IV bob. shakllari
V bob. DAVLATNING FUNKSIYALARI
Davlatning funksiyalari
1-§.tushunchasi, mazmuni va belgilari
|
Davlatning tabiati va ijtimoiy-tarixiy missiyasi (ijtimoiy vazifasi) uning funksiyalarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Davlatni o‘rganishga funksional yondashuv, ya’ni uni dinamik (harakatlanishdagi, faoliyat
|
ko‘rsatishdagi) vaziyatda tavsiflashni anglat-
di. Davlatni funksional tahlil etish, birinchidan, davlat tushunchasini chuqurroq mushohadalashga ko‘maklashadi; ikkinchidan, davlat faoliyatining mazmunini, aniq tarixiy vaziyatda harakatlanish mexanizmini ilmiy izohlash imkonini beradi; uchinchidan, davlat boshqaruvini oqilona amalga oshirish uchun davlatning tashkiliy strukturasini takomillashtirishga xizmat qiladi. Davlat faoliyatining turli tomonlarini tavsiflash, tushuntirish va bashorat qilish uchun «davlat funksiyalari» kategoriyasidan, davlatning siyosiy tizim instituti sifatida qanday faoliyatni amalga oshirishiga beriladigan tavsifdan foydalaniladi.
«Davlat funksiyalari» atamasi davlatning ijtimoiy vazifalari namoyon bo‘ladigan faoliyatining asosiy, eng muhim yo‘nalishlarini belgilash uchun qo‘llaniladi. Bunday faoliyat yo‘nalishlarining eng asosiy maqsadi jamiyatning barqaror turmush tarzini ta’minlashdan iboratdir. Davlat funksiyalarida davlatning mohiyati, ijtimoiy rivojlanishi va, eng avvalo, mamlakat aholisining turlituman manfaatlarini qondirish bilan bog‘liq asosiy masalalarni hal etishdagi aniq roli o‘z ifodasini topadi.
Huquqshunos olimlar V.M. Korelskiy va V.D. Perevalov «davlat funksiyasi – davlatning asosiy harakat yo‘nalishi va undan kelib chiqadigan maqsad va vazifalar»dir1, – deb ta’riflasa, N.I. Matuzov va A.V. Malkolar «davlat funksiyalari – davlatning tashqi va ichki faoliyatiga xos asosiy yo‘nalishlar bo‘lib, ushbu yo‘nalishlar davlatning sinfiy va umuminsoniy mohiyati asosida o‘z aksini topadi va muayyanlashadi»2, deb qayd etadilar. Z.M. Islamov davlat funksiyalari – faoliyat yo‘nalishi, biroq hech qachon faoliyatining o‘zi emas,
deb ta’kidlaydi1. Biroq, oxirgi mulohaza nazariy jihatdan bahslidir. Shunday qilib, yuridik adabiyotlarda «davlat funksiyasi» tushunchasiga oid yagona bir fikr hozirga shakllangani yo‘q. Ammo tadqiqotchilarning barchasi davlat funksiyasi davlatning mohiyati, ijtimoiy maqsadi, vazifalarini belgilab beradi, degan fikrda yakdildirlar.
Davlat funksiyalari taraqqiyotning u yoki bu bosqichida jamiyat oldida turgan asosiy vazifalarga qarab belgilanadi va bu vazifalarni ro‘yobga chiqarishning vositasi sifatida namoyon bo‘ladi. Davlat vazifalarining mazmuni esa, turli xil ichki va tashqi omillardan kelib chiqqan holda belgilanadi. Masalan, mamlakat iqtisodiy hayotidagi tanglik hodisalari davlatning, uning barcha organlarining kuch-g‘ayratini iqtisodiy vazifalarni hal qilishga jalb etishni talab qiladi. Jinoyatchilikning o‘sishi esa, davlatni jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish, jinoyatchilikni keltirib chiqarayotgan sabablar va shart-sharoitlarni aniqlash hamda ularga barham berish yuzasidan o‘z vaqtida jiddiy amaliy chora-tadbirlar ko‘rishga majbur etadi. Tashqaridan bo‘ladigan tajovuz davlat mexanizmini mamlakat aholisini tajovuzni bartaraf etishga tayyorlash uchun safarbar qiladi.
Mamlakatimiz davlat va huquq nazariyasi fani rivojlanishining hozirgi bosqichida davlat faoliyatiga uning funksiyalari nuqtayi nazaridan yondashuv kengaya borib, davlatning ijtimoiy vazifasi va binobarin, zimmasidagi barcha vazifalarini teranroq tushunishga olib kelmoqda. Mustaqillik sharoitida jamiyat hayotida yuzaga kelgan hozirgi yangi shart-sharoitlar davlat funksiyalari mazmuniga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Masalaga funksional yondashuv turli xalqlarda davlatning turli ko‘rinish va shakllarda yuzaga kelishi, rivojlanishi, almashishi, barham topishi, ya’ni davlatchilik shakllanishi va evolyutsiyasining uzoq tarixiy jarayonini yanada chuqurroq o‘rganish imkonini beradi. Ayni davlatchilik tushunchasi jamiyatning davlat bo‘lib uyushganligiga, mazkur jamiyat o‘zining davlat bilan hamohang tarixiy rivojlanishida bosib o‘tadigan turli bosqichlarga, va eng asosiysi, davlat bajaradigan turli funksiyalarga izoh beradi. Boshqacha aytganda, faqatgina statik va dinamik tavsif umumiy holda davlat kabi murakkab ijtimoiy institutning tabiatini chuqur anglashga imkon yaratadi.
Davlat funksiyalari quyidagi umumiy jihatlar bilan ta’riflanadi:
Davlat har bir funksiyasining mazmuni bir yo‘nalishdagi davlat faoliyatidan tarkib topadi. Davlat faoliyatining o‘xshash tomonlari ular qaysi ijtimoiy munosabatlarga daxldor bo‘lsa, ana shu munosabatlarning xususiyatidan kelib chiqqan holda bitta funksiyaga birlashtiriladi.
Muayyan faoliyat uchun maxsus tuzilgan ko‘p sonli davlat organlarining (masalan, moliya vazirligi, xalq ta’limi vazirligi, prokuratura organlarining) funksiyalaridan farqli o‘laroq, davlat funksiyalari uning faoliyatini butunlay qamrab oladi. Biroq, bu hol muayyan davlat funksiyalarini amalga oshiruvchi ayrim organlarning ahamiyatini kamaytirmaydi, chunki mazkur organlar ba’zida davlatning asosiy vazifalarini hal qilishda yetakchi rol o‘ynaydi. Davlat funksiyalarini uning ayrim organlari funksiyalaridan farqlash lozim. Agar davlat funksiyalari u amalga oshiradigan faoliyatning asosiy, ijtimoiy ahamiyatga molik, butun davlat apparatining ishi bo‘ysundirilgan yo‘nalishlariga javob bersa, ayrim davlat organlarining funksiyalari hamisha ham davlatning ijtimoiy vazifalari va mohiyatini ifoda etavermaydi.
Davlat funksiyalari kompleks, umumiy tusga ega. Ularda davlatning ichki va tashqi faoliyatidagi hal qiluvchi, hayotiy muhim yo‘nalishlarga qaratilgan sa’y-harakatlari qamrab olinadi.
Davlat funksiyalarini maxsus vakolatli organlar yoki turli davlat organlarining tarkibiy tuzilmalari tomonidan amalga oshiriladigan davlat faoliyatidan farqlash ham zarur. Masalan, jinoyat ishlarini tergov qilish, bojxona nazoratini amalga oshirish davlat faoliyatining turlari jumlasiga kiradi. Bu faoliyatlar maxsus tashkil etilgan maxsus davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat funksiyalari bu funksiyalarni ro‘yobga chiqarishning shakllari va uslublari bilan aynan bir narsa emas. Huquq ijodkorligi, ijroiya-farmoyish berish va huquqni muhofaza qilish faoliyati – hozirgi zamon davlati funksiyalarini amalga oshirishning asosiy huquqiy shakllari hisoblanadi. Davlat taraqqiyotning u yoki bu bosqichida o‘z oldida turgan vazifalarga muvofiq ishontirish, rag‘batlantirish yoki majbur etishning turli vositalaridan foydalanishi mumkin. Davlatning aniq funksiyasi esa, davlat hokimiyatini amalga oshirishning mazmuni, shakli va uslublari davlat faoliyatining muayyan yo‘nalishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Davlat funksiyalari o‘z mohiyat-e’tiboriga ko‘ra obyektiv xususiyatga ega. Uning har bir funksiyasi jamiyat va davlat o‘zaro hamkorligining, munosabatlarining zaruriy, qonuniy hosilasi sifatida maydonga chiqadi. Shu bois u yoki funksiyani bajarish yoki bajarmaslik davlatning ixtiyoriy xohishiga bog‘liq emas. Masalan, davlat o‘zining huquqni muhofaza etish, huquqiy tartibotni ta’minlash funksiyasini bajarmasa, jamiyat hayotida tartibsizliklar va boshqa salbiy oqibatlar kelib chiqishi mumkin. Bunday nobarqarorliklar ba’zan davlat tanazzuliga ham olib kelishi mumkin. Davlatning obyektiv tabiatli funksiyalari jamiyatning ehtiyojlariga muvofiq bo‘lgan taqdirda ular to‘la hajm va samara bilan amalga oshishiga umid qilish mumkin.
«Davlat funksiyasi» bilan «davlatning vazifasi» tushunchalarini chalkashtirmaslik lozim, ular bir xil hodisalar emas. Davlat oldida uning turli taraqqiyot bosqichlarida har xil vazifalar turadi. Ushbu vazifalarni hal etish uchun davlat funksiyalari bajariladi. Vazifa – bu jamiyat va davlat oldida turgan, o‘z yechimini kutayotgan muammo yoki masala. Funksiya esa, davlat faoliyatining yo‘nalishi, ijtimoiy muammolarni hal etish yo‘llaridir. Demak, funksiya hal etiladigan vazifalarga bog‘liq holda paydo bo‘ladigan davlat faoliyatining turidir. Tabiiyki, turli tarixiy vaziyatlarda davlat oldidagi vazifalar o‘zgarib turadi. Shunga ko‘ra, davlatning funksiyalari ham o‘zgarishi mumkin.
Davlatning maqsadi asosiy u intiladigan farovon, yorqin kelajak bo‘lib, uning barcha vazifalari ana shu oliy maqsadni ta’minlashga yo‘naltiriladi. Maqsad ustuvor bo‘lib, vazifalar uning manfaatiga bo‘ysundiriladi.
Shunday qilib, davlat funksiyasi tushunchasi davlatning tabiatini, uning faoliyati mazmunini chuqurroq anglash imkonini beradi. Davlatning mexanizmi (apparati) va shakllari uning statik holatini tahlil etish hamda idrok etish imkonini bersa, davlatning funksiyasi uning dinamik holatini tushunishga yo‘l ochadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |