Anvar Obidjonning “Ona Yer” degan kitobini o‘qigansiz. Qo‘lingizdagi to‘plam so‘nggi yillarda yozilgan yangi she’rlardan dastalangan. Unga shoir akangizning “Siz eshitmagan qo‘shiqlar” turkumi ham kiritildi. Xo‘sh, qanaqa qo‘shiqlar ekan ular o‘zi? Kitobni varaqlab chiqsangiz, siz buni bilib olasiz.
ODAM BO‘LAMAN
– Kezaman ko‘p joylarni
Moy tomchigan kiyimda.
Ba’zan kitob titkilab,
Dam olaman uyimda,
Men shofyor bo‘laman, dada.
– Mayli…
– Hayinchakda akamdan
Ancha baland uchaman.
Katta bo‘lsam, yaxshisi –
Borib oyni quchaman,
Men fazogir bo‘laman, dada.
– Ixtiyoring...
– Chalg‘itaman maydonda
Bolalarning ko‘pini.
Kecha bitta tepishda
Teshdim Norning to‘pini,
Men futbolchi bo‘laman, dada.
– O‘h-ho‘, o‘ho‘-o‘ho‘v...
– Kesvolibdi barmog‘in
O‘tgan kuni Mira’zam.
Qotib qoldi yarasi
Jindekkina tuz sepsam,
Men do‘xtir bo‘laman, dada.
– Yomonmas...
– Tag‘in o‘ylab ko‘raman,
Hammasi ham yaxshi ish.
Faqat yalqov bo‘lmayman,
Hecham tortmang Siz tashvish,
Men... odam bo‘laman, dada.
– Balli, azamat!
QISHLOQ VA BOLALAR
(Norpolvonning deganlari)
Bolalarsiz qolsa qishloq,
Bo‘lar ekan juda chatoq,
Xom yeyilmay, pisharkan nok.
Xuvillab eng gavjum uylar,
Bog‘cha, maktab, ko‘cha-kuylar,
Ishsiz yotar ekan koptok.
Qarang, qo‘rqoq irkit kuchuk,
Sut o‘g‘risi – cho‘loq mushuk
Ko‘cha kezar endi mag‘rur.
Jonga tegib quruq xashak,
Maktabdagi bog‘da eshak
Rayhon chaynab, qilar huzur.
Bo‘sh sinfda o‘ylanib jim,
O‘tiribdi yosh muallim,
Qani biron bola topsa.
Bilmasa ham o‘tgan darsni,
Chizib bersa tayoq rasmin,
«Besh» qo‘yardi maqtab rosa.
Direktorda boshqa tashvish,
Qog‘oz to‘plash – eng muhim ish,
Kim ham yig‘ar metallolom?
Shu payt terlab bir qariya,
Kichkinamga yozgin, deya,
Sudrab keldi teshilgan jom.
Ishlar chatoq bog‘chada ham,
Mudiraning ko‘zlari nam,
Boshliqlarga maktub yozdi:
«Bolalarsiz qoldik bugun...»
So‘ng o‘zini ovutmoq-chun
Sudray ketdi «paravoz»ni.
Sotuvchidan eshiting gap,
Uqtirar u imlab-javrab,
Magazinga kirgan karga:
«Har kuni bir uyum daftar,
Talaygina vafli va shar
Sotar edim xumparlarga».
Nafaqachi yolg‘iz kampir
Suv oldi-yu yarim paqir,
Bukchaygancha boqdi har yon.
Biz darsdan so‘ng har kun borib,
Suv keltirib, o‘tin yorib,
Bo‘lardik-da unga darmon.
Bolalarsiz qizirmi to‘y?
Doshqozonda pishsa ham qo‘y,
Yurar hamma solib qovoq.
Kuyov-kelin saqlar sukut,
Bu qanday to‘y – o‘tsa jim-jit,
Sinmay hatto bitta tovoq?
Chanoqlardan toshar paxta,
Hashar boshlar el qishloqda,
Bizning esa o‘rnimiz bo‘sh.
Yuzlab «Pionerlar posti»
Paxtakorning edi do‘sti,
Bu ishni kim uddalar, xo‘sh?
Fermada ham ishlar yomon,
Qo‘zichoqlar yemay somon,
Yotishibdi arazlashib.
Bolakaylar kelib bir to‘p,
Erkalardi ularni xo‘b,
Cho‘ponlarga yordamlashib.
Kolxozning sal ahvoli tang,
Rais tog‘a qilar attang,
O‘quvchilar dastyor edi.
U o‘ziga berib va’da:
«Bolachoqlar qaytsa, ha-da,
So‘yay bir juft ho‘kiz» derdi.
Kinochining yo‘lda ko‘zi,
Quymoqchiydi u kunduzi
«Xap, senimi, shoshmay tur» dan.
Surnayfurush dingquloq chol
To‘xtab qoldi guzarda lol,
Xabar topib yangi sirdan.
Ruzvon moma kuyukib der:
«Nabiramni tez topib ber!» –
Qistar Najim amakini.
Onalarning ko‘zida yosh,
Otalarda tugab bardosh,
Tutatishar tamakini...
Derazamni kimdir qoqdi,
Ko‘z ochsam, Tosh kulib boqdi,
Uyqudan sal kech turibman.
Bolalarsiz qolsa qishloq,
Bo‘lar ekan juda chatoq...
Bu kech yomon tush ko‘ribman.
OQSHOM
Bir piyola choy kabi
Bulut oyni ho‘pladi.
Tovuq beka katakka
Jo‘jalarin to‘pladi.
Echki-uloq tush ko‘rib,
Poxol uzra yotishar.
Mushukchalar sut so‘rab,
Onasiga yopishar.
Sigir erka buzoqni
Qashib qo‘yar kallalab.
Qo‘y uxlatar bolasin
Asta ma’rab – allalab.
Faqat jajji kuchuklar
Hurib ko‘yishar «vak-vak».
Onasiga o‘xshashib
Tunda ham ular sergak...
MAHALLAMIZNING
JARCHISI
Shoxda shaqillar Hakka:
– Mehmon kelyapti, aka.
Tez pishiring palovni,
Burab turib mo‘ylovni.
Yeng shimaring, kennoyi,
Damlab qo‘ying ko‘k choyni.
Yoying shoyi dasturxon,
Yoping issiq patirnon.
Bo‘shashma, ho‘, bolakay,
Xizmatga sen turgin shay.
Uzgin behi, nok, anor,
Bog‘da yana nima bor?
Qarab ko‘r-chi, qizaloq,
Tozami idish-tovoq?
So‘ngra yelib-yugurib,
Uy-hovlini supurib,
Yo‘lakka suv sepib qo‘y,
Mehmon kelgan uyda – to‘y…
Endi meni kuzating,
Suyunchini uzating.
BAHROMNING HIKOYASI
Zo‘r tovug‘im bor edi
Semiz va sergap.
“Yapaloq” deb men unga
Qo‘ygandim laqab.
Tuxum tug‘ib berardi
Har kuni oppoq.
Shu tufayli u bilan
Yashardik inoq.
Ammo, so‘nggi paytda u
Bo‘pqoldi ayyor.
Tuxum desang, yuz burar,
Don sochsang – tayyor.
«Dangasa!» deb kecha sal
Qilgan edim do‘q.
Bugun ko‘rsam, katakda –
Tovuqqinam yo‘q.
«Yapaloq»ni qidirdim,
Chaqirdim rosa.
Nahotki, u arazlab
Ketvorgan bo‘lsa?
Katagida qolibdi
Faqat bitta pat
Va oydinda yozilgan
Aji-buji xat:
«Menga juda mehribon,
Shirinso‘z eding.
Doim suyib, erkalab
Tuxumim yerding.
Seni do‘st deb yurardim,
Tushundim bugun, –
Faqat oshna ekansan
Quymoqlar uchun.
Tuxumni ham berardim,
Kutmading picha.
Qo‘pol so‘ylab, ayniqsa,
Ranjitding kecha.
Garchi sendan ayrilmoq,
Bo‘lsa ham og‘ir,
Qaror qildim bosh olib
Ketmoqqa oxir.
Chunki do‘st deb yurgani
Tamagir chiqsa,
Hatto, oddiy tovuq ham
O‘ksinarkan ja...
Endi boshqa joylarda
Solaman dovrug‘.
Seni eslab yurguchi:
«Yapaloq-tovuq».
...Mendan bitta iltimos,
Bolalar, sizga,
«Yapaloq»ni ko‘rsangiz,
Qaytaring tezda.
Qaytsa, chin do‘st bo‘lardim,
So‘zlardim sizlab.
Kechirim ham so‘rardim
Patlarin silab.
AKA-UKALAR
Tug‘ilganmiz chodirda,
Cho‘pon bizning otamiz.
Ukam Mashrab ikkimiz
Doim birga yotamiz.
Qo‘ylarimiz behisob,
Shum echkimiz bor yakka.
U ko‘pincha biz uchun
Bardosh berar kaltakka.
Chunki, ba’zan ayamiz
Chiqarmasa hech yoqqa,
Bo‘shatvorib echkini,
Quvalaymiz o‘tloqqa.
Adirlarda, jarlarda
O‘ynab-o‘ynab qaytamiz.
So‘ngra «Qochqoq echkini–
Tutvoldik», deb aytamiz.
Shunda jahli tez ayam
Indamaydi hech kimga.
Faqat, picha gap tegar
Gunohi yo‘q echkimga.
VELOSIPED
BUZILGANDA
Yuz-qo‘lini
Qilib moy,
Gayka burar
Sotimboy.
Kulib boqar
Sotimga,
Tagi ko‘chgan
Botinka.
LAGERDA
Shukur–
Vodiy tomondan.
Jo‘ra –
Ohangarondan.
Akram esa –
Qarshidan.
Men –
Qarama-qarshidan.
HA, QO‘RQMAYSAN-A
– Nega yulding
Betimni?
Chaqiraymi
Itimni!
– Xafa bo‘lma,
Sulaymon,
Hozir seni
Silayman.
KUMUSH KOVUSHCHA
Qiz samoga uchardi
Bo‘lib qolsa sho‘x qushcha.
Oy qizchaga ko‘rinar
Bo‘lib kumush kovushcha.
Olsa, qaydan topar so‘ng
Kovushning juft poyini?
...Asli, olish yaxshimas
Ko‘pchilikning Oyini.
G‘AMXO‘RLIK
Kirib kelib ko‘chadan,
Norga dedi yosh Rustam:
– Xo‘tikchangni minaylik,
Tinib qoldi yomg‘ir ham.
Nor der:
– Avval topib kel
To‘rt poy eski etikni.
Loyda minish yaxshimas
Yalangoyoq ho‘tikni.
OYMOMANI O‘G‘IRLASH
Paxmoq qora bulutcha –
Qaroqchilar kemasi.
Oymomani o‘g‘irlab
Qochmoqchi u,
Chamasi.
Suzib borar kemacha,
Yelkanlari hilpirab.
Xayriyatki,
Oy undan
Tushib qoldi g‘ildirab.
PUFAKFURUSH
– Salom, Baqa!
– Salom, vaq!
– Pufak bormi?
– Tamom, vaq!
– Ke, beraqol,
Mana, haq.
– Kerak emas
Chaqa, vaq.
– Ol, Baqajon,
Yong‘oq chaq.
– Ma, qaqajon,
Pufak, vaq…
FATXILLANING
KURKASI
Kelib Norga arz qildi
To‘rt yasharli ukasi:
– Meni quvdi,
Atajon,
Patpillaning kulkasi.
G‘ijinib musht tugdi Nor:
– Boplab qasos olamiz.
Kurkani...
Yo‘q, yaxshisi,
Fatxillani solamiz.
A’LOCHI XO‘ROZCHA
Tanishing men birinchi –
«B» sinfda o‘qiyman.
O‘ttiz beshta harfning
Barin yaxshi «cho‘qiyman».
Ayniqsa-chi, go‘zal «T»
Ko‘zga darrov tashlanar.
Chunki, oyim nomlari
Shu harfdan boshlanar.
Farqin uncha bilmasdim
Avval har xil don-dun yeb.
Endi yoza olgayman
«Makka» yoki «arpa» deb.
A’lochiman sinfda,
Tartibni ham o‘rgandim.
...Faqat, bir kun domlaga
Chakki savol bergandim:
«Nega bizlar dumsiz «X» –
Yozdik «Xo‘roz» deganda?
Voy, domlajon, sizningcha
Xo‘roz dumsiz ekan-da?!»
Toy, Bo‘taloq, Buzoqlar
O‘shanda xo‘b kulishdi.
To‘polonchi Kuchuklar
Masxaralab ulishdi.
Odat qildim shundan so‘ng,
O‘ylab, keyin so‘ylashni.
Ham o‘rgandim, qichqirmay,
Bosiq, mayin kuylashni.
Avval nodon, sho‘x edim,
Endi she’r ham to‘qiyman.
Tanishing, men birinchi –
«B» sinfda o‘qiyman!
AVTOQISHLOQ
{Fantastik she’r)
Avtoqishloq quribdi
Og‘aynimiz Temirjon.
Mo‘‘jizaki,
Bundayni –
Ko‘rmagandim hech qachon.
Qishloqchaga kiriboq
Bo‘lib qoldim juda lol.
Qaysar avtobolani
Koyir edi avtochol:
– Shoshmay turgin,
Hammasin –
Aytay avtodadangga.
Qachon aql kiradi
Qavoq avtokallangga?
Surishtirsam sababin,
Bola ekan ja bevosh.
Cholning avtotovug‘in
Cho‘loq qipti, otib tosh.
Sal narida uchratdim
Qo‘rqoq avtomushukni.
Xushomad-la moylar u
Eski avtokuchukni.
Avtomoldan sut sog‘ar
Avtokampir chelaklab.
Avtoovchi dasht kezar
Avtoitni yetaklab.
Ustaxona ochibdi
Guzarda bir avtoot,
Avtoqo‘y der:
– Menga ham
Dum yasab ber shu zahot.
Avtoxachir – navbatda,
Bo‘yatarmish u yolin.
Avtoechki, chamasi,
Almashtirar soqolin.
Avtosichqon chiyillar,
Tishi utmay turshakka.
Avtoho‘kiz so‘z qotar
Qari avtoeshakka:
– Ko‘rindimi yaylovda
Mening avtobuzog‘im?
– Qattiq gapir, akasi,
Zanglab qopti kulog‘im.
Avtoari chaqdi, deb,
Avtoqizcha yig‘lar ho‘ng,
Avtoko‘zin o‘ynatib,
Avtoqarg‘a titar go‘ng...
Bolakaylar kechiring,
Aytolmadim uyog‘in.
Chunki,
Avtoruchkamiing
Tugab qoldi siyohi.
ROSTGO‘YLIK
Sarg‘ish Mushuk bekaning
Bordir ikki farzandi.
Biri – juda erka qiz,
Biri – o‘g‘ildir tanti.
Ismlari ja o‘xshash:
Miyovxon va Miyovjon.
Miyovxoni – sal nozik,
Miyovjoni – pahlavon.
Mushukchalar bir kuni
Uyda yolg‘iz qolishdi.
Javonchani ochishib,
Asta nazar solishdi.
Kavshay ketdi Miyovxon
Topib olib quymoqni,
Chaqib ko‘rdi Miyovjon
Bir-ikkita yong‘oqni.
Bir payt kelib oyisi
Qarasa-ki – ish chatoq:
Quymoq sira qolmabdi,
Kamayibdi sal yong‘oq.
Miyovxonga boqdi u:
«Javob ber,
Bu qanday gap?»
«Nega mendan ko‘rasiz?» –
Deya qizi burdi lab.
Oyisi der o‘g‘liga:
«To‘ymas ekan hech ko‘zing!
Ham yong‘oq, ham quymoqni –
Yeb qo‘ydingmi bir o‘zing?»
Yerga egib boshini,
Dedi rostgo‘y Miyovjon:
«Shu aytgan gapingizning –
Yarmi – rost,
Yarmi – yolg‘on!»
ESKI TO‘PPONCHA
O‘ynab yurib o‘rmonda
Sho‘x va quvnoq Quyoncha,
Topib oldi so‘qmoqdan
Bitta eski to‘pponcha.
U borib, yosh Ayiqning
Qarshisida to‘xtaldi.
«Ko‘tar, Maymoq, qo‘llingni!» –
Deb, qurolin o‘qtaldi.
Ag‘nab tushdi Ayiqcha
To‘sganicha yuzini.
To‘pponchaga boqdi so‘ng
Baqraytirib ko‘zini.
Dingquloqning quroli –
Oddiy yog‘och, ko‘rsaki.
...Shunday qilib, Quyoncha –
Yeb oldi bir tarsaki.
BEZORI
Qarg‘a kirdi
Kinoga,
O‘xshab
Buratinoga.
Hamma joylar
Edi band,
Borib dedi
Nopisand:
– Menga qara,
Vey, Laylak,
Yeganmisan
Hech kaltak?
Qani,
Tur-chi o‘rningdan.
He, o‘rgildim
Burningdan!
PARVARDA
Tug‘ilgandi Bo‘richa
Sakkizinchi yanvarda.
Bugun bir yil to‘libdi
Adashmasa agarda.
Va’da qildi oyisi
Unga quyon go‘shtini.
Va’da qildi dadasi
Unga kiyik to‘shini.
Bilmasa ham yosh Bo‘ri
Dunyoning keng-torligin,
Eshitgandi dunyoda –
Shirinliklar borligin.
Injiqlandi u birdan:
«Sovg‘a qiling parvarda.
Uni-chi, bir yeb ko‘ray
Sakkizinchi yanvarda».
Taskin berdi oyisi:
«Bolam, adir – do‘konmas».
Dadasi der: «Shaharga –
Borib kelmok, osonmas».
Payt poylab erkatoy,
Chiqdi-yu g‘or uyidan,
Shahar tomon yugurdi
Chopqir anhor bo‘yidan.
Chiroqlarga angrayib,
Tushib borgan choq pastga;
Uni ushlab shaharda,
Sopqo‘ydilar qafasga.
Endi uni yosh-qari
Qilar har kun tomosha.
U termular adirga,
Zooparkdagi tom osha.
...Besh yil o‘tgach oradan,
Sakkizinchi yanvarda,
Bir qiz yuvvosh Bo‘riga
Tashlab o‘tdi parvarda.
ESHAKNING ERTAGI
Bo‘lgan ekan bir Ho‘tik
Sho‘x va qaysarroq.
O‘g‘irlarkan qizlardan
Ko‘zgu va taroq.
Boqar ekan ko‘zguga
Tarab yollarin.
Hayron qilib yurarkan
Echki, mollarni.
Ulg‘ayib ham, uning hech
Kirmabdi aqli.
Bir kun egar bog‘lashsa,
Chiqibdi jahli.
Unga minmok, bo‘lganni
Ustidan otib,
Dumalanib kulibdi
Qotib va qotib.
Olgan chog‘da egasi
Tayoqni qo‘lga,
Xoda qilib dumin u,
Qochibdi cho‘lga.
Yozda maysa chaynabdi,
Yem yebdi qishda.
Fermalarga kirarkan
Tunda tirqishdan...
Bir kun ko‘rib qolibdi
Yuvvosh bir cholni.
U munkayib yurarkan
Silab soqolni.
Mindiribdi rahm etib
Uni ustiga.
Chol minnatdor boqibdi
Yangi do‘stiga.
Hozir ham u chol bilan
Inoq ekan ja...
O‘sha Eshak, rost aytsam,–
Menman.
Ha-xah-ha!
SIZ ESHITMAGAN QO‘SHIQLAR
CHUMCHUQ QO‘SHIG‘I
Men kichkina Chumchuqman,
Chiriq-chiq.
Laylakdan sal puchuqman,
Chiriq-chiq.
Siz urinmang don sochib,
Chiriq-chiq.
O‘zim yeyman opqochib,
Chiriq-chiq.
XO‘ROZ QO‘SHIG‘I
Men ketyapman qaddim g‘oz,
Qu-quq.-qu.
Chetroq turing, iltimos,
Qu-quq.-qu.
Axir shohman – hukmdor,
Qu-quq-qu.
Boshda tilla tojim bor,
Qu-quq-qu.
Toj kiyaman atayin,
Qu-quq-qu.
Bir sirim bor, aytayin,
Qu-quq-qu.
Tepakalman, sochim yo‘q,
Qu-quq-qu.
Toj kiymay ilojim yo‘q,
Qu-quq-qu.
RUBOB QO‘SHIG‘I
Qanday sozlab olsangiz,
Men o‘shanday kuylayman.
Shu tufayli, hurmatim –
Joyida deb o‘ylayman.
Tingir-ting,
Tingir-ting.
Meni changdan avaylab,
Baxmallarga o‘raysiz...
Gapingizga kirmasam,
Qulog‘imni buraysiz.
Tingir-ting,
Tingir-ting.
GARMON QO‘SHIG‘I
Nafas olsam, chalinaman
G‘itta-g‘itta.
Qattiq, cho‘zmang, yalinaman,
G‘itta-g‘itta.
GARMON QO‘SHIG‘I
Nafas olsam, chalinaman,
G‘itta-g‘itta.
Qattiq cho‘zmang, yalinaman,
G‘itta-g‘itta.
Buyningizga meni osing,
G‘itta-g‘itta.
Tugmalarni to‘g‘ri bosing,
Bitta-bitta.
CHIGIRTKA QO‘SHIG‘I
O‘z qornimni o‘ylayman,
Chirik-chirik.
Qornim to‘ysa, kuylayman,
Chirik-chirik...
O‘lja poylab turibman,
Chirik-chirik.
Shunday yashab yuribman,
Tirikchilik!
ELAK QO‘SHIG‘I
Oppoq unni supraga
Elagayman,
Tappa-tup.
Betingizni upaga
Bulagayman.
Tappa-tup.
Qattiq urmang yuzimga,
Opajonim,
Tappa-tup.
Juda shirin o‘zimga
Mening jonim,
Tappa-tup.
CHAQMOQ QO‘SHIG‘I
Yolg‘iz qolsam,
Zerikib –
Ba’zan chekib turaman.
Bulut menga chaqmoqtosh,
Bir-biriga uraman,
Chars-churs!
Cho‘chib ketsang,
Demagin –
Meni «yomon amaki».
Nima qilay, ukajon,
Tutamasa tamakim?
Chars-churs!
SIGIR QO‘SHIG‘I
«Qand» deb yig‘lar buzog‘im,
Tinchimaydi qulog‘im,
Mo‘-o‘-o‘.
Ko‘nmayapti u sira,
Bersam hatto kunjara,
Mo‘-o‘-o‘.
Bilmaydiki esi past,
Ko‘k beda ham yomonmas,
Mo‘-o‘-o‘.
Nima u – «qand» degani,
Arziydimi yegani?
Mo‘-o‘-o‘.
DAYDI MUSHUK QO‘SHIG‘I
Bug‘doy pishgan pallada,
Tug‘ilganman dalada,
Yalalay-malalay.
Sizga rostin aytayin,
Ota-onam notayin,
Yalalay-malalay.
Yaqin do‘stim – Kirpijon,
U ilon yer, men – sichqon,
Yalalay-malalay.
Och qolsak-da dam-badam,
Yig‘lamaymiz sira ham,
Yalalay-malalay.
Qishda chatoq ishimiz,
Takillaydi tishimiz,
Yalalay-malalay.
Zor bo‘lganda uvoqqa,
Ketgim kelar uzoqqa,
Yalalay-malalay.
Ketsam, yolg‘iz qolgan on
O‘ksinmasmi Kirpijon?
Yalalay-malalay.
Yursam yuray och-nochor,
Bo‘lay do‘stga vafodor,
Yalalay-malalay.
QUVNOQ AYIQCHA QO‘SHIG‘I
Boshpanam – shu o‘rmon,
Sokinu bepoyon.
Bormish zo‘r shaharlar,
Sotilarmish sharlar.
Bunda netaman?
Uydan ketaman!
Yursam ko‘p piyoda,
Charchog‘im – ziyoda.
Shaharda – tramvay,
Chiqsamoq, zum o‘tmay
Ko‘lga yetaman…
Uydan ketaman!
Ko‘lda bor qayiqcha,
«Qani, suz, Ayiqcha!»
O‘rmonda – eski gap,
Na bog‘cha, na maktab,
Na xat bitaman...
Uydan ketaman!
Bolalar saroyi
Emish ko‘p g‘aroyib.
To‘garakka kirib,
Samolyotcha qurib,
Parvoz etaman...
Uydan ketaman!
Ulg‘ayib, albatta –
Ishlayman zavodda.
Ko‘cha-yu bog‘ go‘zal,
Do‘konda mo‘l asal, –
Navbat kutaman...
Uydan ketaman!
…Azizim, onajon,
Sen bilan soz o‘rmon.
Sen bor-ki, dilim shod,
Yoningda umrbod –
Kuylab o‘taman,
Qayga ketaman!
OBBO, KALAMUSH-EY!
Kalamushvoy,
Kalamush.
Savoding sal
Chalamish.
Yoz desalar
«Temir» deb,
Sen yozibsan
«Kemir!» deb.
NONUSHTADA
Xontaxtaga
Bo‘ylaymiz,
Bosqon-sandon
O‘ynaymiz.
Bosqon tushsin
Sandonga, –
Qo‘lni cho‘zing
Qanddonga.
TEKINXO‘R
Qumursqavoy
Topib uvoq,
Terga botib
Tortdi uzoq.
Chumchuq kelib
Sekingina,
Yutdi-qo‘ydi
Tekingina.
QIYALIKDA
Yiqildi-yu
Norqo‘zi,
Qo‘ldan tushdi
Tarvuzi.
Pastga chopar
Tarvuzi,
Ishlamasdan
Tormizi.
ULGURJI SAVDO
Potmanchiqning yoz bo‘yi
Ortib bordi tashvishi.
Qolib ketdi sotilmay
Tikkan qancha kalishi.
Kalishdo‘zni shod qildi
Kuz kelib seryog‘inroq.
Birdan mingta kalishni
Sotib oldi Mingoyoq.
ECHKI – ECHKI-DA
Kostyum oldi Echkivoy,
Bashang,
Sap-sariq.
Guldor ko‘ylak tanladi,
Kiydi ko‘k choriq.
Tuya uni tanimay
Dedi: «Siz kimsiz?»
Satang Echki iljayib
Turardi...
Shimsiz.
TO‘TINING TALABALARI
To‘tiqushga yalinishdi
Qarg‘a, Cho‘chqa, It, Mayna:
– Odamlardek gapirishni
Bizga ham o‘rgat, oshna.
To‘ti dedi:
– Men roziman,
Mushkul ishdir bu garchi.
Qani, aziz talabalar,
«Ar-r-rabaliq» denglar-chi.
Qarg‘a dedi:
– Qar-r -rabaliq!
«Ir-r-rabaliq» dedi It.
«Xur-r-rabaliq» dedi Cho‘chqa,
Mayna dedi:
–Vit-vit-vit…
YIRTQICH
Oyisiga ergashib
O‘ynab kelgan Tulkicha,
Qo‘shni qari Bo‘riga
Maqtanib qoldi picha:
– Ayiq katta bo‘larkan,
Hech ko‘rmagan ekanman.
Bo‘ri dedi gerdayib:
– Men Ayiqni... yeganman!
– Ko‘rdim xunuk hayvonni,
Qo‘pol-u, chopar «g‘iz-g‘iz».
–Xix-xi,
Tishi uzunmi?
Yeb ko‘rganman, u –To‘ng‘iz.
– Uchrab qoldi dalada
Shoxi o‘tkir bir Taka...
– Be-e, u tayyor o‘lja-ku,
Ta’min totganman, uka.
– So‘ng yo‘liqdi shudgorda
Traktor degan narsa.
Shovqin solib,
Bo‘kirib,
Quvladi bizni rosa.
Bo‘ri dedi:
– Traktor?
Ko‘rmaganman hech uni.
Lekin, uka, cog‘ bo‘lsak,
Yeb ko‘ramiz bir kuni.
ONANING JASORATI
Ona sichqon baxtiyor,
Qayg‘urmoqqa yo‘q o‘rin.
Tez kunda bo‘lar dastyor
Biri-biridan shirin
Uning olti bolasi.
Kun-tun yemish qidirib
Ombor kezar, charchamas.
Kulbasini to‘ldirib,
Shodu sog‘lom o‘ssa bas
Uning olti bolasi.
Lek, hozir u noiloj,
Omborda shum mushuk bor.
Uyda esa yotar och,
Qotgan nonga bo‘lib zor
Uning olti bolasi.
O‘tirsinmi shu alfoz? –
Ona hanuz o‘ylardi.
Yemish topsa, qanday soz! –
Tortqilashib o‘ynardi
Uning olti bolasi.
Ona nochor qo‘zg‘aldi
Oziq topmoq ko‘yida.
Umidvor boqib qoldi
Huvillagan uyida
Uning olti bolasi.
...O‘lja bo‘lib mushukka,
Ona ingrar, qaltirar.
Asta boqar teshikka,
Olti juft ko‘z mo‘ltirar –
Uning olti bolasi.
O‘RMONDA ZIYOFAT
Sher oshxona ochibdi
O‘rmonda bugun,
Yovvoyi va xonaki
Hayvonlar uchun.
Pishar turli taomlar
Qozonda «jaz-jaz».
Bo‘rivoy – o‘t qalovchi,
Quyon – bosh oshpaz.
Yumronqoziq masallig‘ –
Tayyorlashda band.
Ho‘kiz bobo – qorovul,
Echki – ofitsiant.
Oshxonaki – hashamdor,
Ko‘rinmaydi gard.
Eshikka xat yozilgan:
«Tuyog‘ingni art!»
Birin-ketin hayvonlar
Keldi har yondan:
Tog‘u qishloq, yaylovdan
Hamda o‘rmondan.
Xo‘randalar behisob,
Zo‘rg‘a yetdi joy.
Kuchuk suyak buyurdi,
Maymun – achchiq choy.
Mushuk dedi: «Keltiring –
Sutga to‘g‘rab non.
Yo‘qmi, sizda, mabodo,
Yangiroq sichqon?»
Tulkivoy der: «Bugun sal
Tashqari sovuq.
Menga – qaynoq kakao
Va tirik tovuq».
Qo‘zi beda so‘radi,
Olmaxon – yong‘oq.
To‘ng‘iz esa buyurdi
Chirik oshqovoq.
Talab qildi Buzoqcha
Kunjara, somon.
Yoqib tushdi Kirpiga
Chag‘ir suvilon.
Ishtahadan nolimay
Suli kavshar Ot.
Ikki lagan baqani
Yedi Begemot.
«Menga hang... ham qarang!” deb
Baqirdi Eshak.
Sekingina dedi Fil:
«Bir tonna xashak!»
Xo‘p yayrashdi hayvonlar
Bo‘lib jamul-jam.
Faqatgina Toshbaqa
Edi bunda kam.
Tosh6aqa ham uzoqda
Ko‘rindi, ana.
Afsuski, u kelguncha
Berkir oshxona.
G‘ALAMIS QO‘SHNI
Eski devor bor edi,
Juda serkavak.
Bittasida yashardi
O‘rtoq Suvarak.
Zo‘r uloqchi edi u,
Kamtarin behad.
Katta-kichik qo‘shnilar
Qilardi hurmat:
Qovog‘ari – eng qari,
Buzoqboshi – eng yoshi.
Suvarakvoy poygada
Olib mukofot,
Qo‘shnilarga kechqurun
Berdi ziyofat.
Dasturxonga yoprilib
Bir guruh mehmon,
Ziyofatni qildilar
Tezda talamon:
Qovog‘ari – eng qari,
Buzoqboshi – eng yoshi.
Chumakari darchada
Chaldi so‘ng g‘ijjak.
Boshlab berdi o‘yinni
Shaddod O‘rgimchak.
Kaltakesak davrada
Aylandi gir-gir.
Boshqalar ham o‘yinga
Qo‘shildi bir-bir:
Qovog‘ari – eng qari,
Buzoqboshi – eng yoshi.
Qiyqirg‘u quvonchga
To‘ldi hammayoq..
Shunda birdan «voydod»lab
Qoldi Qirqoyoq:
– Oyog‘imni bosding, deb,
Chaqvoldi Chayon!
Barcha birdan dong qotib,
Bo‘pqoldi hayron:
Qovog‘ari – eng qari,
Buzoqboshi – eng yoshi.
Tindi g‘ijjak tovushi,
Buzildi o‘yin.
Tarqalishdi mehmonlar,
Egishib bo‘yin.
Mezbon noxush tirkadi
Eshikka tamba.
Xafa edi jirraki –
Chayondan hamma:
Qovog‘ari – eng qari,
Buzoqboshi – eng yoshi.
BO‘RINING DOKTOR BO‘LGANI
HAQIDA ERTAK
Nelar bo‘lmas jahonda!..
Yer go‘yo ters aylandi. –
Doktorlikka, o‘rmonda,
Yirtqich Bo‘ri saylandi.
Ana, qarang,
Tish qayrab
O‘tirar shum shifokor.
Yo‘lga boqar jovdirab,
Tezroq kelsa deb bemor.
Keldi ingrab Quyonvoy,
Shalvirab ding qulog‘i.
Qadamlari poyma-poy,
(Balki, tortmas oyog‘i).
– Qani, o‘tir.
Xix-xix-xi...
Darding nima?
Ayt, inim.
– Bo‘ri og‘a,
Uch kunki –
Tinmay og‘rir biqinim.
Bo‘ri yaqin o‘tirdi,
Dono bilib o‘zini.
Biqin qolib,
Tekshirdi –
Quyonning chap ko‘zini.
– Kechikamiz, dingquloq,
Ko‘rmasak tez chora gar.
Oshqozoning sal chatoq,
Buni... «gripp» deydilar.
Biz tabiblar bu dardni
Juda yaxshi bilamiz.
Dadilroq bo‘l,
Sen mardni –
Operatsiya qilamiz.
Qani, rozi bo‘l shartta,
Keyin rahmat aytasan.
Omon kolsang,
Albatta –
Uyga tirik qaytasan.
Dikkaytirib dumini,
Qochib qoldi tez Quyon.
Bechoraning biqini
Og‘rimas shundan buyon.
Keyin, og‘rib tomog‘i,
Keldi yig‘lab yosh To‘ng‘iz.
Ushlab ko‘rib oyog‘in,
Bo‘ri dedi:
– Voh, esiz!..
Tomoq og‘riq boshlanar
O‘ng oyoqning poyidan.
Kesib olsak soz bo‘lar
Go‘shtlikkina joyidan.
Bo‘ri tayyor deb o‘lja,
Yutar ekan so‘lagin;
Fursat poylab To‘ng‘izcha
Rostlab qoldi juftagin.
Keldi Tulki ming‘irlab,
Tikan kirib qo‘liga.
(Bo‘ri der: «Bu boshqa gap!»
Uchrab go‘shtning mo‘liga).
– Doktor, uzr,
Keldim kech...
Juda chatoq ishlarim...
– Dard ko‘rmaysan endi hech,
Omon bo‘lsa tishlarim!
– Kecha tunda uzoqdan
Tinglab shirin ovozin,
Tutib keldim qishloqdan
Tul kampirning xo‘rozin.
Yo‘lda ablah bo‘ztikan
Yaraladi qo‘limni.
Azobi ja zo‘r ekan,
Bukchaytirdi belimni.
«Shoshmay turgin, muttaham!»
Der Bo‘rivoy ichida.
– Ko‘z tegmasin,
O‘zing ham –
Yetilibsan-da juda...
Mana senga tabletka,
Beri kel-chi, jon ini.
...Shunday qilib,
Bir chetda
Bo‘ri yedi Tulkini.
So‘ngra ochib «Bemorni –
Qabul qilish daftarin;
Silab-siypab qornini,
Yozdi ushbu gaplarni:
«Qo‘lin tirnab bo‘ztikan,
Tulki keldi notetik.
Ahvoli og‘ir ekan,
Chora topmadik...
Yedik!»
Kechga yaqin kekkayib,
Kirib keldi qari Sher.
Bo‘ri yetti bukchayib,
«Xush kelibsiz, shohim!» der.
Sher harsillab,
O‘zini –
Kresloga tashladi.
Chaqchaytirib ko‘zini,
Darg‘azab so‘z boshladi:
– Yuray desang sog‘, quvnoq,
Yaxshilab ko‘r, akasi.
Bir hafta-ki,
Sal yo‘qroq
Ishtahamning mazasi.
Bo‘ri aytar:
– O, shohim,
Tortmang buncha dard g‘amin.
Buning chorasi oson,
Sizga kerak vitamin.
Tabibdir yetti pushtim,
Shunday uqtirar ular:
«Semiz, hayvonning go‘shti
Vitaminga boy bo‘lar».
Ta’zim qilib bemorga,
U tugatgach gapini;
Boqib semiz doktorga,
Sher yaladi labini:
– Yaxshi emas, har holda,
Men vitamin izlasam.
Shoh bo‘lsam-u,
Shoqolday –
O‘rmonda giz-gizlasam.
Qo‘ldan bersam imkonni,
So‘ng yurarman armonda. –
Sendan semiz hayvonni
Topish mushkul o‘rmonda.
Qadrlayman men har choq
Tabiblarning so‘zini…
Totmoqchiman hoziroq
Vitaminning tuzini.
...Zo‘ravonga jazo – shu,
Qasoskordir bu zamin.
Avval bo‘ri edi u,
Endi bo‘ldi vitamin.
Lekin, gavjum o‘rmonga
Tabib kerakdir albat.
Davra qurdi hayvonlar
Qilmoq uchun maslahat.
Barchaga teng biyronni
Tanlaylik deb bu ishga,
Yubordilar Quyonni
Doktorlikka o‘qishga
Do'stlaringiz bilan baham: |