Endokardit
Endokardit endokard yallig’lanishi bo’lib, ko’pincha u klapanlarning yurak poroklari boshlanishiga olib boradigan darajada zararlanishi bilan o’tadi. O’tkir va yarim o’tkir septik endokardit tafovut qilinadi. O’tkir endokardit sepsis mahalida infeksiya qo’zg’atuvchisining endokardga o’tib qolishi natijasida paydo bo’ladi.
O’tkir septik endokardit
Juda og’ir kasallik, unga, asosan, birdan avj olib boradigan sepsis yallig’lanish o’chog’idan qonga to’xtovsiz yoki dam-badam mikroorganizmlar o’tib turishiga bog’liq patologik jarayon sabab bo’ladi. Organizm himoya kuchlarining zaiflashib qolishi, qanday bo’lmasin biror qo’zg’atuvchi virulentligining kuchayib ketishi singari biror noqulay omillar ta’siri ostida bunday qo’zg’atuvchilar qon oqishi bilan butun organizmga tarqalib, bir talay yiringli o’choqlarni hosil qiladi. O’tkir septik endokardit o’pka abssessi, pielit va boshqa kasalliklarda paydo bo’lishi mumkin. Endokardning sepsis tufayli zararlanishi hamisha o’tkir septik endokardit boshlanishiga, yarim o’tkir septik endokardit boshlanishiga yo’l ochib, unga moyil qilib qo’yadi.
Septik endokarditda, ko’pincha, aorta klapanida yaralar paydo bo’ladi, bu uning yemirilib, aorta klapani yetishmovchiligi bilan yurak-tomirlar yetishmovchiligi boshlanishiga olib keladi.
Klinik manzarasi. O’tkir septik endokardit simptomatikasi, avvalo, butun organizmning og’ir kasalligi — sepsis borligiga bog’liq. Odam umuman juda bo’shashib, azoyi badani suvga tushgandek terlaydi, qaltiraydi, tana harorati ko’tariladi.
Aksari o’tkir nefrit paydo bo’ladi, taloq kattalashib ketadi. O’tkir septik endokardit juda shiddat bilan o’tadi.
Davolash. O’tkir septik endokardit bilan og’rigan bemorlar, albatta, kasalxonaga joylashtiriladi. Davoning asosiy usuli katta miqdorlarda antibiotiklarni buyurishdan iborat. Davo yaxshiroq naf beradigan bo’lishi uchun kasallikni paydo qilgan mikroorganizm bakteriologik tekshirish yo’li bilan aniqlab olinadi va shunga qarab u yoki bu antibiotik buyuriladi. Muskullar orasidan yuboriladigan penitsillin miqdori sutkasiga 5000000—1000000 TB gacha yetkaziladi.
O’tkir septik endokardit bilan og’rigan kasallarga oqsillar, yog’lar, uglevodlar va vitaminlar yetarli miqdorda bo’ladigan ovqat buyuriladi.
Parvarishi. Parvarishning ahamiyati davo usullarining ahamiyatidan ko’ra kam emas. Bemor tushkunlikka tushib, bo’shashib yotganda unga ko’proq ahamiyat berib turish kerak. Tibbiyot hamshirasi uning batamom sog’ayib ketishiga ko’nglida ishonch uyg’otishi, yaxshi ovqatlanib turishi zarurligini bemorga tushuntirishi kerak, chunki o’tkir septik endokarditda ko’pincha ishtaha bo’lmaydi. Badan terisi bichilib qolishiga yo’l qo’ymaslik, ich kiyim va choyshablarni tez-tez almashtirib turish, badan terisini anchagina suv qo’shilgan atir yoki boshqa dezinfeksiyalovchi eritma (sirka, kamfora, spirt) bilan artib turish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |