Ko‘krak qafasi. Ko‘krak qafasi yon tomondan 12 juft qovurg‘alar oldindan ularning to‘sh suyagi bilan, orqadan esa ko‘krak umurtqasi bilan birikishidan hosil bo‘ladi. Katta yoshli kishilarda ko‘krak bochka shaklida, yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda u pastga kengaygan surnay shaklida bo‘ladi. Ko‘krak qafasining yuqorigi teshigi kichikroq (bo‘yin a’zolari o‘tuvchi), pastki qoringa qaragan teshigi esa nisbatan kengroq bo‘ladi. Pastki teshigi diafragma (to‘siq, mushak) orqali to‘silgan bo‘lib, uning teshiklaridan ko‘krak aortasi va qizilo‘ngach qoringa o‘tadi, pastki kavak venasi esa ko‘krakka (yurak tomonga) o‘tadi. Ko‘krak qafasi faqat tayanch vazifasini bajaribgina qolmay, u yurak, o‘pka, ayrisimon bez va qator ko‘krak a’zolarini himoyalab, o‘z ichida saqlab turadi, nafas olishda faol qatnashadi (ayniqsa, qovurg‘a qismi). Ko‘krak qafasi ayollarda, erkaklarda, yosh bolalarda shakli va hajmi bilan farq qiladi. Shuningdek, u konstitutsiyaga (qomat tuzilishiga) qarab ham har xil shakl va hajmga ega bo‘lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |