Jamiyat siyosiy 3-§.tizimida davlatning o‘rni
|
Tarixan olib qaraganda davlatni dastlabki siyosiy tashkilot deb hisoblash mumkin. Davlatning siyosiyligi shundaki, u
|
hukmronlikka intilgan va erishgan ijtimoiy
guruhlarning (sinflarning) manfaatini ifodalovchi tashkilot sifatida maydonga keldi. Keyinchalik ijtimoiy guruhlar, qatlamlarning manfaatlarini ifoda etuvchi boshqa uyushmalar, tashkilotlar, partiyalar vujudga kelib, o‘ziga xos siyosiy tashkilotlar yig‘indisi, majmui, tizimi hosil bo‘ldi.
So‘nggi asrlardagi sinfiy va demokratik jamiyatlarda davlatdan tashqari muayyan ijtimoiy kuchlarning, guruhlar va qatlamlarning manfaatlarini ifodalovchi turli siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, ayollar va yoshlarning jamoat birlashmalari, sanoatchilar va fermerlarning tashkilotlari kabilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Ayni vaqtda, ular siyosatga muayyan ta’sir o‘tkazmoqda. Biroq, shunga qaramay davlat jamiyatning siyosiy tizimida markaziy o‘rin egallaydi.
Buning sababi quyidagi omillar bilan izohlanadi:
Birinchi – davlat manfaatlari o‘zaro kelisha olmaydigan turli ijtimoiy guruhlar, qatlamlar, sinflarning samarasiz ziddiyati va o‘zaro qarama-qarshiligining muqobili sifatida yuzaga keladi va faoliyat ko‘rsatadi.
Ikkinchi – davlat birgalikda hayot kechirish maqsadida uyushgan insonlarning ittifoqi, turmush faoliyatining tashkiliy shakli hisoblanadi. Insonlarning davlat bilan bo‘ladigan tarixiy, mafkuraviy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalari «fuqarolik» degan kategoriyada o‘zining mujassami, siyosiy-huquqiy ifodasini topadi. «Davlat jamoasi» ning har bir a’zosi davlatning mavjudligidan manfaatdor. Chunki, davlat vositasida shaxsiy daxlsizlik va erkinlik, oila va mulk muhofazasi, shuningdek shaxsiy hayot xavfsizligi kafolatlanadi. Shu tariqa individ (shaxs) dastlabki barqaror siyosiy sifatlarga ega bo‘lib, mamlakat siyosiy hayotining ishtirokchisiga aylanadi.
Uchinchi – davlatning vujudga kelishida jamiyatning ijtimoiy – sinfiy tabaqalanishi muhim rol o‘ynaydi. Bundan shu ma’no chiqadiki, davlat iqtisodda hukmron sinfning siyosiy tashkiloti sifatida namoyon bo‘ladi.
To‘rtinchi – davlat o‘z ijtimoiy manfaatlarini qondirish uchun birlashgan insonlar dastlabki siyosiy faoliyatining mahsulidir. Bu siyosiy voqeliklarning umumuniversalligi bilan bog‘liq. Siyosiy hayot ommaviy hokimiyat faoliyati va mamlakatning butun hududi miqyosida kechadi. Shu bois davlat siyosiy hayotni tashkillashtirish vositasi sifatida maydonga chiqadi. Davlat qonunchilik hujjatlari yordamida «siyosiy o‘yin qoidalarini» belgilaydi. Davlat mamlakat miqyosida siyosiy hayotning shakli sifatida jamiyat siyosiy tizimi bilan aynan mos keladi. Davlat o‘zining vazifasi va funksional xususiyatlari (tavsifi) bilan siyosiy tizimning bir qismi sifatida namoyon bo‘ladi.
Beshinchi – davlat jamiyatning siyosiy tizimi bilan fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi bog‘lovchi va muvofiqlashtiruvchi muhim bo‘g‘indir. U jamiyat manfaati uchun zarur umumijtimoiy funksiyalarni bajaradi. Masalan, transport, aloqa, uy-joy qurilishi, energetika ta’minoti, ekologiya sofligini ta’minlash, ta’lim tizimini tashkil etish va hokazo sohalarda davlat amalga oshiradigan faoliyat butun jamiyatning umumiy manfaatlarini aks ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiq, xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbayidir. Xalq bu hokimiyatni vakillik demokratiyasi (saylab qo‘yiladigan davlat hokimiyati organlari orqali) va bevosita demokratiya yo‘li bilan amalga oshiradi. Bevosita demokratiya shakllariga fuqarolarning davlatni boshqarishda, referendumda ishtirok etish hamda jamoat birlashmalariga uyushish huquqi kiradi. Fuqarolar bu huquqlarni turli jamoat tashkilotlariga uyushish yo‘li bilan amalga oshirishi mumkin. Bunday tashkilotlar qatoriga siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari, yoshlar tashkilotlari va har xil ijodiy uyushmalar kiradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 1 bobining mazmunidan kelib chiqib, siyosiy tizimga O‘zbekiston xalqi siyosiy faoliyati tashkiliy shakllarining majmui, deb ta’rif berish mumkin. Bunda davlatga xalq siyosiy faoliyatini tashkil etishning asosiy shakli sifatida qaraladi, chunki boshqa shakllar davlatga nisbatan ikkilamchi xususiyatga ega. Ular davlat oldida turgan vazifalarni hal qilishga nodavlat tuzilmalar vositasida yordam beradi, jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda barcha fuqarolarning ishtirok etishiga imkoniyat yaratadi, davlat hayotida demokratiya asoslarining yanada kengayishiga ko‘maklashadi. Jamiyat siyosiy tizimida davlatning asosiy o‘rni va roli davlat siyosiy tizimning asosiy elementi deb aytish imkonini beruvchi bir qancha xususiyatlar bilan belgilanadi.
Birinchidan, davlat O‘zbekiston Respublikasi ko‘p millatli xalqining siyosiy tashkiloti, ya’ni ijtimoiy, mulkiy mavqei, irqi, millati, kasb-kori va hokazolardan qat’i nazar, jamiyat barcha a’zolarining tashkilotidir. Shu bois, davlat butun xalq tashkiloti sifatida siyosiy tizimning boshqa tarkibiy qismlariga qaraganda kengroq ijtimoiy imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Ikkinchidan, davlat xalq manfaatlarining rasmiy ifodachisi sifatida, mulkning barcha shakllari rivojlanishi uchun shart-sharoit yaratadi.
Uchinchidan, davlat maxsus apparatga ega. Boshqa tarkibiy qismlardan farqli o‘laroq, bu apparat organlariga hokimiyat vakolatlari beriladi. Bunday vakolatlarga ayniqsa huquqni muhofaza qilish organlari ega bo‘ladi. Ular tarkibiga majburlov vazifalarini bajaruvchi ichki ishlar, soliq, bojxona, prokuratura va milliy xavfsizlik organlari kiradi.
To‘rtinchidan, siyosiy tizimning boshqa elementlaridan farqli o‘laroq, davlat organlari o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilish hamda ularning ijrosi ustidan nazorat tizimiga ega bo‘ladi. Jamoat tashkilotlari normativ hujjatlar qabul qilish huquqiga ega. Bu normativ hujjatlar faqat mazkur jamoat tashkiloti a’zolariga nisbatan tatbiq etiladi.
Beshinchidan, davlat suverenitetga, ya’ni davlat hokimiyatining barcha siyosiy partiyalar, muassasalar, fuqarolar va nodavlat tashkilotlariga nisbatan ustunlikka ega. U suverenitetga ega bo‘lgan holda, o‘zini o‘zi tashkil etadi va umummajburiy xulq-atvor qoidalari (qonunlar) qabul qiladi. Davlat qonunlar chiqarish orqali siyosiy tizimga kiruvchi barcha tashkilot, muassasa, birlashmalarning huquqiy maqomini belgilab beradi.
Shunday qilib, davlat jamiyat siyosiy tizimida alohida o‘rin egallaydi va undagi munosabatlarni tartibga solishda asosiy rol o‘ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |