karvoni 450 ta musulmon savdogari va
500 ta tuyaga ortilgan qimmatbaho mollardan iborat edi. O‘z davlati
qudratini namoyon etish niyatida Chingizxon Tang‘ut va boshqa
davlatlardan o‘lja olingan, janubiy Sibir va Xitoydan talab keltirilgan
ajoyib, sara mollar bilan xurjunlarni to‘ldirgan edi. Karvon bilan,
shuningdek, Chingizxon elchisi, mo‘g‘ullardan bo‘lgan Uxuna ham
bo‘lib, u Xorazmshohga Chingizxon nomasini olib kelayotgan edi. Noma
jahon fotihligiga da’vo qilayotgan Chingizxon nomidan buyruqnamo
ohangda yozilgan edi. Unda jumladan, “... biz bundan buyon davlatlar
o‘rtasida tinchlik o‘rnatilishini buyuramiz...” deyilgan edi. Noma
Chingizxon ochiq-oydin jahon egasi bo‘lishga ishtiyoqi baland
ekanligidan dalolat berar edi.
Ushbu karvonda asli movarounnahrlik bo‘lmish Umarxo‘ja O‘troriy,
hammol Merokiy, Fahruddin Dizaqiy Buxoriy, Aminuddin Haraviy
singari savdogarlar karvon sarbonlari hamda o‘rda elchilari edilar. Karvon
Urganch tomon yo‘l olgan edi. Lekin xorazmshohlarning chegara viloyati
O‘tror yerlariga kirib kelishi bilanoq bu karvon ushlab qolindi. O‘tror
186
hokimi Inalxon (Inolchiq, uning forsiy taxallusi G‘oyirxon edi) Turkon
xotunning yaqin qarindoshi, Xorazmshohga yaqin shaxs bo‘lgan. Inalxon,
arab tarixchisi ibn al-Asir, an-Nasaviylarning yozishicha, Xorazmshoh
ijozati bilan bu karvonlarni talashga buyruq berib, karvon a’zolarini
josuslikda ayblaydi va ularni qirib tashlaydi. Talab olingan mollar
Samarqand va Buxoro savdogarlari o‘rtasida taqsimlanib, Xorazmshoh
ushbu savdo mollari pulini o‘ziga oladi. Ba’zi tarixiy manbalarda esa,
Inalxon garchi karvonni to‘xtatish buyrug‘ini olgan bo‘lsa ham, o‘z
holicha uni qirib tashlagan deb ham aytiladi. Nima bo‘lganda ham,
Xorazmshohlar qo‘pol siyosiy xatoga yo‘l qo‘yib, elchilarni qirg‘in-barot
qildiradilar. O‘tror fojeasidan so‘ng Chingizxon Ibn Kafrojiy Bug‘roni
ikki mulozim bilan Xorazmshoh huzuriga elchi etib jo‘natdi. As-
Subqiyning yozishicha, Chingizxon O‘tror fojeasining aybdori Inalxonni
tutib mo‘g‘ullar qo‘liga topshirishini, elchilar o‘limining sabablarini
keskin
tarzda
so‘raydi.
Mo‘g‘ullar
bilan
munosabatlarni
keskinlashtirmaslik uchun O‘tror hokimini Chingizxon qo‘liga topshirish
kerak degan taklifni ko‘targan Jaloliddinning fikrini sulton rad etadi.
Sulton buyrug‘i bilan elchi bo‘lmish Ibn Kafroj Bug‘ro o‘ldirilib, ikki
mulozimning soqol-mo‘ylovlari sharmandali tarzda qirib tashlanadi.
Xorazmshoh mo‘g‘ullar bilan ertami-kechmi, urush bo‘lishini yaxshi
anglagan edi. Qolaversa, mamlakatda mo‘g‘ullar bostirib kirishi xususida
turli mish-mishlar ham avj olgan edi. Nima bo‘lganda sulton ham
Chingizxonga shu yo‘sinda dag‘dag‘ali javob berishga qaror qildi.
Tarixchi Rashiddin o‘zining «Jome at-Tavorix» asarida yozishicha
Xorazmshohning ushbu dag‘dag‘asi va qilmishi «Chingizxonning
yuragiga shunday ta’sir qildi-ki, unda ortiq chidam va toqat qolmadi.
Nafrat o‘ti bilan yonib u bir o‘zi tepalikka ko‘tarildi, bo‘yniga belbog‘ini
tashlab, bosh yalang yerga yotib ibodat qildi. Uch kungacha yig‘lab
xudoga nola qilib yordam so‘radi…»
Chingizxon islom olamining dushmani bo‘lib qolmaslik uchun
shunday yo‘l tutdi-ki, urush boshlanishiga rasman Xorazmshoh sababchi
bo‘lib qoldi. O‘zini esa “Olijanob xaloskor” deb hisobladi. Aslida esa
urush bo‘lishini u har jihatdan xohlar edi. Albatta Xorazmshoh ham katta
xatoga yo‘l qo‘ygan edi, lekin urushning sababchisi va boshlovchisi u
emas edi.
Mo‘g‘ullar Xorazmshoh ustiga harbiy yurish qilishdan avval,
xonning buyrug‘iga ko‘ra harbiy sarkarda Jebe Yettisuv va Qashg‘ar
ustiga 1218 yil harbiy yurishlar qilib, Kuchluk davlatini tor-mor keltirdi.
Musulmonlarni doimo ta’qib etib kelgan Kuchlukka qarshi bosh ko‘targan
187
Sharqiy Turkiston islom ahli Jebeni naymanlar zulmidan ozod etuvchi
«xaloskor» deb qabul qildi. Zero, Jebe musulmonlar uchun din erkinligi
kafolatlanishini e’lon qilib, mo‘g‘ullar hukmronligini mustahkamlagan
edi. Shunday qilib mo‘g‘ullar O‘rta Osiyoga harbiy yurish qilishdan avval
zahira kuchlarini mustahkamlab Talas vodiysigacha bo‘lgan yerlarni o‘z
imperiyalari tarkibiga qo‘shib oldilar. Shunday qilib ular bevosita
Xorazmshohlar bilan chegaradosh bo‘lib qoldilar.
XIII asr boshlaridan Xorazmshoh Anushteginiylar davlati yuqorida
ta’kidlanganidek, o‘z hududining kengligi, saltanat egasining nufuzi,
xalqning salohiyatligi, madaniyatliligi, xo‘jalik hayotining yuqori
saviyaligi bilan musulmon olamida buyuk davlat sanalar edi. O‘zining
ko‘proq qang‘li-qipchoq hamda turkmanlardan iborat muntazam
qo‘shiniga ega edi. (Ma’lumotlarga ko‘ra umumiy qo‘shinning soni
400.000 ga qadar yetib, bu mo‘g‘ullar qo‘shiniga nisbatan 2 barobar ortiq
edi.) Davlat musulmon olamida qabul qilingan qonun chiqaruvchi-dargoh
hamda ijroiya-devonlar tizimida boshqarilar, davlat boshlig‘i sulton
hokimiyatining huquqlari hech bir qonun-qoida bilan chegaralanmagan
edi. Saltanatni hokimlar, noiblar, vazirlar, lashkar boshliqlaridan iborat
kuchli harbiy aslzoda guruhlar, mustavfiy (daftardor hisobchilar), qozilar,
sadrlar va boshqa ko‘plab saroy mansablaridan iborat ulkan arkoni davlat
doirasi qurshab turar edi.
Hokimlar ko‘p holda o‘z bilganicha ish tutishar, soliqlar to‘plashning
ham aniq tizimi yo‘q edi. Hashar yo‘li bilan biron-bir yo‘l, ko‘prik, qal’a
va boshqa inshootlarni qurish (suhra giriftan) keng tarqalgan edi. Davlat
ahvoli tang bo‘lganda ko‘p holda iqtodorlarga ishonch qolmas edi. Ayrim
viloyat hokimlari shaxsan Turkon xotunga bo‘ysunib, o‘z bilganlaricha
ish tutar edilar. Sulton Muhammadning volidasi Turkon xotunning
qo‘shin oliy sarkardalari bo‘lmish qipchoq sarkardalari bilan aloqasi
mustahkam, o‘zi shu qabilaga mansub bo‘lganligi uchun ularni hamisha
qo‘llab-quvvatlab turar edi. Sarkardalar, qo‘shin boshliqlari, vazirlar,
hokimlar ko‘p holda uning ijozati va ko‘rsatmasi ila tayin etilar, ular ham
o‘z navbatida, Turkon xotunga avvalo bo‘ysunar edilar. Turkon xotun
boshqa turkiy qabiladan bo‘lmish kelini Oychechak va uning o‘g‘li,
nabirasi Jaloliddinni yoqtirmas, bu ikki ayol o‘rtasida davlatda ichki
siyosiy ixtilof kuchli edi. Xorazmshoh “farzandlik mehri va hokimiyatga
olib kelgan shaxs” sifatida onasini so‘zini ikki qilmas, hamisha uning
fikrlariga xohlasa-xohlamasa qo‘shilar edi. Xorazmshohning onasi Turkon
xotun aslida davlatdagi birinchi darajali shaxs hisoblanar, uning shiori
«e’tasamtu Billohi Vahda» (ya’ni, yolg‘iz Ollohdan panoh so‘rayman)
188
muhriga yozilgan bo‘lib, hukmdor farmoniga shu muhri bilan u birinchi
imzo qo‘ysa, uning farmoni vojib hisoblanar edi. Turkon xotun amri bilan
taxt vorisi etib o‘z qavmidan bo‘lgan nevarasi O‘zloqshoh tayin etilgan
edi.
Muhammad Xorazmshoh o‘zining yon-atrofdagi (G‘ur, Xuroson,
Movarounnahr, Mozandaron, Ozarbayjon va boshqalar) uncha kuchli
bo‘lmagan yerlarni tezlik bilan o‘z qo‘l ostida birlashtirib, o‘z
g‘alabalariga juda berilib ketgan edi. Qoraxitoylar ustidan qozonilgan
g‘alabadan (1210) so‘ng esa u o‘zini mutloq yengilmas (“Iskandari
Soniy”, “Sulton Sanjar”, “Ollohning yerdagi soyasi” va boshqa
unvonlarga ega) deb hisoblab, islom olamiga egaligini ham da’vo qila
boshladi. Uning armiyasi soni garchi son jihatdan ko‘pchilikni tashkil
etsada, bu qo‘shin harbiy intizomi uncha mustahkam bo‘lmagan,
salohiyati ancha past, ko‘proq janubliklardan olingan yollanma qo‘shin
edi. O‘z navbatida bu qo‘shin vatan mudofaasi uchun emas, balki ko‘proq
istilo, talon-taroj, o‘lja olish uchun mo‘ljallangan qo‘shin edi. Haqiqatda
Xorazmshoh kuchli, o‘ziga munosib keluvchi raqib bilan kurash olib
borgani yo‘q hisobi, bu esa yuqorida qayd etilganidek, o‘z harbiy
mahoratiga ulkan ahamiyat berishiga olib kelgan edi.
Joylarda noib va hokimlik lavozimidagi Xorazmdan bo‘lmish
amaldorlar oddiy xalqqa nisbatan ko‘pincha zo‘ravonlik, tayziq ila
munosabatda bo‘lar, bu esa Xorazmshohlar davlatiga nisbatan aholining
noroziligiga sabab bo‘lar edi. Soliqlar miqdori bir me’yorda turmas,
mehnatkash ommaning ahvoli ancha og‘ir edi. Masalan, 1219-yili
Xorazmshoh xiroj solig‘ini bir yo‘la uch marotabagacha undirib olishga
buyruq bergan edi. 1206, 1212-yillarda Buxoro va Samarqanddagi xalq
g‘alayonlar zo‘ravonlik va soliqlar oshib ketishiga qarshi qaratilgan edi.
Soliqlar va zo‘ravonlikdan ezilgan xalqning Sulton Muhammadga e’tiqodi
va ishonchi mo‘g‘ullar bosqini arafasida susayib ketdi. Shuningdek,
sultonning Bag‘dod xalifaligiga yurishi va o‘z holicha termizlik
sayidlardan bo‘lmish Shayx Olamulk Termiziyning xalifa deb e’lon
qilinishi Movarounnahr ulamolari ichida haqli norozilikka sabab bo‘ldi.
Taniqli movarounnahrlik din arbobi Shayx Majididdin Bag‘dodiyning
ta’qib etilishi esa sulton bilan ruhoniylar orasida munosabatlarni mutloq
keskinlashtirib yubordi.
Chingizxon o‘zining yaxshi tizimga asoslangan ayg‘oqchilar
tarmog‘i orqali Xorazmshohlar davlatidagi ushbu ahvoldan boxabar edi.
Shuningdek, u ushbu qadimiy madaniyat va yuqori salohiyatga ega
Movarounnahr ahlini osonlikcha bo‘ysundirib bo‘lmasligini ham yaxshi
189
bilib, bo‘lajak mahorabaga jiddiy tayyorgarlik ko‘rdi. O‘tror voqeasidan
avvalroq Chingizxon qo‘shinlarining Yettisuvga qilgan harbiy yurishlari
sulton Muhammadni tashvishga solib qo‘ygan edi. Garchi Xorazmshoh
katta qo‘shinga ega bo‘lsa-da, o‘zaro ixtiloflar, sarkardalarga
ishonchsizlik, o‘z hokimiyatidan xavfsirash Xorazmshoh qo‘shinining
zayiflashuvi, intizomning pasayishiga olib kelgan edi. Muhammad
Xorazmshoh mo‘g‘ullarga zarba berish xususida Urganchda harbiy
kengash chaqiradi. Unda ko‘zga ko‘ringan davlat arboblari, aslzodalar,
harbiy sarkardalar ishtirok etadilar.
Asli xivalik mashhur fikhshunos hamda davlat arbobi Shahobiddin
al-Xivaqiy bor qo‘shinni Sirdaryo bo‘yiga to‘plab, uzoq yo‘l bosib
kelayotgan mo‘g‘ul qo‘shiniga chegara bo‘yidayoq hal qiluvchi zarba
berish to‘g‘risida yagona va harbiy jihatdan haq fikrni bildirdi. Shahzoda
Jaloliddin ham aslida shu fikrga qo‘shilgan edi. Lekin Xorazmshoh o‘z
sarkardalariga, ayniqsa qipchoq harbiylariga ishonchsizlik bilan qarar,
katta qo‘shinni bir joyga to‘plashdan, qo‘shin yig‘ilganda esa o‘zini
taxtdan ag‘darib tashlashlari mumkin ekanligidan cho‘chir edi. Shuning
uchun sulton va uning onasi tazyiqi bilan Kengash mudofaa usuliga
o‘tishni ma’qul deb topdi. Jami 450 taga yaqin shahar (qal’a) va
viloyatlardan iborat bo‘lmish davlatda qo‘shin katta jangga kirib vatan
sharafini himoya qilish o‘rniga shahar va qal’alarga bo‘lib tashlandi. Ba’zi
markaziy shaharlar, jumladan Buxoro va Samarqand mudofaasini
mustahkamlash zarur degan fikrga kelindi, xolos. Ammo bu mudofaa ham
yaxshi tashkil etilmadi.
Chingizxon 1219-yili o‘z o‘g‘illari boshliq 200 mingga yaqin asosiy
harbiy kuchlari bilan anchadan beri puxta tayyorlangan Xorazmshoh-
Anushteginiylar davlati ustiga harbiy yurishni boshladi. Bu kuchlar yozni
Irtish daryosi bo‘yida o‘tkazib, sentabr oyida chegaradan o‘tadi.
Chingizxonga uyg‘ur ediquti (xoni) Baurchak, qarluqlar xoni Arslonxon
va Olmaliq hukmdori Sig‘noqteginlar ham o‘z qo‘shini bilan kelib
qo‘shildilar. Chegaradan o‘tgan Chingizxon o‘z qo‘shini bilan janubiy
qozoq cho‘llarining Sirdaryoga tutashgan joyidagi O‘tror shahri yaqinida
to‘plab uni 4 qismga bo‘ladi.
Chig‘atoy va O‘qtoy qo‘shinning bir qismi bilan O‘trorni qamal etib,
egallash uchun qoldirildi. Ikkinchi qism esa Jo‘chi boshchiligida
Sirdaryoning yuqori oqimidagi Jand, Yangikent, Borchig‘lig‘kent,
Sig‘noq shaharlarni bosib olish uchun yuborildi. Uchinchi qismidagi besh
ming chog‘li qo‘shinga Uloq no‘yon va Suketu Cherbi bosh bo‘lib
O‘trordan janubga, Xo‘jand va Banokatni egallash vazifasi topshirildi.
190
Chingizxon o‘zi bosh bo‘lgan to‘rtinchi, asosiy qism (uning tarkibida
taniqli sarkardalar Jebe va Subutoy ham bor edi) Zarafshon vohasi tomon-
Buxoro hamda Samarqandni istilo etish uchun yo‘l oldi.
Chegaradagi O‘tror mustahkam shahar qal’a bo‘lib, mo‘g‘ullarga olti
oy davomida mardonavor qarshilik ko‘rsatgan edi. O‘tror hokimi Inalxon
(G‘oyirxon) qo‘lida 20.000 chog‘li suvoriy bo‘lib, Xorazmshoh unga
yordam tariqasida 50.000 kishilik “lashkari birun”ni ham yuborgan edi.
Qamal davomida qo‘shimcha tarzda yana Qoracha Hojib
boshchiligidagi 10.000 kishilik qo‘shin ham yuborilgan edi. O‘tror hokimi
jasur va mard sarkarda Inalxon unga mahorat bilan boshchilik qilar edi.
Ammo ayrim zotlarning xiyonatkorligi tufayli besh oylik qamaldan so‘ng
Inalxon deyarli bir oy davomida o‘z qo‘shini bilan shahar qal’asida
qarshilikni davom ettiradi. Oxir-oqibatda Inalxon deyarli bir o‘zi qolib,
qal’a tomiga chiqib, qo‘liga tushgan narsasi bilan mo‘g‘ullarga hujum
qilgan. Mard sarkardani mo‘g‘ullar tiriklayin qo‘lga tushirib,
Samarqandga Chingizxon huzuriga yuborganlar. Chingizxon esa
manbalarning yozishiga ko‘ra, “kumushni eritib o‘z huzurida
sarkardaning quloq va ko‘ziga quyishni buyurgan”. Inalxon shu tariqa
vahshiyona ravishda o‘ldirilgan. O‘tror shahri o‘z jasorati evaziga
mo‘g‘ullar tomonidan butkul buzib tashlandi. Buxoro yo‘nalishida
ketayotgan Chingizxonga esa Zarnuq (Zerinuh) va Nur qal’alari jangsiz
taslim bo‘ladilar.
Chingizxon 1220-yilning fevral oyi boshlarida (ba’zi adabiyotlarda 7
fevralda deyiladi) Sharqning qadimiy go‘zal shahri, Sharqdagi islom dini
gumbazi, “butun musulmon shaharlari onasi” nomini olgan “Islomiy
ilmlar markazi” Buxoro yaqinida paydo bo‘ldi. Uch kunlik shahar qamali
boshlandi. Buxoroda bu paytda 12.000 lik shahar garnizoni va 20.000
kishilik “lashkari birun” mavjud edi. Lashkarlarga nufuzli sarkardalar
Ixtiyoriddin Qo‘shlu, Inanchxon Og‘ulhojib, Hamid Pura Qoraxitoy,
Suyunchxon, mo‘g‘ullardan qochib o‘tgan uyg‘ur sarkardasi Ko‘kxon
(Go‘rxon) bosh edilar.
Sarkardalardan Inanchxon bazo‘r Amudaryodan o‘tib qutulishga
muvaffaq bo‘ladi, Hamid Pura Qoraxitoy mardonavor jangda halok
bo‘ladi, qolgan-qutgan harbiylar Buxoroga qaytib chekinishga majbur
bo‘ladilar. Ahli Buxoro o‘z himoyachilaridan ayrilgandan so‘ng, shahar
ahli jonini salomat saqlab qolish niyatida shaharliklar maslahatlashib,
Buxoro qozisi Badriddin qozi boshchiligidagi bir guruh oqsoqollarni
Chingizxon huzuriga yuboradilar. 10 fevral kuni Buxoroga mo‘g‘ullar
kirib keladilar. Buxoroga kirib kelgan Chingizxonning hatti-harakatlari
191
xususida Rashididdin shunday deb yozgan edi: «Chingizxon otda masjidi
jome oldiga kelib to‘xtadi va shaharning kazo-kazolarini o‘z huzuriga
chaqirtirdi. Mo‘g‘ullar shahar omborxonalarini ochib, g‘allalarni tashib
oldilar. Qur’on nusxalari saqlanadigan sandiqlarni otlarga oxur qildilar,
masjidlarga meshlarda sharob keltirib joylab qo‘ydilar, shahar hofizlari va
o‘yinchilarini chorlab, raqsga tushirdilar. Mo‘g‘ullar dol-guliga keltirib
o‘z ashulalarini aytar edilar. Oqsuyaklar, ulamolar va shayxlar otboqarlar
o‘rnida otlarni qo‘riqlash uchun otxonalarda turar va o‘sha qabila
kelishlarini, amr-farmonlarini bajo keltirish balan mashg‘ul edilar.»
Buxoro talon-taroj xususida muarrix ibn Attor shunday yozgan edi: «Ul
kun haqiqatda dahshatli kun bo‘ldi. Bori manguga ketgan erlarining,
xotinlarning, bolalarning tovushlarigina eshitilib turdi. Vahshiylar
xotinlarni. qizlarni ham o‘zlarining birodarlari ko‘z oldida tahqirladilar.
Bu taxqirlarga ularda ko‘z yoshlaridan o‘zga qurol topilmadi. Ko‘plar
dahshatli manzaralardan ko‘ra o‘limni ortiq ko‘rdilar. Qozi Badriddin,
Imom Rukniddin va uning o‘g‘li bu nomussizlik manzaralariga chiday
olmay, g‘azablanib, o‘zlari teng bo‘lmagan dushmanga hujum qilib,
halokat topdilar.»
Aksariyat shaharliklar o‘z qarshiliklarini davom ettirdilar, tunda esa
yashirincha askarlarga yordam berib, mo‘g‘ul askarlariga qarshi hujumlar
uyushtirdilar. Chingizxon bunga javoban shaharni yoqib yuborishga
buyruq berdi. Ko‘kxon boshchiligidagi 400 ta mudofaachilar Buxoro
arkida yana 12 kun qattiq qarshilik ko‘rsatdilar. Arkni egallash uchun
qilingan mo‘g‘ullar hatti-harakatlari zoe ketdi. Qal’adagi chuqurliklar
odam va hayvon o‘liklari bilan to‘lib ketdi. Ko‘kxon va u boshchiligidagi
mudofaachilar qahramonona halok bo‘lganlaridan so‘nggina ark
egallandi. Buxoroliklar qarshiligi mo‘g‘ullarni qattiq g‘azablantirdi. Bu
jasorat evaziga mo‘g‘ullar shahar ahlidan 30000 chog‘li kishini qirib
tashladilar. Kelib chiqishidan qat’iy nazar qolgan aholi qullikka mahkum
etildi. Ma’rifatli, nozik ta’b, madaniyatli va ilmli Buxoro ahli sahroilar
tomonidan zulm va tahqirlanish girdobiga tortildi.
Buxorodan so‘ng Chingizxon Samarqand tomon yo‘l oldi. 1220 yil
mart oyi boshida u Samarqandga yetib kelib, yon-atrofdagi qishloqlarni
yer bilan yakson qildi. Chingizxon Samarqandni egallashga alohida
ahamiyat berdi. Samarqandning Movarounnahr uchun, Xorazmshohlar
uchun ahamiyati beqiyos ekanligini Chingizxon yaxshi bilar edi. Shuning
uchun uni egallashga katta e’tibor bilan qaradi. Shaharda 110.000 kishilik
harbiy garnizon (undan 60.000 tasi turkiy, 50.000 tojiklar edi.), 20 ta harb
ilmiga o‘rgatilgan fil ham mavjud edi. Sulton Muhammadning tog‘asi
192
To‘g‘ayxon shahar noibi bo‘lib, shahar mudofaaga birmuncha tayyor ham
edi.
Shahar oziq-ovqat zahirasi, mudofaa istehkomlarining puxtaligi
jihatidan bir necha yillik qamalga ham chidash mumkin edi. O‘z
qarorgohini mo‘g‘ullar bosqini boshlanishi bilanoq sarosimada Balxga
ko‘chirgan Sulton Muhammad ham Samarqand mudofaasiga umid ko‘zi
bilan boqar edi.
Chingizxonning o‘zi shahar tashqarisidagi Ko‘ksaroy qo‘rg‘onidan
turib shahar qamaliga boshchilik qildi. 1220-yilning mart oyining
boshlarida shahar qattiq qamal qilinib, to‘xtovsiz hujum boshlandi.
Qamalning 3-kunidan boshlab shahar qamaliga Chingizxonning shaxsan
o‘zi boshchilik qila boshlaydi. Qamalning beshinchi kuni ulamo, zodagon,
shahar harbiy boshliqlari keyingi qarshilik maqsadga muvofiq emas va
ommaviy qirg‘in bo‘lishini oldini olish kerak, degan maqsadda
mo‘g‘ullarga taslim bo‘lishga qaror qiladilar. Shahar qozisi va
shayxulislom boshchiligida Chingizxon huzuriga Samarqand ahli
nomidan elchilar tashrif buyuradilar. Mo‘g‘ullar Samarqand bosh suv
inshooti – «Jo‘yi arziz – «Qo‘rg‘oshli novasi» ni buzib tashlab, shaharni
tashnalik girdobiga giriftor qildilar. Shahar istehkomi buzib tashlandi. 20
000 chog‘li shahar mudofaachilari suv toshqini bois taslim bo‘lishga
majbur bo‘ldilar. Taxminan 1000 nafarli mudofaachilar esa, sulton
tomonidan 1211-1214 yillarda qurilgan Jome – masjidiga kirib,
dushmanga zarba bera boshladilar. Mo‘g‘ullar masjidiga o‘t qo‘yib,
mudofaachilarni tirik o‘limga mahkum etdilar. Shahar qozisi va
shayxulislom vakolati bilan tashqariga olib chiqib ketilgan 50000 nafar
kishidan boshqa barcha aholi qatlamlari behad talon-taroj qilindi. 30000
nafar hunarmand ahli Chingizxon qarindosh-urug‘lariga taqsim qilib
berildi. Tirik qolgan shahar ahliga 200000 dinor o‘lpon majburiyati
yuklatildi. Samarqandda jami aholining faqat ¼ qismigina tirik qoldi.
Mo‘g‘ullar tomoniga xiyonatkorona o‘tib ketgan sobiq shahar noibi
To‘g‘ayxon tez orada o‘zining 30000 kishisi bilan Chingizxon buyrug‘iga
ko‘ra qirib tashlandi.
Taslim bo‘lgan shaharda mo‘g‘ullar qilgan talon-tarojliklar tufayli
“sayqali ro‘yi zamin ast” deb ulug‘langan, sharqning buyuk shaharlaridan
biri hisoblangan, bir paytlar gullab-yashnab turgan Movarounnahr
poytaxti huvillab qoladi va yer bilan yakson qilinadi.
Hukmdorning subutsiz va ma’suliyatsizligi, harbiy boshliqlarning
o‘zaro ittifoq bo‘lmaganligi xalq, mamlakat taqdirini o‘z holiga tashlab
qo‘yishi oqibatida bu dahshatli voqea sodir bo‘lgan edi. Bu vaqtda Sulton
193
Muhammad Xorazmshoh janubda, Balxdagi o‘z qarorgohida turib,
voqelikni befarq kuzatuvchi sifatida harakatsiz turar edi. Mo‘g‘ullar kirib
kelayotgan vaqtdayoq unga Iroqqa qarab chekinishni ba’zi amaldorlar
maslahat berishgan edi. Ko‘pgina sargardonliklardan so‘ng sulton Kaspiy
dengizining janubidagi Ashuradi oroliga borib o‘rnashadi. Ham jismoniy,
ham ruhiy, ma’naviy ezilgan sobiq hukmdor bu yerda plevrit (o‘pka
qobig‘iga suv yig‘ilishi) kasaliga chalinib, o‘z o‘g‘illarini yoniga
chorlaydi. O‘z gunohlariga iqror bo‘lgan holda ushbu orolda xorlik va
azob-uqubat bilan 1220-yilning dekabr oyida vafot etadi. Oradan
birmuncha vaqt o‘tgandan so‘ng Jaloliddin otasining murdasini tog‘liq
Ardahi qal’asiga olib borib dafn etadi. Ardahi mo‘g‘ullar tomonidan zabt
etilgandan so‘ng, o‘z vaqtida sultonni tiriklayin qo‘lga tushira olmagan
alamzada mo‘g‘ullar uning murdasini kavlab olib, O‘gedeyga (O‘ktoy)
yuborishgan. O‘gedey esa uning murdasini yoqib yuborishni hamda kulini
ko‘kka sovurishni buyurgan. Shuningdek, xorazmshohlarning o‘z vaqtida
sulton tomonidan Ardahiga yashirilgan eng qimmatbaho 10 ta sandiqqa
joylangan javohirlari ham mo‘g‘ullar qo‘liga o‘lja bo‘lib tushgan edi.
Chingizxonning katta o‘g‘li Jo‘chi boshchiligidagi mo‘g‘ul
bosqinchilari reja bo‘yicha Sirdaryoning yuqori qismidagi yerlarni
egallashi lozim edi. Bosqinchilar ma’lum muddatdagi qamaldan so‘ng
Sig‘noq va Borchilig‘kent shaharlarini egallaganidan so‘ng mustahkam
qal’a hisoblangan Xo‘jandga hujum boshlaydilar. Mo‘g‘ullar 20.000 nafar
qo‘shin va 50.000 ming chog‘li asirga tushgan hasharchilarni Xo‘jand
atrofiga yig‘adilar. Xo‘jand hokimi Temur Malik asli turkiy
sarkardalardan bo‘lib, Xorazmshohlar davlatida nom chiqargan, sulton va
uning oilasiga tanish bo‘lgan shaxs edi. Mo‘g‘ullarga qarshi tura olish
mumkin emasligini sezgan Temur Malik (malik-hokim ma’nosida)
taxminan 1000 nafar askari bilan Xo‘janddan bir kilometr naridagi
Sirdaryoning mo`jazgina orolida joylashib oladi. Qulay strategik
ahamiyatga ega bo‘lgan orolga mo‘g‘ullar o‘qlari, palaxmon toshlari yetib
bormas edi. Temur Malik buyrug‘iga ko‘ra 12 ta qayiq yasatilib, o‘q
o‘tmasligi, yonib ketmasligi maqsadida bu qayiqlarning usti namat bilan
qoplanib, sirka bilan shimdirilgan loy bilan suvab chiqiladi. Temur Malik
uzoq vaqt mudofaa uchun endilikda orolchada turish maqsadga muvofiq
emasligini tushunib, bor oziq-ovqat zahirasi va askarlarini 70 ta kemaga
joylab, tunda daryoning quyi oqimi bo‘ylab suzib ketadi. Mo‘g‘ullar ikki
sohil bo‘ylab Temur Malik kemalariga to‘xtovsiz hujumni uyushtirar
edilar. Hatto Banokat bo‘yida daryoning u sohilidan bu sohiliga zanjir
ham tortib qo‘yadilar. Uzoq, uzluksiz jang bilan ular Jandga qadar yetib
194
keladilar. Mo‘g‘ul sarkardasi Ulus Idi Borchilig‘kent va Jand yaqinida
manjaniqlar (tosh otar zambaraklar) o‘rnatib, qayiqlarni bir-biriga
tutashtirib, jasur sarkarda yo‘lini to‘sadi. Uzoq janglardan so‘ng Temur
Malik Urganchga yetib keladi va Urganch himoyasida qatnashib,
Jaloliddinning ozodlik kurashida faol ishtirok etadi. Keyinroq, uzoq
sargardonliklardan so‘ng sarkarda Temur Malik o‘z yurtiga darvesh
sifatida kelib, qahramonona ravishda mo‘g‘ul harbiylari qo‘lida halok
bo‘ladi. Chingizxon 1220 yilning yozini Movarounnahr janubida
o‘tkazmoqchi bo‘ldi. Chunki u janub shaharlarini egallashga shaxsan bosh
qo‘shgan edi. Zero, janubda hali bosqinchilar qadami yetmagan bir qator
boy viloyat va shaharlar mavjud edi. Avval u Nahshabga bostirib bordi.
Shaharliklar mo‘g‘ullarning mislsiz zo‘ravonlik va bosqinidan yaxshi
xabardor edilar. Nahshab ahli dahshatga tushib, shaharni mo‘g‘ullarga
ixtiyoriy topshiradilar.
Chingizxon yozni Nahshabda o‘tkazib, 1220 yilning kuzida Termizga
yurishni boshlaydi. Termiz Hindiston va O‘rta Osiyo savdo yo‘llari
tutashgan bir qulay yerda joylashgan bo‘lib, uning Amudaryo sohiliga
tutashgan qal’asi o‘z vaqtida mustahkam ravishda barpo etilgan edi.
Termiz hokimi Faxriddin habash mo‘g‘ullar bosqiniga mardonavor turib
javob berishga qaror qildi. Mudofaaning o‘n birinchi kuni shahar
egallandi. Shahar butkul talon-taroj qilinib, xonavayron etildi. Shahar ahli
esa dashtga haydab chiqilib qirib tashlandi. Movaraunnahrning asosiy
qismlari-Sirdaryo havzasi, Zarafshon, Qashqadaryo vodiylari, Buxoro
vohasi, Shosh va Farg‘ona vodiysi egallangach, Chingizxon endilikda
o‘zining asosiy e’tiborini Xorazmshohlar davlatining markazi Xorazm
o‘lkasiga qaratdi. Bu yurishga o‘g‘illari Jo‘chi, Chig‘atoy, O‘ktoy
(Ugedey)larni mas’ul qildi. Ayniqsa, xon musulmon Sharqining eng katta
shahri bo‘lmish, madaniyat, savdo gullab yashnagan boy-badavlat
qadimgi Urganch (Gurganj) istilosiga katta ahamiyat bilan qaradi. Ushbu
yurish 1221 yilning boshida boshlandi.
1221 yilning boshida sulton deb e’lon qilingan Jaloliddin va
shahzodalar Oqshoh, O‘zloqshohlar bilan Urganchga keladi. Lekin
Urganchdagi siyosiy vaziyat, sobiq Jand noibi Qutlug‘xonning unga
qarshi suiqasdi, qipchoq sarkardalarining xoinona o‘zlarining tutishlari,
Jaloliddinni shahar mudofaasiga bosh bo‘lish fikridan qaytaradi.
Qipchoqlar uni hokimiyat tepasiga kelishini xohlamas edilar. Bunday
vaziyatda mudofaani tashkil etib bo‘lmasligi aniq bo‘lib qolgan edi.
Ushbu voqealardan so‘ng Jaloliddin Temur Malik bilan birgalikda 300 ta
kishi bilan shaharni tark etib Xurosonga yo‘l oladi. Uning ortidan esa, tez
195
orada Oqshoh va O‘zloqshohlar ham yo‘l olishadi. Jaloliddinning
faoliyatini alohida qayd etib o‘tish maqsadga muvofiq bo‘lgani uchun
keyinroq bu buyuk shaxs faoliyati to‘g‘risida batafsil to‘xtalinadi.
Urganchda esa shahardagi qipchoq sarkardalari-O‘g‘ul Hojib, Erbuqa
pahlavon, Ali Darug‘iyniy va boshqalar Turkon xotunning jiyani yosh
Xumorteginni sulton deb e’lon qiladilar. Turkon xotunning o‘zi
Mozandarondagi Ilol qal’asiga kelib o‘rnashib, o‘z hayoti va boyliklarini
saqlash taraddudiga tushadi. Qal’ada suvsizlikdan sillasi qurilgan sobiq
malika mo‘g‘ullarga asirga tushib, xorazmshohlar xazinasini ular qo‘liga
topshirdi. Qoraqurumda cho‘ri bo‘lgan Turkon xotun 1233 yili xor-u-
zorlikda vafot etadi. Xumortegin layoqatsiz, o‘z fikriga ega bo‘lmagan,
qo‘rqoq shaxs edi. Urganchga Chingizxonning o‘g‘illari Jo‘chi,
Chig‘atoy, O‘gedey, taniqli mo‘g‘ul sarkardalari Tulun cherbi, Ustun
no‘yon, Qozon no‘yon boshqalar o‘z harbiy kuchlari bilan yetib keladilar.
Xorazm Jo‘chi boshqaruvi ilkiga tushganligi uchun ham, Jo‘chi shaharni
tinchlik bilan mo‘g‘ullarga topshirishni talab etadi. Lekin nima bo‘lganda
ham jasur shahar himoyachilari mudofaaga qat’iy tayyorgarlik ko‘rib
jonajon shaharlarini mo‘g‘ullarga berishdan qat’iy bosh tortdilar. Poytaxt
atrofini 100.000 dan ziyod mo‘g‘ullar qo‘shini bilan o‘rab olish boshlandi.
Shahar devorlarini buzish uchun manjaniqlar o‘rnatiladi. Mo‘g‘ullar
shaharni katta kuch bilan zabt etishga kirishdilar. Yangi “sulton” shahar
mudofaasiga bosh bo‘la olmaydi. 1221 yili boshidan boshlangan Urganch
qamali deyarli 7 oy davom etadi. Shahar ahli mo‘g‘ullar qurol-yarog‘i,
palahmon toshlarni otuvchi manjaniqlar zambaraklardan cho‘chimay
mardonavor kurashga kiradilar. Nayza o‘qlaridan qo‘rqmay shahar
devorlarining buzilgan yerlarini qayta tiklay boshlaydilar. Bir guruh
urganchlik harbiy navkarlar shahardan deyarli 1 farsah uzoqlikdagi Bog‘i-
Xurram degan joyda mo‘g‘ullarga zarba berishga harakat qilib,
qahramonona jang qildilar. Lekin Juvayniyning yozishiga ko‘ra, jangda
qo‘shin va qurol jihatidan ustun mo‘g‘ullar shu yerlik tinch aholi
jangchilar bilan birgalikda 100.000 dan ziyod aholini qirib tashlaydilar.
Sulton zobitlarining boshlig‘i Faridun G‘uriy o‘zining 500 kishilik harbiy
otryadi bilan mardonavor shahar devorlari va darvozalari himoyasiga bosh
bo‘ladi. Lekin qo‘rqoq “sulton” Xumortegin shahar darvozasini ochib
berib, o‘z hayotini saqlab qolish maqsadida xiyonatkorona ravishda
mo‘g‘ullarga taslim bo‘ladi. Istilochilar shaharga bostirib kira
boshlaydilar. Urganchda tarixchilardan an-Nasaviy, Juvayniylarning
yozishlariga ko‘ra, har bir ko‘cha, mavzeni jon-jahdlari bilan himoya
196
qilganlar. Ko‘prik ustidagi jangda shaharliklar 3000 nafardan ziyod
mo‘g‘ul askarlarini qirib tashlashga ham muvaffaq bo‘ladilar.
Shahardagi janglarda Xorazmlik mashhur alloma, faylasuf va olim,
“Kubroviya” tariqatining asoschisi Ahmad ibn Umar Abul Janob
Najmiddin al-Kubro al-Xevaqiy (1145-1221 yy.) ham faol qatnashdi.
O‘ziga “Yo Vatan, yo sharofatli o‘lim” degan g‘oyani shior qilib olgan bu
76 yoshdagi buyuk shayx mo‘g‘ullarning taslim bo‘lish haqidagi
takliflarini rad etib, o‘zining behisob shogird, do‘st-yoron, muxlis-
safdoshlar bilan shahar ichki mudofaasida ishtirok etadi. Uning jangovar
chaqirig‘iga muvofiq har bir qarich yerni shaharliklar qahramonona
tarzda, bir tomchi qonlari qolguncha himoya qiladilar. Najmiddin Kubro
qahramonona tarzda jang qilib, o‘lim oldidan mo‘g‘ul navkariga tashlanib
uni avval halok qilib, shahid bo‘ladi. Shahar mudofaasi cho‘zilib, hatto
Chingiz o‘g‘illari Jo‘chi va Chig‘atoy o‘rtasida ham ixtilof chiqib,
shaharni egallash boshqa bir o‘g‘il - Ugedeyga topshirildi. Behisob qon
daryo bo‘lib oqib, bundan so‘nggi himoya befoydaligini sezgan
shaharliklar qolganlarni jonini saqlab qolish maqsadida taslim bo‘lishdan
o‘zga choralari qolmaydi. 100000 dan ko‘proq hunarmandlar ajratib
olinib, Mo‘g‘ulistonga jo‘natiladi. Shahar ahli dashtga haydab chiqarilib,
bolalar va ayollar bo‘lib olinadi. «Ortiqcha» asirlar haqoratli o‘limga
mubtalo etiladi. Juvayniyning yozishicha, har bir mo‘g‘ul askarga
shaharliklardan 24 ta o‘ldirilgan askar to‘g‘ri kelgan ekan. Qolgan barcha
narsalar beayov talon-taroj qilindi. Shahar qo‘lga olingandan uning asosiy
qismi buzilgan, xonavayron bo‘lgan edi. Shundan keyin ham mo‘g‘ullar
Amudaryo to‘g‘onini buzib, shaharni suvga bostiradilar.
Urganch qamali bilan bir vaqtda Chingizxon 1221 yilning bahorida
o‘zining e’tiborini Amudaryodan janubdagi yirik savdo yo‘llari ustida
joylashgan boy madaniyat markazlari bo‘lmish Balx, Hirot, G‘azna,
Qandahor, Nishopur va boshqalarga qaratdi. Chingizxon shaxsan Balx
yurishiga boshchilik qilib, shaharni zabt etdi. Balx aholisini esa qirib
tashladi. Ba’zi bir janublik Xorazmshoh noiblari, jumladan Amin-al mulk
ham mo‘g‘ullar tomoniga xiyonatkorona o‘tib ketdilar.
Jaloliddinga qarshi kurash vaqtida qator qal’a, shaharlar qattiq janglar
ila ishg‘ol qilindi (Bamiyon, G‘azna, Qandahor, Gardiz, Valiyon va
boshqalar.) Ularning janubdagi oxirgi egallagan shahri Hindistonning
shimoliy g‘arbidagi Mo‘lton bo‘lib qoldi.
Manbalarda “Jahon sultonlari poytaxti” va ”Insoniyat buyuk
farzandlari beshigi” nomini olgan Urganch, Sharqdagi “islom tayanchi”
Buxoro, qadimiy Afrosiyob vatani Samarqand, masjidlarning soni (1200
197
taga yetgan) bilan mashhur “qubbat-ul islom” Balx, o‘z madrasalari bilan
dong‘i ketgan Marv, o‘zining nozikta’b ilmli kishilari bilan ma’lum
Nishopur va ko‘plab ma’lum va mashhur shaharlar talon-taroj etilib
vayron qilindi. Mo‘g‘ullarning kuchli zarbasiga uchragan ba’zi shaharlar,
masalan, O‘tror, Sig‘noq, Borchilig‘kent va boshqalar umuman uzoq
vaqtgacha dasht-biyobonlarga aylanib qoldi. Shu davrda yashagan arab
tarixchisi Ibn al-Asir (1160-1244) mo‘g‘ul bosqini xususida shunday deb
yozgan edi: “Ular (ya’ni mo‘g‘ullar) hech kimga shavqat qilmadilar,
aksincha xotinlar, bolalar, erkaklarni o‘ldirdilar, homilador ayollarning
qorinlarini yorib, tug‘ilmagan go‘daklarni nobud qildilar... Bu musibat
to‘lqinlari turli tomonlarga tarqaldi va uning fojeasi umumiy bo‘lib qoldi
hamda u shamol bulutlarni turli tomonga haydagani kabi butun
viloyatlarga yoyildi. Xitoy chegaralaridan bir xalq chiqib Turkistondagi
Qashg‘ar va Bolasog‘un kabi viloyatlarni, Movaraunnahrdagi Samarqand,
Buxoro va boshqa shaharlarini vayron etib, qirg‘in qilib, talon-taroj qilib
egalladi. Tatarlar hech qaysi shaharlarni omon qoldirmadilar ketayotib
hamma yerni vayron etdilar. Ular nimaniki yonidan o‘tgan bo‘lsalar
o‘zlariga yoqmagan barcha narsalarga o‘t qo‘ydilar”.
Do'stlaringiz bilan baham: |