O‘quvchilarni ma’lumotnoma yozishga o‘rgatish. Bo‘lgan voqea yoki mavjud holatlarni bildirish, u haqda axborot berish maqsadida ma’lumotnomalardan foydalaniladi. Ular xususiyati va mazmuniga ko‘ra shaxsiy ma’lumotnomalar va xizmat ma’lumot-nomalariga bo‘linadi.
Maktab hayotida ko‘proq shaxsiy ma’lumotnomalardan foydalaniladi. Bu ma’lumotnomalar ma’muriyatning o‘quvchi shaxsi, uning qaysi sinfda o‘qishi, o‘qish faoliyatidagi ayrim voqea-hodisalar va holatlarni tasdiqlab beradigan hamda talab qilingan joylarga ko‘rsatiladigan rasmiy hujjatdir. Masalan, maktab ma’muriyatning o‘quvchi shaxsi va uning qaysi sinfda o‘qishini tasdiqlab, shahar bolalar kutubxonasi (yosh texniklar maskani, sport maktabi, musiqa maktabi va h.k.)ga beradigan ma’lumotnomasi kabi. Ayrim tarbiyasi og‘ir bolalaring qilmishlarini tasdiqlab beriladigan ma’lumotnomalar ham shular jumlasidandir.
Ma’lumotnomalar bosma ish qog‘ozlarida yoki (u bo‘lmagan hollarda) oddiy qog‘ozda qo‘lda yozilishi ham mumkin. Agar u qo‘lda yoziladigan bo‘lsa, chap tomonida maktabning (tashkilotning) to‘rtburchak shtampi, uning qarshisida esa o‘ng tomonda «ma’lumotnoma» so‘zi yozilishi shart.
O‘quvchi yuqorida berilgan ma’lumotlardan tashqari ma’lumot-nomada u olinayotgan joy (masalan, o‘quv maskani)ning nomi, ma’lumotnomaning tartib raqami va berilgan sanasi, ma’lumotnoma berilayotgan shaxsning ismi, otasining ismi va familiyasi, axborotning mazmuni (tasdiqlanayotgan voqea yoki holat bayoni), uning maqsadi, mansabdor shaxs (masalan, maktab direktori)ning imzosi va familiyasi ko‘rsatilishi lozim.
O‘quvchilarni tavsifnoma yozishga o‘rgatish. Tavsifnoma ma’lum bir shaxsning mehnati, ijtimoiy faoliyati, o‘ziga xos xislat va fazilatlarini aks ettiruvchi rasmiy hujjat sanaladi.
Ish qog‘ozining bu muhim turi bilan o‘quvchilarni «Sifat» so‘z turkumini o‘rganish jarayonida tanishtirish maqsadga muvofiqdir. Chunki bunday matnlarda sifatlar ko‘p qo‘llaniladi. O‘quvchi sinfdoshi (do‘sti), tanish-bilishinig o‘qish yoki mehnat faoliyatini, uning o‘ziga xos xislat va fazilatlarini aks ettirar ekan, sifatlardan to‘g‘ri va o‘rinli foydalanish malakalarini ham egallab boradi.
Sinfdoshiga yoki o‘z tengqurlariga tavsifnoma yozish uchun o‘quvchi tavsiflanayotgan shaxs haqidagi ma’lumot (ismi, otasining ismi va familiyasi, tug‘ilgan yili, millati, sinfi, sinfda yoki maktabda bajaradigan jamoat topshirig‘i), uning o‘qish va ijtimoiy mehnat faoliyati, ishchanligi, axloqiy sifatlari, tashkilotchiligi kabilarni bilishi shart.
Tavsifnoma matnini o‘zaro mantiqan bog‘langan uch tarkibiy qismga ajratish mumkin:
1. Tavsiflanayotgan shaxs (o‘quvchi)ning o‘qish faoliyati (uning maktada o‘rganiladigan fanlarga munosabati, o‘z bilimlarini oshirishi, o‘zlashtirish darajasi, o‘qishga mas’uliyati) haqida ma’lumot beriladi.
2. Tavsiflanayotgan shaxsning ijtimoiy faoliyati (xulq-atvori, jamoat ishlarida ishtiroki, sinfdoshlariga munosabati, oiladagi hayoti, darsdan keyingi bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazishi va h.k.) ko‘rsatiladi.
3. Muallif (o‘quvchi)ning bayon qilinganlardan xulosasi. Tavsifnoma qanday maqsadda yoki nima uchun berilayotganligi ko‘rsatiladi. Tavsifnomani zarur ma’lumotlar yig‘ilgandan keyingina yozishga kirishsa bo‘ladi.
O‘quvchilarni tavsifnoma yozishga o‘rgatish bir soatlik dars mashg‘uloti bilangina amalga oshmaydi. Keyingi sinflarda bu malakalar takomillashtirilishi va to‘ldirilishi lozim. 8-sinf o‘quvchilari tavsifnomaning ancha murakkab shakli–shaxsning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi tavsifnomalar bilan tanishtiriladi. Bunda o‘quvchi tavsiflanayotgan ishchi (dehqon, fermer, bog‘bon va h.k.)ning mutaxassisligi, aynan shu korxona yoki xo‘jalikda qaysi muddatdan buyon ishlayotganligi, o‘z mutaxassisligiga muvofiqlik darajasi, qo‘lga kiritgan mehnat yutuqlari, shaxsiy xislat va fazilatlari haqida fikr yuritiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |