1-§.
Huquqiy tartibga solish tushunchasi
Hozirgi zamonda davlat va huquq nazariyasi ikki asosiy yo‘nalishda rivojlan- moqda: birinchi – qonunchilikni takomil-
lashtirish, yuridik normalarni jamiyat erishgan yangi darajaga muvofiq holga keltirish; ikkinchisi – amal qilib turgan huquq normalarining samarali hara- katlanishini ta’minlashdan iborat. Keyingi ta’kidlangan vazifa huquqiy tartibga solish mexanizmini mufassal o‘rganishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasining davlat boshlig‘i Sh. Mirziyoev «Qonun us- tuvorligi va inson manfaatlarini ta’minlash – yurt taraqqiyoti va xalq farovon- ligining garovi» nomli ma’ruzasida shunday dedi: «Hozirgi kunda qonunlarning islohotlar samarasiga ta’siri yetarlicha sezilmayapti. Ularning ijtimoiy muno- sabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolmoqda»1. Yana bir ma’ruzada, – «Qonun talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq har bir holat yuza- sidan aniq huquqiy ta’sir choralarini ko‘rish kerak», – dedi2. Ushbu rahbariy ko‘rsatma mamlakat miqyosida qonunlar samarasini oshirish, ularning ijro- sini ta’minlashning ta’sirchan choralarini ko‘rish, ayniqsa, barcha sohalarda huquqiy tartibga solish mexanizmlarini jiddiy takomillashtirish masalasini kun tartibiga qo‘ymoqda.
Davlatchilikni demokratik isloh qilish va modernizatsiyalash sharoitida namoyon bo‘layotgan yangi tendensiyalarni inobatga olgan holda jamiyat huquqiy ustqurmasini muttasil takomillashtirib borish lozim. Ma’lumki, kishilik jamiyati o‘zining muayyan darajada batartibligi va uyushganligi bilan tavsiflana- di. Jamiyat o‘z rivojlanishi mobaynida kishilar xulq-atvorini tartibga soluvchi, me’yorlovchi usul va vositalar tizimini shakllantiradi. Ijtimoiy tartibga soluvchi vositalar orasida, avvalo, ijtimoiy normalar muhim o‘rin tutadi. Ijtimoiy nor- malar – axloq normalari, odat normalari, huquq normalari, an’analar, jamoat birlashmalarining normalari, diniy normalar kabi turlarga ajraladi. Ular turli ijtimoiy-siyosiy guruhlar hamda qatlamlar tomonidan vujudga keltiriladi. Xu-
1 Mirziyoyеv Sh. Qоnun ustuvоrligi vа insоn mаnfааtlаrini tа’minlаsh – yurt tаrаqqiyoti vа хаlq fаrоvоnligining gаrоvi. – T.: «O‘zbekiston», 2017. – 8-bеt.
2 Qаrаng: Mirziyoyеv Sh. Erkin vа fаrоvоn, dеmоkrаtik O‘zbеkistоn dаvlаtini birgаlikdа bаrpо etаmiz.
– T.: «O‘zbekiston», 2017. – 25-bеt.
susan, davlat o‘z funksiyalarini bajarish va maqsadlariga erishish uchun huquq normalarini yaratadi. Davlat huquq normalari yordamida ijtimoiy munosabat- larni huquqiy tartibga soladi.
Huquqiy tartibga solish ehtiyoji obyektiv ijtimoiy zaruriyatdir. Zero, muntazam maromlilik va batartiblik har qanday ishlab chiqarish usulining ta- labi bo‘lib, u shu tufayli ijtimoiy barqarorlik hamda mustaqillikka ega bo‘ladi. Qat’iy tartib iqtisodiy rivojlanishni tasodiflardan va beboshliklardan saqlab turadi. Bunday tartibni davlatning majburlov kuchiga tayanuvchi huquqqina ta’minlay oladi. Huquqiy normalarda ijtimoiy munosabat ishtirokchilari faoli- yatining andozasi (modeli), kishilar yurish-turishi, xatti-harakatining algoritmi, taraflarning huquq va majburiyatlari me’yori aks ettiriladi. Huquq insonlar xatti-harakatini subyektiv huquq va yuridik majburiyatlar shaklida me’yorlash (modellashtirish) orqali ijtimoiy munosabatlarni tartibga soladi.
Huquq normalari jamiyat hayotining asosiy jabhalarini normativ tarzda tartibga solib turadi. Huquqiy normalarning ijtimoiy munosabatlarga ta’siri, ularni tartibga solishi huquqni amalga oshirish jarayonining bevosita natijasi- dir. Mazkur qoidani tushunib olish uchun «huquqiy ta’sir etish» va «huquqiy tartibga solish» iboralarining ma’nosini tahlil qilish lozim. Bunda eng av- valo, «ta’sir etish» va «tartibga solish» tushunchalarini aniqlash talab etiladi, chunki ular aynan bir ma’noli so‘zlar emas. «Tartibga solish» iborasi lotincha
«regulo» so‘zidan olingan bo‘lib, qoida, batartiblash, yo‘lga qo‘yish, bir narsani ikkinchisiga muvofiqlashtirish ma’nosini anglatadi. «Ta’sir etish» iborasi esa, biror narsaga xatti-harakatlar tizimi vositasida yondashib, uni o‘zgartirishga erishishdir. «Ta’sir etish» tushunchasi o‘z hajmiga ko‘ra «tartibga solish» kategoriyasidan keng. Ta’sir etish ham huquqiy normalar yordamida xulq- atvorni tartibga solishi, ham boshqa huquqiy vositalar va usullar orqali kishilar xulq-atvorini o‘zgartirishga erishishi mumkin.
Yuridik adabiyotda ba’zi tadqiqotchilar huquqiy tartibga solish tushun- chasiga inson ongi va xulq-atvoriga huquq ta’sir etishining barcha turlarini kiritadilar, boshqa olimlar esa, mafkura va tarbiyani huquqiy tartibga solish mazmunidan tashqariga chiqaradilar. Ikkinchi yondashuv tarafdorlarining fikri ancha jo‘yali ko‘rinadi. Unga muvofiq, huquqiy tartibga solish – huquqning ijtimoiy munosabatlarga maxsus yuridik vositalar tizimi yordamida ta’sir etish- dir. Chunki, hamma huquqiy hodisalar ham ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishga qodir emas. Demak, «ijtimoiy munosabatlarga huquqiy ta’sir etish» iborasi nisbatan keng tushuncha bo‘lib, o‘z mazmuniga jamiyat hayotiga huquq ta’sirining barcha yo‘nalishlari va shakllarini qamrab oladi. Huquqning bunday ta’siri – normativ (umummajburiy) regulyatorlik, mafkuraviy va tarbiyaviy shakllarda namoyon bo‘ladi. Huquq ishlab chiqarish (iqtisodiy) munosabat-
lariga va ularga asoslangan boshqa munosabatlarga ta’sir etib, ularni mustah- kamlaydi, qo‘riqlaydi va rivojlantiradi. Huquqiy ta’sir etish natijasida ilg‘or va ijobiy ijtimoiy munosabatlar huquqiy himoya qilinadi hamda takomillashtiriladi. Jamiyat manfaatlariga mos kelmaydigan yoxud eskirgan munosabatlar esa ijtimoiy turmushdan siqib chiqariladi.
Shuni nazarda tutish joizki, huquqning o‘zi bevosita ijtimoiy munosabat- lar tizimini yaratishi, o‘zgartirishi hamda rivojlantirishi mumkin emas. Huquq ushbu munosabatlar ishtirokchilarining ongiga ta’sir etish orqali, shuningdek qat’iy harakat qoidalarini o‘rnatib, ularni tartibga soladi. Ijtimoiy munosabat (shu jumladan, huquqiy munosabat) qatnashchilari ongli va irodaviy harakat- larni sodir etadilar. Shu bois mazkur munosabatlarga huquqiy ta’sir etish, ular- ni yo‘lga solib turish mumkin bo‘ladi. Huquqiy tartibga solish huquqiy ta’sir etishning ancha mustaqil va faol ko‘rinishlaridan biridir. U maxsus amalga oshiriladigan faoliyat hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |