Sud psixologik ekspertizasi. Sud psixologik ekspertizasining asosiy vazifasi psixologik mazmunga ega bo‘lgan muammolarni yechishda adliya organlariga yordam berish, uning funksiyasi esa maxsus psixologik bilimlar va metodlar vositasida aybdorlar, guvohlar va jabrlanuvchilar psixik faoliyatining individual xususiyatlarini obyektiv baholashga imkon beradigan yangi dalillarni qo‘lga kiritishdan iborat. Sud psixologik ekspertizasining predmeti ish yuzasidan obyektiv haqiqatni aniqlashda muhim ahamiyat kasb etgan inson psixik faoliyati komponentlarini bir butunlikda belgilash va baholash hisoblanadi.
Psixolingvistik ekspertizaning turlari va tushunchalari. Psixolingvistik ekspertiza odatda, mutaxassislar tomonidan lingvistik va yozuv ekspertizasi bilan bir qatorga qo‘yiladi. Biroq ekspertiza vositasida hal qilinadigan masalalar aksariyat hollarda ekspertizaning barcha turlari, jumladan, psixolingvistik, lingvistik va yozuv ekspertizalarining ishtirokini talab qiladi.
Ekspertizani maqsadiga ko‘ra ham turlarga ajratish mumkin:
a) mualliflik ekspertizasi – matn muallifini aniqlash yoki shu matnni yozishi mumkin bo‘lgan shaxsni aniqlash. Bunda shaxsning jinsi, yoshi, millati, ona tili, tug‘ilgan joyi, yashash joyi, ma’lumoti va h.k. tekshiriladi;
b) matn muallifining vaqtinchalik belgilariga, masalan, uning emotsional holatini aniqlashga qaratilgan ekspertiza;
d) tekshirilayotgan matnni yaratishdagi u yoki bu sharoitlarni aniqlashga qaratilgan ekspertiza;
e) matndagi ma’lumotlarni ataylab buzib ko‘rsatilishini aniqlashga qaratilgan ekspertiza;
f) matn muallifini javobgarlikka tortish uchun asoslarning yetarliligini aniqlashga qaratilgan ekspertiza. Bunda asarlarda bo‘hton, tuhmat, shaxsni haqoratlash, millatchilik, diniy kelishmovchiliklarni yuzaga keltiruvchi, urushga yoki davlat to‘ntarishiga chorlovchi mazmunning mavjudligi tekshiriladi.
Lingvistik ekspertiza. Tergov va sud amaliyotida psixolingvistik ekspertiza bilan bir qatorda lingvistik ekspertiza ham keng tarqalgan. “Цена слова. Из практики лингвистических экспертиз текстов СМИ в судебных процессах по защите чести, достоинства и деловой репутации” nomli maqolalar to‘plamida T.V Gubayeva lingvistik ekspertizani shunday tasvirlaydi: “Lingvistik ekspertiza protsessual harakat bo‘lib, til fani sohasida maxsus bilimga ega exspertning turli xil murakkab masalalarni tadqiq etishi va ularga xulosalar berishidan iboratdir”. Ko‘rinadiki, mazkur ta’rifdagi mezonlar, xususan, qanday masalalarni nazarda tutilganligi lingvistik ekspertiza xususiyatini aniqlab berishga yaramaydi. А.А. Leontevning fikricha, qayd qilingan to‘plamning aksariyat mualliflari matnlar ekspert tadqiqining o‘ziga xos xususiyatlari va ekspert vazifalari haqida yetarli tasavvurga ega emaslar. Masalan, Ye.I.Galyashina mavjud ekspertizalarning kamchiligi sifatida “xulosalar qat’iy shaklda emas, balki ehtimoliy tarzda beriladi, shuning uchun ulardan sud ekspertizalari sifatida foydalanib bo‘lmaydi”, deb qayd qiladi. Biroq matn bilan ish ko‘radigan har qanday ekspertiza (masalan, mualliflik) faqat yuz berishi ehtimol tutilgan informatsiyanigina bera oladi. Exspertning vazifasi qat’iy javob berish emas, balki qo‘llanilgan usullarni obyektivlashtirish orqali javoblarning yuqori ehtimollik darajasini ta’minlash va xulosani asoslashdan iborat. Bu xulosani protsessda qay tarzda qo‘llash yoki qo‘llamaslik exspertning emas, balki sudning ishidir. Ekspertning so‘rovi exspert xulosasining ishonchliligini aniqlash maqsadlaridan biridir.
Bugungi kunda rivojlangan mamlakatlarda qidiruvdagi jinoyatchining individual ovoz xususiyatlarini maxsus kompyuter dasturlariga kiritish orqali aniqlash keng tarqalgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |