O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING BMTNING BOLALAR JAMG‘ARMASI (UNICEF) BILAN O‘ZARO HAMKORLIK MUNOSABATLARI
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va YUNISEF o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi Asosiy bitim Toshkent shahrida 1994-yil 19-dekabrda imzolangan. Ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan 1995-yil 22-dekabrda ratifikatsiya qilindi.
YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1994-yil 1-mart kuni ochilgan. 1994-yildan 2000-yilgacha O‘zbekiston Respublikasi bilan YUNISEF o‘rtasida Birinchisi Davlat dasturi; 2000–2004-yillar mobaynida Ikkinchi Davlat dasturi amalga oshirildi. Unga ko‘ra, 19 mln. AQSh dollari ajratilgan. 2009-yil 30-noyabrda O‘zbekiston Respublikasi va YUNISEF o‘rtasida 2010–2015-yillarga mo‘ljallangan Uchinchi Davlat dasturi imzolandi. Ushbu dastur doirasida YUNISEF mamlakatdagi loyihalarni moliyalashtirishni yiliga 5 million dollardan 7 million dollargacha oshirdi. YUNISEFning 2010–2015-yillar uchun mo‘ljallangan umumiy yordami $42,234 mln.ni tashkil etadi, shundan $19,734 mln.i YUNISEF jamg‘armalari, $ 22,5 mln.i donorlar hisobiga amalga oshirilgan.
YUNISEFning O‘zbekistondagi faoliyati Fondning Davlat dasturlari doirasida amalga oshiriladi va quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
• aholi farovonligini oshirishga ko‘maklashish;
• onalik va bolalikni himoya qilish;
• bolaning hayotini yaxshilashga yordam berish.
Bundan tashqari, YUNISEF bola tug‘ilishini belgilashning, xavfsiz onalik, onadan bolaga o‘tadigan OIV / OITS infeksiyalari profilaktikasi bo‘yicha xalqaro mezonlarni O‘zbekistonda tatbiq etishni qo‘llab-quvvatlash uchun harakat qilmoqda.
Shu bilan birga, vakolatxona quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z faoliyatini amalga oshiradi:
• qizamiq, poliomiyelitni bartaraf etish, chaqaloqni emlash qamrovini oshirish, diareya va nafas olish infeksiyalari kabi bolalik kasalliklarini boshqaruvini takomillashtirish orqali kasallikka qarshi himoyani rag‘batlantirish;
• yod tanqisligi bilan bog‘liq salomatlik muammolarini tuzning umumiy yodlashuviga erishish orqali hal etish;
• 6 - 9 oylik bolalar uchun A vitamini qo‘shimchalarini bolalar salomatligini yaxshilash va chaqaloqlar va bolalar o‘limini kamaytirish strategiyasi sifatida ta’minlash;
• bola tug‘ish yoshidagi ayollar, homilador ayollar va mamlakatning tanlab olingan eng zaif hududlaridagi bolalarda uchraydigan kamqonlikni kamaytirish uchun temir qo‘shimchalari bilan ta’minlash;
• bolalik yoshidagi kasalliklarga, emlashning xavfsiz usullari, laktatsiyani boshqarish va vitamin yetishmasligini nazorat qilishni birlamchi tibbiy yordam tarkibiga kiradigan tibbiyot maktablarining o‘quv dasturlariga tatbiq etishni ta’minlash.
2016-yil 15-aprelda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va YUNISEFning Toshkentdagi vakolatxonasi o‘rtasida 2016-2020 yillarga mo‘ljallangan yangi Davlat dasturi imzolandi.
Mazkur Davlat dasturi BMTning Taraqqiyot uchun yordam ko‘rsatish bo‘yicha Asosiy dasturi (UNDAF)ni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan. Umumiy byudjeti 32,7 million dollarni tashkil qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |