Siyosiy tizimning Jamiyat siyosiy tizimining ichki tuzi2-§.tarkibiy tuzilishi lishi (strukturasi)ni to‘g‘ri tavsiflash uchun
va funksiyalari unga kiruvchi qismlarni aniqlab olish mezonlarini qat’iy belgilash lozim. Bundagi
asosiy talab sistemaga kiruvchi qismlarning ichki batartibligi (tashkiliy mezon) va faoliyatining siyosiy yo‘naltirilganligi (siyosiy mezon) hisoblanadi. Ushbu talab (mezon)lar siyosiy tashkilotning ijtimoiy vazifasi, maqsadi, funksiyalari, faoliyatining asosiy sohalari, faoliyat yuritish va tashkiliy prinsiplarini aks ettiruvchi nizom, dastur, ustavlarda normativ tarzda rasmiylashadi.
Faoliyatning siyosiy yo‘naltirilganligini aks ettiruvchi mezon siyosiy sistemaning u yoki bu instituti uchun quyidagicha ahamiyat kasb etadi: birinchidan, muayyan ijtimoiy birlikning, sinf yoki guruhning siyosiy manfaatlarini ifodalashga qodir bo‘lish; ikkinchidan, siyosiy hayot va siyosiy munosabatlarning ishtirokchisi bo‘lish; uchinchidan, davlat hokimiyatiga bevosita yoki bilvosita aloqador bo‘lish – hokimiyatga egalik qilish, uni shakllantirish yoki undan foydalanish, davlat organlari bilan hamkorlik qilish yoki ularga muxolifatda bo‘lish shakllaridan birontasining mavjud bo‘lishi; to‘rtinchidan, o‘z faoliyatida mamlakat siyosiy hayotida qaror topgan siyosiy norma yoki qoidalarni qo‘llash1.
Mazkur mezonlarga rioya etgan holda siyosiy sistema subyektlari tanlab olinadigan bo‘lsa, ular qatoriga davlat, barcha siyosiy partiyalar va ba’zi jamoat birlashmalari (ijtimoiy harakatlar) kiritilishi mumkin. Eng asosiy talab ularning siyosatga daxldorligi, siyosiy manfaat va maqsadlarni ko‘zlashi hamda ularga erishish yo‘lida harakatlana olishidir.
Siyosiy va huquqiy adabiyotlarda siyosiy tizimning tarkibiy tuzilishini tashkil etuvchi elementlar siyosiy hokimiyatni shakllantirish va amalga oshirishdagi o‘rniga qarab quyidagi qismlardan iborat, deb e’tirof etiladi:
tashkiliy jihat – davlat, siyosiy partiyalar, ijtimoiy harakatlar, jamoat
birlashmalari, nodavlat tashkilotlar (institutsional element); me’yoriy jihat – huquq, siyosiy norma va an’analar, siyosiy hayot doira-
sidagi axloq va madaniyat qoidalari (normativ element); aloqalar tizimiga oid jihat – siyosiy institutlar o‘rtasidagi aloqa bog‘lash vositalari va shakllari: saylovlar, referendumlar, ommaviy muhokamalar, majlislar, davlat va siyosiy partiyalarning aholiga murojaatlari, ommaviy axborot vositalarining faoliyati va boshqalar (kommunikativ elementlar); mafkuraviy jihat – siyosiy ong, jamiyatda hukmron bo‘lgan va uni
yo‘naltiruvchi siyosiy mafkura (g‘oyaviy, mafkuraviy element).
Siyosiy tizimni tashkil etuvchi yuqorida qayd etilgan to‘rtta kichik tizim siyosiy maqsadlarning amalga oshirilishida muayyan vazifalarni bajaradi. Masalan, tashkiliy kichik tizimga kiruvchi davlat va siyosiy partiyalar siyosiy maqsadlarni amalga oshirish uchun tuziladi. Qolgan boshqa kichik tizimlar, jumladan, jamoat birlashmalari, nodavlat notijorat tashkilotlari esa, siyosiy maqsadlar uchun emas, balki ma’lum guruhlarning madaniy, jismoniy va malakaviy manfaatlarini qondirishga xizmat qiladi.
Madaniy-mafkuraviy tizimning vazifasi siyosiy partiyalarning muayyan g‘oyalar va qarashlarga tayanishi bilan bog‘liq. Siyosiy partiyalar jamiyat taraqqiyotining yo‘nalishlari, hokimiyat uchun kurash uslublari va konsepsiyalaridan kelib chiqib, turli g‘oyalarni ilgari surishlari mumkin. Siyosiy partiyalar mamlakatda amal qilayotgan qonunlar, huquqiy normalarga to‘la-to‘kis rioya qilsalar, jamiyat siyosiy tizimida o‘zlarining munosib o‘rinlariga ega bo‘ladilar, aks holda, ularning faoliyati davlat tomonidan to‘xtatib qo‘yilishi mumkin.
Bugungacha dunyo siyosiy tarixida liberal, konservativ, radikal, milliy, sotsialistik va boshqa turdagi mafkuralar ilgari surilganligi ma’lum. Demokratik davlat ma’lum bir mafkuraviy konsepsiyaga tayansa ham, u yoki bu mafkurani davlat mafkurasi sifatida belgilamaydi. Siyosiy me’yor – davlat va siyosiy tuzilmalar darajasida tan olingan siyosiy axloq hisoblanadi. Uning asosiy hujjati konstitutsiya bo‘lib, u jamiyat va davlat hayotining normalarini o‘zida aks ettiradi.
Axborot-kommunikatsiya tizimining o‘rni siyosiy jarayonlarni xalqqa xolisona yetkazish va baholash bilan belgilanadi. Bunda asosiy o‘rinni televideniye, gazeta va jurnallardagi siyosiy va huquqiy rukndagi ko‘rsatuv va maqolalar egallaydi. Ayniqsa, kompyuter tizimidan axborot olish manbayi yuqori o‘rinda turadi. Chunki, «Internet» tizimi o‘ziga xos ahamiyatga ega.
Siyosiy tizimning yuqorida qayd etilgan kichik tizimlari mustaqil faoliyat ko‘rsatsalarda, ammo bir-birlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Ularning o‘zaro uyg‘un holatdagi faoliyati siyosiy tizim barcha mexanizmlarining normal ishlashini ta’minlaydi.
Siyosiy tizimni bunday tushunish unga kompleks yondashishni bildiradi. Yuqoridagi talqindan kelib chiqib, siyosiy tizimni quyidagi asosiy tarkibiy qismlarini ajratib ko‘rsatish maqsadga muvofiq:
siyosiy va huquqiy normalar;
siyosiy tuzilmalar (institutlar);
siyosiy faoliyat;
siyosiy ong;
siyosiy madaniyat.
Do'stlaringiz bilan baham: |