Darslik va unga qo‘yiladigan talablar. Darslik - Davlat ta’lim standartlari talablariga mos, o‘rnatilgan tartibda tasdiqlangan fanning o‘quv dasturi asosida mavzularni to‘liq yoritgan va fanning asoslarini o‘rganishga yordam beruvchi nashr hisoblanadi.
Maktabda o‘rganiladigan barcha sinflar uchun yaratilgan darsliklar bir-biriga bog‘liq holda tuziladi va ta’limning uzviyligiga amal qiladi. Darslik davlat ta’lim standartida belgilangan bilim, ko‘nikma va malakalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Darslik nafaqat bilim va ma’lumot beruvchi, balki o‘quvchini o‘ziga jalb etadigan, qiziqtiradigan noyob kitob bo‘lishi shart. O‘quvchi darslik orqali shu predmet, shu fan olamiga kirib boradi. Darslikning mukammalligi, o‘quvchining didiga mosligi ta’lim samaradorligining muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
Ona tili darsligi–ta’limning muhim vositasi. Maktab ona tili darsligi o‘quvchilar uchun bilim olishning asosiy manbai bo‘lib, u DTS talablari va unga muvofiq tuzilgan dastur asosida yaratiladi.
Darslik zimmasiga asosan quyidagi vazifalar yuklatiladi:
– o‘zbek tilining fonetikasi, leksikasi va grammatikasi bo‘yicha nutqning og‘zaki va yozma shakllaridan keng va to‘g‘ri foydalanish uchun zarur bo‘lgan ilmiy -amaliy ma’lumotlar berish;
– o‘quvchilarni o‘zbek tilida to‘g‘ri talaffuz qilishga o‘rgatish, imlo va punktuatsiyaning asosiy qoidalari bilan qurollantirish;
– fikrni og‘zaki va yozma shakllarda bayon qilish yo‘llari bilan tanishtirish;
– muayyan bir xabar yoki ma’lumotni turli shakllarda berish usullarini o‘rgatish;
– o‘quvchilarda milliy ong va milliy mafkurani tarbiyalash;
– kundalik hayot uchun zarur bo‘lgan ish qog‘ozlarini yuritish.
Ona tili darsligida ona tili ta’limining maqsadi voqelanadi. Modomiki, maktab ona tili ta’limining asosiy maqsadi o‘quvchilarni ijodiy fikrlash, fikr mahsulini nutq sharoitiga mos ravishda og‘zaki va yozma shakllarda to‘g‘ri, ravon ifodalash ko‘nikmalarini shakllantirish va rivojlantirish ekan, bu maqsad darslikda o‘z ifodasini topadi.
Ona tili darsliklari bosqichli ketma-ketlik tamoyilida tuzilgan bo‘lib, tilshunoslik bo‘limlari o‘zaro zich aloqadorlikda berilgan. Shuning uchun «Ona tili» o‘quv dasturining «Uqtirish xati»da qayd qilinganidek, 5-sinfning birinchi yarim yilligida sintaksis va punktuatsiyadan–sodda va qo‘shma gap, gapning markazi, gap bo‘laklari, undalma va uyushiq bo‘laklar, ko‘chirma gap, ulardagi tinish belgilari, leksikadan–so‘zning ma’nosi, o‘z ma’no va ko‘chma ma’no, ma’nodosh so‘zlar, uyadosh so‘zlar, zid ma’noli so‘zlar, ibora va tasviriy ifodalar, morfologiyadan–o‘zakdosh so‘zlar, mustaqil va yordamchi so‘z turkumlari, o‘zak, qo‘shimcha, shakl yasovchi va so‘z yasovchi qo‘shimchalar o‘rganiladi. «Muqaddima» deb nomlangan bu bo‘lim keyingi bosqichlarda butunni bo‘laklarga ajratib o‘qitish uchun zamin hozirlaydi va bo‘limlararo uzviy aloqadorlikni ta’minlaydi.
Ona tili darsligidagi materiallar xususiylikdan umumiylikka qarab boradi. O‘quvchilar darslikda berilgan bir qator ilmiy-amaliy topshiriqlarni bajargandan so‘ng umumlashma va xulosa chiqaradilar. Darslikda «Bilib oling», «Esda tuting» singari ko‘rsatkichlar(shartli belgilar) orqali berilgan ma’lumotlar o‘ta zaruriy tushuncha va ta’riflarni o‘z ichiga oladi.
Darslik o‘rganilganlarni mustahkamlash va takrorlashni ham o‘z oldiga maqsad qilib qo‘yadi. Har bir mavzu yoki bo‘limning oxirida berilgan ijodiy-amaliy ishlar (savol va topshiriqlar, matn yaratish, «Topqirlar bellashuvi» o‘tkazish, berilgan test topshiriqlariga javob qaytarish) o‘quvchilarning egallagan bilim, malaka va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi.
Darslik o‘quvchi uchun bilim manbayi bo‘lsa, o‘qituvchi uchun o‘quv qo‘llanmasidir. Chunki ko‘p hollarda dars darslik qolipi asosida quriladi.
Darsni darslik qolipi asosida qurish faqat darslikda berilgan o‘quv topshiriqlaridan foydalanish emas, albatta. O‘qituvchi darslikdan ijodiy foydalanadi. Zaruriyat tug‘ilganda mashq shartiga qo‘shimcha shartlar kiritadi, berilgan shartni yangi shart bilan almashtiradi, lozim topsa, darslikdagi mashq o‘rnida o‘zi tuzgan mashqdan foydalanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |