12. 2. Lisoniy shaxs strukturasi
“Lisoniy shaxs” termini dastlab V.V. Vinogradov asarlarida qo‘llanilgan. Hozirgi kunda lisoniy shaxs tushunchasi Yu.D. Apresyan, G.I. Bogin, V.G. Gak, A.N. Baranov, Yu.N. Karaulov, M.V. Kitaygorodskaya, N.N. Rozanova, V.I. Shaxovskiy, M.V. Pimenova, S.Ye. Nikitina va boshqa tadqiqotchilar tomonidan atroflicha o‘rganilgan.
Yu.N. Karaulov lisoniy shaxs deganda, insonning nutqiy asarlar (matnlar)ni yaratish va ularni idrok qilish bilan bog‘liq bo‘lgan qobiliyatlari va o‘ziga xosliklari majmuasini tushungan. U matnlarni 1) lisoniy-struktur murakkablik darajasiga ko‘ra; 2) haqiqatni teran va aniq aks ettirishiga ko‘ra; 3) muayyan maqsadga yo‘naltirilganligiga ko‘ra farqlagan. Bunda insonning qobiliyati uning matn yaratish xususiyati bilan bog‘langan.
Yu.N. Karaulov lisoniy shaxs strukturasining uch darajasini: verbal-semantik, kognitiv va pragmatik darajalarini qayd qilgan.
1. Verbal-semantik daraja til egasi uchun tabiiy tilni yetarli darajada egallashni, tadqiqotchi uchun esa muayyan ma’nolar ifodasining shakliy vositalarini an’anaviy tasvirlashni nazarda tutadi.
2. Kognitiv daraja til egasining olam lisoniy manzarasi va semantik maydonini aniqlaydigan tushunchalar, g‘oyalar va konseptlarni qamrab oladi. Mazkur daraja alohida leksik birliklar ma’nolarini kengayishi va bilimlarga o‘tishni ta’minlaydi. U so‘zlovchi shaxsning intellektual sohasini qamrab oladi.
3. Pragmatik daraja maqsadlar, motivlar, qiziqishlar, niyatlar va kommunikativ faoliyat ehtiyojlaridan tarkib topadi. U nutqiy faoliyatni anglashdan real faoliyatni tushunishga o‘tishni ta’minlaydi. Muloqot o‘z-o‘zidan mavjud bo‘lmasdan, balki u ijtimoiy munosabatlarni aniqlaydigan kishilarning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu o‘rinda sof kommunikativ ehtiyojlar haqida emas, balki shaxsning barcha ijtimoiy-faoliyat paradigmalari bilan bog‘liq bo‘lgan kommunikativ faoliyati haqida gapirish maqsadga muvofiqdir.
Kommunikativ faoliyat ehtiyojlari va lisoniy shaxsning uch darajasi o‘rtasida muayyan o‘zaro munosabatlar o‘rnatiladi. Shunday qilib, ehtiyojlarning birinchi guruhi kishilar o‘rtasidagi aloqalarni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish vazifalariga javob beradi. Ehtiyojlarning mazkur guruhi verbal-semantik daraja bilan qondiriladi va tilni odatdagi qo‘llash orqali amalga oshiriladi. Ehtiyojlarning ikkinchi guruhi informatsiyalar almashish va shaxsning tezaurusini qo‘llagan holda o‘zaro faoliyatning yagona strategiyasini ishlab chiqishni ko‘zda tutgan muloqot vaziyati bilan o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Ehtiyojlarning uchinchi guruhi shaxs o‘z suhbatdoshini qabul qilishi va tushunishiga qaratilgan muloqot vaziyati bilan o‘zaro bog‘liq bo‘ladi.
Bilish va o‘zini o‘zi anglash ham lisoniy shaxsning muhim jihatlaridan sanaladi. Lisoniy bilish o‘z tabiatiga ko‘ra individual bo‘ladi, biroq madaniyatning turlariga muvofiq holda turli shakllarga ega bo‘lishi mumkin. Chunonchi, har qanday lisoniy shaxs ayni paytda madaniy shaxs hamdir.
Xullas, lisoniy shaxs deganda muayyan bilimlar va tasavvurlar majmuyiga ega bo‘lgan nutqiy faoliyatni namoyon qiluvchi shaxs tushuniladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |