Huquqiy tartibga solishning yuridik, sotsial va ma’naviy-ruhiy mexanizmlarini chuqur tatqiq etish alohida dolzarb masaladir. Bu borada, shuningdek, huquqiy tartibga solish yoki huquqni (qonunni) qo‘llash algoritmini o‘rganish yangi nazariy bilim va amaliy natijalar berishi mumkin.
Qonunni amalga oshirish mexanizmini takomillashtirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan masala hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2015-yil 23-yanvardagi qo‘shma majlisidagi ma’ruzada shunday ta’kidlandi: «Huquqni qo‘llash va amalga oshirish samaradorligini albatta o‘rganishni va shu asosda parlament palatalarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil ishlari dasturlariga zudlik bilan tuzatishlar kiritishni ko‘zda tutadigan me’yoriy huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash – bugungi kunda dolzarb vazifaga aylanishi darkor.»1.
Chamasi, qonunni amalga oshirishda samaraga erishish uchun «qonunning ichki mexanizmi» va «qonunni amalga oshirishning tashqi mexanizmi» uyg‘unligini ta’minlash juda zarur. Qonunning ichki mexanizmi mukammal bo‘lishi uchun undagi norma (modda) va qoidalar matnida huquq subyektlari huquq va majburiyatlarining o‘zaro mutanosibligiga erishish lozim. Uning tashqi mexanizmi esa, qonunning ijrosini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan me’yoriyhuquqiy hujjatlar qabul qilinishi, institutsional-tashkiliy chora va protsessual mexanizmlar yaratilishi talab etiladi. Bunda, shuningdek siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy (jamoatchilik nazorati) va yuridik kafolatlarga, huquqiy madaniyat omillariga tayaniladi.
Huquqiy prezumpsiyalar fanimiz diqqat-e’tiboridan chetda qolayotgan muhim mavzulardan biridir. Masalan, aybsizlik prezumpsiyasi mavzusi nisbatan tadqiq etilgan bo‘lsa, fuqarolarning huquqni bilish prezumpsiyasi va normativhuquqiy hujjatning konstitutsiyaviyligi prezumpsiyasi (shuningdek, qonunlarga mosligi prezumpsiyasi), shartnomaga ixtiyoriy amal qilish yoki majburiyatni ixtiyoriy bajarish prezumpsiyasi kabi masalalar hali yetarli o‘rganilmagan. Prezumpsiya huquqni qo‘llash jarayonida yuridik ahamiyatli holat(hodisa)larning mavjud bo‘lishi yoki bo‘lmasligi ehtimolini anglatadi.
Huquqiy hayotda, yuridik amaliyotda uchrayotgan yuridik ziddiyatlar, o‘z huquqiy yechimini topmay qolayotgan muammolar hamda kamchilik (qarama-qarshilik)larning ko‘lami davlat va huquq nazariyasi tomonidan «yuridik kolliziya» va «yuridik konflikt» kategoriyalari ma’no-mazmunini ilmiy tahlil etish zaruriyatini keltirib chiqarmoqda. Yuridik ixtiloflar (kolliziyalar) o‘xshash (analogik) munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar o‘rtasidagi nomutanosiblik yoki huquqni qo‘llash jarayonida subyektlarning vakolatlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik tarzida namoyon bo‘ladi.
Huquqni amalga oshirish (huquqning harakatlanishi) yoki huquqni qo‘llash samaradorligini oshirish ham dolzarb muammo sanaladi. Bu borada «huquqiy normaning samaradorligi», «huquqni qo‘llash faoliyatining samaradorligi» tushunchalari ta’rifini oydinlashtirish, samaradorlikni ta’minlash omillari, vositalari va usullarini ilmiy tadqiq etish ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |