Oda miyli k mul ki ( I - qis m)
Tohir Malik
26
library.ziyonet.uz/
Ishq-muhabbat xususinda koʻp va xoʻb yozilgan. Donolardan biri: «Muhabbat oʻzi eski
narsa, ammo har bir qalb uni qaytadan kashf etadi», degan ekan. Kishining mijozi har xil
boʻlganidek, uning ishq-muhabbatga doir his va tuygʻulari ham turlichadir. Shuningdek,
toqatlarining darajalarida ham tenglik yoʻq. Demoqchimizkim,
kishi ishq va muhabbatni
bir xilda anglamaydi va qalbi bir xilda yona qolmaydi. Bir kuni Iskandar Zulqarnaynga
xabar beribdilarkim:
-Falonchi qizingizni sevib qolibdi!
-Sevib qolgan boʻlsa nima qilishim kerak?-deb soʻrabdi podshoh.
-Uni oʻldirish kerak, farmon bering, - deyishibdi.
-Birov sevgani uchun, boshqa birov esa yomon koʻrgani uchun oʻldirilaverilsa
dunyoda
odamzotdan nom-nishon qolmaydi-ku?-degan ekan podshoh.
Ajabkim, bizlar ishq-muhabbat deyilganda koʻproq yigit va qiz orasidagi tuygʻuni
tushunamiz. Shuaroning, ayniqsa bugungi shoirlarning satrlaridagi ishq va muhabbat
shundan oʻzga narsa emas. Holbuki, ishq va muhabbatning qamrovi ancha kengdir.
Avvallari «ishq» deyilganda koʻproq bandaning Yaratganga muhabbati tushunilgan va
qadim adabiyotda bu oʻz aksini goʻzal hollarda topgan.
Yana ota-onaga muhabbat,
odamlarning oʻzaro muhabbatlari (buni «hurmat» ham deb ataymiz), ona zaminga, ona
Vatanga muhabbat, kasb-koriga muhabbat, farzandlarga muhabbat...
Hazrat Alisher Navoiy ishqning bayonini bunday tasvirlaydilar:
«Ishq - porloq yulduzdir, bashariyat koʻzining nuru ziyosi shundan. Ishq - tovlanib
turuvchi gavhardir - insoniyat tojining ziynati va bahosi shundan. Ishq - tole’ quyoshidir,
qaygʻuli dillar tikanzori undan gulshan. Ishq - balqib turgan toʻlin oydir, qorongʻi
koʻngillar kechasi undan ravshan. Ishq - keng dengizdir, har toʻlqini yuz aqlu xush
kemasini gʻarq qiladi. U baland togʻdir, har choʻqqisining oʻtkir
qirrasi ming zuhd-taqvo
egasining boshini uchiradi. Ishq- kuydiruvchi shu'ladir, koʻpgina jon va koʻngillarni
xashakdek yoqadi. Ishq- alangali chaqmoqdir, koʻpgina jonu dillarni yolqini bilan kul
qiladi. Ishq - ajdahodir, olamni damiga tortmoq uning tilagi.
Ishq - qahrli podshohdir,
olam ahlini yoppasiga qirmoq uning maqsadi, u har qancha qon toʻkkani bilan
zerikmaydi, u har qancha odamni qon qilsa ham qoniqmaydi. Ishq - yashindir,
aqlu din
xirmonini kuydiradi, u boʻrondir, kuyganlarning kulini koʻkka sovuradi. Ishq -
shunchalar qaysarki, uning oldida podshoh ham gado ham teng, u shunday zulmkorki,
uning
qoshida iflos-fosiq ham, pokdil oshiq ham bir... Dunyo bozorining gʻavgʻosi va
dunyoda bor hamma narsalarning savdoxonasidagi shovqin-suroni - ishq tufaylidir...»
Ahli shuaro: «Agar soʻzning nazm lazzatidan harorati boʻlmasa va she’rning ishq
haroratidan kuyishi boʻlmasa, ularni nursiz sham' va boshliqsiz toʻda deb biling», degan
fikrni bayon qiladilar. Shu oʻrinda qisqa boʻlsa-da, oʻtmish nazm gulshani xususinda
suhbatlashsak. Gap shundaki, ayrim birodarlarimiz oʻtmish
nazmida uchraguvchi ishq
bayonining barchasi Allohga ishqni anglatadi, deydilar. Bu unchalik toʻgʻri tushuncha
emas. Koʻp hollarda shuaro oshiq va ma’shuq hijronlarini bayonini berganda yigit va
qizni nazarda tutadilar. Masalan:
Qani Shirin bilan Layliki sendin noz oʻrgansa,
Qani Farhodu Majnunkim, alargʻa ishq oʻrgatsam...