4013-§. Minerallarning alohida xususiyatlari
Minerallarning alohida xususiyatlariga izomorfizm, polimorfizm, tipomorf belgilari hamda generatsiyasi va paragenezisi kiradi.
IZOMORFIZM – («izo» – teng, bir xil, «morfe» – shakl, qiyofa) bir modda atom (yoki ion)larining boshqa modda strukturasida atom (yoki ion)lari bilan o‘rin almashish xossasidir. Izomorfizm hodisasi minerallarda juda keng tarqalgan. Masalan, volframit mineralining kimyoviy tarkibi quyidagicha formula bilan ifodalanadi: (Fe, Mn [WO4]). Bu yerda marganets atomlari temir atomlari bilan va aksincha temir marganets atomlari bilan o‘rin almashishi mumkin. Olivin ham izomorf qorishma hisoblanadi, ya’ni (Mg, Fe [SiO4]). Bu yerda magnit atomlari temir atomlari bilan o‘rin almashishi mumkin. Izomorfik xususiyatga ega bo‘lgan minerallar formulasida qavs ichida o‘rin almashuvchi elementlar vergul bilan ajratilib yoziladi.
POLIMORFIZM – («poli» – ko‘p) grek tilidan «ko‘p shakllilik» degan ma’noni bildiradi. Izomorfizm har xil elementlarning bir hil shakl yoki struktura hosil qilishi bo‘lsa, polimorfizm uning teskarisidir; ya’ni bitta element har xil struktura yoki shakl hosil qiladi.
Polimorfizmga misol qilib uglerod elementining ham grafit, ham olmos minerallari hosil qila olishini ko‘rishimiz mumkin. Ularning xossalari boshqa-boshqa. Olmosning qattiqligi 10 va kub singoniyada kristallanadi. Grafitning qattiqligi 1 va geksagonal singoniyada kristallanadi. Bularning sababi uning strukturasida, ya’ni uglerod atomlarning joylashuvi tartibidagi farqdan kelib chiqadi.
TIPOMORF BELGILAR. Har bir mineral ma’lum bir sharoitda yoki jarayonda hosil bo‘ladi va o‘zida o‘sha sharoitni aks yettiruvchi belgilarga ega bo‘ladi. Demak, biz minerallarning qiyofasi, rangi yoki boshqa bir belgisi orqali u hosil bo‘lgan fizik-kimyoviy muhit to‘g‘risida xulosa qilishimiz mumkin.
Tipomorf belgilar – minerallarning hosil bo‘lish harorati, genezisi yoki tarkibini aniqlash mumkin bo‘lgan belgilaridir.
Tipomorf belgilarga ega bo‘lgan minerallar «tipomorf minerallar» deyiladi.
Minerallarning paydo bo‘lish sharoiti o‘zgarishi natijasida ularning tarkibi o‘zgaradi. Buning natijasida rangi o‘zgaradi. Buni sfalerit (rux aldamchisi) misolida ko‘rish mumkin. Yuqori haroratda hosil bo‘lgan sfalerit tarkibida temir elementi bo‘lgani sabab, uning rangi qora bo‘ladi. Oddiy sfalerit jigar rangda bo‘ladi. Rangsiz sfalerit past haroratda hosil bo‘lganidan darak beradi. Demak, sfaleritning rangiga qarab uning tarkibi va paydo bo‘lishi haroratini bilish mumkin.
MINERALLAR GENERATSIYASI. «Generatsiya» atamasi lotin tilidan («generacio») «paydo bo‘lish», «avlod» degan ma’noni anglatadi. «Mineralning generatsiyasi» deganda mineral hosil qiluvchi jarayonlarning turli bosqichlarida aynan bir mineralning bir necha marta hosil bo‘lishi tushuniladi. Alohida olingan bir mineral o‘zining bir necha avlodini ketma-ket paydo qilishi mumkin. Masalan, avval yirik kristallardan iborat birlamchi, so‘ngra kristallchalardan iborat yosh avlodi, keyinroq darzliklarda, ancha keyin faqat mikroskopda ko‘rish mumkin bo‘lgan juda mayda birikmalar shaklida hosil bo‘ladi.
PARAGENEZIS («para» – yaqinida, «genezis» – hosil bo‘lish) bir xil genezisli minerallar yoki elementlarning birgalikda uchrashi.
Rus olimi V.I.Vernadskiy «paragenezis» termini o‘rniga «minerallar assotsiatsiyasi» deb atashni taklif etgan. «Assotsiatsiya» atamasi «guruh», «jamiyat» ma’nosini bildiradi. Minerallarning paragenetik assotsiatsiyasi – bir jarayonda hosil bo‘lgan minerallar guruhidir.
Minerallar paragenezisini bilish ayniqsa foydali qazilma konlarini izlash davrida katta ahamiyatga ega. Masalan, xrom ma’danlari faqat ultraasos jinslar tarqalgan hududlarda qidiriladi. Qalay va volfram ma’dani esa nordon jinslarda izlanadi. Kontaktda hosil bo‘ladigan skarn jinslarida sheelit minerali bor-yo‘qligiga e’tiborni qaratish zarur. Chunki sheelit skarn jarayonida hosil bo‘luvchi mineral hisoblanadi.
Amaliyotda minerallarning paragenetik assotsiatsiyasini ularning eng asosiy genetik turlari bo‘yicha guruhlash qabul qilingan. Shunga muvofiq magmatik assotsiatsiya, pegmatit assotsiatsiya, skarn, gidrotermal va hokazo assotsiatsiyalar ajratiladi. Masalan, past haroratli gidrotermal jarayon uchun kinovar, antimonit, borit, kaltsiy, flyuorit va xalsedon minerallarining assotsiatsiyasi xos. Qo‘rg‘oshin, rux, kumush va mis elementlarining polimetall assotsiatsiyasi mavjud.
Bulardan tashqari yana dengiz cho‘kindilari assotsiatsiyasi, nurash, vulkan kabi paragenetik assotsiatsiyalar ajratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |