Ikkinchi bo‘lim MINERALOGIYA
347-§. Minerallar to‘g‘risida umumiy ma’lumot
«Mineral» deb bir yoki bir necha elementlarning tabiiy birikmalariga aytiladi. Minerallar faqat bitta elementdan (oltingugurt, oltin, platina) yoki bir necha elementdan tashkil topgan bo‘lishi mumkin.
Minerallarni mineralogiya fani o‘rganadi. Mineralogiya «minera» – ma’dan, javohir va «logos» – bilim, ta’limot so‘zlaridan olingan bo‘lib minerallarning tabiiy sharoitda paydo bo‘lishi, tarkibi, o‘zgarishi va ularni aniqlash usullari to‘g‘risidagi fandir.
Minerallar tabiatda qattiq (olmos, kvars, yoqut, feruza va boshqalar), suyuq (suv, neft, sof simob) va gaz (metan, etan, propan va h.k.) holda uchraydi va turli geologik jarayonlarda hosil bo‘ladi. Bunday jarayonlarga «magma» deb ataluvchi, erning chuqur qismidan (200–250 km) ko‘tarilib yer po‘sti ichkarisida kristallanib va yer yuzasiga otilib chiqib sovub qotadigan, qizigan (1500 °C) xamirsimon massaning faoliyati hamda undan ajralib chiqqan, elementlarga boy eritmalar va gazlar bilan bog‘liq jarayonlar kiradi. Bundan tashqari minerallar dengiz va okean suvlaridagi elementlarning birikib cho‘kmaga tushishi (osh tuzi – galit, gips va boshqalar) yoki o‘simlik va hayvonlar faoliyati natijasida ham hosil bo‘ladi (qahrabo, marvarid, neft va h.k.).
Har bir mineral o‘z nomiga ega. Ularga nomni mineralni topib uni o‘rgangan olim tomonidan qo‘yiladi. Mineral nomiga davlat, millat, viloyat, tuman, olim, kosmonavt (avitsenit, berunit, uzbekit, turanit, shorsuit, gagarinit va h.k.) nomi qo‘yilishi mumkin.
Hozirgi vaqtda 3000 dan ortiq mineral ma’lum bo‘lib, ulardan 450 ga yaqini tabiatda keng tarqalgan, qolganlari kam uchraydi.
Mineral hosil qiluvchi elementlar ichida O (kislorod) birinchi o‘rinda turadi. Undan tashqari quyidagilar: H (vodorod), Si (kremniy), Al (aluminiy), Fe (temir), Ca (kalsiy), Mg (magniy), Na (natriy), K (kaliy), Ti (titan), C (uglerod), Mn (marganets), P (fosfor), S (oltingugurt), Cu (mis), Pb (qo‘rg‘oshin) mineral hosil qiluvchi asosiy elementlar hisoblanadi.
Quyidagilar oz miqdorda mineral hosil qiladi: Nb (niobiy), Ta
(tantal), Be (berilliy), Ni (nikel), Co (kobalt). Mineral hosil qilmaydigan, lekin minerallarning kristall panjarasida joylashgan elementlar ham bor. Ular Rb (rubidiy), Re (reniy) kabi elementlardir.
Minerallarning inson hayotidagi ahamiyati benihoya ulkandir. Iqtisodiyotning biror-bir sohasi yo‘qqi, mineral yoki undan tayyorlangan buyum ishlatilmasa. Masalan, magnetit va gematitdan cho‘yan va po‘lat olinadi, fosforit va apatitlar qishloq xo‘jaligida o‘g‘it sifatida, olmos texnikada va feruza, yoqut minerallari esa zargarlikda va hokazolarda foydalaniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |