Bog'liq ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
NEFT VA GAZ KONLARINI O‘ZLASHTIRISHNING SEYSMOGEODINAMIK JARAYONLARGA TA’SIRINI MONITORING QILISH TIZIMINI TAKOMILLASHTIRISH TO‘G‘RISIDA O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” 2020-yil 2-martdagi PF-5953-son Farmoni ijrosini ta’minlash, shuningdek, neft va gaz konlarini o‘zlashtirishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta’sirini monitoring qilish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi va Energetika vazirligining “Dengizko‘l”, “Hisor”, “Qandim” va “Oqqul” konlarida xalqaro tajribadan kelib chiqib 2006-yildan boshlab qo‘llanilayotgan uglevodorodlarni qazib olishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta’sirini monitoring qilish tizimini (keyingi o‘rinlarda — monitoring tizimi) 2021-yil 1-martdan e’tiboran respublika hududida o‘zlashtirilayotgan boshqa neft va gaz konlarida bosqichma-bosqich joriy etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Neft va gaz konlarini o‘zlashtirishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta’sirini monitoring qilish tizimi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
neft va gaz konlarini o‘zlashtirishning seysmogeodinamik jarayonlarga ta’sirini monitoring qilish maqsadida muntazam seysmometrik,geofizik va kosmik geodeziyakompleks kuzatuvlarini tashkil etish va amalga oshirish;
uglevodorod xomashyosini qazib chiqarayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalarni neft va gaz konlarida seysmiklikning o‘zgarishi to‘g‘risidagi axborot bilan ta’minlash;
favqulodda vaziyatlarni keltirib chiqaruvchi kuchli texnogen zilzilalarning ehtimoli va ko‘lamini prognozlashtirish, shuningdek,seysmik rejimning o‘zgarishi natijasida alohida xavfli vaziyatlar to‘g‘risida manfaatdor tashkilotlarga tezkor xabar berish.
3. O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi:
a) 2021-yil 1-yanvarga qadarO‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda respublika hududida o‘zlashtirilayotgan neft va gaz konlarida monitoring tizimi tashkil etiladigan konlar ro‘yxatini shakllantirsin;
b) respublika hududida monitoring tizimi joriy etiladigan neft va gaz konlarini o‘zlashtirayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan neft va gaz konlarida monitoring tizimini joriy etish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishini, shuningdek, tadqiqotlar uchun zarur bo‘ladigan barcha ma’lumotlar belgilangan tartibda taqdim etilishini nazoratga olsin;
v) O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi G‘.O. Mavlonov nomidagi Seysmologiya instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Respublika seysmoprognostik monitoring markazi bilan kelishgan holda shartnoma asosida monitoring tizimi tashkil etilishi, faoliyat yuritishi va takomillashtirilishiga amaliy yordam ko‘rsatsin;
g) O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda “Elektron hukumat” tizimi doirasida shakllantirilgan idoraviy axborot tizimining funksiyalarini monitoring tizimi joriy etilishini hisobga olgan holda takomillashtirsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Energetika vazirligi ikki oy muddatda respublika hududida joylashgan neft va gaz konlarida monitoring tizimini bosqichma-bosqich tashkil etish va takomillashtirish bo‘yicha kompleks dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan birgalikda:
Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda monitoring tizimi tashkil etilgan uglevodorod xomashyosini qazib chiqarayotgan mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida alohida himoyalangan axborot almashinuvi tarmog‘ining belgilangan tartibda tashkil etilishini va uzluksiz ishlashini;
monitoring tizimi “Elektron hukumat” tizimining idoralararo integratsiya platformasi bilan integratsiya qilinishini ta’minlasin.
Belgilansinki, “Elektron hukumat” va raqamli iqtisodiyot tizimlarini rivojlantirish doirasida idoralararo va idoraviy axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarni yaratish hamda kelgusida ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xarajatlar mahalliy va xorijiy kompaniyalar bilan uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish bo‘yicha tuziladigan tegishli shartnomalar va bitimlarda nazarda tutiladi.
6. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Fanlar akademiyasi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining maslahatchisi — IT texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i O.M. Umarov, O‘zbekiston Respublikasi favqulodda vaziyatlar vaziri vazifasini bajaruvchi T.A. Xudaybergenov va O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S. Yuldashev zimmasiga yuklansin.