3. Til va nutq hodisalarining qarama-qarshi xususiyatlari. Til va nutqning quyidagi qarama-qarshi xususiyatlari mavjud:
1. Til turli xil birliklar orasidagi barqaror munosabatning majmui bo‘lsa, nutq esa shu majmuiga oid birliklardan foydalanib, ayrim kommunikativ maqsadlar uchun hosil qilingan qurilmalar va ularning funksional realizatsiyasidir.
Masalan: Azizim! Baxtni birovlarning ostonasidan qidirmang! (A.Qahhor). Bunda quyidagi til birliklari mavjud: aziz, baxt, birov, ostona, qidir leksemalari; -im, -ni, -lar, -ning, -si, -dan, -ma, -ng - affiksal morfemalar; ot+fe’l, ot+ot shaklidagi so‘z birikmalari; to‘ldiruvchi+hol+kesim tartibidagi gap.
2. Til birliklari paradigmatik, nutq birliklari sintagmatik bog‘lanishda yashaydi. Ikki va undan ortiq til birligining bir paradigma qatorida birlashishi uchun ular orasida substansiya va ma’no tomonidan ma’lum o‘xshashlik, farq, ziddiyat bo‘lishi shart. Masalan, otlarning egalik affikslari orasidagi paradigmatik bog‘lanish.
Sintagma kamida ikki birlikdan tashkil topadi.
3. Til tizimi fonema, leksema, morfema, so‘z birikmasi va gap kabi til birliklariga oid bo‘lgan kichik tizimlarning o‘zaro tashkil etuvchilik roli asosidagi bog‘lanishidan vujudga keladi.
Nutq tizimi esa turli tipdagi kichik til tizimlaridan tanlab olingan birliklar yordamida hosil qilinadigan, shaxsiy kommunikativ maqsad uchun xizmat qilib, o‘zining fizik, moddiy ko‘lamiga ega bo‘lgan hosilalar bilan ish ko‘radi.
4. Til birliklari umumiylik va mohiyatni invariantlarda, nisbatan o‘zgarmas barqarorlikda, nutq birliklari esa variantlarda, xususiy ko‘rinishlarda aks ettiradi.
5. Til imkoniyat bo‘lib, nutq shu imkoniyatning ma’lum darajada yuzaga chiqarilishidir. Natijada bir til materiali asosida turli xil uslublar shakllanadi.
6. Til birliklariga avvaldan barqarorlik, doimiylik va majburiylik xususiyati, nutq birliklariga esa vaqtinchalik va erkinlik xususiyati xosdir.
7. Xullas, til uchun umumiylik, imkoniyat, tayyorlik, majburiylik, birliklari chegaralanganlik xos bo‘lsa, nutq uchun xususiylik, voqelik, hosilalik, ixtiyoriylik, birliklari chegaralanmaganlik xosdir.
4. Til va nutqning me’yorlashuv hodisasiga munosabati. Tilning inson uchun fikrlash vositasi bo‘lishini, moddiy asos sifatida xizmat qilishini hali birinchi bosqich deyishimiz mumkin. Ikkinchi bosqichda esa fikrlash natijasida, tafakkur mahsuli reallashmog‘i, ya’ni fikrlash markazi bo‘lgan miyadan tashqariga chiqishi lozim. Bunda esa tilga bo‘lgan ehtiyojning ikkinchi bosqichi boshlanadi - u kommunikativ vazifani bajarishga kirishadi.
Tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalarning turli tillarda turlicha nomlanishidan qat’iy nazar, mana shu jarayonda u insonlar faoliyatida fikrlash va o‘zaro ijtimoiy munosabat - muomala vositasi, materiali bo‘lib qolaveradi. Ammo til muomala vositasiga aylandimi, uning tabiiy ravishda imkoniyat doirasi ham kengayib boradi. Endi u nutq, nutqiy jarayon quroliga aylanadi.
Bu holni uchinchi bosqich deb atash mumkin. Bosqichlar soni ortib boravergani sari tilning ijtimoiylik imkoniyati ham tobora kengayishi ma’lum bo‘lib qoladi. Ya’ni, inson nutqiy faoliyatida kommunikativ vazifani bajarayotgan til ko‘magida suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum axborot ham etkaziladi. Demak, tilga bo‘lgan munosabatda to‘rtinchi bosqich yuzaga keladi.
Shu o‘rinda akad.V.V.Vinogradovning muhim bir fikrini eslamaslik aslo mumkin emas. U tilning uchta eng muhim vazifasi mavjudligini ta’kidlagan edi: aloqa, xabar, ta’sir etish [Vinogradov V.V. Stilistika. Teoriya poeticheskoy rechi. Poetika. – M.,1963, s.6.]. Til insonlar o‘rtasida aloqa vositasi bo‘lishi, tabiat va jamiyatdagi narsa va hodisalar to‘g‘risida xabar berishdan tashqari suhbatdosh yoki tinglovchiga ma’lum ta’sir o‘tkazish, hissiyotini qo‘zg‘atish kuchiga ham ega. Agar bu holatni shartli ravishda beshinchi bosqich deb ataydigan bo‘lsak, ta’kidlaganimizdek, tilning bosqichma-bosqich takomillashib, mukammalashib va imkoniyatlari ham asta-sekinlik bilan kengayib borishini kuzatamiz.
Tilning takomillashib borishi va nutq jarayonidagi bosqichlarini taniqli tilshunos olimlar H.Ne’matov va R.Rasulovlar sistem tilshunoslik «til-me’yor-nutq» tarzida ajratishini ta’kidlashib, qayd qiladilarki, «Til bevosita kuzatishda berilmagan. U jamiyat a’zolarining ongida mavjud bo‘lib, ularning barchasi uchun tayyor, umumiy, majburiy bo‘lgan, fikrni shakllantirish va uni ifodalashga xizmat qiladigan birliklar va ularning o‘zaro munosabatlari haqidagi tasavvurlar yig‘indisi sifatida qaraladi.
Me’yor tushunchasiga til nuqtai nazaridan munosabat bildirishdan avval talabalarga 1- kursda tanishilgan ba’zi bir til atamalarini eslatib o‘tish maqsadiga muvofiq bo‘ladi. Bu, eng avvalo, til va nutq tushunchalari, ular o‘rtasidagi dialektik, chambarchas aloqa masalasidir.
Aytilganlardan anglashilyaptiki, til va nutq tizimida me’yor ham o‘z o‘rniga ega. Binobarin, til material sifatida nutq jarayonida xizmat qila boshlagan lahzalardanoq uni me’yorlashtirish jamoa, jamiyat ehtiyojiga aylangan, me’yoriy muammolar kun tartibiga qo‘yilgan. Mana shu o‘rinda yuqorida nomlari tilga olingan olimlarimizning quyidagi fikrlarini keltirish muhim: «Me’yor ta’rifida «jamiyat (ijtimoiy) tomonidan belgilangan, aniqlangan qonuniyatlar va imkoniyatlar» tushunchasi mavjud. Bu tushuncha quyidagi izohlarni talab etadi. Birinchidan, tilning moddiy tomoni haqidagi bizning tasavvurimiz nutqda yuzaga chiqar ekan, u qanday shakl va ko‘rinishda voqelanishi jamiyat tomonidan muayyan me’yorlar bilan belgilangan bo‘ladi. Masalan, «bu yoqqa kel» tushunchasini imo-ishora bilan ifodalamoqchi bo‘lsak, ko‘rsatkich barmoqni yoki qo‘lni ishora qilinayotgan kishidan o‘zimiz tomon harakatlantirishimiz lozim. Og‘zaki nutqda esa jamiyatimiz tomonidan qabul qilingan maxsus tovushlar tizmasi mavjud bo‘lib, biz ularni talaffuz etishimiz - aytishimiz shart. Aytilganlarning barchasi me’yorning tarkibiy qismlaridir. Shunga ko‘ra til imkoniyatlari me’yor darchasidan o‘tib, nutqda yuzaga chiqadi» [Ne’matov H., Rasulov R. Yuqoridagi asar, 27-bet].
Jamiyat taraqqiyoti bilan bab-baravar aholi soni, binobarin, ularning tilga bo‘lgan ehtiyoji ham o‘sib boraveradi. Bu ehtiyojlarni qondirish zarurati esa o‘z navbatida tilning ijtimoiy hodisa sifatidagi tabiatini, mohiyatini, vazifasini o‘rganishni taqozo qiladi, nutq jarayonidagi iste’molda bo‘lish xususiyatlarini kuzatishni keltirib chiqaradi. Agar mana shu aytilganlarni boshqacharoq tarzda izohlash mumkin bo‘lsa, til va nutq me’yorini o‘rganish, tahlil qilish kuzatuvchilarning asosiy muddaosiga aylanib qoladi.
Til elementlarining ma’lum bir me’yorga keltirilishi, bir tomondan, til mutaxassislari tomonidan boshqarib borilsa, ikkinchi tomondan, tabiiy ravishda ham yuz beradi. Ammo, fikrimizcha, bir narsa ma’lum - tilning amalda bo‘lish holatlariga tazyiq o‘tkazib bo‘lmaydi. Lekin tegishli yo‘l-yo‘riqlar, ko‘rsatmalar, tavsiyalar berilib borilishi zarur. Bu me’yoriy tavsiyalarning qanchalik hayotiy ekanligini esa amaldagi nutqiy jarayonning o‘zi belgilaydi. Ikkinchidan, ana shu me’yoriy hujjatlarsiz, yo‘l-yo‘riqlarsiz ham til va nutq rivojini tasavvur etib bo‘lmaydi. Qabul qilingan «Davlat tili haqida»gi Qonun buni yaqqol isbotladi. Keyingi yillarda tilimiz rivoji, taraqqiyoti va nutq madaniyatida yuz bergan o‘zgarishlarni nafaqat o‘zbek tili mutaxassislari, balki shu tilda so‘zlashuvchi barcha insonlar, hatto respublikamiz hududida yashovchi ona tilisi boshqa bo‘lgan kishilar ham kuzatib, bilib, erishilgan yutuqlarni e’tirof etib turishibdi.
Shu bilan bir qatorda, o‘zbek tili va nutqi madaniyati uchun olib borayotgan ishlarimiz talablar darajasida emasligidan, bizni qanoatlantirmayotganligidan ham ko‘z yuma olmaymiz. Xulosa shu bo‘ladiki, bu boradagi ishlarimizni izchil va doimiy holatga keltirishimiz kerak. Biz Prezidentimiz I.A.Karimovning «Ma’naviyat va ma’rifat» jamoatchilik markazi faoliyatini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish to‘g‘risida»gi Farmonidan ham jiddiy imkoniyat sifatida foydalanib, bu sharafli vazifani yo‘lga qo‘yish ishiga hissa qo‘shishimiz lozim.
Ammo bu o‘rinda biz nimaga e’tiborimizni qaratishimiz lozim? Nazarimizda, til va nutqning ushbu ko‘rinishlarining farqli va umumiy, afzal va mushkul jihatlariga, paydo bo‘lish davri va imkoniyatlariga. Shunda ham bu jihatlarga adabiy me’yor nuqtai nazaridan munosabat bildirilishi to‘g‘ri bo‘ladi. Shu ma’noda til va nutqning og‘zaki shakli vaqt nuqtai nazaridan yozma nutqqa qaraganda ancha ilgari paydo bo‘lganligi, undagi me’yorlashish jarayonining stixiyali tarzda kechganligini ta’kidlash joiz. Buning ustiga o‘zbek tilidagi dialekt va shevalarning ko‘pligi, ularning bir-biridan ba’zan jiddiy farq qilishi tilning og‘zaki me’yori haqida mulohaza bildirishni nihoyatda chigallashtiradi. Shuning uchun ham prof. F.Abdullayev adabiy tilning qonun-qoidalarini, me’yorlarini belgilashda bu xususiyatni hisobga olmaslik kutilgan natijani bermasligini ta’kidlagan edi [Abdullaev F. O‘zbek milliy adabiy tili va uni o‘rganishga oid masalalar // «Nutq madaniyatiga oid masalalar» to‘plami. – Toshkent, 1973, 43-bet].
Harqalay, hozirgi davrda bizga tilimizning me’yorini belgilab beruvchi, ularni o‘zlashtirib olishimizga, ko‘nikma hosil qilishga yordam beruvchi ommaviy axborot, badiiy adabiyot singari kuchli vositalar ham borki, ularni, ayniqsa, badiiy adabiyot namunalarini, ana shu ma’noda o‘ziga xos ko‘zgu deyish mumkin. Chunki ularning tilni qamrash imkoniyatlari boshqa manbalarga nisbatan kengdir.
Shuning uchun ham til va nutq madaniyatidagi haqiqiy ahvolga, vaziyatga baho beruvchi, mavjud kamchiliklarni tanqid qiluvchi, ularni bartaraf etish yo‘llarini ko‘rsatuvchi chiqishlar ommaviy axborot vositalari orqali olib borilishi va bu mas’uliyatli vazifani amalga oshiruvchi shu soha xodimlariga, jurnalistlarga, adiblarga tayanib ish ko‘rilishi lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |