Bakteriyalarning filogeniyasi va kelib chiqishi. Yer paydo bo‘lishida dastlabki prokariot organizmlardan paleontologlar fikricha eng qadimiysi temir bakteriyalar bo‘lib, u hayot uchun o‘ta noqulay sharoitda ya’ni organik moddalar, hamda atmosferada erkin kislorod bo‘lmagan davrda temirni oksidlab, undan hosil bo‘lgan energiya hisobiga ozuqa moddalar tayyorlagan, va temir rudalarni hosil etganlar. Shunga o‘xshash xemotrof bakteriyalar N, S larni ham oksidlab organik modda tayyorlaganlar. Xemotrof bakteriyalarning eng qadimiysi arxebakteriyalar yoki metanobakteriyalar sanalib, ular 3,4 – 3,5 milliard yillar muqaddam paydo bo‘lgan dastlabki organizmlardir. Mazkur bakteriyalar hayot uchun o‘ta noqulay sharoitda ya’ni batqoqliklarda, vulqonlarda yashab milliard yillar davom etgan faoliyatlarida juda ko‘plab tabiiy gazlar metan, etan, propan, is gazilarni hosil etganlar.
Ko‘pchilik bakteriyalar turli geologik davrlarda o‘zgargan tashqi muhitdan ko‘proq foydalanish va noqulay sharoitdan himoyalanish yo‘nalishida rivojlanganlar
Arxebakteriyalar morfologik jihatdan har xil bo‘lishiga qaramay, ularning rRNK bir-biriga gomolog ekanligi aniqlangan. Lekin arxebakteriyalar rRNKsida nukleotidlarning joylanish tartibi boshqa bakteriya va eukariot organizmlarnikidan keskin farq qiladi. Metanobakteriyalarda boshqa bakteriyalardan farqli ravishda hujayra qobig‘i mureindan tuzilmagan.
Yerda dastlabki organizmlarni paydo bo‘lish davriga kelib atmosferada momaqaldiroqlar soni ulardan ajraladigan energiya kamaygan, vulqonlar ham harakatdan to‘xtagan. Yer ustidagi haroratning pasayishi bilan organik moddalarni abiogen usulda sintezlash amalga oshmagan va okeandagi organik moddalar zahirasi asta-sekin kamaya borgan. Bunday sharoitda organik moddalarni abiogen usulda sintez qilish uchun zarur energiya manbai faqat ultrabinafsha nurlar bo‘lishi mumkin edi.
Bakteriyalarda ro‘y bergan irsiy o‘zgaruvchanlik yashash uchun kurash, tabiiy tanlanish pirovard natijada sianobakteriyalar kelib chiqqan sabab bo‘lishi kerak. Fotosintezlovchi bakteriyalardan farqli ravishda sianobakteriyalar fotosintez jarayonida erkin kislorod tashqi muhitga ajralib chiqqan. Atmosferada kislorodni to‘planishi Yerda hayotni tamomila o‘zgarishiga sababchi bo‘lgan.
Atmosferaning yuqori qismida ozon qatlamini hosil bo‘lishi, barcha tirik organizmlarni quyoshning ultrabinafsha nurlarini halokati ta’siridan himoya qilgan. Bu esa hayotni faqat suvda emas, quruqlikda ham rivojlanishiga imkon tug‘dirgan.
Eukariot hujayralar prokariotlardan farqi
Hujayrada sitoplazma va undan membrana bilan alohidalashgan yadro bo‘ladi.
Prokariotlarda nuklein kislotalarning biri (RNK yoki DNK) doirasimon nukleoid holatda, eukariot hujayralarda DNK tayoqchasimon xromosomalarga taqsimlangan va sitoplazmadan membranasi bilan ajralgan yadro shaklida bo‘ladi.
Prokariotlarda sitoplazma organoidlaridan faqat ribosomalar uchrasa, eukariot hujayrada ribosomalar bilan bir qatorda mitoxondriya, Golji apparati, o‘simliklarda plastidalar, lizosoma, yadrocha mavjud.
Prokariot hujayralar binar bo‘linish yo‘li bilan ko‘payadilar. Eukariotlarning tana hujayralari mitoz, jinsiy hujayralari esa meyoz yo‘li bilan ko‘payadilar.
Prokariot hujayralar nihoyatda kichik (1-10mkm) va bir hujayrali. Eukariot hujayralar esa yirik (10-1000mkm), bir va ko‘p hujayrali.
Modda almashish jami prokariotlarda anaerob, aerob, eukariotlarda esa faqat aerob orqali amalga oshadi.
RNK va oqsil sintezi prokariotlarda sitoplazmada. Eukariotlarda RNK sintezi yadroda, oqsil sintezi sitoplazmada ro‘y beradi.
Eukariot hujayraning kelib chiqishi to‘g‘risidagi nazariyalar. XX asrning boshida rus botaniklaridan A.S.Fominsin va K.S.Merejkovskiy yashil o‘simliklarning hujayrasi, xlorofilsiz hujayralarni ko‘k-yashil suvo‘tining simbiozi natijasida paydo bo‘lgan degan farazni ilgari surganlar.
XX asrning 60 yillariga kelib, amerika tadqiqotchisi L. Margulis yirik amyobasimon prokariot hujayra uzoq tarixiy jarayonda sianobakteriyalar bilan simbioz holatda bo‘lgani tufayli unda plastidalar paydo bo‘lgan. Prokariot hujayraning yirik geterotrof bakteriyalar bilan simbiozi natijasi keyinchalik unda mitoxondriyani hosil bo‘lgan. Dastlabki yirik plastidaga, mitoxondriyaga ega prokariot hujayra, spiroxetsimon bakteriyalar bilan simbiozi oqibatida unda qisman xivchinlar, qisman sentriolalar paydo bo‘lgan deb ta’kidlaydi.
Keyingi yillarda o‘tkazilgan bioximik, genetik, elektron mikroskopik tadqiqotlar eukariot hujayraning kelib chiqishi to‘g‘risidagi L.Margulis-ning simbiogenez farazi haqiqatga yaqinligidan dalolat beradi.
Shunga qaramay, mazkur faraz qanday qilib eukariot hujayra yadrosi paydo bo‘lganligini tushuntirib bermaydi. Lekin eukariot hujayra yadrosi bilan sitoplazma organoidlari DNK ikki xil tabiatga ega ekanligi, organoidlar DNK si prokariot DNKsiga juda o‘xshashligi hujayrani tarixiy jarayonda shakllanishida simbiogenez katta rol o‘ynaganligidan ko‘rsatadi. Eukariotlar katta dunyosi yuqorida qayd etilganidek, o‘simliklar, zamburug‘lar va hayvonot dunyosiga bo‘linadi
Do'stlaringiz bilan baham: |