Angiologiya asoslari
Tomirlar tizimi organizmda muhim vazifani bajaradi. Ularning ichida suyuqlik (qon, limfa) oqadi. Bu suyuqlik hujayra, to‘qimalar hayoti uchun kerak bo‘lgan ozuqa moddalar va kislorodni (arteriyalar) yetkazib beradi, ulardan organizm uchun keraksiz moddalarni ekskretor a’zolarga (venalar) olib borib tashqariga chiqaradi. Tomirlar ichidagi suyuqlik tarkibiga qarab ikki qismga: qon tomirlar va limfa tomirlarga bo’linadi. Qon tomirlar teri va shilliq pardalar epiteyida, sochlarda, ko‘z olmasining shox pardasida va bo‘g‘imlar tog‘ayida bo‘lmaydi. Qon tomirlar tizimida qon oqadi. Bu tizimga arteriyalar, venalar, mikrotsirkulyator tizim va yurak kiradi. Bu tizim organizmda modda almashinuvini ta’minlaydi. Qon tomirlar tizimining markaziy a’zosi yurak hisoblabadi. U ritmik ravishda qonni harakatga keltiradi. Yurakdan boshlanib organizmga tarqaladigan tomirlar arteriyalar deb ataladi. Bu nomni birinchi bo‘lib eramizdan oldingi uchinchi asrda yashagan Gippokrat bergan bo‘lib (aer-havo, tereo-saqlayman) degan ma’noni bildiradi. Hujayra va to‘qimalardan qonni yurakka olib keluvchi tomirlar venalar deyiladi. Arteriya va venalar o‘rtasidagi mikrotsirkulyator qism: arteriola, prekapillyar, kapillyar, postkapillyar va venulalardan iborat. Odam tanasida ikkita (katta va kichik) qon aylanish doirasi tafovut qilinadi. Kichik (o‘pka) qon aylanish doirasi o‘pkada qonni kislorod bilan boyitish uchun xizmat qiladi. U o‘ng qorinchadan o‘pka poyasi bo‘lib boshlanib o‘pkaga yetib kelib o‘ng va chap o‘pka arteriyasiga bo‘linadi va alveolalarni o‘rab karbonat angidridni alveolaga berib, kislorodni qabul qiladi. Kislorodga to‘yingan qon 4 ta o‘pka venalari orqali chap bo‘lmachaga quyiladi. Katta qon aylanish doirasi chap qorinchadan aorta bo‘lib boshlanadi. Aortadan chiqqan arteriyalar a’zolar va to‘qimalarga tarqaladi. To‘qimalar, a’zolardan chiqqan venalar o‘zaro qo‘shilib ikkita yirik: yuqorigi va pastki kavak venalarni hosil qilib o‘ng bo‘lmachaga quyiladi.
Bundan tashqari uchinchi (yurak) qon aylanish doirasi yurakning o‘zini qon bilan ta’minlaydi. U aortadan chiqadigan yurakning toj arteriyalari bo‘lib boshlanib, yurak venalari bo‘lib tugaydi. Yurak venalari vena sinusini hosil qilib o‘ng bo‘lmachaga ochiladi.
Arteriya va venalarning o‘rtasida mikrotsirkulyator tizim joylashgan bo‘lib, qon bilan to‘qima o‘rtasidagi aloqani ta’minlaydi. Bu tizim arterioladan boshlanadi. Uning tarkibiga prekapillyar, kapillyar va postkapillyar kirib venullaga o‘tib ketadi.
Past tabaqali hayvonlarda yurak bo‘lmasdan, ularda qon tomirlarning qisqarishi hisobiga harakat qiladi. Umurtqali hayvonlarda yurak urib turuvchi a’zo sifatida paydo bo‘ladi va filogenez bo‘ylab murakkablashib boradi. Baliqlarning yuragi ikki kamerali bo‘lib, qon qabul qiluvchi bo‘lmacha va haydovchi qorinchadan iborat. Yurakdan vena qoni oqib o‘tib, jabra arteriyalari vositasida baliq jabralariga boradi va u yerda kislorod bilan to‘yinadi.
Amfibiyalar quruqlikka chiqishi munosabati bilan ularda jabralar bilan birga o‘pka vujudga keladi. Shu sababli yurak bo‘lmachasi to‘siq vositasida ikki bo‘lakka bo‘linib uch kamerali yurak paydo bo‘ladi. Oxirgi jabra arteriyasidan o‘pka arteriyasi paydo bo‘lib, qonni yurakdan o‘pkaga olib borib gaz almashinuvini ta’minlaydi.
Reptiliyalarda o‘pka bilan nafas olish paydo bo‘lganidan keyin ikkita qon aylanish doirasi vujudga keladi. Ularning yuragida qorinchalar to‘liq bo‘lmagan to‘siq vositasida ikki bo‘lakka bo‘linadi.
Pusht taraqqiyotining taxminan 17 kunida bo‘yin sohasida yurakning juft kurtaklari ikkita endokardial qopchalar shaklida paydo bo‘ladi. Visseral mezodermadan mioepikardial qatlam hosil bo‘lib, endokardial qopchalarni o‘raydi va yurak qopchalari hosil bo‘ladi. 3-haftalik pushtda yurak kurtaklari birikib ikki qavatli yurak nayini hosil qiladi. Yurak nayining endokardial qavatidan keyinchalik endokard, mioepikardial qavatidan epikard va miokard rivojlanadi. Yurak nayi rivojlanayotgan qon tomirlar bilan qo‘shiladi. Uning orqa qismi-vena sinusiga ikkita kindik venasi va tuxum sarig‘i venasi qo‘shiladi. Uning oldingi qismidan esa ikkita birlamchi aorta chiqadi. Yurak nayi bir tekis o‘smaydi. Uning o‘rta qismi tez o‘sgani uchun u S shaklini oladi. Yurak nayining pastki uchi yuqoriga va orqaga, yuqori uchi pastga va oldinga aylanadi. S-simon yurakning arteriya va vena qismlari tez o‘sadi. Ular o‘rtasida toraygan joy paydo bo‘lib, ikkala qismi tor kanal vositasida o‘zaro qo‘shiladi. Shu davrda umumiy bo‘lmacha bo‘lgan vena qismidan ikkita o‘simta bo‘lajak yurak quloqlari paydo bo‘lib, arteriya poyasini o‘rab oladi. Yurakning arteriya qismini ikkala tizzasi bir-biri bilan qo‘shilib umumiy qorincha hosil bo‘ladi. Homila hayotining 4-haftasida umumiy bo‘lmachaning ichki yuzasida burma hosil bo‘ladi. Bu burma pastga qarab o‘sib 5-hafta boshlarida umumiy bo‘lmachani ikkiga bo‘luvchi to‘siqqa aylanadi. To‘siqda oval teshik qolib undan qon o‘ng bo‘lmachadan chapiga o‘tadi. 5-haftaning oxirida umumiy qorinchada pastdan yuqoriga qarab o‘suvchi to‘siq hosil bo‘lib, umumiy qorinchani o‘ng va chapga ajratadi. Umumiy arteriya poyasi ham ikki qismga: aorta hamda o‘pka poyasiga bo‘linadi va to‘rt kamerali yurak hosil bo‘ladi. Vena sinusi torayadi va kengaygan chap umumiy kardinal vena bilan birgalikda yurakning toj sinusiga aylanib o‘ng bo‘lmachaga quyiladi.
Yurak (cor) mushakdan tuzilgan (101-rasm) qon aylanish tizimining markaziy a’zosi. U ko‘krak qafasida oldingi ko‘ks oralig‘ining pastki qismida joylashib, konussimon shaklga ega. Yurakning bo‘ylama o‘qi qiyshiq bo‘lib, orqadan oldinga, yuqoridan pastga va o‘ngdan chapga yo‘nalgan bo‘ladi. Uning toraygan uchi (apex cordis) chapga, pastga va oldinga, keng asosi (basis cordis) yuqoriga va orqaga qaragan. Yurakning oldingi to‘sh-qovurg‘a yuzasi (facies sternocostalis) qavariq bo‘lib to‘sh va qovurg‘aning orqa yuzasiga qaragan. Pastki diafragma yuzasi (facies diaphragmatica) diafragmani pay markaziga tegib turadi. Yurakning yon yuzalari opkaga qaragan bo‘lib, ong va chap opka yuzalari (facies pulmonalis dextra et sinistra) deb ataladi.Yurakning o‘rtacha og‘irligi erkaklarda 300 g, ayollarda 250 g, uzunligi 10-15 sm, ko‘ndalang o‘lchami 9-11 sm, oldingi-orqa o‘lchami 6-8 sm bo‘ladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |