Mantiqiy sharhlash – tafakkur jarayoni bo‘lib, huquqni talqin etayotgan shaxs sharhlashning boshqa usullariga murojaat etmasdan faqat mantiq usullari yordamida huquq normasini izohlash usulidir. Bunda huquqiy normaning matnidagi ifodalar, tushunchalar bir-biri bilan ichki mutanosibligi va mantiqiy jihatdan uzviy bog‘langanligiga e’tibor berilib, huquqiy normaning mazmuni aniqlanadi. Mantiqiy usul huquqiy holatlarni bilishda formal va dialektik mantiq vositalaridan foydalanishni taqozo etadi. Bunda sharhlashning obyekti normativ-huquqiy hujjat ichki qismlarining o‘zaro aloqadorligi hisob- lanadi. Mantiqiy sharhlashning maqsadi huquq normalarining mazmunini mantiq qonuniyatlari va prinsiplariga tayangan holda tushuntirishdan iborat bo‘ladi.
Mazkur sharhlash usuli yordamida huquq normasining mazmuni mantiqiy jihatdan qayta shakllantiriladi, tushunchasi mantiqiy tahlil qilinadi. Ularning hajmi, belgilari va aloqalari aniqlanadi. Huquqiy qoida hayotiy holatga yaqinlashtiriladi, shuningdek, o‘xshash va qarama-qarshi jihatlar o‘rganib chiqiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 30-moddasida «spirtli ichimliklarni yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilish natijasida o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan fuqarolik protsessual qonunda belgilangan tartibda cheklab qo‘yilishi mumkin»ligi belgilangan. Mazkur qoida talabiga ko‘ra, spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik vositalarini suiiste’mol qilib, o‘z oilasini og‘ir moddiy ahvolga solib qo‘yayotgan fuqaroning muomala layoqati sud tomonidan cheklanmasa, u mantiqan muomala layoqatiga ega, deb hisoblanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni teleologik (maqsadli) sharhlash ularni chiqarishdan ko‘zlangan bevosita, yaqin kelajakdagi, pirovarddagi maqsadlarni belgilashga qaratilgan bo‘ladi.
Teleologiya, ya’ni maqsadga muvofiqlik va hayotdagi maqsadlar to‘g‘risidagi ta’limotga muvofiq, huquq va uning ayrim tarkibiy qismlari tizimli hodisa sifatida aniq maqsadga yo‘naltirilgandir.
Teleologik sharhlash qonun qanday maqsadni ko‘zlaganligi bilan bog‘liq holda uning ma’nosini aniqlashdir. Norma va uni amalga oshirishning obyektiv oqibatlari bilan aloqasi teleologik sharhlashni mustaqil usul sifatida ajratib ko‘rsatish uchun asos bo‘ladi. Teleologik sharhlash jarayonida turli qo‘shimcha normativ-huquqiy hujjatlarga, birinchi navbatda, rasman talqin qilingan hujjatlarga ham murojaat qilinishi mumkin. Huquqning barcha subyektlari teleologik sharhlash subyektlari bo‘lishi mumkin. Huquq subyektlarining ijtimoiy-huquqiy ongi huquq normasini uning maqsadi bo‘yicha sharhlashning muhim omili hisoblanadi.
Teleologik sharhlashning o‘ziga xos xususiyati shundaki, barcha bilimlar va ulardan foydalanish usullari normaning bevosita mazmunidan (maqsadidan) chetga chiqish bilan bog‘liq bo‘ladi. Mazkur usulda bilish vositasi sifatida mantiq qonunlaridan, tizimli obyektlar to‘g‘risidagi fan qonunlaridan, maxsus yuridik bilimdan, tarix va shu kabilardan foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |