Mimika – yuz muskullarining harakatlari orqali o‘z fikri, his-tuyg‘ulari, kayfiyatini, shuningtdek, mavjud voqelikka nisbatan munosabatini ifodalash.
Jest (gavda, qo‘l va oyoq harakatlari) – muayyan hodisa yoki ob’ektga nisbatan munosabatning qo‘l va oyoq harakatlari yordamida ifodalanishi.
Insoniyat qadim-qadimdan o‘zaro munosabat va muloqotlarni tashkil etishda turli jestlardan o‘rinli va samarali foydalanib kelgan. Zero, jestlar insonning hissiyotlari, ichki kechinmalari va ijtimoiy borliqqa bo‘lgan munosabatini so‘zsiz ifodalash imkoniyatiga ega. M: o‘ng qo‘l chap ko‘krak ustiga kaftlar yoyilgan holda qo‘yilsa, bu holat “Sizga hurmatim cheksiz”, o‘ng qo‘lning kaftlari ochiq holda ko‘rsatilsa, “Jim bo‘ling!”, “Bas qiling!”, qo‘l musht qilib tugilsa, “Qoyil qildim!” yoki “Qoyil qilaman!” kabi ma’nolarni anglatadi.
Juda qadimdan inson yuz ifodasi va qarashi atrofdagilarga so‘zdan ko‘ra kuchli ta’sir qilishi aniqlangan. Shu sababli qadimgi Rim va Yunonistonda notiqlarning nafaqat so‘zdan, shu bilan birga mimika, pantomimika va jestlar (gavda, qo‘l va oyoq harakatlari)dan samarali foydalana olishlariga e’tibor qaratiladi.
Bugungi kunda ham rivojlangan mamlakatlarda siyosatchilarning yuqorida qayd etilgan harakatlar bo‘yicha malakalarni o‘zlashtira olishlariga jiddiy e’tibor qaratiladi. O‘qituvchi tomonidan mimika, pantomimika va jestlar (gavda, qo‘l va oyoq harakatlari)dan samarali foydalana olish malakalarini samarali o‘zlashtira olishi uning mehnatini qisman yengillashtirish bilan birga, o‘quvchilarga ta’sir ko‘rsatishida muayyan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritishiga imkoniyat yaratadi.
Mimika, pantomimika va jestlar uzatilayotgan axborotning hissiy ahamiyatini oshiradi, uning puxtaroq o‘zlashtirilishini ta’minlaydi. Ko‘zlar ham yuz ifodasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega. Shu sababli ko‘zlar yordamida turli ma’nolarni ifodalash malakalarini o‘zlashtira olish ham mahoratli pedagog bo‘lish uchun nihoyatda zarur.
O‘quvchilar o‘qituvchining kayfiyati, ruhiy holati va atrofdagilarga munosabatining qanday yo‘nalishga ega bo‘lishini uning yuzidan, xatti-harakatlari, jestlari, o‘zini tuta bilishidan bilib oladi. Agarda o‘qituvchining kayfiyati yomon bo‘lsa, uni qandaydir muammolar bezovta qilsa, oldida turgan pedagogik muammolar o‘ylantirayotgan bo‘lsa, u bu holatlarni yashirib tura olish, oshkor qilmaslikni
uddasidan chiqishi darkor. Bu kabi salbiy holatlarni ochiq havoda piyoda sayr qilish, tabiat qo‘ynida, ayniqsa, suv havzalarining bo‘ylarida dam olish, qiziqarli kitoblarni o‘qish orqali mavjud ruhiy zo‘riqishlarni bartaraf qilish mumkin. Yuz ifodasi va harakatlar faqatgina ta’lim maqsadiga, ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishga yo‘naltirilishi zarur.
O‘qituvchi yuz muskullarini va ko‘zlarini tez-tez harakatlantirishdan, ularning birday qotib qolishidan ehtiyot bo‘lishi kerak. O‘qituvchi nigohi o‘quvchilarga qaratilgan bo‘lishi, bevosita ko‘rish aloqasini vujudga keltira olishi zarur. Devor, deraza va shipga qarab turishdan saqlanishi, aksincha, barcha o‘quvchilarni diqqat markazida ushlab turish muhimdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |