Jinoyatning obyektiv tomoni- jinoyat sodir etishning tashqi tomon belgisi bo’lib, harakat yoki harakatsizlik orqali sodir etiladi. Jinoyatning obyektiv tomoni zaruriy belgilari ijtimoiy xavfli qilmish, oqibat, qilmish va oqibat o’rtasidagi sababiy bog’lanish. Fakultativ belgilari esa vaqt, joy, sharoit, jinoyat sodir etish usuli, vositasi kabilar.
170-modda bo’yicha jinoyat aybdorga bildirilgan ishonchni suiisteʼmol qilish yoki aldash harakatlarida ifodalanadi. Buning natijasida firibgarlik belgilari mavjud boʻlmagan holda mulkdorga mulkiy zarar yetkaziladi. Boshqacha aytganda, ushbu jinoyatda mulkiy zarar yetkazish gʻarazli maqsadlarda oʻzganing mulkini gʻayriqonuniy ravishda, qoplamasdan talon-toroj qilish bilan amalga oshirilmaydi.
Jinoyat subyekti-jinoyat qonunida nazarda tutilgan ijtimoiy xavfli qilmishni aybli tarzda sodir etgan, jinoiy javobgarlikka tortish yoshiga yetgan jismoniy shaxs.
Ma’lum bir jinoyatni sodir etish uchun
shaxs aqli raso ( belgilangan tartibda aqli norasolik javobgarlikka sabab bo’lmaydi)
subyekt yoshiga yetgan ( jinoyat sodir eta oladigan yoshga ega bo’lish)
jismoniy shaxs ( yuridik shaxslar javobgarligi jinoayt kodeksida mavjud emas)
bo’lishi lozim.
170-moddasi 1-qismi boʻyicha jinoyat subyekti 16 yoshga toʻlgan va mansabdor shaxs yoki moddiy javobgar hisoblanmagan shaxslar boʻladi.
Moddiy javobgar shaxs qonun, shartnoma yoki mulkdorning maxsus topshiriqnomasi boʻyicha yoxud rasmiy egasi tomonidan mulkdorning mulkini tasarruf etish, egalik qilish yoki foydalanish huquqlari bilan taʼminlangan shaxs hisoblanadi. Moddiy javobgarlik toʻgʻrisida shartnoma tuziladigan xodimlar hamda ashyolarni saqlovchilar, ijarachilar shunday shaxslar hisoblanadi. Shunday qilib, ushbu kvalifikatsiya qilish belgisining mavjud boʻlishi uchun jinoyat oʻzlashtirish yoki rastrataning subyektiga oʻxshash boʻlgan maxsus subyekt tomonidan sodir etilganligini aniqlash lozim.
Jinoyatning subyektiv tomoni- jinoyat sodir etishning ichki tomon belgisi bo’lib, u shaxsning o’zi sodir etayotgan jinoyatiga aybning qasd yoki ehtiyotsizlik shaklidagi ruhiy munosabatida ifodalanadi. Subyektiv tomon aybdan iborat bo’lib, uning qasd va ehtiyotsizlik turlari mavjud. Qasdda subyekt qilmishning ijtimoiy xavfliligini anglaydi, oqibatini oldindan biladi va shu oqibatning yuz berishini istaydi.
Ehtiyotsizlikda esa subyekt qilmishning ijtimoiy xafliligini anglaydi, uning oqibatiga ko’zi yetadi va ushbu oqibatni yuz berishiga ongli ravishda yo’l qo’yib beradi.
170-modda bo’yicha jinoyat bila turib, toʻgʻri qasd bilan gʻarazli maqsadda sodir etiladi. Aybdor yolgʻon xabar berayotib yoki mavjud dalillarni yashirayotib mulkdorni yoxud mulkning qonuniy egasini aldayotganligini tushunib yetadi va ushbu harakati orqali jabrlanuvchiga mulkiy zarar yetkazilishini koʻra biladi hamda ushbu zararni yetkazishni xohlaydi. Gʻarazli motivlarga tayanib aybdor gʻayriqonuniy ravishda mulkiy foydani qoʻlga kiritishni maqsad qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |