Parasimpatik nerv sistemasi. Parasimpatik nerv sistemasi o'rta miya, uzunchoq miyadan va orqa miyaning dumg'aza qismidan boshlanadi. Parasimpatik nervlar markaziy nerv sistemasidan III (ko'zni harakatlantiruvchi nerv), V (yuz nervi), IX (til - halqum nervi) va X (adashgan nerv) juft bosh miya nervlari tarkibida chiqadi. Ko'zni harakatlantiruvchi nerv tarkibidagi parasimpatik tolalar ko'z soqqasining silliq muskullariga borib, ko'z qorachig'ini toraytiradi. Uzunchoq miyadan yuz nervi tarkibida chiqadigan parasimpatik tolalar jag' osti va til osti so'lak bezlari, og'iz va burun bo'shlig'i shiliq pardasida joylashgan bezlar hamda yosh bezini innervatsiya qiladi. Quloq oldi so'lak bezida til - halqum nervi tarkibidagi parasimpatik tolalar tarqalgan. Adashgan nerv tarkibidagi parasimpatik tolalar organizmda juda katta ahamiyatga ega. Bu tolalar bo'yin, ko'krak va qorin bo'shlig'idagi organlar (qalqonsimon bez, qalqonsimon bez oldidagi bezchalar, ayrisimon bez, yurak, o'pkalari, qizilungach, me’da, ingichka ichak, yo'g'on ichakning ko'p qismi, jigar, me’da osti bezi, buyraklar, buyrak usti bezlari, jinsiy bezlar) ni nervlar bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, simpatik nervlar bilan birga chigallar (yurak, o'pka chigallari, bronxlar atrofi chigallari, qorin bo'shlig'i chigallari) hosil qiladi.
Orqa miyaning dumg'aza qismidan boshlanadigan parasimpatik tolalar orqa miya nervlari tarkibida chiqadi va kichik chanoqdagi organlar (qovuq, sigmasimon ichak va jinsiy organlar)ga boradi. Vegetativ nerv sistemasi organizmda sodir bo'ladigan hamma protsesslarni boshqaradi. Masalan, sekret ishlanishi, silliq muskullarning qisqarishi, moddalar almashinuvi, yurak faoliyati va boshqalar.
Har qaysi ichki organga simpatik va parasimpatik nervlar keladi. Bu nervlar organlar faoliyatiga qarama - qarshi ta’sir etadi. Simpatik nerv ta’sirida ko'z qorachig'i kengayadi, bezlar sekretsiyasi kamayadi, mayda arteriyalar torayadi (yurak toj tomirlari esa kengayadi), qon bosimi ortadi, yurak urishi tezlashadi, mayda bronxlardagi muskullar bo'shashadi. Ichak peristalьtikasi susayadi, organizmdan issiqlik chiqishi kamayadi va boshqalar. Parasimatik nerv ta’sirida ko'z qorachig'i torayadi, bezlar sekretsiyasi kuchayadi, yurak urishi sekinlashadi, ichak peristalьtikasi kuchayadi, mayda bronxlardagi muskullar qisqaradi, qon tomirlari kengayadi, organizmdan issiqlik ko'p chiqadi va hokazo.
Simpatik va parasimpatik nervlarning organlarga ta’siri qarama - qarshi bo'lishiga qaramay, ular bir - biri bilan kelishib ta’sir etadi. Vegetativ nervlarning kelishib ishlashi sababli organizm normal hayot kechiradi.
Vegetativ nerv sistemasi faoliyati bosh miya po'stlog'i tomonidan idora qilinadi: vegetativ nervlarga markaziy nerv sistemasidan tashqari, ba’zi gormonlar va dorilar ta’sir etadi. Masalan, adrenalin simpatik nervlar tonusini oshiradi. Atropin nerv "tugunlariga ta’sir qilib, parasimpatik tolalardan nerv impulьslarining o'tishini to'xtatadi.
Vegetativ nerv sistemasi qo'zg'alganda, vegetativ nerv uchlarida maxsus kimyoviy moddalar - medeatorlar paydo bo'ladi. Simpatik rv uchlarida (simpatin), parasimpatik nerv uchlarida atsetilxolin ishlab chiqariladi. Adrenalin bilan atsetilxolin organlar faoliyatiga simpatik va parasimpatik nervlarga o'xshab ta’sir etadi, nerv uchlarida bevosita to'qmalariga impulьs o'tishiga yordam beradi.
2. Nerv sistemasining tuzilishi va funktsional birligi-nerv hujayrasi (neyron)dir. Neyron hujayra tanasi va o'simtalardan iborat. Tashqi va ichki ta’sirotlarga javoban organizmda sodir bo'ladigan funktsiyalar refleks deb ataladi. Masalan, ovqat yeganda so'lak ishlanishi, chiroq yoqilganda ko'z qorachig'i torayishi, oyoq kaftini qitiqlaganda oyoq panjasi va barmoqlar bukilishi va boshqalar. Refleks markaziy nerv sistemasi ishtirokida ro'y beradi.
Hamma reflekslarda ta’sirot markazga intiluvchi nervlar uchi yoki retseptorlar tomonidan qabul qilinadi va shu nervlar orqali markaziy nerv sistemasiga o'tkaziladi. Markaziy nerv sistemasida hosil bo'lgan qo'zg'alish markazdan qochuvchi (harakatlantiruvchi) nervlar yordamida har xil organlarga keladi va ularda o'ziga xos faoliyat ro'y beradi (masalan, muskullar qisqaradi, bezlar suyuqlik ishlab chiqaradi va hokazo). Reflekslarning yuzaga kelishiga sabab bo'lgan qo'zg'alish o'tadigan yo'l reflektor yoy yoki refleks yoyi deyiladi. Refleks yoyi markazga intiluvchi (afferent), markazdan qochuvchi (efferent) va qo'shimcha yoki oraliq neyronlardan hosil bo'ladi.
Hujayra tanasida tsitoplazma va yadrodan tashqari, neyrofibrillar va tigroid modda joylashgan. Nerv o'simtalari ikki xil bo'lib, biri uzun va shoxlanmagan o'simta-neyrit (akson), ikkinchisi kalta shoxlanib ketgan o'simta-dendrit deyiladi. O'simtalar ustini parda qoplab turadi. Nerv o'simtalari mielin parda bilan birga nerv tolasi deyiladi. Neyronlarning katta- kichikligi, shakli va funktsiyasi har xil bo'ladi. Ular sezuvchi, oraliq va harakatlantiruvchi bo'ladi. Sezuvchi neyronlarning o'simtalari organlarda joylashib (masalan, terida), ta’sirotni sezadi (retseptorlar), harakatlantiruvchi neyronlarning o'simtalari esa organlarda tugaydi (effektorlar). Oraliq neyronlar boshqa neyronlarni, masalan, sezuvchi va harakatlantiruvchi neyronlarni bir-biri bilan bog'laydi. Bular bog'langan joy sinaps deyiladi. Ta’sirotni qabul qilish va nerv impulьslarini o'tkazish nerv to'qimasining asosiy xususiyatidir. Organizmda nerv impulьslari dendritlardan nerv hujayrasi tanasiga, neyritlarga o'tkaziladi. Neyronlar bir-biri bilan o'ziga xos modda-neyrogliya yordamida birikadi. Bundan tashqari, neyrogliya trofik, himoya, tayanch va sekretor funktsiyalarni ham bajaradi.
Adabiyotlar:
1. Ahmedov SH.M., Eshonqulov A.E. , Bekmuhamedov A.A. Odam anatomiyasi va fiziologiyasi.- T.: O'zinkomtsentr, 2000, 211-2 6 0 b..
2. Xudoyberdiev R.E., Ahmedov N.K., Zohidov X.Z. Odam anatomiyasi.-T.: Abu Ali ibn Sino nomidagi nashriyot, 1993, 498-619 b.
Do'stlaringiz bilan baham: |