O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING
QARORI
NODAVLAT TA’LIM TASHKILOTLARINI DAVLAT TOMONIDAN QO‘LLAB-QUVVATLASH VA
TA’LIM JARAYONIDA YOSHLAR UCHUN QO‘SHIMCHA SHART-SHAROITLAR YARATISH
CHORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA
Zamonaviy talablarga mos keladigan yuqori malakali kadrlarni tayyorlash jarayonini
sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, nodavlat ta’lim tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash va
ta’lim jarayonida yoshlar ishtiroki uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish maqsadida:
1. Nodavlat ta’lim tashkilotlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning quyidagi
choralari joriy etilsin:
2021-yil 1-iyuldan boshlab moddiy-texnik bazani mustahkamlash (avtotransport
vositalarini sotib olishdan tashqari) va ta’mirlash-tiklash ishlari, shuningdek, xodimlarni
(o‘qituvchilarni) qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun tijorat banklari kreditlari
bo‘yicha Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan
qonunchilikda belgilangan miqdorlarda va shartlarda kafilliklar hamda foiz xarajatlarini
qoplash uchun kompensatsiyalar taqdim qilish. Bunda, kompensatsiya avval berilgan
kreditlarga ham qarzdorlik qoldig‘iga nisbatan tatbiq etilishi belgilansin;
2021-yil 1-avgustdan 2024-yil 1-yanvarga qadar ta’lim jarayonida foydalaniladigan bino
va inshootlar ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizigacha, biroq davlat ko‘chmas mulk
obyektlaridan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining qonunchilikda belgilangan minimal
stavkasining 50 foiz miqdoridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda davlat budjeti mablag‘lari hisobidan
qoplab berish. Bunda, ushbu tartib Toshkent va Samarqand shaharlarida joylashgan va ta’lim
jarayonida foydalaniladigan bino va inshootlarga tatbiq qilinmaydi.
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) Moliya vazirligi (T.
Ishmetov), Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) bilan birgalikda bir oy muddatda
nodavlat ta’lim tashkilotlariga ijara to‘lovi xarajatlarining bir qismini qoplab berish tartibi
to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin. Bunda, mazkur
to‘lovlarning yillik summasi har chorakda teng ulushlarda to‘lab berilishi nazarda tutilsin.
2. Belgilansinki, 2021-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar
tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand
shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat ta’lim tashkilotlari:
ijara to‘lovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal to‘lovlar bo‘yicha xarajatlar bundan
mustasno);
ta’lim jarayoni natijasida olingan, o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotlarni (ish va
xizmatlarni) ta’lim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (qo‘shilgan qiymat solig‘i va
foyda solig‘i bo‘yicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.
3. Xalq ta’limi vazirligi (Sh. Shermatov), Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A.
Toshkulov), tizimida davlat umumiy o‘rta, professional va oliy ta’lim muassasalari mavjud
bo‘lgan vazirlik va idoralar Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (A. Ortiqov) bilan birgalikda
darsdan bo‘sh vaqtlarda, shu jumladan yozgi ta’til vaqtida quyidagi davlat mulki obyektlarining
nodavlat ta’lim tashkilotlariga ijaraga berilishini ta’minlasin:
maktabdan tashqari ta’lim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta
tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy o‘rta va oliy ta’lim muassasalari bo‘sh
maydonlarini;
aholining kompyuter savodxonligi bo‘yicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda
joylashgan davlat umumiy o‘rta va professional ta’lim muassasalaridagi kompyuter sinflarini.
Bunda, mazkur bandning uchinchi xatboshisida belgilangan kurslarni tashkil etish
uchun nodavlat ta’lim tashkilotlari tomonidan jalb qilingan o‘qituvchilarning ish haqi
xarajatlarining bir qismi oyiga bazaviy hisoblash miqdorining 6 barobarigacha miqdorida
tegishli mahalliy budjetlar hisobidan 2024-yil 1-yanvarga qadar kompensatsiya qilinadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 19-maydagi “O‘zbekiston
Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi
bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5117-son qarori bilan qishloq
hududlarida xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik subyektlariga 50
mln so‘mgacha mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan bir martalik subsidiya ajratish amaliyoti
yo‘lga qo‘yilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi (S. Obidov) Moliya vazirligi (J.
Abruyev), Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi (U. Tashkenbayev) bilan birgalikda
bir oy muddatda hududlarda xorijiy tillarni o‘qitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlik
subyektlariga subsidiyalar ajratish tartibini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
5. Belgilab qo‘yilsinki, 2021-yil 1-oktabrdan boshlab soliq to‘lovchi tomonidan tegishli
xalqaro uyushmaga a’zo bo‘lish uchun a’zolik badallariga hamda qayta tayyorlash va
malakasini oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiriladigan o‘zining ish haqi va
boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod
qilinadi.
Bunda, mazkur soliq imtiyozlari bazaviy hisoblash miqdorining 8 barobarigacha bo‘lgan
summaga, shuningdek, o‘quv kursidan muvaffaqiyatli o‘tgan hamda tegishli xalqaro uyushma
a’zosi sifatida a’zolik badallari to‘lovini va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovni tasdiqlovchi
hujjat mavjud bo‘lganda qo‘llaniladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ikki oy muddatda mazkur bandning birinchi xatboshisi
bilan joriy qilinayotgan tartibni amaliyotda to‘liq qo‘llash uchun tegishli qonun loyihasini
Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
6. Moliya vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent davlat
iqtisodiyot universiteti huzurida Moliyaviy hisobot va auditning xalqaro standartlari bo‘yicha
innovatsion malaka oshirish resurs markazini (keyingi o‘rinlarda — Moliyaviy hisobot bo‘yicha
resurs markazi), shuningdek, Buxgalteriya hisobi va soliqlar bo‘yicha nodavlat malaka oshirish
resurs markazini (keyingi o‘rinlarda — Buxgalteriya hisobi bo‘yicha resurs markazi) tashkil
etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin hamda quyidagilar ularning asosiy vazifalari etib
belgilansin:
soha mutaxassislari va professor-o‘qituvchilarning malakasini oshirish;
tegishli ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari talabalari amaliyotini
tashkil etish va tegishli sharoitlar yaratish;
soha mutaxassislari, professor-o‘qituvchilar va talabalarni tegishli darsliklar bilan
ta’minlash;
o‘quv qo‘llanmalarini davlat tili va boshqa tillarga tarjima qilish;
masofaviy o‘qitishdan keng foydalanish, elektron kutubxona (elektron kitoblar, video
darsliklar, taqdimotlar va testlar) tashkil etish va uning adabiyotlar fondini boyitish;
zarur ta’lim muhitini yaratish maqsadida axborot resurslaridan bepul foydalanishni
ta’minlash.
7. Belgilab qo‘yilsinki:
Moliyaviy hisobot bo‘yicha resurs markazining Vasiylik kengashi tarkibi Moliya
vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Toshkent moliya instituti, buxgaltyerlar va
auditorlarning respublika jamoat birlashmalari rahbar va xodimlaridan tashkil topadi;
Moliyaviy hisobot bo‘yicha resurs markazining Vasiylik kengashi oliy ta’lim
muassasalari va nodavlat ta’lim tashkilotlarida pedagogik mahoratni oshirish hamda talabalar,
amaliyotchi mutaxassislarda ilg‘or amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha ushbu markaz
tomonidan amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasini har yili tasdiqlaydi;
Buxgalteriya hisobi va soliqlar bo‘yicha resurs markazi Moliya vazirligi tomonidan
nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida o‘tkaziladigan tanlov natijalari bo‘yicha tashkil qilinadi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov):
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi (A. Toshkulov) bilan birgalikda Moliyaviy hisobot
bo‘yicha resurs markazi va Buxgalteriya hisobi bo‘yicha resurs markazi faoliyatini 2021-2022-
yillar davomida to‘liq yo‘lga qo‘ysin hamda ularni yuqori malakali kadrlar bilan to‘ldirish
choralarini ko‘rsin;
2021-2022-yillar davomida Moliyaviy hisobot bo‘yicha resurs markazi hamda
Buxgalteriya hisobi bo‘yicha resurs markaziga yuklatilgan vazifalarni amalga oshirish uchun
500 million so‘mdan mablag‘ ajratsin. Bunda, 2021-yil xarajatlari respublika budjetining
qo‘shimcha daromadlari hisobidan qoplanadi.
8. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Moliya vazirligi va Innovatsion rivojlanish
vazirligi bilan birgalikda 2022-yil yakuniga qadar Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti,
Toshkent moliya instituti, Moliya vazirligi huzuridagi o‘quv markazi hamda Samarqand
iqtisodiyot va servis institutini buxgalteriya hisobi va audit sohasidagi xalqaro tashkilotlarning
akkreditatsiyasidan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
Belgilansinki:
buxgalteriya hisobi va audit sohasida o‘quv dasturlari va o‘qituvchilarni xalqaro
tashkilotlarning akkreditatsiyasidan o‘tkazishga tayyorlash doirasida yuqoridagi oliy ta’lim
muassasalarining har biriga 2022-yilda 100 million so‘mdan mablag‘ ajratiladi;
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Toshkent moliya instituti va Samarqand
iqtisodiyot va servis instituti xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan taqdirda, ularning moddiy-
texnik bazasini rivojlantirish uchun 2023-yilda 1 milliard so‘mdan bir martalik rag‘batlantirish
mablag‘lari ajratiladi.
Moliya vazirligi (T. Ishmetov) ushbu bandda nazarda tutilgan xarajatlarni
moliyalashtirish uchun tegishli mablag‘larni 2022 — 2023-yillarda Davlat budjeti
parametrlarida nazarda tutsin.
9. Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan
birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan
o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib
xalq ta’limi vaziri Sh. Shermatov, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A. Toshkulov, moliya vaziri T.
Ishmetov, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i U. Tashkenbayev
belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini
muvofiqlashtirish va nazorat qilish Bosh vazir o‘rinbosari J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2022-yil 1-yanvargacha
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 25-iyun,
PQ-5161-son
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.06.2021-y., 07/21/5161/0595-son)
Do'stlaringiz bilan baham: |