33-§. RUSNING MO`G`ULLAR ZULMIDAN ОZOD BO`LISHI
Markaziashish omillari. Mo`g`ullar istilosi natijasida Rus yerlari og`ir talafot ko`rgan bo`lsa-da, iqtisodiy rivojlanish butunlay to`xtab qolmaydi. Rus shaharlarida hunarmandchilik va savdo-sotiqning jonlanishi, turli viloyatlar orasidagi aloqalarning kuchayishi, qishloq xo`jaligidagi siljishlar - Rus yerlarining birlashishiga yordam beradi. Mamlakatning birlashishiga tashqi dushmanlarga, avvalo, Oltin O`rda xonlari zulmiga qarshi kurash zaririyati ham ko`p jihatdan ta`sir qiladi. Rus yerlarining birlashuvi. XIV asrning boshlarida bir asr avval Vladimir knyazligi chekkasi hisoblangan Tvеr va Moskva qo`rg`onlari shaharlarga aylanib, rus yerlarining yangi markazlari sifatida yuksala boshlaydi. Rus yerlaridan Oltin O`rda xoni yorlig`i bilan soliq yig`ish uchun kurashi davomida Tvеr knyazlaridan bir nechtasi mo`g`ullar qo`lida o`lim topadi. Knyazlar o`zaro kurashda hech qanday usuldan jirkanmaydi, xususan Moskva knyazi Yuriy Danilovichning O``zbekxonga o`z sadoqatini ko`rsatishi Tyer knyazi Mixailning halokati bilan tugaydi. Вu kurash faqat knyaz Ivan Kalita (1325-1340) davrida uzil-kesil Moskva foydasiga hal bo`ladi. Moskva knyazlari XIV asrning o`rtalariga kelib ancha kuch to`playdi. Вu kuch bilan Oltin O`rdaga qarshi kurashish ham mumkin edi. Knyaz Dmitriy Ivanovich taxtga kelganida 10 yoshda edi. U balog`at yoshiga yetguncha Moskva knyazligi siyosatini mitropolit Aleksiy boshchiligidagi boyarlar kengashi oqilona olib boradi. Oltin O`rda ham XIV asrning o`rtasidan siyosiy nizolar davriga kirib, u deyarli 20 yil davom etdi. Moskva knyazi Dmitriy Ivanovich (1359-1389) 1378-yili Voje daryosi bo`yida mo`g`ullarga qarshi kurashdagi dastlabki g`alabaga erishadi. Knyaz Dmitriy qo`shinlari 1380-yilning sentabrida Don daryosi sohilidagi Kulikovo maydonida Oltin O`rda tumanboshisi Мamay boshchiligidagi qo`shin ustidan yana g`alaba qozonadi. Вu g`alaba sharafiga Moskva knyazi Donskoy faxriy nomini oladi. Аmmо, oradan ikki yil o`tib To`xtamishxon yana Moskva ustidan hukmini o`rnatib, rus knyazlarini boj-yasoq to`lashga majbur etadi. Sohibqiron Amir Temurning Oltin O`rda ustidan 1391-yili Qunduzcha, 1395-yili Tarak daryosi bo`yidagi janglarda g`alabalari Rus yerlari va Sharqiy Yеvrорa xalqlarining mo`g`ullar zulmidan ozod etilishida hal qiluvchi omillardan bo`ladi. Nihoyat, 1480-yili knyaz Ivan III davrida Moskva Oltin O`rdaga boj-yasoq to`lashdan bosh tortadi. Shu tariqa Rus yerlarida, deyarlik 250 yil davom etgan mo`g`ullar hukmronligi tugaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |