Ruda→Maydalash→Boyitish→Eritish→Mis olish
Umumiy o‘xshash texnologiya hisoblangan deyarli bir xilli pirometallurgiya usuli unchalik qimmatga tushmasa-da, asosiy sarf-xarajatlar rudani fabrikaga keltirish, maydalash va uni keng qo‘llanib kelinayotgan flotatsiya yo‘li bilan boyitishga ketadi. Boyitish natijasida olingan mis boyitmasi tarkibida mis 10% dan 50% gacha bo‘ladi, gohida polimetall shteyn yoki mis-nikelli faynshteynlardan misni nikeldan ajratib olishga to‘g‘ri keladi, buning natijasida olingan mahsulot tarkibidagi mis 60–70% gacha bo‘lishi mumkin.
Dunyo bo‘yicha yiliga umumiy 18 mln. t. (2008-yil hisobida) mis ishlab chiqarilayotganligi e’tiborga olinsa, tekshirilib o‘rganilgan va hozircha zaxira konlarimiz kamida yana 20–30 yil zavod va fabrikalarning beto‘xtov ishlashini ta’minlashi mumkin. Texnogen va konditsion bo‘lmagan rudalar misli ashyolarini ham zaxiralar hisobiga qo‘shsak, hali ko‘p o‘rganilmagan, biroq tarkibidagi rangli metallar miqdorining me’yordan yuqoriligi bilan farq qilib turgan yuzlab konlar mavjudligi e’tiborga olinsa, XXI asrda davlatlar o‘z korxonalarini ashyo bilan to‘liq ta’minlay oladilar.
Dunyodagi mis konlari bor mamlakatlarning geografik joylashishi va ularning mutanosibligi masalasida hali hech bir olim bosh qotirib ko‘rgani yoki bu haqda biror fikr bildirgani yo‘q. Shuning uchun ham kitob mualliflarining bu haqda o‘z qarashi va g‘oyalari mavjud. Misli va mis-nikelli rudalar xaritada o‘zgacha yoy hosil qiladi. Birinchi yoy Taymir yarim orolidan (Norilsk kombinati, Rossiya) tortib, Kolsk yarim oroli orqali Skandinaviyaga, yoyning qolgan qismi esa Kanada orqali o‘tadi. Bu konlarda yuqori sulfidlar kam miqdorda bo‘lib, temir asosan pirrotin, mis esa bornit holida joylashgan.
Ikkinchi yoy Yugoslaviya o‘lkasidan, ya’ni Bolqon yarim orolidan o‘tib, Turkiya, Eron, Afg‘oniston, O‘zbekiston va Qozog‘iston, so‘ng Ural (Rossiya) tog‘larida tugaydi. Bu yerlarda, asosan, mis xalkopirit holida, temir esa pirit holida uchraydi. Biroq Jezqozg‘on (Qozog‘iston) konlarida rudalarning kimyoviy tarkibi biroz farqli bo‘lsa, ayrim Ural tog‘laridagi va Shimoliy Qozog‘iston konlaridagi misli rudalar tarkibida doimo rux elementi uchrab turadi. Aynan shu yoyga Kavkaz (Armaniston, Rossiya) adirlaridagi konlarni kiritish mumkin.
Uchinchi yoy Amerika mintaqasida – shimoldan janubga Tinch okeanining sharqiy qirg‘oqlari bo‘ylab Kanada orqali AQSH, Meksika, Peru va Chili orqali o‘tadi.
To‘rtinchi guruhga Afrika orqali o‘tadigan “Misli belbog‘” hududini kiritish mumkin. Bu shimoldan janubga, Zoirdan to JAR mintaqalarigacha bo‘lgan hududlarni qamrab oladi.
Beshinchi guruhga mansub qazilma boyliklar koniga, asosan, Mo‘g‘uliston va Baykal yurti foydali qazilmalar konlaridan (Udokan va “Solnechniy” mis kon guruhlari) boshlanib, to janubiy mis konlarigacha, hatto Xitoy va Filippin tog‘li konlarigacha bo‘lgan joylarni qamrab oladi [8].
Bu beshta guruh, garchi shartli ravishda tuyulsa-da, “yoylar” orasida qandaydir uzviy bog‘liqlik va o‘xshashlik mavjud. Yer sharining yumaloqligi va uning yadrosi tomon ilmiy nuqtai nazardan mulohaza olib borilsa, metallar zonasining tobora ortib borishiga, uning tomirlari esa asrlar mobaynida yer qobig‘iga yaqin joylashganligiga guvoh bo‘lamiz.
Qalmoqqir koni. Bu kon Markaziy Osiyodagi eng katta mis-molib- denga boy konlardan biri hisoblanadi. Olmaliq shahrining shundoqqina yonida joylashgan (2–3 km) bo‘lib, 3,5 km uzunlik, 1,6 km kenglikka ega bo‘lgan konning o‘rtacha chuqurligi 0,6 km ni tashkil etadi.
Qalmoqqir makoni 1954-yildan karyer sifatida ishlab kelmoqda. Asosiy metall bo‘yicha konning zaxirasi balans va balansdan tashqaridagi zaxira yig‘indisi bo‘yicha taxminan 3 mlrd. tonnani tashkil qiladi. Tasdiqlangan zaxirasi karyerning to‘xtovsiz ishlashini yana 100 yilga ta’minlashi mumkin. Loyihaviy kon quvvati – yiliga 26 mln. tonna mineralli ruda.
Konda tabiiy minerallar uch xil ko‘rinishda uchraydi: oksidlangan, sulfidlangan va aralashma.
Dastlabki sulfidlangan minerallar 150 tadan ko‘proq mineral bilan ifodalangan bo‘lib, ular, asosan, xalkopirit, pirit, xalkozin va molibdenitlardan iboratdir. Kumush xalkopirit va pirit kristall panjaralari bilan bog‘langan holda, qisman sof holda uchraydi. Qolgan barcha yo‘ldosh komponentlar: oltingugurt, selen va tellur ham yuqorida qayd etilgan minerallar bilan bog‘langan, faqatgina molibden va ajratib olinadigan reniyning asosiy qismi molibdenit bilan bog‘langan.
Qalmoqqir konining rudalari sulfidlangan rudalar, shuning uchun mis ajratib olish flotatsiya usuli bilan 75% dan 80% gacha, goh undan ortiq foizni tashkil etadi. Qalmoqqir konining geologik jihatdan to‘liq qiyosi bo‘lmish “Uzoqdagi” mis-porfir ma’dan koni uning eng chuqur
quvvatidagi tabiiy davomidir. Loyiha bo‘yicha rudalarni kondan qazib olish bir yilda 30 mln. tonna, bu esa karyer faoliyatini yana 70–80 yilga ta’minlaydi.
Kon zaxira sifatida tasdiqlangandan buyon hozirgi vaqtgacha konda qazish ishlari olib borilgani yo‘q. OTMK olimlari va yetuk muhandislarining ta’kidlashicha, “Uzoqdagi” koni bugungi kunda ishlab turgan Qalmoqqir va Sariqcho‘qqi konlarining kamayib qolgan quvvatini to‘ldirish uchun zaxira sifatida 2030-yilda qayta ko‘rib chiqilishi mo‘ljallanmoqda.
Makon past ufqlari (ayni gorizonti), avtoulov transportiga ortish bilan ishlov beriladi, yuqorida, asosan, temiryo‘l orqali 2VS–105 dumpkarlariga yuklanib, mis boyitish fabrikasiga ma’danli ruda 8 km masofagacha olib boriladi. Ikkilamchi nokerak tog‘ jinslari, yer sathidagi qoplama tuproqlar alohida ag‘darma tashlanma joyga temiryo‘l transporti orqali 5 km dan 10 km gacha masofaga yetkazib beriladi.
Rangli metalli ruda va tog‘ jinslarini tashib olib borib, tashlanma joyga eltish xarajatlarini kamaytirish maqsadida hamda karyerda ekologik holatni yaxshilash uchun chet elda ishlab chiqarilgan 2 ta yuqori unumli maydalaydigan – konveyer yig‘indisi barpo qilinishi taklif etildi. Ulardan bittasi nokerak tog‘ jinslarini chiqarish uchun bo‘lsa, ikkinchisi ma’dan toshni kichik karyer stansiyasiga yetkazib berishga mo‘ljallangan.
Qalmoqqir karyeri sharoitlarida jinslarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri karyerda maydalash uchun avtonom jihozi bilan maxsus o‘rmalovchi transporter, yarimmobil (ko‘chirma) maydalaydigan ortiqcha yuklanish agregatlari tavsiya etilmoqda. Bundan tashqari, karyerning yuqori ufqlarida temiryo‘l va avtoulov yo‘llarini qayta ta’mirlash ishlari rejalashtirilmoqda.
Do'stlaringiz bilan baham: |