O‘ZBEKISTON REPUBLIKASI VA BIRLASHGAN MILLATLAR TASHKILOTI TARAQQIYOT DASTURI (BMTTD) O‘RTASIDAGI HAMKORLIK
BMTTD O‘zbekistonda o‘z faoliyatini 1993-yildan buyon “O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi o‘rtasidagi kelishuv” (1993-yil 10-iyunda imzolangan va 2000-yil 25-aprelda qo‘shimchalar kiritilgan) asosida amalga oshirib kelmoqda.
BMTTDning doimiy vakili bir vaqtning o‘zida O‘zbekistondagi barcha BMT vakolatxonalarining operativ faoliyatini muvofiqlashtirib boradi.
Hozirgi vaqtda Toshkentdagi BMT va BMTTDning doimiy vakili Stefan Prisner hisoblanadi.
1999-yildan buyon loyihalarni tayyorlash va alamga oshirish BMTTDning Davlat hamkorlik dasturi (DHD) asosida olib borilmoqda va bu dastur avvaliga uch yillik (2005-yilgacha), keyin besh yillik hamkorlik dasturi va hozirda olti yillik dastur amalga oshirilmoqda.
DHDning asosiy maqsadi – Respublika Hukumatiga qisqa va o‘rta muddatli muhim ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish vazifalarini amalga oshirish uchun texnik va konsultativ ko‘mak ko‘rsatish.
O‘zbekiston Respublikasi va BMTTD o‘rtasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari BMTning 2010-2015-yillarda O‘zbеkiston Rеspublikasini rivojlantirish maqsadida yordam ko‘rsatish doirasidagi dasturi, BMTTDning 2010-2015-yillar uchun DHDsi va 2010-2015-yillar uchun DHDni amalga oshirish rejalarida ko‘rsatilgan.
2011-yil 22-25-may va 2014-yil 15-20-oktabr kunlari BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, BMTTD rahbari H.Klark O‘zbekistonga tashrif buyurdi.
Tashriflar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov, Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari, moliya vaziri R.Azimov, Tashqi ishlar, Iqtisodiyot va Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirlari bilan uchrashdi.
Shu bilan birga, H.Klark Toshkent, Buxoro va Xorazm viloyatlariga bordi.
1993-yildan 2014-yilgacha BMTTD O‘zbekistonda umumiy miqdori 191,6 mln. AQSh dollaridan ortiq bo‘lgan 227 ta loyihani amalga oshirdi. 2015-yilda BMTTD 15,7 mln. AQSh dollari miqdorida 29 loyiha amalga oshiryapti.
BMTTD milliy davlat tashkilotlariga quyidagi asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha ko‘mak berib kelmoqda:
- ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasida boshqaruv va kam ta’minlanganlikka qarshi kurashish (qishloq joylarini rivojlantirish, xususiy sektor va mikrokreditlash, siyosiy maslahatlarni ishlab chiqish va taqdim etish mavqeyini oshirish, hamda OIV/OITSga qarshi kurash, IKTni rivojlantirish);
- yer resurslarini va energiya ta’minotini boshqarish (bioxilma-xillikni saqlab qolish, yerdan samarali foydalanish, chiqindilarni yo‘q qilish va ifloslanishga qarshi kurashish, energiyadan ratsional foydalanish);
- demokratiyalashtirish sohasidagi jarayonlarni muvofiqlashtirish (milliy mutaxassislarni tayyorlash, ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlash, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, demokratik institutlarni rivojlantirish).
Do'stlaringiz bilan baham: |