Odamning immunitet tanqisligi virusiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish QOIDALARI
Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, shaxslarni odamning immunitet tanqisligi virusiga (OIV) tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar 1. Mazkur Qoidalarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
odamning immunitet tanqisligi virusi (bundan buyon matnda OIV deb yuritiladi) — odamning surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligini qo‘zg‘atuvchi;
OIV infeksiyasi — odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligi;
orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (bundan buyon matnda OITS deb yuritiladi) — odamning immunitet tanqisligi virusi odamning immun tizimini shikastlashi natijasida kasallik belgilari kelib chiqadigan OIV infeksiyasining so‘nggi bosqichi.
2. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning sog‘lig‘i holatini o‘rganish va baholash hisoblanadi.
3. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish quyidagi maqsadlarda o‘tkaziladi:
OIV infeksiyasiga barvaqt tashxis qo‘yish;
OIV infeksiyasini boshqalarga yuqishining oldini olish;
OIV infeksiyasining tarqalganlik darajasini hamda OIVga qarshi kurash tadbirlari samaradorligini baholash;
profilaktik va epidemiyaga qarshi chora-tadbirlarni belgilash;
epidemiyaning rivojlanishini prognoz qilish;
donorlar qoni va uning tarkibiy qismlarining xavfsizligini ta’minlash.
4. Davolash-profilaktika muassasalarining tibbiyot xodimlari OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tayotgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar maxfiyligini ta’minlashi shart.
2-bob. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish 5. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish pasport yoxud shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat asosida amalga oshiriladi.
Tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning iltimosiga ko‘ra ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish anonim bo‘lishi mumkin.
6. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish barcha davolash-profilaktika muassasalarida ixtiyoriy, majburiy yoki g‘ayriixtiyoriy tartibda amalga oshiriladi.
7. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazishda shaxs bilan qaysi tartibda tekshiruv o‘tkazilishidan qat’i nazar, dastlabki va keyingi maslahatlashuv amalga oshiriladi.
8. Dastlabki va keyingi maslahatlashuv OIVga tibbiy tekshirish uchun shaxsdan qon namunasini olishni taklif etgan davolash-profilaktika muassasasi xodimi tomonidan amalga oshiriladi.
9. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsga dastlabki maslahatlashuvda:
OIV haqida zarur ma’lumotlar beriladi;
shaxsning OIVni yuqtirish xavfi baholanadi;
shaxsni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun qaror qabul qilishiga ko‘maklashiladi.
10. Keyingi maslahatlashuvda:
shaxsning xulq-atvori bilan bog‘liq vazifalar belgilab olinadi;
shaxsni ruhiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash amalga oshiriladi.
11. Dastlabki va keyingi maslahatlashuv amalga oshirilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar shaxsga davolash-profilaktika muassasasida ochilgan tibbiy hujjatga yozib qo‘yiladi.
12. Voyaga yetmaganlarni va muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslarni OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish ularning qonuniy vakillari roziligi bilan amalga oshiriladi.
13. Davolash-profilaktika muassasasi tibbiyot xodimlari OIVni yuqtirib olgan shaxsni davolashda hamda profilaktik chora-tadbirlarni amalga oshirishda shifokor sirini saqlagan holda shaxsga nisbatan insonparvarlik munosabatida bo‘lib, uning huquqlarini poymol qilmasdan zarur tibbiy yordam ko‘rsatishi shart.
14. Davolash-profilaktika muassasalarida OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning vena qon tomiridan bir marta ishlatiladigan shprits bilan 5 ml hajmda qon olinib, quruq toza probirkaga solinadi.
15. Olingan qon namunasi immunoferment usulida (IFA) tekshirish uchun mazkur Qoidalarning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi yo‘llanmaga asosan 24 soat ichida OIV infeksiyasiga tashxis qo‘yish laboratoriyalariga (bundan buyon matnda laboratoriya deb yuritiladi) yetkazib beriladi.
Bunda davolash-profilaktika muassasasi rahbarining buyrug‘i bilan OIV/OITS masalalari bo‘yicha javobgar shaxs hamda qon namunasini laboratoriyaga yetkazib berish uchun tibbiyot xodimi belgilanadi.
16. Qon namunasini laboratoriyaga yetkazib beruvchi tibbiyot xodimi uni 4ºS dan 8ºS gacha bo‘lgan haroratda saqlanishini ta’minlab beruvchi maxsus konteyner (termosumkalar) yoki bikslarda jamoat transporti bo‘lmagan transport vositalarida laboratoriyaga olib boradi.
17. Qon namunasi olingan vaqtdan boshlab 24 soat ichida laboratoriyalarga yetkazib berilmagan taqdirda, qon zardobi ajratib olinadi. Bunda qon zardobi 4ºS dan 8ºS gacha bo‘lgan haroratda saqlangan holda 5 kun ichida laboratoriyalarga yetkazib berilishi lozim.
18. Tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsda OIV aniqlangan taqdirda, u bilan keyingi maslahatlashuv o‘tkaziladi hamda u dispanser hisobiga qo‘yiladi, mazkur shaxs o‘zga shaxslarga OIV infeksiyasini yuqtirganlik uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida mazkur Qoidalarning 2-ilovasiga muvofiq shaklda yozma ravishda ogohlantiriladi.
19. Nikohlanuvchi shaxslar Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 25-avgustdagi 365-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nikohlanuvchi shaxslarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, OIVga tibbiy ko‘rikdan o‘tadi.
Oldingi tahrirga qarang. 20. OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish natijalari shifokor siri bo‘lib, uni shaxs yoki uning qonuniy vakilining roziligisiz oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son) 21. Ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish tekshiruvdan o‘tayotgan shaxsning xohishiga ko‘ra, maxfiylikka rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
22. OIVning yuqish xavfi yuqori deb hisoblangan shaxslarga davolash-profilaktika muassasalari tibbiyot xodimlari tomonidan ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tish tavsiya etilishi shart.
23. Quyidagi klinik ko‘rsatmalari mavjud bo‘lgan shaxslarga ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi:
tana harorati bir oydan ortiq vaqt davomida me’yoridan yuqori ko‘tarilib turgan shaxslar;
bir oydan ortiq davom etayotgan noma’lum etiologiyali diareya bo‘lgan shaxslar;
uch oydan ortiq davom etayotgan limfoadenopatiya bo‘lgan shaxslar;
surunkali va qaytalovchi, davolanishi natijasiz zotiljam bo‘lgan shaxslar;
jinsiy a’zolarining surunkali, bachadon va bachadon nayining og‘ir yallig‘lanishi, endometrit, adneksit kasalliklari mavjud bo‘lgan shaxslar;
og‘iz bo‘shlig‘ining virusli yoki zamburug‘li kasalliklari va tilning tukli chaqalanishi (leykoplakiya) bilan kasallangan shaxslar;
immun tizimi buzilgan (t-xelpyerlarning kamayib ketishi) va chuqur immunitet tanqisligi holatida bo‘lgan shaxslar;
ko‘p marta qaytalanuvchi surunkali kasalliklar bilan kasallanayotgan shaxslar;
qon va boshqa biologik suyuqliklar retsipiyenti bo‘lgan shaxslar;
mazkur Qoidalarning 3-ilovasidagi ro‘yxatda nazarda tutilgan OIV infeksiyasiga xos bo‘lgan opportunistik kasalliklari mavjud bo‘lgan shaxslar.
24. Anonim ravishda IFA usulida tahlil o‘tkazilgan va musbat natija aniqlanganda, shaxsning qon namunalarini laborator tahlil qilish to‘xtatiladi. Bunda shaxs bilan keyingi maslahatlashuv o‘tkaziladi hamda shaxsini tasdiqlovchi hujjat asosida ixtiyoriy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tish tavsiya etiladi.
25. Quyidagilar majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi kerak:
qon, biologik suyuqliklar donorlari;
ellik yoshgacha bo‘lgan nikohlanuvchi shaxslar;
homilador ayollar;
inyeksiya orqali giyohvandlik vositalarini iste’mol etishda gumon qilinayotgan shaxslar;
OIVni yuqtirib olgan onalardan tug‘ilgan bolalar;
o‘z faoliyatida qon, biologik suyuqliklar, odam organlari va to‘qimalari bilan ishlovchi tibbiyot xodimlari;
jinsiy sherigida OIV aniqlangan shaxslar.
26. Bunda qon, biologik suyuqliklar donorlari — har qon topshirishdan oldin, inyeksiya orqali giyohvandlik vositalarini iste’mol etishda gumon qilinayotgan shaxslar — bir yilda bir marta, OIVni yuqtirib olgan onalardan tug‘ilgan bolalar — polimeraza zanjirlik reaksiya usulida 6 va 12 haftalikda, IFA usulida esa, 18 oylikda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkaziladi.
27. Odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasbiy faoliyat turlari ro‘yxatida (ro‘yxat raqami 2581, 2014-yil 7-may) ko‘rsatilgan ayrim kasblarda ishlovchi xodimlar Xodimlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 2387, 2012-yil 29-avgust) muvofiq ishga kirayotganda, dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tayotganda, majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tadi.