Dastlabki bosqich – tabiiy huquqni qonun darajasiga ko‘tarish (ijobiy huquq), uni normativ shaklda ifodalash. Tabiiy huquqning o‘zagini inson huquqlari, uning inson va jamiyat tabiatidan kelib chiquvchi ijtimoiy-huquqiy talablari tashkil etadi. Bu talablarni qanoatlantirish uchun davlat ularni qonun yo‘li bilan, normativ darajada tan olishi kerak. Inson huquqlarini qonun darajasiga ko‘tarish: a) ularni konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yishni; b) ularni amaldagi qonunchilik hujjatlarida mustahkamlashni nazarda tutadi.
Ikkinchi bosqich – qonunni amalga oshirishning har xil mexanizmlari ishga solinadi. Bu mexanizmlar yordamida qonun qoidalarini subyektiv huquqlar va yuridik majburiyatlarning muayyan mazmuniga o‘tkazish amalga oshiriladi. Bu mexanizmlar rang-barangdir, chunonchi, unga qonunni hukumat, vazirliklar, idoralar, o‘zini o‘zi boshqarish organlarining qonun osti normativ hujjatlarida va mahalliy ahamiyatga molik boshqa normativ hujjatlarda aniqlashtirish; qonun normalarini rasmiy sharhlash, hujjatlar orqali tushuntirish; qonunni qabul qilish, qo‘llash va majburiy ijro etish taomillarini tartibga soluvchi protsessual normalar; huquq normalarini qo‘llashga doir har xil hujjatlar kiradi. Davlat organlarining huquqiy hujjatlarni tayyorlash va qabul qilish borasidagi faoliyati ham shu bosqichga kiradi.
Yakunlovchi bosqich – huquqni bevosita amalga oshirishdan iborat. Aynan shu bosqichda huquqlar abstrakt imkoniyatdan real voqelikka aylanadi va bu huquq sohibining xohish-irodasiga ko‘ra yuz beradi, ya’ni huquqning amalga oshish-oshmasligi, agar amalga oshirilsa, bu qachon va qay darajada yuz berishi huquq subyektiga bog‘liq bo‘ladi.
Dunyo davlatlarida huquqni amalga oshirish o‘z xususiyatlariga ega. Masalan, anglo-sakson huquqi mamlakatlarida huquqni amalga oshirish jarayoni boshqacha kechadi. Huquqiy talablarni, ya’ni tabiiy huquqni majburiy norma darajasiga ko‘tarish sud tomonidan amalga oshiriladi. Sud muayyan yuridik ishni ko‘rib chiqar ekan, yuzaga kelgan nizoning haqiqiy holatlari, taraflarning da’volarini mufassal tahlil qiladi va ularning o‘zaro huquq va majburiyatlarini aniqlab, janjalni hal qiladi. Ishni hal qilish chog‘ida presedent – o‘xshash ish bo‘yicha ilgari chiqarilgan sud qarori normativ asos sifatida maydonga chiqadi.
Mazkur huquqiy tizimda huquqiy talabni amalga oshirish mexanizmi roman-german huquqiy tizimidagi shunday mexanizmga qaraganda soddaroq, chunki oldindan qonun yo‘li bilan mustahkamlab qo‘yishni taqozo etmaydi. Sudyaning o‘zboshimchaligi xavfini oshirib ko‘rsatish yaramaydi, chunki sud qarori ustidan yuqori sudga shikoyat berish imkoniyati doimo mavjud bo‘ladi. Masalan, anglo-sakson huquqi vujudga kelgan Angliyada oliy sud instansiyasi vazifasini Angliya Parlamentining yuqori palatasi – Lordlar palatasi bajaradi.
Shunday qilib, huquqni amalga oshirish nimaligini tushunish uchun quyidagilarni anglab olish kerak: huquqni tatbiq etishdan amalda subyektiv huquqqa ega bo‘lgan shaxs, ya’ni huquq subyektigina manfaatdordir. Boshqa barcha shaxslar – majburiyat olgan taraf, huquqni qo‘llovchi, qonun chiqaruvchi organ pirovard natijada vakolatli shaxs manfaatlarini ko‘zlab ish ko‘radi. Ko‘rsatilgan shaxslar va organlar faoliyati, bu faoliyatni tartibga soluvchi yuridik normalar jamuljam holda huquqni amalga oshirishning murakkab va ko‘p jihatli mexanizmini tashkil etadi. Binobarin, huquqni amalga oshish-oshmasligi masalasining yechimi bu huquq sohibiga bog‘liq bo‘ladi. Huquqni amalga oshirish mexanizmi faqat uning xohish-irodasiga ko‘ra ishga solinishi mumkin. Mazkur mexanizmning mavjudligi, uning sifatli va samarali ishlashga qodirligi muhimdir. Subyektiv huquqni himoya qilish mexanizmlari, ya’ni yuridik javobgarlik mexanizmlari huquqni amalga oshirishning tarkibiy qismi hisoblanadi. Himoya qilish jarayonida huquq tiklanadi va yana uni amalga oshirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Yuridik javobgarlik subyektiv huquqlarni g‘ayriqonuniy tajovuzlardan muhofaza qilishni muayyan darajada ta’minlaydi va shu tariqa ularni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |